Ko‘zqarash
26 yanvar 2019

Yaxshilik qilish haqida

Yaxshilik va umuman odamlarga yaxshilik qilish haqida yozgim keldi negadir. Qamoqqa tushgan xorazmlik jurnalist Davlat aka faqat hammaga yaxshilik qilar edi. Bugun unga tuhmat qilib ustidan yozib berganlar ham Davlat akadan yaxshilik ko‘rgan. «Aroq ichdi», deb unga tuhmat qilishgacha borishgan. Obro‘sizlantirish uchun. Holbuki, u qamalishidan bir kun oldin ham masjid ochish masalasida diniy idora bilan jang olib borayotgan edi…

Men bir marta begona oilaga o‘zim bilmasdan, rejalamasdan yaxshilik qilib qo‘yganman. Haligacha rahmat eshitaman. Bir kuni Rossiyadagi (Piterda) katta savdo markazida yurgan edim. Yumshoq o‘yinchoqlarni chimdib olib qarmoqqa tushiradigan o‘yin avtomatini ko‘rib qoldim. O‘zim bir muddat kranchi bo‘lib ishlaganman. Printsip bir xil. Xullas, shisha idish ichidagi ikkita yumshoq o‘yinchoq. Bir dona ayiq va filni temir hovuchga siqib ushlab oldim. Yutuqni qo‘ltig‘imga tiqib chiqib ketayotsam, o‘rindiqda bir ayol bolasi bilan o‘tirgan ekan. O‘ris ayol.

Nima qilaman yumshoq o‘yinchoqni deb, anavi bolaning oldiga borib: «Ma, ol, mendan senga sovg‘a», dedim. Bola o‘yinchoqni olib «rahmat, amaki», dedi. Onasi dod deb yig‘lab yuborsa bo‘ladimi. Gap shundaki, uch oy oldin bola maktabdan avtobusda kelayotganda avariyaga uchragan. Bolaga hech narsa qilmagan ham shok bo‘lib gapirmayotgan ekan. O‘sha bola birdan gapirvordi.

Onasi rahmat deb mening telefonimni olib qoldi. Bolaning tug‘ilgan kunida chaqiraman seni mehmonga, deb. Men ham berdim telefonimni va unutib yubordim. Bu orada Piterdan Moskvaga ko‘chdim. Moskvadan Ryazanga. Bir kuni telefon bo‘lyapti. «Bugun Igorning tug‘ilgan kuni, u o‘zbek amakisini tort bilan mehmon qilmoqchi», deydi. Igor kimu nega meni tort bilan siylamoqchi.

Hech tushunmadim. Rahmat men, Ryazandaman, bora olmayman, deb xayrlashdim. Bir payt yana telefonim jiringladi. Endi erkak odam «Qaerdasan?» deb manzil so‘radi. Ryazanlik biznesmen bola ekan, «Porshe» moshinada kelganidan bildimki, o‘ziga to‘q odam. Gapning qisqasi, u meni Ryazandan olib, uch soat yo‘l bosib, Moskvadagi Leningrad vokzaliga olib bordi. «Krasnaya strela»ning SV kupesiga bilet olib berdi. Ketdim Piterga. Bir parcha tort yeyishga…

Bolaning otasi va onasi meni xoloskor kabi qarshi oldi. Chunki doktorlar bola umrbod gung bo‘lib qolishi mumkin, deyishgan ekan. Men ham o‘zim bilmay bir oilaga yaxshilik qilganimdan sevindim. Bolaning otasi Piterdagi fin shirkatida top menejer. Onasi esa Neva tumani ma'muriyatida bo‘lim mudiriga o‘xshagan ishda ishlaydi.

Shu voqeaga ham ikki yilcha bo‘ldi.. Nima demoqchi edim. Yaxshilik qilaylik, azizlar. Hech bo‘lmasa, bilmasdan, reja qilmasdan. Yaxshilik chegara, millat, irq tanlamaydi.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
9 noyabr 2015
Qarshi shahar militsiyasi boshlig‘i muovini Akmal Qultoev va IIB jinoyat qidiruv bo‘limining o‘ndan ziyod xodimi, tergov paytida gumonlanuvchiga jinoyatni ...
1 iyul 2020
Yomg‘irdan qutulib, do‘lga tutilishmi? O‘zbekiston paxta sektorini xususiylashtirish jarayonidagi xatarlar Power Briefs turkumining O‘zbekistondagi paxta sektorini xususiylashtirish jarayonida asosiy ...
19 iyun 2017
Prezident Mirziyoev 13 iyun kungi yig‘ilishida sudyalarning poraxo‘rligini keskin tanqid qildi. «Do‘kon emasku bu, bir soatda yuz dollar, ikki ...
24 may 2017
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri qarori bilan 24 may kuni Azamat Haydarov «O‘zbekkontsert» davlat muassasasi direktori lavozimiga vaqtinchalik yangi rahbar ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...