«Yutub»ni yer yutdi, «feysbuk»ka qoziq qoqildi
O‘zbekistonda ba'zan «yutub», ba'zan «feysbuk» kanallari uzilishidan shikoyatlar ortmoqda.
15 noyabr kuni «Eltuz» nashri Downdetector sayti orqali «yutub» kanalidagi uzilishlar epitsentri Toshkent, Andijon, Nukus shaharlariga to‘g‘ri kelganini, «feysbuk» esa ko‘proq Toshkentda to‘silayotganini kuzatdi.
O‘zA muxbiri Inobat Ahatova 13 noyabr kuni «Youtubeni yer yutdimi?» degan maqolasida “O‘zbektelekom” vakili Bobur Abdullaevdan iqtibos keltirib, Youtubening ishlamasligiga kompaniya aybdor emasligini bildirgan edi.
Bundan ilgari O‘zbekistondagi internet monopolisti bo‘lgan “O‘zbektelekom” rahbarlari «feysbuk»dagi qusurni ham shu tariqa o‘zlaridan soqit qilishgan edi.
Qizig‘i, «Youtubeni yer yutdimi?» sarlavhasi ostidagi maqolaning o‘zi ham 15 noyabrga kelib «er yutgan» kabi rasmiy sayt sahifasidan g‘oyib bo‘ldi.
Shu yilning mayida esa O‘zbekistonda ommaviy sanalgan «Telegram» messenjeri uzoq vaqt ishlamay qolgach, yuzerlar ko‘plab ma'lumotlarini yo‘qotishgan edi.
Rassom Tuz
Eltuz.com