Catira
10 may 2018

Toshkentda qullikni sog‘inganlar bayrami o‘tdi

Bu yilgi 9 may O‘zbekistonda ko‘p yillardan buyon sobiq sho‘rolar ramzlariga, bugungi Rossiyada urfga kirgan timsollarga eng boy tarzda o‘tdi. Har holda Toshkentda kuzatganlarimiz shundan dalolat berdi.

Mamlakatdagi eng nufuzli davra – prezident ishtirokidagi tadbir ham bunday timsollar bilan to‘lib-toshdi.

Tadbirga tashrif buyurgan mehmonlarga xizmat qiladiganlar urush davri kiyimida hozir bo‘ldi. Kontsertda ham shundaysimon chiqishlar sahnalarni to‘ldirdi.

Shunga monand tarzda rus tilli maktablarda o‘quvchilar sovet askari pilotkalarini boshiga qo‘ndirgan holda urush veteranlarini qutlaganiga guvoh bo‘ldik. Ular mohiyatini tushunmasa-da, georgey tasmasi taqib olganicha mag‘rur yurdilar.

Yo‘llarda esa georgey tasmasi va uning O‘zbekiston bayrog‘isimon qilib yasalgan nusxasi egizaklar kabi kimlarningdir ko‘ksini bezab turgandi.

Toshkent ko‘chalarida bir guruh mototsiklchilar SSSR bayrog‘ini hilpiratgancha, signallarini tinimsiz bibillatib shahar kezdi. Bu motokarvonda O‘zbekistonnikidan SSSRning o‘roq-bolg‘a tasvirli qizil bayrog‘i soni ko‘proq edi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘plab postlarda ham fashizm ustidan buyuk g‘alaba sovet davri sog‘inchi bilan qorishiq bo‘lib ketgani sezildi.

Adolat haqqi, aytish kerakki, faqat O‘zbekiston bayroqlarini hilpiratib o‘tan avtokarvonlar ko‘proq edi.

Sovet davri – O‘zbekiston tarixining bir qismi. Uni esdan chiqarish ajdodlar xotirasi uchun behurmatlik sifatida baholansa ham ajablanmaslik kerak.

Lekin kishini bir jihat o‘ylantiradi. Uzoq yillik chor mustamlakasi, so‘ng sovet tuzumidan qutulgan mamlakatda mustabidning bayrog‘i bemalol hilpirab shahar kezishini qanday tushunish mumkin?

Bu savolga javobni kun bo‘yi o‘yladim. Nihoyat o‘zimcha bir xulosaga keldim. Biz bugun mustaqillik va g‘alabani bir-biriga qorishtirib yuborib, erkinlik qadrini genlarimizga singdira olmabmiz.

Sovet davridagi qulligimiz singib ketgan ongosti tuyg‘ularimiz hali yangilanmabdi. Qolaversa, Rossiyaning keng ko‘lamdagi targ‘ibotlari o‘z ishini qilmoqda.

Xo‘sh, o‘zbeklar fashizm ustidan qozonilgan g‘alabani bayram qilishi kerakmi? Menimcha, ha.

Chunki bu g‘alaba uchun dunyoning ko‘plab xalqlari qatori o‘zbeklar ham jon olib, jon bergan. Yuz minglab millatdoshlarimiz janggohlardan qaytmagan.

O‘shalar haqqi-hurmati, g‘alabani faqat o‘ziniki qilib olishga urinayotganlarning sa'y-harakatlariga javob o‘laroq, bayram qilishga bizning ham haqimiz borligini ko‘rsatish kerak.

Kiyim-kechak, oziq-ovqat, qurol-yarog‘ bilan ta'minlaganimizni, yuz minglab bola-chaqasi, xotin-xalajini beminnat panohimizga olganimizni ularga eslatib turishimiz uchun ham shunday qilishimiz lozim.

Lekin bu bayram qullikni sog‘ingan, mustabidlarni ulug‘laydiganlar emas, balki g‘olibligini xotirasidan chiqarmaydiganlar, o‘z erkinligining qadriga yetadiganlar tantanasi bo‘lmog‘i shart!

Bahodir Sharif
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
25 yanvar 2021
AQSh prezidenti Donald Tramp lavozimidan ketishidan avval O‘zbekistondagi Qarshi shahri yaqinida joylashgan Xonobod harbiy bazasida xizmat qilgan harbiylarga to‘liq ...
24 iyul 2024
Bu uch jumla to‘laligicha Singapurda ro‘yxatga olingan Indorama Corporation guruhining O‘zbekistondagi mahalliy sho‘'basi hisoblangan “Indorama Agro” MChJ ishchilariga tegishli. ...
24 oktyabr 2016
O‘zbekistondagi siyosiy partiyalar 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan prezident sayloviga o‘z nomzodlarini ko‘rsatib bo‘ldi. Eng so‘nggida muvaqqat prezident va ...
18 noyabr 2023
Eltuz portaliga yog‘ilayotgan shikoyat maktublari dastasini ochishda davom etamiz. Bugun e'tiboringizga taqdim etiladigan xatlar O‘zbekistonning Qashqadaryo, Farg‘ona, Samarqand va ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...