Ko‘zqarash
1 noyabr 2015

Zulm devlari bilan olishayotgan qiz

Shuhrat Bobojon
Eltuz.com

Sichqon kabi mitti jonivor ulkan filni o‘ldirishi mumkin, degan gapni birinchi sinf o‘qituvchim Zevarjon opa ilk marta aytib berganida ishongan edim.

O‘qituvchi aytgan gapni o‘quvchi mutlaq haqiqat o‘laroq qabul qiladi.

Umrim davomida bu assmetrik haqiqatga bir necha misollar ko‘rdim.

Bularni ichida eng ko‘rgazmali o‘rnak SSSRning qulashi edi.

Millionlab josusu ayg‘oqchi va tanklari bo‘lgan bu zulm saltanatini erk istagan huquq himoyachilari sindirgan edi.

SSSR likvidatorlaridan biri bo‘lgan marxuma Valeriya opa Novodvorskaya bilan hali SSSR oyoqda turgan davrda uchrashib muloqot qilganimdan faxrlanaman.

Opa bilan 1987 yili Sankt Peterburgda (O‘sha paytda Leningrad edi) uchrashganimda u xonim «O‘zbeklar paxta terishni boykot qilsin» degan tavsiyani bergan edi.

O‘sha paytda moskvalik jurnalist Aleksandr Minkin paxta terayotgan o‘zbek qullari haqida «Xlopkarab» degan maqola e'lon qilgan edi…

Hullas oradan 30 yilga yaqin vaqt o‘tdi. SSSR ag‘darildi. Ammo o‘zbeklar paxta dalasida to‘nqayganicha qolvaerdi. Ular tergan paxta Karimov «oila» sini zanginu badavlat qildi.

Shu kunlarda paxta qulligiga qarshi bosh ko‘targan Dima Tixonovning uyi yoqib yuborildi. Mahallaning hurmatli hoji akalari Tixonovga qarshi tuxmatnomalarni bajoni dil yozib berishdi.

Paxta qulligini fosh qilayotgan jurnalist hamkasbim Malohat Eshonqulova esa SNB pastkashlari tarafidan kunora taxqirlanmoqda.

Shu o‘rinda Malohat haqida bir ikki og‘iz iliq gap aytgim keldi.

1999 yil yozida Malohat Urganchdagi men rahbarlik qilgan mustaqil TV ALC kanalida bir kichik loyihada ishladi.

Jurnalistik tekshiruv¸ deb atalgan bu loyiha asosida Malohat suratga olgan lavha viloyat prokuraturasi¸ bojxona qo‘mitasi mulozimlari uchun bosh og‘rig‘i bo‘lgan edi.

Urganch tumanidagi jamoa xo‘jaligi o‘z ishchilariga oylik o‘rniga paxta yog‘ beradi. Tomini yopayotgan ustalarga haq berish uchun oila bekasi yog‘ni bozorga olib chiqib sotayotganda prokuratura va bojxona xodimlari tarafidan kaltaklanadi -ayolning olti oylik homilasi tushadi va o‘zi mayib bo‘lib qoladi.

Lavhada kasalxonada yotgan ayol¸ vrach hikoyasi bilan birga bozordagi guvohlar¸ prokuratura hamda bojxona xodimlari e'tiroflarigacha bor edi.

Bu lavhaning efirga ketmasligini ko‘pchilik istadi.

Malohatni bir chekkaga chaqirib¸ «qancha bersak shu lavha efirga ketmaydi?» deb savdolashishlar hali esimda.

Ammo qarshiliklarga qaramasdan bu lavha efirga ketdi.

Bu voqea misolida Malohat Eshonqulovaning jurnalist maslagiga sodiq¸ durust qiz ekaniga ishondim.

O‘tgan davr bu ishonchimni mustahkamladi. Bu kichik jussali ayol Karimov davrida yo‘g‘onlashgan zulm devlarini qulatishiga ishonaman.


Foto: Maloxat Eshonqulova. 2015 yil, oktyabr. Qoraqalpog‘istonda majburiy mehnat bo‘yicha monitoring payti

Tag‘in o‘qing
4 sentyabr 2017
O‘zbekiston muxolifati lideri Muhammad Solih Interpol qidiruv ro‘yxatidan chiqarildi. Bu haqda Muhammad Solihning o‘zi Eltuz muxbiriga aytib berdi. Solihga ...
25 iyun 2019
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining «Qurol to‘g‘risidagi qonun»ni ma'qullashi ortidan tarmoqda ayni qonun tarafdorlari va qarshilar o‘rtasida bahs qizidi. «Shaxsiy ...
11 yanvar 2017
Yangi yil oldidan rossiyalik milliarder, agar uni O‘zbekistonga chaqirishsa borishga tayyorligini aytdi. Uni O‘zbekistonda kim kutayotgani, kim chaqirishi qorong‘u. ...
23 sentyabr 2016
21-22 sentyabr kunlari Buvayda tumanidagi shifoxonaga birin ketin tumanning ikkita kollej bufetidagi pishiriqlarda zaxarlangani iddao qilingan o‘quvchilar keltirilgan. Tuman  tibbiyot ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...