Ko‘zqarash
6 mart 2018

Paxtaning kuchi

Chorak asrdan buyon paxtachilik va sanoatning u bilan bog‘liq tarmoqlari rivojlanmaydi. Chunki paxtaning asosiy qismi kimlarningdir orqasiga qo‘yishga ishlatilib kelinyapti.

Ayniqsa, jurnalistlarimiz orasida qo‘liga qalam bilan birga paxta ko‘tarib chopayotganlari ko‘p. Prezident ularning qo‘lidan paxtani tortib olishga intilayotganiga qaramay, qo‘yib yuborgisi kelmaydi.

Chunki ularning ko‘pchiligi shunga o‘rgangan. Shuning orqasidan kun ko‘radi, ro‘zg‘or tebratadi. Qattiqroq gapirib qo‘ysa, xo‘jayinlari oldiga suyak tashlamay qo‘yadi shekilli.

Jurnalist Gulbahor Saidg‘anievaning “Farg‘onamizni yomonotliq qilishdan kim manfaatdor” sarlavhasi ostida feysbukda e'lon qilingan maqolasi ana shunday jurnalistlarning yuzini ochib beradi.

Unda “keyingi paytlarda xorijiy va ayrim o‘zbek saytlarida Farg‘ona viloyati borasida turli yolg‘on ma'lumot, fitnalar ko‘p tarqala boshlagani” tilga olinar ekan, “Ozodlik” va BBS radiolari mish-mishchilik va uydirmachilikda ayblanadi.

Maqolada “Ozodlik” Darg‘ara tumanidagi Kichik Ganjiravon qishlog‘ida ichimlik suv tarmog‘iga ulanish uchun aholidan 10 million so‘mdan pul talab etilayotgani haqida “yolg‘on” ma'lumot tarqatganligi iddao qilingan.

BBS esa Rishton tumanidagi markaziy bozorning buzilishi orqasidan tadbirkorlar do‘koni uchun tovon puli olmayotgani haqida xabar bergani sabab ta'na ostida qolgan.

Bu xabarlarni inkor etish uchun keltirilgan ma'lumotlarning o‘zi kurakda turmaydi. Nima emish, do‘konlarning ko‘pi yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid ravishda qurilgan, mashina kirishi uchun yo‘l yo‘q emish.

Bunday qoidabuzar do‘konlarning yillar davomida ishlab kelganiga ko‘z yumganlar kim, nega bu holatlar endi yuzaga chiqyapti, degan savolga javob yo‘q.

“Ozodlik” xabarining inkori ham shunday asossiz “asoslar”ga tayanadi.

Zero, “paxtakor” jurnalistning maqsadi muammoni ko‘tarish emas, uni yopti-yopti qilishligi ko‘rinib turibdi. Shu bilan birga, imkon qadar erkin yozayotgan hamkasblarining og‘ziga latta tiqish.

“Xorij saytlari va ayrim milliy saytlarning olib borayotgan faoliyati bizni taajjubga soladi. …Ular Farg‘ona viloyatini yomonotliq qilib ko‘rsatishga kimdandir ko‘rsatma olganlar (balki moddiy rag‘bat olgandirlar, bunisini xudo biladi)”, deb yozadi “paxtakor” jurnalist.

Islom Karimov hukmronligi davrlarini eslatuvchi bu kabi maqolalarning hali ham yozilayotgani achinarli. Zero, jamiyat ochiqlik sari intilyapti.
Mahalliy jurnalistlar ham ko‘zi ochilib, sal-pal dadillashayotgan bir paytda shunday maqolalar chiqayotgani kishini o‘ylantiradi.

Qolaversa, bekorga Gulbahor Saidg‘anievaning maqolasiga to‘xtalmadik. Bu jurnalist ayol Qozog‘istonning Oqto‘basida olovda gurillab yongan 52 millatdoshimiz uchun yurt norasmiy bo‘lsa-da motam tutayotgan kunlarda ularni, ularning tumandoshlarini haromi deb haqorat qilgan Farg‘ona viloyati hokimini yoqlab maqola yozgan “paxtakor” qalamkashdir.

Nomigagina Farg‘onaning, aslida bu viloyat hokimining himoyasiga otlanayotganlar safi ancha keng.

Afsuski, yurtimizdagi turli sohalardagi o‘zgarishlar shiddati matbuotga hali to‘la kirib kelayotgani yo‘q.

Shuning uchun kimlargadir qo‘yadigan paxtasining kuchiga ishonib yashayotgan jurnalistlar ham oson jon berishga ko‘nmayotir.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
25 aprel 2022
Eltuz pochtasiga kelgan navbatdagi videoda Toshkent-Xorazm yo‘nalishidagi Xalqaro ahamiyatga ega asosiy magistral yo‘lning 27 kilometridagi qazib tashlangan joylar aks ...
1 sentyabr 2020
2 sentyabr kuni Buxoro inqilobi va Buxoro Xalq Respublikasining 100 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro simpozium bo‘lib o‘tadi 2.09.2020, ChORShANBA Nursulton ...
11 yanvar 2016
Bugun 11 yanvar kuni prezident rezidentsiyasi oldida norozilik namoyishi o‘tkazishga chog‘langan Inson huquqlari alyansi lideri Yelena Urlaeva boshchiligidagi bir ...
4 aprel 2024
Eltuz O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi xodimlarining o‘z raxbariyati ustidan yozgan shikoyatlarini o‘qishda davom etadi. Shu oy ichida bir qancha murojaatlar bo‘ldi, ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...