Catira
1 may 2018

Nega Maykl Jekson Amerika xalq artisti bo‘lmagan?

Amerika, Yevropa, umuman, taraqqiy etgan mamlakatlarda “xalq artisti” yoki “..xizmat ko‘rsatgan” degan unvonning o‘zi yo‘q.

Amerika prezidenti Donald Tramp Gollivud kinochilari bilan uchrashib, ularga qanday filmlar olish kerakligi haqida ko‘rsatmalar bermaydi. Federal tergov byurosi (Amerikaning davlat xavfsizligi tashkiloti) buyurtmasi bilan filmlar ishlanmaydi Amerikada! Shunday bo‘lsa-da, dunyoda Amerika filmlari kirib bormagan biror mamlakat yo‘q.

Qo‘shiqchi Maykl Jekson “Amerika xalq artisti” degan unvonsiz yashab o‘tdi. Lekin dunyoda bu qo‘shiqchini tanimaydigan odam bormi?

Taraqqiyotga erishgan mamlakatlarda har qanday shaxs – u ijodkormi, fermer yoki sportchi – erkin va uning faoliyatiga hech kim aralasha olmaydi. Bu davlatlarda prezidentlar qo‘shiqchiga qanday xonish qilishni, kinochiga qanday mavzuda film yaratishni o‘rgatishmaydi. Shoirlar va yozuvchilar yozgan asarlari uchun davlat rahbari tomonidan uy, avtomobil bilan taqdirlanmaydi.

Sobiq SSSR sarqiti

Yozuvchilar va san'atkorlarni davlat tomonidan rag‘batlantirish Sovet Ittifoqi davridan qolgan sarqit. O‘sha paytda “SSSRda xizmat ko‘rsatgan” unvonini olgan artistlar, yuristlar, fan arboblari buyuk imperiyaning askarlari kabi komfirqaga sadoqat bilan xizmat qiladigan katta bir toifa edi.

O‘zbek ijodkorlari SSSR paytida davlat mukofotini olishga qanchalik intilgan bo‘lishsa, bugun zamonaviy, mustaqil O‘zbekistonda undan-da kuchliroq chiranishyapti.

Bugun O‘zbekistonda ijod ahli borki, “davlatdan bironta unvon undiray”, degan orzuda yashaydi. Shu maqsadda O‘zbekistonda shoirlar davlat siyosatini ulug‘lovchi madhiyalar bitishyapti, qo‘shiqchilar “shunday go‘zal va adolat hukm surgan mamlakatimizga ola qarayotgan “vatan xoinlari” va “dangasa” mardikorlar” haqida xirgoyilar qilishyapti.

Adliya tizimi xodimlari esa “mamlakatimizdagi barqarorlikka rahna solishni istayotgan qora kuchlarni” topib, minglab o‘zbeklarga 159-moddani tamg‘a kabi bosyapti va shu tariqa “adolat posboni” sifatida davlat rahbarining nazariga tushish harakatida yugurib yurishibdi.

Yegan og‘iz uyalar

Bu maqolning ma'nosini avvalgi diktator Islom Karimov juda to‘g‘ri anglagan ko‘rinadi. U diktatorlik cho‘qqisi tomon yo‘lni ijodkorlar oshqozoni ichidan soldi.

Islom Karimov boshqaruvga kelarkan, ijod ahlini unvonlarga, hadyalarga ko‘mib tashladi. O‘zbeklar buyuk bilgan yozuvchilar va shoirlarga dala hovlilar, uylar, avtomobillar hadya qildi. Ularning barcha xarajatlari “davlat tomonidan qoplansin!” dedi. Yozuvchilar o‘zlarining romanlarini, atoqli shoirlar ballada va dostonlarini pulini davlat to‘lab qo‘ygan nomdor kurortlarda, dam olish uylarida yozib bitirdilar.

Natija diktator kutganidek bo‘ldi. Odil Yoqubov, Erkin Vohidov, Said Ahmad, Abdulla Oripov, O‘tkir Hoshimov kabi el sevgan adiblar O‘zbekistonda endigina kurtak yozayotgan erkinlik daraxtining diktator tomonidan qo‘porib tashlanishini jimgina kuzatib turaverishdi.

Qurbonlar nolasi tinglanmadi

Hukumatning shirin luqmasiga o‘rgangan o‘zbek ziyolilari 2005 yilning may oyida hukumat askarlari Andijonda miting qatnashchilarini qirib tashlaganida ham sukut saqlashdi. Aqalli nomiga sas chiqarganlari ham yo‘q. Aksincha, o‘t ochishga ruxsat bergan Islom Karimov pozitsiyasini qo‘lladilar.

“Andijonda miting qilganlar xalq emas, sho‘rvaning ko‘piklaridir”, dedi yozuvchilardan biri.

“Prezidentimga otgan o‘qni menga oting!”, dedi yana bir shoir…

“Qirib tashlang ularni, Zokir aka!” dedi boshqa biri o‘sha paytdagi ichki ishlar vaziri Zokir Almatovga qarata…

Xullas, diktatorning shirin kulchasi o‘zbekning nomdor shoirlari, yozuvchilari, otarchiyu imomlarini hukumatning qalqoniga aylantirdi.

«Biz uchun eng muhimi kinodir!»

Hozirgi prezident Shavkat Mirziyoev ham diktator Islom Karimov kabi ijod ahlining ko‘nglini olishga o‘zining vaqtini va davlatning resurslarini ayamayapti.

Ikki yillik faoliyati davomida prezident Shavkat Mirziyoev shoir va yozuvchilar, olimu ulamolar, kinochilar bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

“Bugungi kunda eng ommaviy san'at bo‘lgan kinoning beqiyos imkoniyatlaridan samarali foydalanishimiz kerak, — deydi Shavkat Mirziyoev kinochilarni huzuriga chaqirib. Kommunistlar dohiysi Lenin ham bir vaqtlar shunga o‘xshagan gap aytgandi.

Hozirgi prezident kino bilimdoni! U o‘z xalqiga qanday filmlar kerakliginiyam biladi va kinochilarga qanday mavzularda film ishlash kerakligini tinmay o‘rgatadi.

“Moturudiy, Imom al-Buxoriy, at-Termiziy haqida kino ishlang va masjidlardayam ko‘rsating!” deydi prezident Rustam Sa'diev va Hilol Nasimovga qarab.

Ayni paytda O‘zbekistonda tarixiy shaxslar haqida filmlar ishlash avjida. Davlat rahbari aytgan muddatda tugatish uchun shosha-pisha ishlanayotgan filmning sifati qanaqa bo‘ladi, buni hali hech kim bilmaydi.

Xalq artistlari «kolxoz»i…

Shavkat Mirziyoev qo‘shiqchilar bilan uchrashar ekan, “O‘zbekkontsert” qoshida “O‘zbekiston xalq artistlari” klubini tashkil etishni buyurdi.

Hali bu ko‘rsatmani to‘liq tushunishga ulgurmagan otarchilarga qarata prezident ikkinchi taklifni otdi: “Respublikadagi har bir musiqa va san'at maktabiga, ijodiy markazlarga adabiyot, san'at va madaniyatning taniqli namoyandalarini badiiy rahbar yoki direktor sifatida tayinlasak, ular uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib bersak, nima deysizlar?”

O‘zbekiston xalq artistlari G‘ulomjon Yoqubov, Farrux Zokirov, Ortiq Otajonov, Yulduz Usmonova, Mahmud Namozov, Zulayho Boyxonovalarga san'at kollejlariga direktorlik qilish taklifini aytgan prezident xonanda Ozodbek Nazarbekovga “Yoshlar” davlat telekanali direktorligini hadya qildi.

“Yosh diktorlar maktabi tashkil qilib, unga Afzal Rafiqovni direktor qilib tayinlash kerak!” dedi yana Shavkat Mirziyoev.

Ayniqsa, yozuvchi va shoirlar yangi prezident Shavkat Mirziyoevning doimiy diqqat-e'tiborida.

“Shavkat Mirziyoev Adiblar xiyoboniga tashrif buyurdi”, “Shavkat Mirziyoev Guliston shahrida bir guruh ijodkorlar bilan muloqot qildi”, “Shavkat Mirziyoev: Erkin Vohidov nomidagi yosh ijodkorlar maktabi yaratiladi”, deb yozadi bugun o‘zbek matbuoti.

“Toshkentda va viloyatlarda yozuvchilar uchun uylar qurilsin va imtiyozli ipoteka asosida ularga berilsin!” deydi prezident o‘zining «O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida.

O‘ylab qolaman, prezident farmoni bilan uy-joyli bo‘lgan yozuvchi adolatsiz tergov paytida urib o‘ldirilgan begunoh mahbus haqida asar yarata oladimi bugungi O‘zbekiston sharoitida?

Aravasiga tushsang, qo‘shig‘ini ham aytasan…

Xulosa qilsam… Yozuvchi va ijodkorlarni doimiy diqqat markazida ushlab turish, ularga ortiqcha “g‘amxo‘rlik” qilish hukumatga nima beradi?

Bir kuni amaldorlarning ikkiyuzlamachili, poraxo‘rligi, zo‘ravonligi joniga tekkan xalq adolat istab ko‘chaga chiqqanida, prezidentdan hadyalar olib o‘rgangan ziyolilar, ijodkorlar qatlami hukumatning himoyasiga otlanadi.

Davlatdan unvon olgan qo‘shiqchilar prezidentni ulug‘lab ashula aytishadi.

Prezident ta'sis etgan “Oltin qalam” mukofotini olgan jurnalistlar “xukumatning g‘amxo‘rligini bilmagan nonko‘rlar” haqida maqolalar bitishadi.

Shoirlaru yozuvchilar haqida esa gapirmasak ham bo‘lar…

Qani, endi ayting-chi, prezidentning bir imosi bilan film yaratish uchun katta mablag‘ undirgan kinorejissyor prezidentning qarindoshlari aralashgan korruptsiya haqida film yarata oladimi?

Prezidentning “cheksiz marhamati” tufayli sahnaga qaytarilgan qo‘shiqchi, majburiy mehnat tufayli o‘lib ketayotgan, majruh bo‘layotgan o‘qituvchilar, talabalar haqida qo‘shiq kuylay oladimi?

Yo‘q! Hech qachon! Nimaga dersiz? Chunki “egan og‘iz uyalar”….

Ulug‘bek Ashur
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
5 iyul 2019
“Yoshim yetmishdan oshdi. 50 yildan ortiq haydovchilik tajribam bor. Lekin peshonada bor ekan, nevaram tengilar bilan yana haydovchilikka o‘qiyapman”. ...
2 aprel 2023
1918 yilning 2 aprelida Turkistondagi qozoq milliy ozodlik harakati bo‘lgan «Alash o‘rda» partiyasi yetakchilari o‘sha davrda SSSR rahbarlari bo‘lgan ...
12 iyul 2018
Rassom Kirpi Eltuz.com
6 yanvar 2017
Farg‘ona viloyati bosh nashri “Farg‘ona haqiqati” soliq, oqava suv va elektr energiyasidan qarzdorlar ro‘yxati va mavzuga oid maqolalarni e'lon ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...