Asosiy mavzular
18 dekabr 2017

Global yolg‘on balki yaxshilikkadir?

«Paxtaga borasan, deyishdi. Agar bormasang, arizangni yoz yoki o‘rningga odam jo‘nat, deyishdi. O‘zimizning ishimiz qolib, bir oydan ko‘p paxta terishga majbur bo‘ldik».

Bu vodiylik bir tanishimning gaplari. U bu yil paxta har yilgidan qattiq bo‘lgani, bormayman deganlarning holiga maymunlar yig‘laganini kuyinib aytib berdi.

«Yaqinda prezidentimiz joriy yilda paxta terimida majburiy mehnat bilan bog‘liq birorta fakt aniqlanmaganini aytdi. Unga Xalqaro mehnat tashkiloti jo‘r bo‘ldi. Bu gaplardan keyin majburiy mehnat yana qanday shaklda bo‘lishi mumkinligini o‘ylab, o‘yimning oxiriga yeta olmayapman», dedi tanishim.

O‘ylab qoldim, asl holatni majburiy mehnatga jalb qilingan ming-minglab odam biladimi yoki prezidentga aslida yolg‘on, siyosiy jihatdan to‘g‘ri ma'lumot yetkazganlarmi?

XMTning konditsioner tagida yotib «telefon orqali ma'lumot to‘plagan» yoki hukumat mulozimlari hamrohligidagi ziyofatdan so‘ng ko‘zi suzilib dalani bir ko‘zdan kechirgan monitoringchilari bilar balki?

Adashmasam «Suyunchi» kinosida edi, kampir «dardimni kimga aytaman», deb kuyinsa, kichkina bolacha «menga ayting, buvi», deb hozirjavoblik qiladi.

Qanchadan qancha odam majburiy mehnatga jalb qilinganini xalqimiz nafaqat ko‘rib turdi, o‘z tanasida sinab ham ko‘rdi.

Endi bu xalq dardini kimga aytsin, majburiy mehnat yo‘q deyayotgan prezidentgami yoki unga jo‘r bo‘layotgan xalqaro tashkilotgami?

Shunaqa fikrlar asnosida miyaga «prezidentning imijmeykerlariyu ma'ruzasini yozib beradigan spichrayterlari, qolaversa, mas'ul davlat maslahatchilari bunday yolg‘onni nutqqa qo‘shtirayotganda nimalarni o‘yladi ekan», degan mulohaza keladi.

Prezidentning o‘zi bu yolg‘onga ishongani yoki boshqalarni ishontirishga uringani esa boshqa masala.

Zero, hazrat Alisher Navoiy aytganidek, «Agar shohsen sen, ogohsen sen, agar ogohsen sen, shohsen sen!»

Qurib ketsin, shu yolg‘onni XMT aytsin edi, o‘shanda xalqning prezidentga ishonchiga u darajada zarar yetmasdi.

Hozir esa bu yolg‘on davlatning yolg‘onchilik siyosatiga qarshi kurashishni shior qilgan prezidentning tilidan yangragani uning imijiga qanchalik zarar yetkazganini baholash mashkul.

Katta yolg‘on davlat rahbari va xalqaro tashkilot hisoboti orqali kuch oldirilgan ekan, endi buni global yolg‘on, deyish mumkin.

Bu global yolg‘on davlat rahbarining majburiy mehnatga chek qo‘yish borasidagi kelajakdagi sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadiga xizmat qilsa, balki uni yaxshilikka deb qabul qilish kerakdir?!

Har holda paxta terimi uchun haq o‘tgan yilgiga nisbatan misli ko‘rilmagan darajada oshdi, fermerlarga paxta sotishda erkinlik berish ko‘zlanyapti.

Paxta eksporti monopolisti bo‘lgan tashkilot o‘zgartirildi, demakki, eksportdan boyiyotgan amaldorlarning paytavasiga qurt tushirildi.

Bu yangiliklar sohadagi islohotlar yangi ko‘rinish olganidan darak berish bilan birga kelajakka nekbinlik bilan qarashga undaydi.

Ammo yaqin o‘tgan kunlarimizda XMT Islom Karimovning ham paxta sohasidagi majburiy mehnat borasidagi yolg‘onlariga dastak berganini eslasak, nekbinlik darajasi ancha pasayib ketadi…

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
3 fevral 2021
Joriy yilning 30 yanvar kuni Termiz shahrida Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tergov bo‘limi xodimlari tomonidan yutubdagi «Xalq fikri» ...
10 dekabr 2019
Sharqiy Yevropa kommunizm asorati va Sovet nazoratining 30 yilligini nishonlayotgan paytda Praga shahriga kelgan muxolifatdagi “Erk» demokratik partiyasi lideri ...
26 sentyabr 2016
Oliy Majlis palatalarining qo‘shma qarori bilan amaldagi bosh vazir, mustaqil kuzatuvchilar fikricha, noqonuniy tarzda prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlanishini ...
18 noyabr 2019
Qadimgi va zamonaviy demokratik tuzumlarda ijtimoiy ahamiyatga molik masalalar ko‘pincha ovoz berishga murojaat bilan tugaydi. Fuqarolar o‘zlari xohlagan o‘zgarishni ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...