Asosiy mavzular
9 noyabr 2017

Bu ketishda tibbiyotni isloh qilib bo‘ladimi?

Ma'lum bo‘lishicha, o‘tgan yakshanba kuni Toshkentdagi bir qancha shifoxonayu poliklinikalar xodimlari Sergelida yangi qurilayotgan uylar oldini tozalash, ularni tartibga keltirish, chang-cho‘nglarini artish ishlariga safarbar qilingan.

Prezident to‘rtinchi bor mediklarni tanqid qildi. Rassom Tuz

Bunga sabab mazkur uylarning tez orada prezident ishtirokida foydalanishga topshirilishiga tayyorgarlik ko‘rishdir.

Yaqinda O‘zbekiston prezidenti, adashmasam, to‘rtinchi bor tibbiyot sohasidagi islohotlar bo‘yicha katta yig‘ilish o‘tkazdi.

Bu safar ham mazkur sohadagi kamchiliklarni ayamasdan tanqid qildi, qanchadan qancha rahbarlarni koyidi.

Hali hech bir soha bo‘yicha prezident buncha ko‘p va dam-badam majlis o‘tkazmagan bo‘lsa kerak. Shuning o‘ziyoq tibbiyotning bugungi holati qanchalik nochor ekanidan darak beradi.

Lekin o‘choqqa o‘tin tiqqan bilan uni yoqmasdan ovqat pishirib bo‘ladimi? Tibbiyotimizni «tiriltirish»ga urinishga qaratilgan sa'y-harakatlar ayni shu holatni esga soladi.

Endi mana shu fikrlarimizni isbotlashga harakat qilib ko‘ramiz.

Feysbuk sahifasidan skrinshot

Tibbiyot xodimlari o‘z ishlari qolib, yil davomida boshqa ishlarga jalb qilinadi. Ko‘chalarni tozalash kerakmi, o‘shalar (o‘qituvchilar bilan birga).

Feysbuk yuzeri Angelina Nazarova Sergelidagi qurilishlarni tozalashga tibbiyot xodimlaridan tashqari o‘qituvchilarning ham krepostnoy kabi tekin ishchi kuchi sifatida jalb qilinayotgani haqida yozdi. O‘qituvchilar qo‘pol munosabat sabab ishdan bosh tortishgach, maktab direktoriga hayfsan berilgan, o‘qituvchilarga esa 5000 so‘mdan yig‘ib berish buyurilgan.

Paxta terish kerakmi, birinchi navbatda yana tibbiyot xodimlari va o‘qituvchilar dalaga haydaladi. Biror katta ishga hasharchi kerakmi, marhamat, do‘xtirlar bor, o‘qituvchilar bor.

Paxta terimidagi «ko‘ngillilar» ham asosan shifokor va o‘qituvchilar. Rassom Tuz

Kuni-kecha «Kun.uz»da o‘qib qoldim. Endigina o‘qishni bitirgan yosh, intiluvchan tibbiy mutaxassis tumandagi poliklinikaga ishga kiribdi.

Ko‘p o‘tmay o‘zining shunday qobiliyati uchun bosh shifokor darajasiga yetishibdi.

Lekin oradan sal o‘tmay, do‘xtirlarini paxta terimiga safarbar etish haqidagi buyruqni bajara olmagani uchun ishdan bo‘shatilibdi.

Mana shunaqa gaplar bugun yurtimizda. Tibbiyot muassasalaridagi majburiy mehnat, poraxo‘rliklar, ta'magirliklar va boshqa illatlar haqida ko‘plab misollar keltirish mumkin.

Baraka topgurlar (Islom Karimov ko‘p ishlatardi bu so‘zlarni), tibbiyot xodimlarini o‘z holiga qo‘ymasdan, bevosita vazifasi bo‘lmagan har ishga jalb qilaversak, sohani isloh qilib bo‘ladimi, deydigan mard yo‘q.

Har qancha majlislar o‘tkazmaylik, sohadagi rahbarlarni har qancha almashtirmaylik, avvalo, mana shunday holatlarga barham bermasak, tibbiyotdagi islohotlar ko‘zlangan samarani bermasligi aniq.

Ha aytgancha, bu gaplar boshqa sohalarga ham taalluqli…

Sardor Azim
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 mart 2023
Salom qadrli muhlislar. Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta shikoyatni o‘qib eshittiramiz. Maktublar O‘zbekistonning Farg‘ona, Namangan, Surxondaryo va Samarqand ...
9 yanvar 2018
6 yanvardan instagram va feysbuk sahifalarida stixiyali tarzda o‘zbeklar do‘ppi fleshmobini boshlashdi. Unga tarmoqda boshqa millatlar ham qo‘shilishdi. Zardo‘ziyu ...
13 aprel 2018
Toshkentning Uchtepa tumani aholisi bilan 10 aprel kuni o‘tkazgan muloqotida IIV o‘rinbosari, Toshkent shahri IIBB boshlig‘i Rustam Jo‘raev soqol ...
15 dekabr 2020
Qishloq xo‘jaligi mutaxassisi, 70 yoshli Ismoil Ospanov «Eltuz» orqali o‘z turkum chiqishlarini davom ettirib, navbatdagi videosini qishloq xo‘jaligidagi ko‘zbo‘yamachilik, ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...