Asosiy mavzular
16 iyul 2018

Darz ketgan kadrlar siyosati

Prezident Shavkat Mirziyoevning o‘z o‘tmishdoshi Islom Karimov davrida ishdan urilgan rahbarlarni qayta lavozimlarga tayinlash siyosatiga darz ketdi.

Bu siyosatning ildizi chirigani Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘raevning poraxo‘rlikda ayblanib qo‘lga olinishi ortidan yaqqol ko‘rinib qoldi.

T.Jo‘raev endigina hokimiyatga kelgan Sh.Mirziyoev tomonidan yuksak mansablarga qaytarilgan ko‘p sonli amaldorlarning biri edi.

2004-2008 yillarda xalq ta'limi vaziri bo‘lib ishlagan T.Jo‘raev tizimni yanada botqoqqa botirishga jonbozlik ko‘rsatgandan keyin Surxondaryoga hokim qilib jo‘natilgandi. Bu yerdan Qashqadaryo rahbarligiga o‘tkazilganidan so‘ng esa surxondaryoliklar bunday hokimdan qutulganiga shukur qilib, qo‘ylar so‘ygani haqida gap-so‘zlar chiqqandi.

T.Jo‘raevning Qashqadaryodagi sarguzashtlari ham bir tekis kechgani yo‘q.

So‘kong‘ichligi va zo‘ravonligi sabab bu yerda ham xalqning g‘azabiga duchor bo‘lgan edi. Korruptsionerligi sabab Islom Karimov uni sharmanda qilib ishdan haydagandi.

Qamalmaganiga shukur qilib, yiqqan-tiqqanini maydalab yeb yotgan joyida boshi uzra yana oftob chiqdi. Sh.Mirziyoev uni avval Bekobodga, so‘ng esa Samarqand viloyatiga hokim qilib tayinladi.

Bugun esa biz uning inqirozi timsolida prezidentning kadrlar siyosati, yumshoqroq qilib aytganda, o‘zini umuman oqlamayotganiga guvoh bo‘lyapmiz.

Bukrini go‘r tuzatadi, deydi dono xalqimiz. O‘rgangan ko‘nglining o‘rtanishiga bo‘yin egayotgan bu kabi kadrlar bugungi boshqaruv tizimining o‘zagini tashkil etadi.

Bir guruh korruptsionerlar ishdan bo‘shatilib, o‘rnini bir vaqtlar ular bilan “raqobat”ga dosh bera olmagan boshqa bir guruh korruptsionerlarga bo‘shatib berdi.

Shuning uchun o‘zbekistonlik taniqli jurnalist Sharof Ubaydullaev Bi-Bi-Siga bergan intervyusida “Mirziyoev kadrlar siyosatining poydevori qiyshiq”, deganida ming bora haqdir.

Biz korruptsiyaga qarshi kurashish haqida qanchalik og‘iz ko‘pirtirmaylik, bu “kurash” tepasida korruptsionerlarning o‘zi turar ekan, hech qanday ijobiy natijaga erisha olmasligimiz kundek ravshan.

To‘g‘ri, oxirgi paytlarda Shavkat Mirziyoev boshqaruv kadrlarini tanlashda ancha qiyinchiliklarga duch kelayotgani, bunday kadrlarni tanlash qiyin kechayotganini bir necha marta ta'kidladi.

Shu bilan birga, eski kadrlarga ko‘p-da ishonmasligiga ishora qilgan holda 2-3 yil ichida yangi kadrlar paydo bo‘lishi va yuqori lavozimlarga olib kelinishini bildirdi.

Prezident bu borada otni tezroq qamchilashi talab qilinadigan ko‘rinadi.

Aks holda hozir hokimiyat tepasiga qayta olib kelgan kadrlari prezidentning bugun ko‘pchilikda ancha iliq taassurot qoldirayotgan siyosatiga soya solishlari hech gap emas.

Zero, Turob Jo‘raev voqeasi eski korruptsionerlarga ishonch bildirishning oqibatlari yaxshilik bilan tugamasligiga, “qiyshiq
poydevor” bilan tiklangan uy bir kun kelib bosib qolishiga yaqqol dalildir.

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
1 noyabr 2022
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih bilan suhbatning 11-qismi Turk birligi g‘oyasi va turk dunyosi imkoniyatlari haqida. ...
12 aprel 2022
Kollumnist Komil Jalilov 12 aprel kuni o‘zbek va rus tillarida gazeta.uz nashrida chop etilgan maqolasida o‘quvchilari e'tiborini bugungi o‘zbek ...
13 oktyabr 2017
9 oktyabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Tanzila Norboeva, (foto: chapdagi rasm) nuz.uz nashri orqali bergan bayonotida tibbiyot xodimlarini ...
25 yanvar 2021
AQSh prezidenti Donald Tramp lavozimidan ketishidan avval O‘zbekistondagi Qarshi shahri yaqinida joylashgan Xonobod harbiy bazasida xizmat qilgan harbiylarga to‘liq ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...