Asosiy mavzular
18 dekabr 2017

Global yolg‘on balki yaxshilikkadir?

«Paxtaga borasan, deyishdi. Agar bormasang, arizangni yoz yoki o‘rningga odam jo‘nat, deyishdi. O‘zimizning ishimiz qolib, bir oydan ko‘p paxta terishga majbur bo‘ldik».

Bu vodiylik bir tanishimning gaplari. U bu yil paxta har yilgidan qattiq bo‘lgani, bormayman deganlarning holiga maymunlar yig‘laganini kuyinib aytib berdi.

«Yaqinda prezidentimiz joriy yilda paxta terimida majburiy mehnat bilan bog‘liq birorta fakt aniqlanmaganini aytdi. Unga Xalqaro mehnat tashkiloti jo‘r bo‘ldi. Bu gaplardan keyin majburiy mehnat yana qanday shaklda bo‘lishi mumkinligini o‘ylab, o‘yimning oxiriga yeta olmayapman», dedi tanishim.

O‘ylab qoldim, asl holatni majburiy mehnatga jalb qilingan ming-minglab odam biladimi yoki prezidentga aslida yolg‘on, siyosiy jihatdan to‘g‘ri ma'lumot yetkazganlarmi?

XMTning konditsioner tagida yotib «telefon orqali ma'lumot to‘plagan» yoki hukumat mulozimlari hamrohligidagi ziyofatdan so‘ng ko‘zi suzilib dalani bir ko‘zdan kechirgan monitoringchilari bilar balki?

Adashmasam «Suyunchi» kinosida edi, kampir «dardimni kimga aytaman», deb kuyinsa, kichkina bolacha «menga ayting, buvi», deb hozirjavoblik qiladi.

Qanchadan qancha odam majburiy mehnatga jalb qilinganini xalqimiz nafaqat ko‘rib turdi, o‘z tanasida sinab ham ko‘rdi.

Endi bu xalq dardini kimga aytsin, majburiy mehnat yo‘q deyayotgan prezidentgami yoki unga jo‘r bo‘layotgan xalqaro tashkilotgami?

Shunaqa fikrlar asnosida miyaga «prezidentning imijmeykerlariyu ma'ruzasini yozib beradigan spichrayterlari, qolaversa, mas'ul davlat maslahatchilari bunday yolg‘onni nutqqa qo‘shtirayotganda nimalarni o‘yladi ekan», degan mulohaza keladi.

Prezidentning o‘zi bu yolg‘onga ishongani yoki boshqalarni ishontirishga uringani esa boshqa masala.

Zero, hazrat Alisher Navoiy aytganidek, «Agar shohsen sen, ogohsen sen, agar ogohsen sen, shohsen sen!»

Qurib ketsin, shu yolg‘onni XMT aytsin edi, o‘shanda xalqning prezidentga ishonchiga u darajada zarar yetmasdi.

Hozir esa bu yolg‘on davlatning yolg‘onchilik siyosatiga qarshi kurashishni shior qilgan prezidentning tilidan yangragani uning imijiga qanchalik zarar yetkazganini baholash mashkul.

Katta yolg‘on davlat rahbari va xalqaro tashkilot hisoboti orqali kuch oldirilgan ekan, endi buni global yolg‘on, deyish mumkin.

Bu global yolg‘on davlat rahbarining majburiy mehnatga chek qo‘yish borasidagi kelajakdagi sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadiga xizmat qilsa, balki uni yaxshilikka deb qabul qilish kerakdir?!

Har holda paxta terimi uchun haq o‘tgan yilgiga nisbatan misli ko‘rilmagan darajada oshdi, fermerlarga paxta sotishda erkinlik berish ko‘zlanyapti.

Paxta eksporti monopolisti bo‘lgan tashkilot o‘zgartirildi, demakki, eksportdan boyiyotgan amaldorlarning paytavasiga qurt tushirildi.

Bu yangiliklar sohadagi islohotlar yangi ko‘rinish olganidan darak berish bilan birga kelajakka nekbinlik bilan qarashga undaydi.

Ammo yaqin o‘tgan kunlarimizda XMT Islom Karimovning ham paxta sohasidagi majburiy mehnat borasidagi yolg‘onlariga dastak berganini eslasak, nekbinlik darajasi ancha pasayib ketadi…

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
18 fevral 2019
Jizzaxning G‘allaorol tumanida yashovchi 30 yashar Akmal Ablokimov Samarqand viloyati Ishtixon tumanida ichki ishlar xodimlari tomonidan tahqirlangani va kaltaklangani ...
7 avgust 2018
Tushishim bilan «Nimaga imillaysan hayvon, kurortga keldingmi!?» deb yelkamga, belimga besh-olti marta rezina to‘qmoq bilan ayamasdan urishadi, «delo» bo‘yicha ...
14 dekabr 2016
«XXI asr» gazetasi (08.12) bosh vazirning virtual qabulxonasiga kelayotgan murojaatlarga oid navbatdagi maqolani e'lon qildi. «Murojaatlar haqqoniy bo‘lsa..» sarlavhali ...
23 sentyabr 2016
21-22 sentyabr kunlari Buvayda tumanidagi shifoxonaga birin ketin tumanning ikkita kollej bufetidagi pishiriqlarda zaxarlangani iddao qilingan o‘quvchilar keltirilgan. Tuman  tibbiyot ...
Bloglar
10 avgust 2022
Taniqli siyosat arbobi va shoir Muxammad Solix bilan may oyida o‘tkazilgan bu suhbat bevosita Eltuz ...
20 iyul 2022
O‘zbek xalqi kimga, qaysi rejimga qaram bo‘lib kelgan ediki, endi u o‘zini ozod, erkin millat ...
20 iyun 2022
1990 yil 20 iyunda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan edi. Mamlakat ...