Dayjest
4 avgust 2016

Kopperfild izdoshlari: Maddohlikni ehtiromga aylantirib beramiz!

«Adolat» gazetasi «yigirma beshinchi dovonga ham zafarli odimlar bilan yetib kelgan lahzalar» haqida fikr yuritar ekan, shu kunlarda hammaning og‘zidan tushmayotgan «Kecha kim edigu bugun kim bo‘ldik», degan jumlani (shiorga ham o‘xshamaydi-da) «juda ulug‘ va zalvori beqiyos savol», deya ta'riflaydi.
Maqola muallifi ham begona emas – shu gazetaning bosh muharriri. U Qamchiq dovonida qurilgan tunnel haqida yozar ekan, uni «haqiqatga aylangan afsona», deb ataydi.

«Qarang, shundoq poezdga o‘tiramizu, Qamchiq orqali o‘tib, vodiyda paydo bo‘lib qolamiz. Afsonaning chinga aylangani emasmi bu…», deya ritorik savol tashlaydi bosh muharrir.

Bizningcha, u tunnel orqali bir davlatdan ikkinchi davlatga yoki bir joydan ikkinchi joyga o‘tish afsona emasligi bilmaydigan darajada bilimsiz, yoki paxta bosish ustasi.

Yevropada bundan yuz yil oldin ham tog‘ teshilib, poezd va boshqa transport vositalari qatnovi yo‘lga qo‘yilganini hisobga olsak, XXI asr odami uchun bundan hayratga tushish, soddaroq aytganda, velosipedni ko‘rib, taraqqiyotdan jinni bo‘lib qolgan aborigenni eslatadi.

Bu ham yetmagandek, tunneldan hayratga tushgan bosh muharrir «qaysi bir puchmoqda berkinib olib, biz qo‘lga kiritayotgan yutuqlar, mamlakatimiz zabt etayotgan ulkan marralar…ga tariqcha hissa qo‘shmayotgan ayrim millatdoshlarimiz ham borligiga achinib ketadi» va ularni «soyalar» deb hisoblaydi.

«Ular o‘z tug‘ilgan tuprog‘i, suv ichgan arig‘i, taom yegan dasturxoniga tosh otayotganidan uyalmadi», degan muallif bu «soyalar» otini aytmayotganidan yozg‘iradi. Ular otini aytsa-yu, bu darrov akalariga aytib, qamatib yuborsa, bir «xalq dushmani»ni fosh etgani uchun ko‘ksiga medal taqsa.

Keyingi iddaosini bosh muharrir o‘z nomidan emas, ustozlari panasida aytishni ma'qul ko‘radi: «Ulug‘ shoirlarimizdan biri shunday degan edi: «Biz haqiqatni aytishni maddohlik deb bilmasligimiz kerak! Ota-onaga izzat-hurmat ko‘rsatish, ona Vatanni sevib ardoqlash, jondan ortiq xalqini, beqiyos ajdodlarini ulug‘lab, mo‘'tabar zaminimizni obod etayotgan Yo‘lboshchining xizmatini e'tirof etish aslo xushomad emas, balki dildagi mehr va ehtiromni izhor etishdir!»

Kam ham emas, ko‘p ham emas. Kimdir senga o‘z pulingga bitta ishton olib bersa, ko‘rgan-ko‘rmagan joyingda unga sig‘inaversang, otangdan ortiq ko‘raversang, yana yillab unga paxta qo‘yaversang, bu maddohlik emas, balki ehtiromdir!

Xuddi shu bosh muharrir kabi jurnalistlar hali prezident «Kim edigu kim bo‘ldik?» degan gapini aytmasidan oldin davlat rahbarining «Mustaqillik bizga nima berdi deb emas, biz mustaqillikka nima berdik», deb fikrlashishimiz kerak, degan gaplaridan o‘ziga bo‘yinbog‘ yasab, gazeta sahifalarini sarg‘aytirgan edi.

Yozuvchi «Obodlik simfoniyasi»ni chalib berdi

O‘zbekistonda ancha taniqli bir yozuvchi yurtimiz qo‘lga kiritayotan «ulkan muvaffaqiyatlar»dan ilhomlanib, «O‘zbekiston adabiyoti va san'ati» gazetasi orqali «Obodlik simfoniyasi»ni chalib berdi.

Dastlab yozuvchi prezidentning Qashqadaryoga safarini eslab, u yerda davlat rahbari «soxta va yolg‘on siyosat asosiga qurilgan sovet davlatining barcha kirdikorlarini yoshlarimiz bilishi, mustaqillik bilan mustabid tuzum davrini qiyoslashi va xolisona xulosalar chiqara olishi lozim»ligini uqtirganini ta'kidlaydi.

Shundan so‘ng o‘zi ham xotiralariga cho‘mib, o‘sha davrda Karmana tumanidagi tug‘ilib o‘sgan qishlog‘i Jaloyirning muammolari haqida «Hamqishloqlarimga maktublar» turkumini yaratgani, bu maqolalarida qishlog‘ining gaz, ichimlik suv, elektr, yo‘l va hokazo muammolari haqida ochiq yozganini iddao qiladi.

Buning uchun rahbarlardan achchiq «rahmatlar» eshitganini, shuncha yozsa ham bu jiddiy muammolar o‘z vaqtida hal bo‘lmagani, hamqishloqlarining ahvoli yomonlashib borganini ham yashirmaydi.

Mustaqillik yillarida esa qishlog‘i «kundan-kunga gullab-yashnab, chiroy ochib borayotgani», «jaloyirliklar … farovon hayot kechirayotgani», «yo‘llar ravon, qishloq gaz va ichimlik suv bilan ta'minlangani»ni aytib, «hayqirgisi kelishi»ni bildiradi.

Janob yozuvchi, hayqiring! Kerak bo‘lsa, baqiring! Siz tug‘ilgan qishloq shunchalik obod bo‘lgani uchun bundan-da g‘ayrioddiy qiliqlar qilsangiz ham yarashadi.

Ammo bugun qishlog‘ingizda muammolar yo‘qmi? Rossiya, Qozog‘iston qilib tarqalib ketgan qishloqdoshlaringiz haqida nima deysiz? Ularga «maktublar» yozmay qo‘ydingizmi? Yoki ular chet elga dam olgani ketganmi? Balki «dangasa»lardir ular?

Sovet davrida yozgan ekansiz, endi qalamingiz bugungi kunda bor muammolar (haqiqatan ham jaloyirliklar bugun hammasi jannatga tushgan bo‘lsa, uzr) haqida yozishni istamayaptimi?

Agar qishlog‘ingiz shunchalik obod bo‘lib ketgan ekan, atrofdagi qishloqlarga ham qarang, aka! Har holda ular ham begona emasdir.

Balki ularda gaz yo‘qdir, suv yo‘qdir, chiroq yo‘qligidan dod deyayotgandir, yo‘llari ravon emasdir! Bechora pensionerlar butun pensiyasi plastikka tushayotganidan dodini kimga aytishni bilmay yurgandir!

Sizning muborak «maktub»laringiz ortidan zora hamma joy Jaloyirdek bo‘lib ketsa!

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
26 avgust 2019
Toshkent shahrida 23-24 avgust kunlari Shayxontohur tumani 4-ichki ishlar bo‘limiga «Malika» savdo majmuasidagi tayanch nuqtasiga soqolli erkaklar tutib keltirilib, ...
12 sentyabr 2017
«Eltuz» nashrining Farg‘ona viloyatidagi manbalariga ko‘ra, tumanlarning uzoq hududlarida o‘qituvchi, shifokor va talabalardan tarkib topadigan terim otryadlari uchun yotoq ...
17 fevral 2021
Curxondaryolik tadbirkor H.Olimov 17 fevral kuni prezident Mirziyoevga videomurojaat yo‘lladi. Murojaatida u Muzrabot tumani hokimi Erkin Olimov uni yo‘q ...
2 aprel 2016
Endilikda O‘zbekistonda ayg‘oqchilik qilish uchun SNBa yollanish shartmas, aholi ko‘p to‘plangan joylarda biror odamning davlatga qarshiligidan gumoningiz bo‘lsa kifoya. ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...