Soxtakor qochqinlar
O‘tgan yili shu paytlarda ukrainalik qochqinlar ko‘p edi. Hujjat ishlarim sabab tegishli tashkilotlarga borib turaman. Ko‘p yillardan buyon qatnayvergach ko‘z pishib ketarkan, bir chetda kuzatib o‘tiraman. Turfa odamlar, turfa taqdirlar…
Mana, menga ikkita keladigan erkak kishi ikki yashar bolasini ko‘targancha o‘zini navbatga uradi. Maqsadi navbatsiz ishini bitirish, odamlarda insof bor, benavbat o‘tkazib yuborishadi emizikli erkakni.
Ishi bitgach bolani yerga qo‘yadi yoki onasiga beradi. Balki bolani onasi ko‘tarib tursa ham bo‘lardi deb o‘ylagandirsiz? Yo‘q, barchasi hisobga olingan bu yerda, olomonni ichida past bo‘yli ayol bola ko‘tarib tursa ham odamlar sezmasligi mumkin, baland bo‘yli erkak esa qo‘lidagi bolasi bilan barchani, eng muhimi qabul qilayotan mas'ulning e'tiboriga tezroq tushadi.
Yana mening e'tiborimni tortgan narsa boshpana so‘rab murojaat qilayotgan suriyaliklarning aksariyati ko‘pdan buyon Rossiyada yashayotganlar ekanligi.
Aslida bular qochqinlar emas, ko‘p yillardan buyon Rossiyada yashashadi, ba'zilarining biznesi bor bu yerda, puldor odamlar. Undaylar yurtdoshlari boshiga kulfat kelib qaerga qochishni bilmay turgan paytda ularga qo‘ldan kelgancha yordam berish o‘rniga o‘shalarning nomini sotib maqsadga erishmoqchi.
Bechora qochqinlar esa bulardek til bilmaydi, yo‘l-yo‘riq bilmaydi, boshini qayga urishni bilmay yurishibdi.
Bundan o‘n yil avval Andijon voqealari sabab o‘zbek qochqinlariga e'tibor kuchaygandi, o‘sha paytda chet elga ishlash maqsadida chiqmoqchi bo‘lgan «uchar»lar andijonlik bechoralarning nomini sotib G‘arbdan boshpanalik bo‘lib olishganini eslayman.
Eh-he, endi buyog‘ini so‘rasangiz nafaqat o‘zimizning «uchar»lar, qo‘shni mamlakat fuqarolari ham «Andijonlik jabrdiyda» niqobi ostida G‘arbga ketganini eshitganman. O‘zganing boshidagi kulfatdan o‘z manfaati yo‘lida foydalanuvchi insonlar…
Mana men ko‘rgan suriyaliklar ham ruschani ruslardek gaplashadi, Rossiya sharoitlariga allaqachonlar ko‘nikib bo‘lgan, deyarli rossiyalik insonlar. Suriyalik qochqinlar haqqiga xiyonat qilayotgan vijdonsiz insonlar…
Bilmadim Yevropada ahvol qanaqaligini, Rossiyadagi suriyalik qochqinlarning ko‘plari soxtakorlardir.
Akmal Nabiev
Eltuz.com