Asosiy mavzular
26 aprel 2022

Jahon banki sanktsiyasiga tushgan o‘zbek

Jahon banki loyihalarida ishtirok etish huquqidan kamida to‘rt yil muddatga mahrum etilgan bu shaxs O‘zbekistondagi keng doiralarda unchalik mashhur bo‘lmasa-da, moliyaviy qudrati va biznesdagi qirg‘irliklari ortidan xalqaro moliya institutlari e'tiborida bo‘lib turibdi. 

Gap nafaqat ismi-sharifi, balki biznesi ham Madad Invest Bank, Stroy Montaj Invest, Jo‘ydam-Ta’mirchi, Bahodir Log‘on Tekstil, Vodiy Shoes, Royal Thai Group, Royal Thay Branch kabi kompaniyalar bilan bog‘liq Mo‘minjon Yo‘ldoshev haqida bormoqda. 

Buyuk Britaniyadagi Olster universiteti kriminologiya professori Kristian Lasslettning UzInvestigations tomonidan e'lon qilib borilayotgan “Xatarlardan ogohlantirish” seriyasidagi navbatdagi hisoboti aynan shu shaxs faoliyatiga bag‘ishlangan. 

Hisobotda farg‘onalik biznesmen va siyosatchi o‘laroq tariflangan Mo‘min Yo‘ldoshev O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi a'zosi, Farg‘ona viloyati kengashi deputati hisoblanadi. U 2021 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan. 2021 yil noyabrdan esa Diplomatic World Institutening faxriy a'zosidir.

Ma'lum bo‘lishicha, 2019 yilda Jahon bankining huquqlarni bekor qilish va cheklash masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi “Quvasoy ta'mir qurilish” va Mo‘min Yo‘ldoshev to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki qisman nazorat qiladigan boshqa har qanday kompaniyaning mazkur moliya muassasasi loyihalarida qatnashish huquqini kamida to‘rt yil muddatga cheklash to‘g‘risida tavsiya bergan. 

Jahon bankining kasbiy halollik bo‘yicha vitse-prezidentining ta'kidlashicha, Yo‘ldoshev mazkur bank loyihasi doirasidagi “qurilishlar bo‘yicha savdoda shartnoma tuzish maqsadida berilgan arizani qaytarib olish uchun raqobatchining vakiliga tahdid qilgan va bunda davlat amaldorlari bilan til biriktirgan”.

Xullas, Jahon banki guruhi Mo‘minjon Yo‘ldoshev va uning nazoratidagi tashkilotlarga nisbatan tahdid, firibgarlik, xaridlarni soxtalashtirishga urinish va davlat amaldorlari bilan til biriktirish kabi ayblovlarni ilgari suradi.

Bu ayblovlar “Quvasoy ta'mir qurilish” (hozirgi “Stroy montaj invest”) va boshqalarning bir necha yillik faoliyati tekshiruvlariga asoslangan. Xususan, mazkur kompaniya xalqaro moliya muassasalari kreditlari asosida moliyalashtirilgan bir qancha yirik shartnomalarni yutib olgan. 

Osiyo taraqqiyot bankining 2018 yildagi axborot byulleteniga ko‘ra, 2013-2017 yillarda kompaniya 41,75 million AQSh dollari qiymatidagi shartnomalarni  qo‘lga kiritgan.

U bilan juda yaqin bo‘lgan, hozirgacha Jahon banki sanktsiyasi ostida turgan “Jo‘ydam ta'mirchi” esa bu vaqt oralig‘ida OTBning 94,61 million dollarlik shartnomalariga ega bo‘lgan. 

Shulardan biri OTBning Jizzax shahrida kanalizatsiya tizimini rivojlantirish loyihasi hisoblanadi. Uy-joy kommunal xizmat vazirligining ushbu loyihaning ijrochi muassasasi bo‘lgan “Kommunxizmat” agentligi esa “eng muhim xarid hujjatlarini, shuningdek, tender hujjatlarini ruxsatsiz o‘zgartirish, noto‘g‘ri baholash va tender tanloviga oid isbotlarni taqdim eta olmagan”.

UzInvestigationsning mazkur loyiha bo‘yicha so‘roviga Mo‘minjon Yo‘ldoshev bilan tig‘iz bog‘liq bo‘lgan kompaniyalardan biri jiddiy ayblovlar bilan javob qaytardi. 

Kompaniyaning ta'kidlashicha: 

  • Uy-joy kommunal xizmat vazirligi amaldorlari o‘zlari egalik qiladigan yoki o‘zlariga aloqador kompaniyalar foydasiga xaridlarni, jumladan, xalqaro tenderlarni soxtalashtirmoqda;
  • tenderlarning vazirlikdagi davlat amaldorlari tomonidan soxtalashtirilishi loyiha qiymati o‘n barobar oshib ketishiga olib kelgan;
  • “Kommunxizmat” agentligi “Quvasoy ta'mir qurilish”ni xalqaro tenderlarda ishtirok etishdan chetlatish maqsadida uydirma ayblovlarni ilgari surgan. 

Kompaniya vakillari masalaga oydinlik kiritish maqsadida yo‘llangan navbatdagi so‘rovlarga javob qaytarmagan. 

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda ommalashib borayotgan klaster tizimida ham Mo‘minjon Yo‘ldoshevning ishtirokini ko‘rish mumkin. 

Jumladan, hisobotda u bilan bog‘liqligi aytilgan Bahodir Log‘on Tekstil ikkita paxtachilik klasteri orqali Yozyovon tumanida 5210 gektar, Quva tumanida 6225 gektar yerga egalik qiladi.Fergana Oseana kompaniyasi esa Farg‘ona viloyatida 5815 gektar yer nazoratini o‘z qo‘liga olgan. 

Hujjatda ta'kidlanishicha, Mo‘minjon Yo‘ldashev Bahodir Log‘on Tekstil kompaniyasi direktori o‘rinbosari hisoblanadi. Uning majoritar aktsiyadori bo‘lgan Royal Thai Group esa Fergana Oseana kompaniyasi egasi bo‘lishidan tashqari Madad Invest Bankning majoritar aktsiyadoridir. 

Diplomatic World Institutening veb saytidagi avtobiografiyada Mo‘minjon Yo‘ldoshev Bahodir Log‘on Tekstilning asoschisi sifatida ko‘rsatilgan. 

O‘zbekiston inson huquqlari forumi tomonidan 2020 yilgi paxta terimi mavsumi monitoringi asosida tayyorlangan hisobotda Bahodir Log‘on Tekstilning Yozyovondagi faoliyatiga oid jiddiy ayblovlar mavjud. 

Unda bildirilishicha, Yozyovon tumanidagi 119 fermerdan 48 nafari O‘zbekiston bosh vaziriga Bahodir Log‘on Tekstil ular tomonidan 2019 yilda yetishtirilgan paxta uchun haq to‘lamaganidan shikoyat qilgan.

Fermerlarning shikoyatiga ko‘ra, paxta klasteri har bir tonna yetkazib berilgan paxtadan go‘yoki tozalash xarajatlari uchun 100 ming so‘mdan ushlab qolgan. Qolaversa, standart bo‘yicha namlik 3 foiz hisoblansa-da, aslida 8 foizdan urib qolgan. Bundan tashqari, kompaniya terimchilarga har bir kilogramm terilgan paxta uchun qo‘shimcha 200 so‘mdan va'da qilib, keyinchalik bu summani fermerlardan undirib olgan. 

Bu kunga qadar Mo‘minjon Yo‘ldoshevga aloqador kompaniyalar OTB kreditlari va grantlarida faol ishtirok etib kelmoqda. Bank bu holatni faqat Jahon bankining Yo‘ldoshevga nisbatan jismoniy shaxs sifatida qo‘llagan sanktsiyalarini tan olishi, unga aloqador kompaniyalarga bu taqiq amal qilmasligi bilan izohlamoqda. 

Dastlabki dalil-isbotlar va OTB Royal Dizayn Loyihaning so‘rovlarga javoblariga asoslanib, “Xatarlardan ogohlantirish” hisobotida quyidagi tavsiyalar berilgan: 

  • OTB va u tomonidan ma'qullangan boshqa loyihalarda ishtirokni taqiqlash Jahon banki sanktsiyasida ko‘rsatilgan muddat va shartlarni to‘liq o‘z ichiga olishi; 
  • OTBning kasbiy halollik masalalari bo‘yicha boshqarmasining Royal Dizayn Loyiha tomonidan majburlash holatlarini (Mo‘minjon Yo‘ldoshevning OTB va boshqa moliyaviy institutlar loyihalarida cheklangandan keyingi) o‘rganish xulosalari ommaga e'lon qilinishi;
  • Uy-joy kommunal xizmat vazirligiga nisbatan ayblovlar O‘zbekiston Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tekshirilishi; 
  • O‘zbekiston hukumati davlat xaridlari jarayonida halollik darajasini oshirish uchun davlat tenderlarida xalqaro sanktsiyalar ro‘yxatini qo‘llashi;
  • Mo‘minjon Yo‘ldoshev va unga aloqador shaxslar bilan tijoriy aloqalarga kirishadigan kompaniyalar bu munosabatlarni xatarli, demak, yuqorida darajada kompleks tekshiruv talab etadi, deya baholashi kerak. 

Yuqoridagi hisobotni taqdim etgan UzInvestigations Olster universitetining O‘zbekiston inson huquqlari forumi bilan sheriklikdagi jamoat tekshiruvi tashabbusi hisoblanadi.

U O‘zbekiston hukumati va moliya-sanoat sohasidagi qudratli doiralar haqida tahliliy hisobotlar tayyorlaydi. 

Reyderlik harakatlaridan shikoyat 

Mo‘minjon Yo‘ldoshevga tegishliligi aytilayotgan Bahodir Log‘on Tekstil haqida mana shunday ma'lumotlar mavjud bir paytda kompaniyaning o‘zi reyderlik nishoniga aylangani haqida xabarlar tarqaldi.

Ma'lum bo‘lishicha, mazkur klasterning Yozyovon tumanidagi mijozlari bo‘lgan fermerlar yangi tashkil etilgan “Posco International” MChJ bilan yangidan shartnoma tuzishga majburlanmoqda. Bu esa Bahodir Log‘on Tekstilning tumandan siqib chiqarilayotganiga ishora qiladi.

Bahodir Log‘on Tekstil bilan sodir bo‘layotgan bu voqealar Mo‘minjon Yo‘ldoshevning biznesi ustida qora bulutlar aylanayotganidan darakmi yoki puldor klanlar to‘nashuvimi, hozircha ma'lum emas. 

Hisobotni bu yerda rus tilida o‘qish mumkin

Hisobotni bu yerda ingliz tilida o‘qish mumkin

Tag‘in o‘qing
31 avgust 2020
Respublikaning bugungi rahbarlari qonunni, dehqonlarning huquqini umuman mensimayapti, 50 foiz fermerlarning yerlari tortib olib qo‘yilayapti, deydi Navoiy viloyatining Konimex ...
18 oktyabr 2022
O‘zbekiston «Erk» Demokratik partiyasi lideri bilan bilan qilingan suhbat 2018 yil yozilib, ba'zi sabablarga ko‘ra e'lon qilinmagan edi. Eltuz ...
13 aprel 2018
Yaqin tanishimning qizi rus maktabida o‘qiydi. O‘zbek maktablarida ta'lim berish sifati pastligi bois farzandini shu maktabga bergan. Shunday bo‘lsa-da, ...
28 mart 2017
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarida mamlakat ta'lim tizimining abgor ahvoli haqida nisbatan tanqidiy maqolalar chop etilyapti. Haqiqatan ham ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...