Asosiy mavzular
6 mart 2023

Qizil oltin izidan

Iqtisodni har kim xar xil talqin qiladi. Ammo hamma gap uni o‘zgartirishdadir. O‘zbekistondagi iqtisodiy isloxotlar haqida gapirish bu yarim to‘ldirilgan stakan haqida gapirishga o‘xshaydi. Istagan odam stakanni bo‘sh deya  gapira oladi. Biz esa  bugun stakanning to‘la qismi haqida gapiramiz. O‘zbekiston prezidenti Jizzaxga safar qilar ekan viloyatni o‘zgartirgan muhim omilga e'tibor qaratdi. Bu  agrosektorni paxta monokulturasidan xolos qilib boshqa ekinlarga bo‘shatish omili. Bu g‘oya ortidan  lavhamiz qahramoni samaraga erishdi.  

Italiyadagi  ORO ROSSO brendi  Berluskonilar oilasiga tegishli Montsa futbol klubi. Bularning hammasi Jizzaxdagi bir tadbirkor taqdirida birlashdi. Tadbirkor taqdirini o‘zgartirgan narsa majoziy ma'noda qizil oltin deb ataladigan za'faron o‘simligidir.

Qizil oltin izidan..

1985 yili Buxoro muzeyida amirlikning so‘nggi rassomi 1870 – 1948 yillarda yashagan Muxammad Sadriddin Ziyo Pochchaev asarlarini tomosha qildim. Bu rang barang miniatyuralarda boshqa ranglar qatorida o‘ta ajralib turuvchi zarg‘aldoq rang ishlatilgan edi. Menga hamrox bo‘lgan rassom Bahodir Salomov (Xozir marxum) «Bu rang za'farondan olingan» dedi. Bahodir Salomov menga rassom Pochchaev bezagan va Buxoro Amiri Muzaffarxon arabchadan atay tarjima qildirgan «Lazzatul Niso» kitobidan parcha o‘qib berdi. Bu parcha za'faron bitkisining erkaklik kuchini oshirishi haqida edi.

Suratda: rassom Bahodir Salomov o‘g‘li bilan

Salomovga ko‘ra, za'faron Buxoro amiri tarafidan kundalik iste'mol qilingan. Buxoro vatanparvari bo‘lgan Salomov paxta monokulturasi bo‘lmagan paytda Buxoroda turli giyoxlar qatorida za'faron ham yetishtirilgan  deb ishongan edi. Ammo shu kunlarda Berlinda faoliyat olib borgan va bir  muddat Xindistonda ishlagan jurnalist Matluba Mustaevaga ko‘ra, za'faron Buxoro amiri va boshqa boy zodagonlar uchun Erondan import qilingan. Sadriddin Pochchaev ishlatgan bo‘yoqlar ham buyuk extimolda Erondan keltirilgan. Shu tariqa  men o‘tkan asr oxirida lotinchada Crocus sativus  deya ataladigan o‘zbek klassik she'riyatida za'faron deya, ba'zi tillarda shafran deyiladigan bitki giyoh bilan qiziqib qoldim. 

Asnoda Alisher Navoiy satrlari miyamni ishg‘ol qilgan edi. 

Furqatingdan za'faron uzra to‘kamen lolalar

Lolalar ermaski¸ bag‘rimdan erur pargolalar…

1989 yili Germaniyadan kelgan antropolog do‘stim professor Yakob Taube xalq og‘zaki ijodiyotida barcha kasallarga davo «mexrigiyox cho‘pi» haqidagi rivoyat va qo‘shiqlarni Xorazmda yozib oldi. Bu qo‘shiqlarda ham bu sirli giyohning Qoraqum ortidagi afsonaviy Feruza tog‘i atrofida  bitishi aytiladi. Bugun «Mehrigiyox cho‘pi bo‘lib qumlarda bitsam ne deysan» degan satrlari bo‘lgan laparni qo‘shiqchi Sarvinoz Quryozova ijro qilib keladi. Qo‘shiqda madh qilingan bitki barcha mushkullarga da'vo deyiladi.  Professor Taube fikricha, mexrigiyo cho‘pi bu za'faron o‘simligidir. 

Crocus sativus 

Endi ertakdan ilmiy faktga qaytsak. Entsiklopediyadagi ma'lumot qisqa va aniq:

Za'faron (Crocus sativus – lotin.) –sapsarguldoshlarga mansub ko‘p yillik o‘tsimon tuganak piyozli o‘simlik. Yovvoyi holda uchramaydi. Hindiston, Pokiston, Xitoy, Janubiy Yevropa, Ozarbayjonda katta maydonlarda ekiladi. Piyozining diametri 1-2 santimetr. Bargi 5-15 ta, och sariq rangda; eni 2 mm, tuksiz. Guli 1-4 ta, gultoji oqish, pastki qismi (tashqi tomondan) binafsha rang, uzunligi 2-4 sm. Changchilari gulqo‘rg‘ondan qisqa. Ko‘sagi cho‘ziq, eni 6-7 mm. Avgustning ikkinchi yarmida ekiladi. Oktyabr o‘rtasi va noyabr boshida teriladi. Tarkibida efir moyi bo‘lgani uchun hidi juda o‘tkir va yoqimli. 90-100 ming dona za'faron gulidan 1 kg qurigan gul tumshuqchalari olinadi. Za'faron parfyumeriya (atir-upa) sanoatida ishlatiladi. Tabobatda dori-darmon sifatida qo‘llaniladi.

Bu ma'lumotni Navoiy nomidagi milliy kutibxonaga borib atay o‘qiganimdan keyin bu giyoh haqidagi barcha narsani bildim deb o‘yladim va bir shaklda za'faronni unutdim.

Van Gogning million dollarlik za'faroni

1993 yili rassomlik ishlari bilan Germaniyaning Gollandiyaga yaqin Krefeld shahrida uch to‘rt oy qolib ketdim. Vaqt topib Gollandiyani dunyoga mashxur qilgan ulug‘ rassom Vintsent Van Gog milliy muzeyini borib ko‘rdim. Asarlari yuz millionlab dollarga baholanadigan bu rassomning muzeydagi bir asari diqqatimni tortdi. Bu asar «Savatchadagi za'faron piyozi» degan rasm edi. Savatchaga ozroq tuproq solingan va bu tuproqqa yarim ko‘milgan piyozlardan o‘sgan gullar moviyga moyil binafsha rangida tovlanib turardi. Rasmlar haqida ma'lumot bergan gid o‘rta asrlar yevropasida ziravor o‘ta qimmat bo‘lgani va za'faron qizil oltin deya qadrlanganini aytib qoldi. Suhbatdoshga ko‘ra «Za'faronday qimmat» iborasi o‘sha o‘rta asrlardan qolgan.  Turkmanistonning Eronga chegaradosh qismida yashaydigan tarixchi olimning gapi esimga tushdi. 450 gramm za'faron qorabayir otlariga ayirboshlangan ekan. (Qorabayir otlarining narxi 70 ming dollardan boshlanadi) 

Gollandiyadan Germaniyaga qaytib ishimda davom etdim. Rassomlik bilan shug‘ullanganim Krefeld  shahrida gazlama muzeyi bor edi. (Deutsches Textilmuseum Krefeld) 

Bu muzeyda Buxoro so‘zonalari kollektsiyasi borligini bilganim uchun vaqt topib bordim. So‘zonalar haqida alohida boshqa maqolada to‘xtalaman.

Gazlamadagi 600 yillik bo‘yoq

 Muzeyda bundan 600 yil ilgari to‘qilgan va za'faron bo‘yog‘i bilan bo‘yalgan gazlamalar bor edi. Yana za'faron oldimdan chiqdi. Bu ziravorning nomi deyarli hamma tillarda arabcha “sariq  yoki norinj ” ma'nosini beradigan زعفران (Za'faron) so‘zidan  olingan bo‘lib, qadimda mazkur noyob o‘simlikdan bo‘yoq moddasi sifatida foydalanilganidan dalolat beradi. 

600 yil oldin to‘qilib za'faron bilan bo‘yalgan matolar muzeydagi ko‘rgazmada yaraqlab turar edi.

Bu matolar Italiyaning Toskana vodiysidagi San-Djiminyano shaharchasida to‘qilib bo‘yalganini aytib berishdi. Xozir San-Djiminyano  za'faron plantatsiyalari bilan mashxur bo‘lsa ham bundan 600 yil oldidan bu shaharga za'faron Genuyadan keltirilgani haqida ma'lumotlar bor. Rassom o‘laroq za'faron ishlatib rasm chizish orzusi tug‘ildi. O‘sha payt ijodiy ishlarimga xomiy bo‘lgan Krefelddagi reabilitatsiyaon klinika egasi  doktor Mircha Karanfildan rasm chizish uchun za'faronli bo‘yoq topib berishni so‘radim. Bunday bo‘yoq o‘ta noyob bo‘lgani bois topish qiyin bo‘ldi. Doktor Karanfil haqiqiy oltindan bo‘lgan susal oltin deb yuritiladigan yupqa folga rulonini olib keldi. Buni dazmol bilan rasmga yopishtirsa xuddi za'faron effektini berardi. 21 asr rassomi uchun za'faron bo‘yog‘i defitsit edi. 

Freskadagi «Za'faron teruvchi»

Za'faron meni endi jiddiy qiziqtirib qo‘ygan bo‘lsa ham atayin shu bitki haqida ma'lumot olay deb qadam bosmadim. Hammasi qandaydir tasodiflar zanjiri edi. O‘n yilcha oldin Gretsiyaning Krit oroliga yo‘lim tushdi. Ishlarimni bitirgach Knoss saroyini borib ko‘rdim. Saroyda eramizdan oldingi 17 asrda yaratilgan freska qoldiqlari saqlanib qolgandi. Freskalardan biri «Za'faron teruvchi» deb ataladi. Moviy rangli egilgan odam figurasi (Ba'zilar buni maymun deb talqin qilishadi) za'faronning binafsha rang gullarini termoqda. Bu za'faron mavzusidagi men ko‘rgan eng qadimiy asar deb o‘yladim.

Qoyalarga zarb qilingan za'faron

Ammo yo‘lchi o‘z yo‘lida nima ko‘rishini oldindan bilmaydi. 2018 yili AQShning Nevada shtatidagi qizil vodiyda ukam bilan sayr qildim. Qizil vodiy AQShdagi muzey qo‘riqxona bo‘lib u yerda qadim  ameerika xindulari qoyalarga o‘ygan petrogliflar bor. 10 ming yil oldin yaratilgan bu qoya suratlaridagi hanuz o‘chmayotgan qizil rang za'farondan olingan degan fikr mavjud. 10 ming yil oldin Nevada cho‘llarida yurgan qadimgi odam za'farondan bo‘yoq yasashni bilgan.

Jannat tuprog‘i za'farondir

Berlinlik teolog Ekkehar Maasning aytishicha¸ za'faron haqida nasroniylarning muqaddas kitobi injilda «tarovatli giyoh» deya ta'rif berilgan. Islom dini bilan bog‘liq manbalar, xususan Xurayraga nisbat berilgan xadislarda «jannatning tuprog‘i za'farondan iborat» deyiladi. Qadim yunonlar uchun za'faron baxt  va otashin sevgi timsoli bo‘lgan. Qadim yunon rivoyatlarida Krokus va  Smilas sevgisi tarannum qilinadi. Bu sevgini ko‘rgan tangrilar Krokus ismli oshiq yigitni za'faron guliga aylantirib qo‘yadi. Za'faron haqida Illiada dostonida ham  eslab o‘tiladi. Shumer, Bobil, Ossuriya, Krit, Qadimgi Misr va Xitoyning yozma manbalari za'farondan qadimdan foydalanib kelinganligidan dalolat beradi.

Demak za'faron inson tsivilizatsiyasi kabi qadimiy. Bunday qarasam 40 yilga yaqin vaqt ichida za'faron bilan bog‘liq o‘nlab obida va asotirlarga duch kelibman. 2015 yili xalaqro ko‘rgazmada rassom Mariya Mixaylova-Goldmanning «Za'faron yo‘li» degan turkum asarlarini ko‘rib qoldim. Rassom o‘z asarlarida za'faron yetishtiriladigan dalalar va unda mehnat qilayotgan xotin qizlarni tasvirlaydi.

Qizil oltin yoki pul daraxti 

 Za'faron o‘ta qimmat giyoh.  Za'faron gulining  1 kilosi  uchun 8 ming yevro taklif qilinadi. Navi va sifatidan kelib chiqib narx 30 ming yevrogacha chiqishi mumkin. Dunyoda yiliga 70 tonna  za'faron yetishtiriladi

Lekin 150 tonna zafaronga talab bor. Dunyo bozoridagi za'faronning 85-90 foizi Eronga to‘g‘ri keladi¸ Italiya, frantsiya, portugliya va ispaniyada  ham  za'faron yetishtiradi. Afg‘oniston, Xindistonni kashmirida sifatli zafaron borligi e'tirof qilinadi. 

Bilgichlarga ko‘ra¸ plantatsiyalarda za'faron emas pul o‘sadi. 

O‘g‘lon shoshar tut vaqtida pishar

Ana endi savol tug‘iladi. O‘zbekiston hududida za'faron iste'mol qilingan va buyuk ehtimolda qachonlardir ishlab chiqarilgan bo‘lsa «oqqan daryoni o‘zaniga» qaytarsa bo‘lmaydimi?

Bu savol paydo bo‘lgan  payt 2017 yil edi. Mamlakatda rahbar almashgan¸ paxta monokulturasi cheklanib agrosektorda turlillik alomatlari paydo bo‘layotgan o‘zgarishlar davri. Prezident Shavkat Mirziyoev  2017 yil fevralida  Qashqadaryoga borganida   o‘tkazilgan yig‘ilishida “ Za'faron plantatsiyalarini barpo etish» tashabbusini ilgari surdi. Asnoda “Za'faron ilmiy tadqiqot markazi” MChJ tashkil etilib, shu yilning o‘zida Gollandiyaning “Mts Shipper” kompaniyasidan 36,4 tonna 9-10 kolibrli za'faron tuganak piyozlari O‘zbekistonga import qilindi.  Ammo samara prezident kutganidek o‘ta yaxshi bo‘lmadi. Piyozlar tutib ketmadi. Ammo bu tashabbusdan voz kechishga olib kelmadi.

Fazoga kema uchirishni istagan Bosh konstruktor Korolev o‘nlab raketalar qulasa ham maqsad sari intilgan edi. Bu intilish samarasi o‘laroq zamin inson o‘g‘liga  sajda qildi. 

Tashabbus va isloxotning qiyin tarafi shuki samara birdaniga yarq etib ko‘rinmaydi. Qalampir ekish kabi tashabbuslar bozor yaxshi o‘rganilmagani va oddiy korruptsiya bois boshi berk ko‘chaga kirib qolgani haqida mamlakat rahbarining o‘zi bir necha marta tanqidiy fikr bildirdi. Maqolda aytilgani kabi «o‘g‘lon shoshar tut esa vaqtida pishar» 

Tashabbus va bu tashabbusni amalga oshiradigan malakali kadrlar bir bo‘lganida samaraga erishsa bo‘ladi. 

Za'faron O‘zbekiston uchun yutuqli lotoreya

Pragalik iqtisodchi professor¸ iqtisod fanlari doktori  Xolnazar Amonov 2021 yil bahorida o‘zbek iqtisodiyoti potentsiali  haqida gapira turib «za'faron raketasini uchira oladigan» tadbirkor chiqqanligini aytib qoldi. 

Nihoyat za'faron hikoyasining O‘zbekistondagi bosh qaxramoni bo‘lishi mumkin bo‘lgan kishi gorizontda ko‘rindi. Bu xuddi kinolardagi bosh qaxramon ilk kadrlarda siluet bo‘lib ko‘ringani kabi edi.   Xolnazar Amonovning ishonishicha  Jizzaxlik  oddiy maktab muallimining  o‘g‘li Bekzod  Mamatqulov  Za'faronga O‘zbekistonni vatan qila oladi:

«Biror loyihani qilishdan oldin  jiddiy ilmiy analiz qilib tayorgarlik ko‘rgan odamning loyihasi amalga oshadi.  Geografik joylashuvi va tabiati bois Jizzax aynan Za'faron uchun to‘g‘ri kelsa¸ ilmi bilimi va tirishqoqligi bois Bakzod Mamatqulov za'faron O‘zbekiston zaminiga qaytara oladi. Buxorodan chiqqan Ibn Sino shifobahsh deb atagan o‘simlik bugungi O‘zbekiston hududida yetishtirilib ipak yo‘li bo‘ylab dunyoga tarqalgan. Ammo keyinchalik unutilgan. Tarixda bunday burilishlar ko‘p. Rim imperiyasining qulashi bilan unutilgan za'faron arablar tufayli Ispaniyaga qayta kirib kelgan va ushbu millat bugungi kunda o‘z hayotlarini za'faronsiz tasavvur eta olmaydilar.O‘zbekistondagi rahbar almashinuvi ortidan bo‘layotgan burilishda za'faron O‘zbekistonga qaytdi. Bu ishni jizzaxlik tadbirkor Bekzod Mamatqulov amalga oshira oldi.»

Rassomlikdagi ustozim Jizzaxning  O‘smat qishlog‘idan chiqqan Isfandiyor aka Haydarov.  Ustoz hurmati jizzaxliklarga hurmatim katta. Ammo shunday bo‘lsa ham  Xolnazar Amonovning za'faron yetishtirish bo‘yicha prognoziga skeptik qaradim. Tuyaqush boqish kabi populizm bo‘lsa kerak degan  fikrda edim.

Ammo 2023 yil boshida  O‘zbekiston prezidentining Jizzaxga tashrifi aks etgan videolavhani ko‘rayotib ekranda  Bekzod Mamatqulovga ko‘zim tushib qoldi. (Rasmiy videolavha)

Mamlakat prezidenti tashrifi yoritilgan maqolalarda Bekzod Mamatqulovning za'faron yetishtirishni sanoat miqyosiga ko‘targan  “BMB Trade Group” kompaniyasi Kuzatuv Kengashi raisi ekani va aynan za'faron ekish ortidan 400 ta doimiy, 40 mingga yaqin mavsumiy ishchi o‘rni yaratilgani aytildi.

Prezident o‘z nutqida Jizzaxdagi ekin ekiluvchi dalalarning yarmi za'faron uchun ajratilishini aytdi. Bu o‘ziga xos ishonch krediti edi. 

E'tiborimni tortgan narsa esa Bahmalda yetishtirilayotgan za'faronning Italiya, Frantsiya ilmiy tadqiqot markazlari tomonidan  1 kategoriyaga loyiq ko‘rilgani bo‘ldi.

Shu bilan birga Amerika Qo‘shma Shtatlari bozoriga kirish huquqini beradigan hujjat ham olingan. Bu izn rasmiylashishi uchun Jizzaxda yetishtirilgan za'faron maxsuloti 9 oyda davomida tekshirilgan. Ijobiy natija o‘lariq  FD  ya'ni AQSh bozoriga kirish uchun yashil chiroq yoqilgan hujjat berilgan. 

Jizzaxdagi  305 gektarlik za'faron dalasi   dunyodagi yaxlit joylashgan eng yirik plantatsiya o‘laroq e'tirof qilindi. 

ORO ROSSO. FUTBOL. BYeRLUSKONI

Shu kunlarda Baxmal zaminida yetishtirilgan  zafaron Yevropaga BMB ZAFARON brendida  etkaziladi.

Za'faron Italiyada Opera shirkati bilan hamkorlikda ORO ROSSO brendida butun dune bo‘ylab iste'molchilar qo‘liga tegmoqda. 

Mazkur brend Italiya A seriyasi grandi Milan ham Berluskonilar oilasiga tegishli Montsa futbol klublarining rasmiy hamkori hisoblanadi.

Baxmal zaminidi yetishtirilgan zafaron sabab jizzaxlik oddiy o‘qituvchining o‘g‘li  dunega mashxur italiyalik Berluskonilar oilasi bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda. 

Pul daraxti

Bu dunyoda kimdir oltin qazib oladi, kimdir oltin sotuvchini belkurak bilan ta'minlaydi. Ammo yangi biznes turi ochish hammaga ham nasib qilmaydi. Dik, Mak Makdonaldlar va Rey Krok uchun Makdonalds umr mazmuni bo‘lgan edi. Ford uchun avtomobil. Ilon Mask uchun «Tesla» Bu shirkatlar avvaliga maslakiy orzu, keyin esa uzluksiz daromad manbaiga aylandi. 

Paxta monokulturasidan masofalanayotgan mamlakatda za'faron shunday pul daraxtiga aylandi.

Zar qadrini zargar bilar..

Bu gaplarni o‘qish va eshitish maroqli. «Ana pozitiv maqola ham yozsa bo‘larkanku» «O‘zbekistonda ham birovning cho‘ntagini kesmay boyisa bo‘larkanku» degan tasallilar yoziladi.

Biz esa shoshmaymiz. Berlin tarixiy markazida za'faron sotishga ixtisoslashgan magazin bor. Bu do‘konda hali o‘zbek za'faroni sotilmayapti. Eron va Kashmirdan kelgan za'faronlarni taklif qildi do‘kon egasi. Men unga O‘zbekistonda ham za'faron chiqarilayotganligini aytsam ishonqiramadi.

«Qurquma (Zarchava)ni norinj ranga bo‘yab yasalgan feyk za'faron juda ko‘paygan xozir.» dedi do‘kondir. Men bu do‘kon egasi bilan ancha gaplashib qanday qilib feykni originaldan farqlash mumkin deb so‘radim. Do‘kon ichkarisida oq xalat kiyib mikroskop oldida o‘tirgan mutaxasis yoniga boshladi meni do‘kon sohibi. Men unga O‘zbekistonda chiqarilgan za'faron rasmini telefonimda ko‘rsatdim.

«Feykka o‘xshamayapti, lekin baribir o‘zini ko‘rishim kerak» dedi mutaxasis. Men vaqt belgilab ertasiga O‘zbekistonda chiqarilgan bir shisha za'faronni keltirdim. Uch daqiqadan oz vaqt ichida o‘zbek za'faronining original va yuqori sifatli ekanini aniqlab berishdi.

«Bir vaqtlar Germaniyada za'faron soxtakorlarini olovda yoqishgan, xozir Eronda ularning o‘ng qo‘li chopiladi. Lekin o‘zbek za'faron yetishtiruvchilarini bunday istiqbol kutmaydi. Bu haqiqatda sifatli ekan»

O‘zbekistondagi za'faron biznesiga yaqin mutaxassis ismi aytilishini istamagan xolda za'afaron soxtakorlari O‘zbekistonda ham borligiga to‘xtaldi.

«Albatta, qimmat turadigan o‘simlik yoki buyum borki uni soxtalashtirish va buning ortidan mo‘maygina daromad oluvchilar sonini ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Za'faronning qimmatbaholigi va odamlar tomonidan qadrlanishi firibgarlar e'tiborini tortmay qo‘ymagan, albatta. Oxirgi yillar soxta za'faron bilan savdo qilish xolatlari ko‘p uchramoqda. Bunday savdolarda ustalik bilan za'faron stigmalariga o‘xshash ayrim o‘simliklar, barglar, o‘simliklar aralashmasi, quritilgan dengiz o‘tlari, makkajo‘xori tolasi va rangli barglarni (Bo‘yoqdor maxsar, Bog‘ xrizantemasi,  Yong‘oqsimon nilufar, xind jo‘xorisi (Zarchava)ni laqqa tushib, katta pulga sotib olishingiz mumkin. 

Bu kabi soxta yoki sifati past za'faronlarni yurtimizning bozorlarida ham uchratishingiz mumkin. Narxi xam juda arzon. Bir stakani 10 ming so‘m. Albatta, za'faron haqida tushunchaga ega bo‘lmaganlar uni sotib olishadi. Unutmang, haqiqiy za'faron hech qachon arzon narxda sotilmagan va sotilmaydi ham. Asl za'faronni tanlashda adashmagan xaridor faqat va faqat o‘z sog‘ligiga foyda qiladi.

Yana bir muhim masala – za'faron tarkibidagi faol moddalar va sifat ko‘rsatkichlariga qarab 3 ta kategoriyaga bo‘linadi. Aynan aksariyat Eron, Afg‘oniston va Xind za'faroni deb sotilayotgan mahsulotlar 2 va 3-kategoriyaga ega yoki za'faronning pushol va banch qismlari (3-kategoriya) bo‘yalib, asl za'faron deb sotish holatlari ham uchramoqda. Eng oliy nav 1-kategoriya hisoblanib, mazkur za'faronda o‘simlikning barcha dorivor xususiyatlari saqlanib qolgan bo‘ladi va aynan ushbu nav farmatsevtikada qo‘llaniladi. Shuning uchun ham 1-kategoriyaga ega maxsulot boshqa kategoriyalardagiga qaraganda bir necha barobar qimmatdir»

Qariyb qirq yilni o‘z ichiga olgan «qizil oltinni izlash» yo‘lchiligi shu yerda nihoyasiga yetdi. Bir vaqtlar «oq oltin» musibat keltirgan mamlakatga qizil oltin saodat keltiradi deb odamning ishongisi keladi. 

Pragadagi iqtisod professorining ikki yil oldingi prognozi to‘g‘ri chiqdi. O‘zbekiston za'faron vataniga aylandi. Odatda dunyoda o‘zlari yetishtirgan xosildan minnatdor odamlar o‘zlariga risq bo‘lgan ziroatlarga haykal qo‘yishadi. Professor Xolnazar Amonovning ishonishicha Jizzaxda za'faronga haykal qo‘yiladi. 

«Xalqaro tanlov o‘tkazilib taniqli haykaltaroshlar ishtirokida yaratiladi….» – deydi proessor Amonov.

Bu haykal Nevadaning qizil vodiysi cho‘qqilariga za'farondan zarb qilingan petroglif shamoyillari  kabi bo‘ladimi yoki Krit orolidagi qadim freskada aks etgan za'faron teruvchi shaklidami?  Bu kelajak rassomlarining ijodiga havola. 

Xozircha qo‘shiqlarda «Mehrigiyo» cho‘pi deya ulug‘langan o‘simlik gulini sotishdan kelayotgan millionlab yevro daromad  Jizzax za'faroniga qo‘yilgan haykal kabi ko‘rinadi.

Qizil oltin bo‘lsa shunchalik bo‘ladi. 

Shuhrat Bobojon

Germaniyadagi Künstlerheim Luise rassomlik markazi a'zosi

@eltuz

Tag‘in o‘qing
5 iyun 2017
«O‘zbekkontsert» birlashmasida prezident devonidan kelgan vakil ishtirokida o‘tkazilgan shoshilinch yig‘ilishda ijtimoiy tarmoqda paydo bo‘lgan “Sultonimiz omon bo‘lsin!” qo‘shig‘i keskin ...
28 fevral 2022
27-fevraldan 28 fevralga o‘tar kechasi Vena shahar maydoni namoyishchilar bilan to‘ldi. Ular Ukrainani qo‘llab quvvatlashmoqda. Tarixiy binolarda Ukraina bayrog‘i ...
2 yanvar 2017
Uch oylik konfet-guldasta davri tugadi. Yana kortej. Avtomatchilar kurshovida yopiq trassa bo‘ylab sayr. Mirziyoev yana Karimov yo‘lidan karimov uslubida ...
24 dekabr 2019
«Chet ellardan keltirib o‘rnatilgan unitaz va klozetlarda o‘tirvolib mazza qilib hojat chiqarish hatto ozodlikda yurganlarning ko‘pchiligi uchun ushalmas orzu-ku! Hattoki, ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...