Asosiy mavzular
21 avgust 2023

Yuliy Yusupov «O‘zbekipaksanoat»ga qarshi

Taniqli iqtisodchi o‘ziga qarshi da'vo qo‘zg‘atgan ipakchilik uyushmasining bu harakati nima uchun O‘zbekiston obro‘siga xavfli ekanini tushuntirdi

O‘zbekistonda ipakchilar ipakchilik sanoati korxonalarini birlashtirgan «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi Iqtisodiy taraqqiyotga ko‘maklashish markazi ilmiy rahbari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik kengashi a'zosi Yuliy Yusupov ustidan sudga murojaat qildi. Bunga Yusupovning «O‘zbekistonda ipakchilik: byurokratik boshqaruvning samarasiz amaliyoti saqlanib qolinmoqda» maqolasida bildirilgan tanqidiy fikrlari sabab bo‘ldi. Avvaliga Uyushma iqtisodchining maqolasiga raddiya e'lon qilib, Yusupov bunga qarshi dalillarni ilgari surdi.

Ish bahor oylarida ochilgan, iyul oyida esa iqtisodchi «O‘zbekipaksanoat» unga qarshi sudga da'vo qo‘zg‘atganini va uzr so‘rashdan tashqari, uning maqolasi tufayli uyushma tomonidan 397 million so‘m (33 ming dollar) miqdorida baholagan zararni qoplashi kerakligi talab qilinayotganidan xabar topgan.

Yuliy Yusupovning fikriga ko‘ra, «Uyushma o‘z da'vosi bilan O‘zbekiston obro‘siga putur, mamlakat iqtisodiy salohiyatiga ziyon yetkazadi». Yangi maqolada iqtisodchi o‘z nuqtai nazarini tushuntiradi.

Qisqacha muqaddima

«O‘zbekipaksanoat» uyushmasi meni sudga berdi. Da'voning mazmuni shundan iboratki, «O‘zbekistonda ipakchilik: byurokratik boshqaruvning samarasiz amaliyoti saqlanib qolmoqda» nomli maqolamda go‘yoki:

▶️ Uyushmaning roli va faoliyati noto‘g‘ri aks ettirilgan;

▶️ Uyushma davlat tomonidan nazorat qilinishi va bir-biriga mos kelmaydigan funktsiyalarni bajarishi, bu esa manfaatlar to‘qnashuviga sabab bo‘lishi haqidagi fikrlar noto‘g‘ri keltirilgan;

▶️ ipakchilik klasterlarining davlat bilan chambarchas bog‘liqligi va alohida imtiyozlardan foydalanishi noto‘g‘ri ko‘rsatilgan;

▶️ Fermerlarni pilla yetishtirishga majburlash bilan bog‘liq vaziyat buzib ko‘rsatilgan: Buni qarangki, hech qanday majburlash yo‘q ekan.

Va bularning barchasi, da'vo mualliflarining fikricha, Uyushmaning “ishbilarmonlik obro‘siga” putur yetkazadi.

Ikkinchi sud majlisida Uyushma vakillari kutilmaganda o‘z da'vo talablarini o‘zgartirib, mening maqolam e'lon qilinishi bilan bog‘liq tarzda Uyushmaga yetkazilgan 390 million so‘m miqdoridagi zararni qoplashni talab qilishdi. Zararlarga, go‘yoki quyidagilar sabab bo‘lgan:

▶️ qandaydir vetnamlik xaridor aynan mening maqolam tufayli go‘yoki bitimlar tuzishdan bosh tortgani sabab klasterlardan undiriladigan a'zolik badallari miqdori kamaygan;

▶️ Uyushma xodimlari tomonidan “maqola izidan” olib borilgan “tadqiqot” xarajatlari va, albatta maqoladagi ma'lumotlar to‘g‘ri emasligi aniqlangan (aynan qaysiligi ko‘rsatilmagan).

“O‘zbekipaksanoat” o‘z da'vo talablari va dalillarini taqdim etar ekan, qasddan yoki bexosdan mamlakatimiz obro‘siga putur yetkazmoqda, hokimiyatning sud tizimiga zarba bermoqda, shuningdek so‘nggi yillarda muvaffaqiyatli rivojlanib borayotgan O‘zbekiston to‘qimachilik sohasiga katta zarar yetkazish xavfini tug‘dirmoqda.

Keyinroq, Uyushmaning da'vo arizasi nafaqat da'vogar va javobgar, balki butun O‘zbekiston uchun katta ahamiyatga ega ekanligini isbotlashga harakat qilaman.

O‘zbekistonning sud hokimiyati va demokratik yutuqlari — “O‘zbekipaksanoat” zarbasiga uchradi.

O‘zbekistonda ro‘y berayotgan siyosiy o‘zgarishlar demokratlashuv darajasi, so‘z erkinligi va boshqa jihatlar bo‘yicha mamlakatlar reytingini tuzuvchi xalqaro tashkilotlar, shuningdek davlat institutlarini takomillashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishdan hayotiy manfaatdor bo‘lgan xorijiy jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari, mamlakat aholisi tomonidan kuzatib boriladi.

Nazarimda, Uyushmaning da'vosi O‘zbekistonning so‘nggi yillarda inson huquqlari, so‘z erkinligi, shuningdek mamlakat sud-huquq tizimining obro‘-e'tibori borasida erishgan yutuqlarini xavf ostiga qo‘yadi. Nega? Chunki Uyushma o‘z da'vo arizalarida hamma uchun mutlaqo ayon bo‘lgan faktlarni rad etishni va ularni chop etishga jur'at etgan shaxsni pul bilan jazolashni talab qilmoqda. U suddan qorani oq va oqni qora deb aytishni hamda hatto so‘z erkinligi uchun jazolashni talab qilmoqda.

Axir maqolada ayni haqiqat yozilgan. “O‘zbekipaksanoat” esa haqiqatni yolg‘on deb atashni talab qilib, bu Uyushma obro‘sini oshirishini ta'kidlaydi. Ammo bu vaziyatni yanada yomonlashtirishi aniq. Binobarin, da'voning butun g‘oyasi haqiqat uchun qasos, mening va boshqa mustaqil tadqiqotchilar, publitsistlar va jurnalistlarning og‘zini yopish istagidir.

Men nimani rad etishim kerak?

Birinchidan. Da'vogarning fikricha, men uyushmaning roli va faoliyatini noto‘g‘ri aks ettirganman, uyushma davlat tomonidan nazorat qilinadi va bir-biriga mos kelmaydigan funktsiyalarni bajaradi, bu esa manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi haqidagi bayonotim ham noto‘g‘ri. Ma'lum bo‘lishicha, «O‘zbekipaksanoat» xo‘jalik boshqaruvi organi emas, balki butunlay mustaqil tashkilot. Nega? Nizomida shunday yozilgan ekan.

Unda nega O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 martdagi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2856-sonli qarori bilan Uyushma tashkil etilgan bo‘lib, unda Uyushma tarkibidagi tashkilotlar, Uyushmaning vazifalari va faoliyati, uning tashkiliy tuzilmasi va maksimal xodimlar soni belgilab berilgan? Sizningcha, ixtiyoriy nodavlat uyushmalari shu tarzda tuziladimi? Sizningcha, ixtiyoriy mustaqil uyushmalarning raislari va ularning o‘rinbosarlari o‘z lavozimlariga Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlanib, maqomi bo‘yicha vazir va vazir o‘rinbosarlariga tenglashtiriladimi? (Qarorda shunday ko‘rsatilgan).

Yuliy Yusupov. Muallifning shaxsiy arxividan fotosurat

Va nima uchun Uyushma barcha davlat axborot resurslarida xo‘jalik boshqaruvi organi sifatida belgilangan?

Yana bir savol: Uyushma mulki qaerdan shakllanadi? Axir bu davlatning “sovg‘asi” emasmi? Nega davlat yerlarida joylashgan tut plantatsiyalari Uyushma tarkibiga kiruvchi “nodavlat” hududiy “Agropilla” MChJ balansida bo‘lib, nodavlat ipakni qayta ishlash tashkilotlariga tekin foydalanishga berilgan?

Nega O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 noyabrdagi 705-son qarori bilan “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi huzuridagi Ipakchilikni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari ipak chiqindilari va ipak xomashyosini eksport qilishda bojxona to‘lovlaridan tushadigan mablag‘lar hisobidan shakllantirilmoqda?

Nega prezident o‘z qarorlari bilan Uyushmaga ko‘rsatmalar berib, uni, masalan muayyan rejalarni amalga oshirish uchun mas'ul qiladi? Mustaqil tashkilotlarga ko‘rsatma berish uning vakolat doirasiga kiradimi? Menimcha, biz Prezident Administratsiyasining yomon ishi haqida ham savol qo‘yishimiz kerak: davlat rahbari qarori bilan tashkil topgan, davlat mulkidan foydalanib, davlatdan mablag‘ olayotgan, lekin o‘zini mutlaqo mustaqil deb hisoblaydigan tashkilot bor ekan.

Darvoqe, ikki yildan ortiq vaqt mobaynida “mustaqil” uyushmaga davlat amaldori – Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipov rahbarlik qilganiga nima deysiz? Va nafaqat mansabdor shaxs, balki ipak sanoatini boshqaradigan va bu sohada o‘z biznes manfaatlariga ega bo‘lgan mansabdor shaxs. Hech qanday manfaatlar to‘qnashuvi aniq yo‘qmi? (Material nashrga tayyorlanayotgan paytda Sharipov boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan Ipakchilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod etilgani ma'lum bo‘ldi. – «Farg‘ona»).

Ikkinchidan. Da'vogar ipakchilik klasterlarining davlat bilan chambarchas bog‘liqligi, alohida vakolat va imtiyozlarga ega ekanligi haqidagi gaplarimni noto‘g‘ri dedi. Ma'lum bo‘lishicha, bu to‘g‘ri emas va klasterlar oddiy tijorat tashkilotlari ekan xolos.

Ammo ko‘plab soliq va bojxona imtiyozlari, subsidiyalar haqida nima deyish mumkin, ularning aksariyati faqat Uyushma a'zolariga berilgan? To‘g‘ri, ko‘plab imtiyozlar muddati allaqachon tugagan, ammo ular bor edi…

Bepul foydalanish uchun klasterlarga berilayotgan tut plantatsiyalarichi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 8 iyuldagi (PQ-5178-son) qaroriga ko‘ra, mahalliy hududiy hokimliklarga ipakni qayta ishlash korxonalarini tashkil etish uchun yem-xashak bazasini yaratish, shuningdek ish bilan band bo‘lmagan aholining ro‘yxatini shakllantirish va ipakchilik klasterlariga biriktirilishini ta'minlash bo‘yicha topshiriqlarni qanday izohlash mumkin?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 24 fevraldagi (PQ-73-son) qarori bilan “fuqarolar bandligini ta'minlash”, pilla yetishtirish bo‘yicha reja ko‘rsatkichlarining bajarilishi, shuningdek «tarmoq korxonalariga doimiy amaliy yordam ko‘rsatish» maqsadida ipakchilik sanoati korxonalari tuman hokimlariga “biriktirilgan”iga nima deysiz?

Va eng muhim savol: nega pilla sotib olish narxlarini davlat belgilaydi va “nodavlat va mustaqil” uyushma qaerda qoldi?

Qolaversa, Prezidentining 2019 yil 31 iyuldagi (PQ-4411-son) qarorida “O‘zbekipaksanoat” uyushmasiga 2020 yildan boshlab yirik pilla ishlab chiqaruvchilardan pillaning sotib olish narxini kamida 20 foizga, 2021 yildan esa kamida 10 foizga oshirish choralarini ko‘rish topshirilgan.

Uchinchidan. Da'vogar O‘zbekistonda fermerlarni pilla yetishtirishga majburlash holatlari yo‘qligini aytadi. Nega u shunday deyishga qaror qildi? Chunki bu qonunlarga zid. Betakror “dalil”.

Ammo fermerlarning o‘zlari tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalari, ijtimoiy tarmoqlarda, Telegram kanallarida ovoz berish orqali to‘plangan ularning guvohlik ko‘rsatmalari haqida nima deyish mumkin? Ular yolg‘on gapirishyaptimi? Nima uchun? Men shu savolga javob olmoqchiman. Va sud qarori, agar u Uyushma foydasiga qabul qilinsa, bu borada hech narsani o‘zgartirmaydi — bu ko‘plab ko‘rsatmalarni bekor qilmaydi. Bunday qaror faqat sud tizimi va Uyushmaning o‘zini obro‘sizlantiradi.

Mamlakatning to‘qimachilik sohasiga tahdid

Bundan tashqari, ochig‘ini aytganda, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi buzg‘unchi faoliyatining yana bir jihatiga e'tiborni qaratmoqchiman. Uyushmaning shon-sharafi va uning amaldagi raisi (u o‘zini “vazir”, qo‘l ostidagilari uni “xo‘jayin” deb ataydi) Bahrom Sharipovni himoya qilib, “O‘zbekipaksanoat” tashkiloti maqolamda keltirgan “O‘zbekiston Inson huquqlari forumi” tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalarini shubha ostiga qo‘yadi. Xususan, “O‘zbek forumi” tomonidan fermerlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar pilla yetishtirishga mas'ul bo‘lgan fermerlarning salmoqli qismi bu ishni majburan va o‘z hisobidan amalga oshirayotganini ta'kidlashimga imkon berdi.

Da'vogar asossiz ravishda “O‘zbek forumi” tashkiloti O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tmaganligi sababli ma'lumotlar ishonchli emasligini ta'kidlaydi. Ma'lum bo‘lishicha, bu uning tadqiqotini noqonuniy qiladi. Ahmoqlikda aql bovar qilmaydigan, lekin ayni paytda juda xavfli va zararli bayonot.

Birinchidan, agar “O‘zbek forumi”ning tadqiqotlari noqonuniy bo‘lsa, nega Bahrom Sharipovning o‘zi ushbu tashkilot vakillari bilan uchrashib, ularga intervyu berdi, ma'lumotlar taqdim qildi? Darvoqe, mening maqolamda ularning ba'zilari e'lon qilingan edi. Xayoliy “noqonuniylik” tadqiqot natijalari janob Sharipovning to‘kislik haqidagi tasavvurlariga to‘g‘ri kelmasligi ma'lum bo‘lgan paytdan boshlab paydo bo‘ldimi? Bundan oldin hamma narsa qonuniylik bilan tartibga solinganmidi?

Ikkinchidan,

Uyushma “O‘zbek forumi” tadqiqotlari natijalarini shubha ostiga qo‘yib, bu bilan ushbu tashkilotning paxta yetishtirishda majburiy mehnatdan foydalanish bo‘yicha olib borayotgan tadqiqotlarini shubha ostiga qo‘yadi.

Ammo aynan shunday tadqiqotlardan biri O‘zbekistonda majburiy mehnatga barham berilganligini tasdiqlab, o‘zbek paxtasini AQSh Mehnat vazirligining “qora ro‘yxati”dan chiqarish imkonini berdi. 2022 yil 10 mart — O‘zbekiston to‘qimachilik sohasi uchun tarixiy kun hisoblanib, Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi O‘zbekiston paxtasini global boykot qilish chaqirig‘iga barham berilganligini e'lon qildi. Ushbu qaror so‘nggi yillarda sezilarli darajada o‘sgan o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi (2022 yilda u 3,2 milliard dollarni tashkil etdi – umumiy eksportning 16,5 foizi). Va bu asosan paxta mahsulotlari.

Koalitsiya bayonotida aytilishicha, bu qaror “Cotton Campaign’ning yaqin hamkori bo‘lgan “O‘zbekiston Inson huquqlari forumi” o‘z hisobotini e'lon qilgani va 2021 yil hosili terimi davrida markaziy hukumat tomonidan majburiy mehnatga jalb qilish holatlari aniqlanmaganidan keyin” chiqarilgan.

“O‘zbek forumi” hisobotlari ipakchilik sohasida olib borilgan tadqiqotlarga o‘xshash tadqiqotlar asosida tayyorlangan. Ammo endi “mustaqil” uyushmaning da'vosi tufayli ushbu tashkilotning tadqiqot natijalari jiddiy shubha ostida. Binobarin, o‘zbek paxtasiga boykotni bekor qilish qarori ham so‘roq ostidami?

Uchinchidan, eng muhimi, Uyushma demarshidan so‘ng o‘zbek ipakchilik mahsulotlarini, jumladan o‘zbek ipakidan foydalanish mumkin bo‘lgan har qanday to‘qimachilik mahsulotlarini rivojlantirish va eksport qilish masalasi tahdid ostida qoladi.

O‘zbekistonda yetishtirilgan ipak pillalari allaqachon AQSh Mehnat vazirligi ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, ularni ishlab chiqarish jarayonida majburiy mehnat qo‘llanilganligi sabab shtatlarga olib kirish taqiqlangan mahsulotlardan hisoblanadi.

Mana, “O‘zbek forumi”ning tadqiqotini tashkillashtiruvchi shaxs — Umida Niyozovaning uyushma tomonidan berilgan da'vo arizasiga munosabati:

“Uyushmaning da'vo arizasi xalqaro inson huquqlari tashkilotlariga nimani anglatadi? Ipakchilik sohasiga tizimdagi barchaga ayon muammolarni tan olmaydigan odamlar rahbarlik qilayotgani, demak, ular hech narsani o‘zgartirish niyatida emasligidan darak beradi. Qolaversa, ular ipakchilik sohasidagi haqiqiy muammolar haqida gapirayotganlarning ovozini o‘chirishga harakat qilmoqda. Bunday holda, ular xorijiy sarmoyaga juda muhtoj bo‘lgan butun sektorning rivojlanishini xavf ostiga qo‘yadi, ular jalb qilishni juda xohlaydigan Yevropa biznesini xavf ostiga qo‘yadi.

Bu yil Germaniyada Ta'minot zanjiri qonuni kuchga kirib, u Germaniyada ro‘yxatdan o‘tgan har qanday biznesni inson huquqlarini hurmat qilishga majbur qiladi. Tez orada Yevropa Ittifoqi darajasida ham xuddi shunday qonun qabul qilinadi.

Uyushmaning fermerlarni pilla yetishtirishga majburlash faktlarini butunlay inkor etishi “O‘zbek forumi”ni o‘z murojaat va hisobotlarida ipakchilik sohasiga sarmoya kiritish juda xavfli ekanligini aytishga majbur qilmoqda.

Ya'ni, endi bu shunchaki obro‘-e'tibor uchun qiymat emas. Nemis (va tez orada Yevropa) korxonalari qonunga ko‘ra, hech bir davlatda inson huquqlarini buzmaslik uchun “tegishli tekshiruv” o‘tkazishi shart. “O‘zbekipaksanoat” italyan va nemis brendlarini jalb qilmoqchi bo‘lsa-da, ammo bu da'vosi bilan ular buning teskarisiga erishishlari mumkin”.

Xo‘sh, Uyushmaning obro‘siga putur yetkazayotgan va O‘zbekistonda ipakchilik rivojiga ziyon ko‘rsatayotgan narsa – mening maqolammi yoki sud jarayoni va “O‘zbekipaksanoat”ning g‘alati xatti-harakatlarimi?

Bahrom Sharipov va uning “cho‘ntak” uyushmasi O‘zbekiston iqtisodiyotiga, shu bilan birga, bevosita ipakchilik sanoatiga qanchalik zarar yetkazishini tushunadimi?

Tushunmaydigan ko‘rinadi. Ular o‘zlarining bema'ni da'volari bilan mamlakatimiz imidjiga qanday zarba berishlarini tushunishmaydi (yoki tushunishni xohlashmaydi).

Yuliy Yusupov

Maqola «Farg‘ona» agentligi saytidan olindi

Tag‘in o‘qing
4 fevral 2021
Toshkentning jabrdiyda xiyoboni markazidagi «Moviy gumbazlar» nomli inshoot o‘zining yashilligi va Brejnev davri me'morchiligining ancha yetuk qoldig‘i sifatida hukumatning ...
16 sentyabr 2019
Toshkentning jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudida 9 sentyabr kuni O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini ...
3 oktyabr 2016
Kasb bayramlarini o‘zbek tibbiyot xodimlari har yili paxta dalalarida o‘tkazishga majbur. Shugina emas, ularni o‘zbek hukumati «qora ishchi kuchi» ...
21 iyun 2020
Bugun O‘zbekistonda haqiqiy ma'noda mustaqillik kuni sifatida nishonlanishi kerak. Chunki bundan 30 yil burun, 1990 yil 20 iyun kuni ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...