Ko‘zqarash
4 mart 2020

Asanov formati: Paxta gulli piyola

Milliylik bilan assotsiatsiya uyg‘otadigan yana bir atribut — paxta guli tushirilgan choynak-piyola. Bu choynak-piyola dizayni o‘tgan asrning 60-yillarida ishlab chiqilgan.

60-yillarda musulmon davlatlarida o‘ziga xos uyg‘onish boshlangan. Diniy va milliy o‘zlikni aniqlash, qadriyatlarni tiklash harakati avj olgan. Bu harakat O‘rta Osiyo respublikalariga ham yoyilishidan cho‘chigan sovet rahbariyati “musulmonchilik” va “milliylik”ning “o‘ziga xos va o‘ziga mos” yo‘lini ishlab chiqishga bel bog‘lagan. Bu ishlanmalar natijasi o‘laroq? Samarqandda mana shu choynak-piyola dizayni ishlab chiqilgan: u ham musulmon madaniyati naqshlarini eslatar, ham O‘zbekistonning milliy boyligi hisoblanmish paxtani aks ettirar edi.

Muqanna, Manguberdi, Temur Malik va boshqalar

SSSRgacha bo‘lgan an'anaviy musulmon tarixchiligida o‘tmish islomiy qadriyatlari prizmasi orqali tushunilgan. Bu matnlarni o‘qisangiz, “buyuk bobolar”, “milliy ozodlik harakati”, “milliy qadriyatlar” kabi tushunchalarni uchratmaysiz. O‘tmish tarixchilari musulmon olamiga bir butun deb qaragan va arab, turk, fors, mo‘g‘ul — barini yagona madaniy muhitda ko‘rgan. Millatlarga bo‘linish, o‘tmish xalqlarini “buyuk ajdodlar” deyish bo‘lmagan. Ajdodlik konkret odam uchun konkret shajara asosida aniqlangan.

1920-yillarida O‘zbekiston SSR tashkil topgach, aynan shu geografik hududga oid tarixiy faktlar olinib, shu asosda “milliy tarix” ishlab chiqilgan. Boshqa omillar, deylik, o‘zbeklar O‘zbekistondan tashqarida yashashi yoki ayrim ajdod qabilalar boshqa geografik mintaqadan kelgani e'tiborga olinmagan.

40-yillarda yana jiddiy o‘zgarishlar bo‘lgan. Ikkinchi jahon urushi boshlangan edi. Xalqni g‘alabaga ilhomlantirish uchun o‘tmishdan qahramonlar qidirilgan. Tarixiy raqiblardan Chingizxon tanlangan: u ham Gitler singari beshafqat va qudratli edi. Chingizxon bosqini va unga qarshi kurashgan qahramonlar haqidagi kitoblar aynan shu davrda yozilgani bejiz emas: Vasiliy Yanning “Chingizxon” (1939), “Botu” (1942) romanlari, Maqsud Shayxzodaning “Jaloliddin Manguberdi” dramasi (1944), Mirkarim Osimning “O‘tror” qissasi (1941), Sadriddin Ayniyning “Qahramoni xalqi tojik Temur Malik” kitobi (1944). Boshqa sanalarga e'tibor qaratsangiz, o‘tmishdagi “milliy ozodlik kurashi” haqidagi asarlar bevosita Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘lanib yozilganini ko‘rasiz. Deylik, Hamid Olimjonning “Muqanna” dramasi. O‘tmish qahramonlari shu tariqa qo‘lyozmalardan olib chiqilib, bugungi kun odamlarining onglariga singdirildi. Buning aslida yomon jihati yo‘q — ajdodlarni eslash xayrli ish. Lekin bunga zamona kontekstida qaraydigan bo‘lsak, bu qahramonlarning shaxsiyatiga ham “qalam tekkan”ini aytish joiz. Zamona zayli bilan uzoq o‘tmishda o‘tib ketgan, boylik talashgan odamlar “ulug‘ vatanparvar”, chinakam fidoyilar “xalq dushmani” bo‘lib ketdi. Bunday “tahrir” tarixga bo‘lgan munosabatimizga, uni qanday tushunishimizga ta'sir ko‘rsatadi, demakki, o‘tmishga xolis baho berishga to‘sqinlik qiladi.

Har kuni sevib ichadigan ichimligimiz — choy O‘rta Osiyoga XVII asrda kirib kelgan. Navoiy, Temur, Ulug‘bek choy ichishmagan. Ya'ni u bizga XVII–XVIII asr madaniy plastidan meros. Bundan qadimiyroq va yangiroq taomlar bugungi dasturxonimizni bezab turadi — ming yildan beri pishiriladigan non, bir necha asr oldin paydo bo‘lgan taomlar sovet davri oshxonasi bilan qorishib ketadi. Aqlimizda ham plastlar bor — uzoq o‘tmishdan qolgan madaniy ko‘nikmalar (masalan, “assalomu alaykum” deb so‘rashish) SSSR (ko‘p qavatli uylarda yashash, “evropacha” kiyinish) va mustaqillik madaniyati (to‘ylarda love story qo‘yish) bilan qorishib, bugungi madaniy qiyofamizni hosil qiladi. Vaqti kelib bu ko‘nikmalarning ayrimlari ildizidan uzilib, “azaliy” odat sifatida qabul qilina boshlansa, ajablanmayman. “Qadriyatlar urushi” kelib chiqmasligi uchun tarixiy plastlarni ajratib olish, yaxshi farqlash lozim.

Bugunimiz esa, aslida, tarix bo‘laklaridan iborat. Bugunimiz tarixga o‘ylaganimizdan ko‘ra yaqinroq, bog‘liqroq: har kuni o‘tmish bo‘laklari bo‘lmish binolarda o‘tirib, o‘tmish bo‘laklari bo‘lmish fikrlarni aqlimizdan o‘tkazamiz. Bugun o‘tmishdan shakllanadi.

Eldar Asanov,
Telegramdagi «Asanov formati» blogeri

Tag‘in o‘qing
13 sentyabr 2016
Ertalabdan machit ostonasidan bolalarni haydash boshlandi. Imom ham sobiq prezidentni avliyo darajasiga olib chiqib qo‘ydi. Televizor, radio va gazetalar ...
15 dekabr 2015
Bugun Ostersund tuman sudi Obid Nazarovga suiqasdda ayblangan toshkentlik yollanma qotil Yuriy Jukovskiyni 18 yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida ...
19 aprel 2024
Bugun yutub kanalida  ko‘radiganingiz,  va'z sarlavhasini «O‘zbek maktabi  bolalikning dushmani» deb qo‘ydim.  Mana bir o‘qituvchi  birinchi sinf bolalarini qo‘liga nina ...
21 iyun 2020
Bugun O‘zbekistonda haqiqiy ma'noda mustaqillik kuni sifatida nishonlanishi kerak. Chunki bundan 30 yil burun, 1990 yil 20 iyun kuni ...
Bloglar
28 may 2024
Men millatchi emasman! Lekin qaytadan ta'mirlatilgan va Toshkent shahrining sobiq hokimi J. Ortiqxo‘jaev tomonidan Pasxaga ...
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...