Dayjest
4 oktyabr 2017

Salom sizga, «paxtakorlar», «paxtakorlar»!

Sovet davrida «Paxtakor polvonlarim» deganga monand bir mashhur qo‘shiq bo‘lardi.

Paxta terimi boshlandi deguncha radio ham, televizor ham vadavang shu qo‘shiqni tindirmay qo‘yardi.

Bugun havo ancha sovugan kunlarda o‘zbekning o‘qituvchilari, tibbiyotchilari, byudjet tashkilotlari xodimlari, «uyushmagan aholi» vakillari hammasi paxta dalasida.

Erta azonda sovuqda qaltirab dalaga chiqib ketyapti, kechqurun qosh qorayganda horib-charchab daladan qaytyapti. Hukumatning «oq oltin» xirmonini tobora yuksaltiryapti.
Bu xirmondan esa «paxtakor polvonlar» qo‘liga va og‘ziga siqqancha olib, bemalol kerakli manzilga paxta qo‘yish bilan ovora bo‘lib yotibdi.

Professor Qalandar Abdurahmonov ham paxta termay qo‘yganiga ancha bo‘lib qolganiga shubha yo‘q. Lekin hech qanday tortinishlarsiz paxta bosish musobaqasiga qo‘shilib ketdi.

Bosilgan paxtaning zalvorini olimning «O‘zbekiston ovozi» gazetasida 26 sentyabr kuni bosilgan maqolasini o‘qiganlar o‘zicha chamalab ko‘rishi mumkin. Ancha tosh bosadi qo‘yilgan paxta.

Maqolaning sarlavhasi balandparvoz: «O‘zbekiston dunyoga ma'rifiy qiyofasini ko‘rsatmoqda». Ko‘rsatilayotgan ma'rifiy qiyofa esa prezidentning yaqinda BMT minbaridan so‘zlagan nutqidan sizib chiqadi.

Bechora domla «o‘sha kuni atayin televizor qarshisida o‘tirib, bu nutqni sabrsizik bilan kutgan», uni «faxr-iftixor tuyg‘usi bilan tinglagan».

«Axir, faxrlanmasdan, g‘ururlanmasdan bo‘ladimi, O‘zbekiston rahbari jahonning eng oliy minbaridan turib, butun dun­yoga mamlakatimizning bugungi rivojlanish yo‘li, kelajak maqsadlari, Markaziy Osiyo va sayyoramizdagi eng dolzarb muammolar haqida o‘zining aniq pozitsiyasi, amaliy fikrlari, konstruktiv ruhdagi tashabbuslarini bayon qildi», deydi olim.

Maqoladagi boshqa nuqtalarga to‘xtalib, undan birorta ma'no qidirib o‘tirishdan naf yo‘q. Chunki hamma gaplar yana o‘sha mardikor xalq tergan paxtani kerakli manzilga bosish maqsadini ko‘zlaydi.

Prezident nutqidan mana shunday «faxr-iftixorga to‘lgan» nechalarning maqolalari chop etilmayapti deysiz?! Lekin birortasida xalqning tili mamlakatning ma'rifiy qiyofasini belgilovchi asosiy kriteriylar sirasiga kirishini eslab o‘tmaydi.

Prezident AQShga jo‘nab ketishidan oldin uning qaysi tilda so‘zlashi masalasida ba'zi so‘zlarni aytgandik. Afsuski, davlatimiz rahbari yana o‘zganing tilida ma'ruza qildi.

Suhbatlashganlarimning ba'zilari bu holatni prezident o‘z nutqida juda «olamshumul» masalalarni ko‘targani, mazkur masalalarni butun dunyoga yetkazish uchun shunday yo‘lni tanlagani va'jiga yo‘yishga harakat qildi.

Ishonchim komilki, BMTda o‘z tilida ma'ruza qilgan armanilarning prezidenti ham, tojiklarning peshvoi millati ham o‘zining nutqini shunchaki bir chiqish, «yuksak minbar»da ko‘rinish berish, «navbatchi» masalalarni ko‘tarish deb bilmaydi.

Ular ham o‘z xalqini BMTda olamshumul masalalarni ko‘targaniga ishontirishga urinib yotganiga shubha qilmasak ham bo‘lar.

Ammo bizning ziyolilarimiz davlatimiz rahbarining nutqi qaysi tilda bo‘lganiga hatto e'tibor ham qaratayotgani yo‘q. Har holda ularning matbuotdagi chiqishlari shundan darak berib turibdi.

Yana «ma'naviy qiyofamiz» to‘g‘risida uzundan uzun maqolalar yozayotganiga nima deymiz bu kaslarning?!

Aslida ular millatning emas, balki o‘zlarining ma'naviy qiyofasini ko‘rsatishga shunchalik sobitlik bilan urinayotganini ochiq namoyish qilmoqdalar.
Afsuski, bu qiyofa Islom Karimov davridagidan ko‘p-da farq qilayotgani yo‘q.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
12 aprel 2017
Erkaklarning doyalik qilishiga qarshi ma'ruzasi bilan tanilgan toshkentlik 42 yoshli imom Sayfuddinov mavzuni yoritgan jurnalistlarni fitnada aybladi. «Erkak kishini ...
6 yanvar 2023
Bir vaqtlar juda shiddatli bo‘lgan daryoning quyi qismi bo‘ylab sayohat qilar ekan, muayyan ekologik halokatning oldini olish qanchalik mushkul ...
17 oktyabr 2016
«XXI asr» gazetasida paxta yetishtiruvchi xonqalik fermerning nomidan ham bir maqola e'lon qilingan. Unda fermer muvaqqat prezident va amaldagi ...
18 aprel 2020
Mana, azizlar, qatordan xato bo‘lmay, yana siz bilan yuzlashganimdan baxtliman. Holbuki, bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor.  Bugun odamlar ...
Bloglar
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...