Catira
28 mart 2017

Baxtiyorlik – mustabid davrni eslatuvchi tuyg‘umi?

20 mart kuni e'lon qilingan eng baxtli mamlakatlar reytingida O‘zbekistonliklar barcha sobiq Sovet davlatlarini ortda qoldirdi.

Gallup tadqiqot markazi o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 155 mamlakat orasida 47 orinni egalladi. Eng baxtli davlat Norvegiya bo‘ldi.

Soxta baxtlilik?

17 yildan buyon Norvegiyada yashayotgan pedogog olim, 73 yoshli Abdulla Abdurazzoq, o‘zbek xalqining bugun chinakam baxtli ekaniga shubha bildiradi.

«So‘z erkinligi bo‘lmagan, inson huquqlari toptalgan, korruptsiya avj olgan davlatda o‘tkazilgan so‘rov natijasiga qanday ishonish mumkin», deydi Abdulla Abdurazzoq Eltuzga bergan intervyusida.
U O‘zbekiston bilan Norvegiya o‘rtasidagi farqlarni qiyoslab, o‘zi yashayotgan mamlakatdagi ijtimoiy muxofaza darajasiga misol keltiradi.

«Bir vaqtlar sal pulga muhtojlik tug‘ilgandi. Mening hisobimga mahalliy kommuna shu zahoti 1000 dollar tashlab berdi» deydi u.

Eltuz muxbiri bilan suhbatida Abdulla Abdurazzoq o‘zbeklarning tirikchilik uchun O‘zbekistondan ko‘ra baxtsizroq Qozog‘iston va Rossiyaga ishlagani ketayotganini istehzo bilan eslaydi.

Reyting qanday belgilandi?

Baxtiyorlik reytingini tuzishda aholi jon boshiga o‘rtacha daromad; umr ko‘rish muddati; fuqarolik erkinliklari, ijtimoiy muhofaza va ertangi kunga ishonch, oiladagi barqarorlik, ish bilan bandlik, korruptsiya darajasi, shuningdek jamiyatdagi ishonch va saxovat kabi omillar qamralgani aytiladi.

Bulardan tashqari, tadqiqotning asosiy qismini turli mamlakatlar axolisi orasida o‘tkazilgan, ularning qanchalik baxtliligiga oid ijtimoiy so‘rov natijalari tashkil qilgan.

O‘zbeklar va norveglar o‘rtasidagi tafovut

Ob'ektiv nuqtai nazardan Norvegiya, daromadlari darajasi, korruptsiyaning yo‘qligi, so‘z erkinligi, davlatning ijtimoiy ko‘magi, ishsizlik muammosining kamligi jihatidan eng yuqori pog‘onani egallaydi.

Ayni paytda, korruptsiya, erkinliklar va aholi daromadi bo‘yicha O‘zbekiston reytingi eng past darajada.

Shunga qaramay, so‘rov natijalariga ko‘ra o‘zbeklar o‘z turmush darajalarini ijobiy deya baholashgan.

«Baxtiyorlik bo‘ldi odatim…»

Hayotiy tajribasidan kelib chiqib Abdulla Abdurazzoq qatag‘on, ochlik va qashshoqlik hukmron bo‘lgan Stalin davrida ham odamlar o‘zlarini dunyodagi eng baxtli sanashganini eslaydi.

Baxt kuychisi sanalgan Hamid Olimjon 1938-44 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi mas'ul kotibi bo‘lganini eslash kifoya.

Millat oydinlari otilgan, yo‘q qilingan bu davrda shoir Hamid Olimjon:

Shodlik yo‘lga boshladi meni,
Baxtiyorlik bo‘ldi odatim.
Shoir bo‘lib, shodlik va baxtni
Kuylamaklik zo‘r saodatim.

deya she'riy satrlar bitdi.

«Qizig‘i shundaki, butun xalq bu she'rlarni yodladi. Bugun ham takrorlamoqda», deydi o‘zbek adabiyoti bilimdoni Abdulla Abdurazzoq.

Shunga qaramay, keksa olim O‘zbekistonga ham haqiqiy baxtli kunlar kelishidan umidvor ekanini yashirmaydi.

Eltuz.com

 

Tag‘in o‘qing
16 may 2016
O‘zbekistonda fermerlarga qarshi boshlangan «Oybolta» deya nomlangan kampaniyaga ko‘ra, belgilangan rejani uddalamagan fermerlar, davlatga yerini qaytarib berishi, paxta yetishtirish ...
27 aprel 2020
Tarix takror sahnalardir. XVIII-XIX asrda Rossiya zodagon va bashanglari asosan frantsuz tilida gaplashishgan. Pushkinning tili frantsuzcha chiqqan va besh ...
16 may 2019
O‘zbekiston Oliy sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati 16 may kuni jurnalist Bobojonovlarning uylarini musodara qilish haqidagi oldingi sud ...
2 noyabr 2016
O‘zbekiston Huquq himoyachilari alyansi (O‘HA) tarqatgan matbuot xabariga ko‘ra 2016 yilning 1 noyabri kuni Bo‘ka shahar Xalq ta'limi bo‘limi ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...