• Foto: ca-irnews.com
Asosiy mavzular
14 avgust 2019

Azizov Pokistonda nima qildi?

O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizovning Pokistonga tashrifi va “Tolibon” harakati vakillarining Toshkentga safari orasida o‘zaro bog‘liqlik bor. 

Mustaqil tahlilchi O‘rozboy Abdullaev “Eltuz” bilan suhbatda shunday fikr bildirdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, DXX raisining o‘tgan oy oxirida Pokistonga borishi voqeasi deyarli barcha OAVDa tahlilsiz, shunchaki yuzaki yoritildi. Holbuki, bu tashrif ortida juda ko‘p “hikmatlar” bor. 

“Bu tashrifdan ko‘p o‘tmay, Afg‘onistonning rasmiy hukumati bilan kelishilmagan holda toliblar yetakchilarining O‘zbekistonga safari amalga oshirilishi, ular juda izzat bilan kutib olingani shunday “hikmat”lardan biridir. Chunki Pokiston “Tolibon”ning homiysi ekanini unutmasligimiz kerak”, dedi O‘.Abdullaev.

“Tolibon” harakati aynan Pokistonda tashkil etilgan, keyinchalik Afg‘onistonda qanot yozib, hatto bir muddat mamlakatda hukmronlik qilishga ham ulgurgan. Harakat yetakchilari Pokiston madrasalarida ta'lim olgan va ular rasmiy Islomobod bilan kelishgan holda faoliyat yuritishi aytib kelinadi. 

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston afg‘onlararo muzokaralarda faol rol o‘ynash harakatida. Marhum prezident Islom Karimov davridagi shunday urinishlar muvaffaqiyatsiz yakunlangan edi. 

Yangi davlat rahbari Shavkat Mirziyoev o‘tmishdoshining bu muvaffaqiyatsizligiga e'tibor qaratmay, shu yo‘nalishda yangi qadamlar qo‘ymoqda. Uning bu sa'y-harakatlari Rossiyaning “Tolibon” bilan aloqalari yaxshilanishi fonida kechmoqda. 

Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, DXX raisining Pokistonga tashrifi ortidan toliblarning Toshkentga halloslab yetib kelishida, egniga zarbof to‘n yopilishida mantiq ko‘rinadi. 

Ammo “Tolibon” rahbariyatining rasmiy Kobul bilan kelishilmagan holda Toshkentga taklif etilishi O‘zbekiston rahbariyati tashqi siyosat masalasida hali xom ekanini namoyish etadi. Chunki Afg‘onistonda tinchlikka erishish mazkur mamlakat rahbariyati ishtirokisiz mumkin emas. 

Yuqorida aytilganidek, Abdusalom Azizovning Pokistonga tashrifidan qanday maqsad ko‘zlangani masalasi OAVda ochiq qoldirildi.

“Aslida bu tashrifning O‘zbekiston uchun ahamiyati katta. Avvalo, Pokiston vositachiligida “Tolibon” rahbariyatini Toshkentda tinchlik muzokaralari o‘tkazishga ko‘ndirishda olg‘a qadam tashlandi. Endi kech bo‘lsa-da, bu muzokaralarda rasmiy Kobulning ishtirokini ta'minlashga kelishiladi”, deydi tahlilchi O‘rozboy Abdullaev “Eltuz” bilan suhbatda. 

Uning ta'kidlashicha, Suriyadan o‘zbek jangarilarining oilalari qaytarilishi ortidan Pokistondan qo‘nim topgan o‘zbekistonlik oilalarni qaytarish masalasini muhokama qilish ham muhokama qilingan bo‘lishi mumkin. Chunki bu mamlakatda O‘zbekiston islomiy harakati jangarilarining oilalari juda ko‘p va ularning vatanga qaytarilishi mamlakat imijiga va O‘IHga qarshi kurashga ijobiy ta'sir etadi. 

Yana bir masala, tahlilchining so‘zlariga ko‘ra, O‘IH haqida qo‘shimcha razvedka ma'lumotlari almashishdir. Zero, so‘nggi vaqtlarda O‘IH jangarilari IShID bilan birgalikda harakat qilmoqda. Bu esa O‘zbekiston xavfsizligiga tahdidni kuchaytiradi. 

Bundan tashqari, Suriyada IShID saflarida jang qilgan o‘zbek jangarilari Pokiston orqali Afg‘onistonga o‘tmoqda. 

“O‘zbekiston Pokiston yordamida bu ko‘chishning oldini olishga harakat qilishi tabiiy. Chunki so‘nggi vaqtlarda kuchsizlanib qolgan O‘IH yangi jangarilar hisobiga kuchayishi turgan gap. Bunga hozirdan qarshi turish O‘zbekiston uchun foydadan xoli bo‘lmadi”, deydi O‘rozboy Abdullaev “Eltuz” bilan suhbatda. 

“Eltuz”ning O‘zbekistondagi hamkori
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
1 aprel 2022
«NATO degan ajdar, tilidan oqar zaxar» Toshkentdagi 150 son maktab o‘quvchilariga NATOning yovuz tashkilot ekani haqida «darsda uqtirilgan» Xalq ...
14 may 2018
Mirziyoevning 15-17 may kunlari AQShga safari oldidan «Amerika ovozi» muxbiri Navbahor Imomova rasman O‘zbekistonda jurnalistik faoliyat yuritishga akkreditatsiya oldi. ...
1 dekabr 2016
«Milliy tiklanish» gazetasi (30.11) shu nomdagi partiyadan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod etib ko‘rsatilgan Sarvar Otamurodovning saylovoldi uchrashuvlari yakuniga bag‘ishlangan kattagina ...
15 yanvar 2016
Eltuz elektron pochtasiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, bosh vazir Shavkat Mirziyoevning erkatoy kuyovlari Oybek va Otabeklar puli ko‘pligidan kerilishmoqda. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...