Ko‘zqarash
18 mart 2020

“Ergash, huuu…”

(Hikoyamas, bo‘lgani…)

Ergash o‘lipti…
O‘zbekistonda hamma koronavirus vahmasi-yu, bozor davrasi tashvishida… Go‘yoki och qolib ketgudek. Men esa bahorning iliq tunlarida kelgan mash'um xabar to‘lqinida cho‘kib ketayotgandek bo‘laman.
Oldin shirin eslangan, yillar changida belangan eski xotiralar endi ma'yus…
O‘tgan asrning (qarang-a, o‘tgan asr deydigan ham bo‘lib qoldik, klassiklarmidikki? ) yetmishinchi yillari oxiri, saksonchi yillar boshi…
Vuzgorodokda ijodkor talabalarga ma'lum va mashhur 2-yotoqxonaning ikkinchi qavatida timqora qosh, timqora ko‘z, suluvdanda-suluv, Buxoroning shoira qizi barno yigitga elanadi
– Ergash, nuuu…
Hali student bo‘lmagan biz abuturientlar eshik tirqishidan bir nimalarni ko‘rmoq bo‘lamiz, dillarimiz shirin entikib, Ergashga ham havas, ham… muhabbatga, o‘tkinchi ishqqa baxillik bilan qaraymiz. Keyin… oqshomga yaqin sakson beshinchining to‘rtinchi qavatiga ko‘tarilib, ko‘hna o‘lkaning g‘arib qishloqlaridan Toshkent tomon och chumchuqdek donga uchib kelgan, hali qiz labi ta'mini bilmagan bo‘z yigitlarga – bizlarga ko‘zlari yonib, biroz nopisanddek gapiradi:
-She'rlari zo‘r! O‘zi undan-da zo‘r!
-Ha-a-a…
-Uhhh!
-Eeee… opqochma!
-Uchinchi kursda o‘qirkan, to‘rt yosh katta bo‘lsa… nima qipti? Mopasanning suygani o‘zidan 16 yosh katta bo‘lgan! Ana, Bunin ham studentligida… Yeseninni o‘qiganmisizlar o‘zi?!
Ergash ishqlar daryosini tasvirlab ketadi, quyuq sochlarini g‘alati silab qo‘yadi.
Mopasanni, Bunindan o‘rischa o‘qiganimiz «Alleya lyubvi»sini eslab, tamshangandek bo‘lamiz, «Azizam»da yonamiz… Yeseninga o‘xshagimiz keladi.
Ham havas, ham suluv qizga ichki bir o‘smirlik baxilligi, qizg‘anish va sog‘inchlik ishq to‘lqinida angrayamiz, chunon epkinamizki, adog‘i yo‘q…
Qishloqdagi uyimda rangi uniqayotgan adyolga burkangancha yaqin xotiralarni yodga keltiraman, hali buzilmagan sandal kuli oyog‘imga tegadi, iliq…
O‘tgan qishning sovuqcha kunida Toshkentga kelib, oqshomda har doimgidek Ergashga telefon qildim.
-Qaerdasiz? Hozir yetib boraman, nima olib boray?…
Yarim soat o‘tar-o‘tmas, qo‘lida xalta, turkman elchixonasi oldida paydo bo‘ladi.
-Uyga kirmaymiz, hammasi shetda,- xaltani shaldiratib qo‘yadi Ergash.
-Xop.
Yo‘lak bo‘ylab, talabalik davrimizda «Birinchi muhabbatim»ni shirin xirgoyilab bergan qizning xotirasi hurmatiga har doimgidek «Golubaya kupala»ga qarab yuramiz.
-Obba, Ravshan-ey! Jo‘ra, zap ish qilasiz-da kelib-ketib, a biz… hechki bu qurilish-turmushlardan bunday ortib… – chuqur xo‘rsinadi u. Mehribon, yillar osha soddalik ingan oldingi quv ko‘zlari menga sog‘inchlik qaraydi, Qobilni so‘raydi.
-Telefon qildingizmi, kelmadimi?- atrofga alangladi.
– Band ekan, majlisga chaqirishipti, shofyori aytdi. Ketaverarkanmiz, bo‘shasa, o‘zi telefon qilarkan.
-Kemaydi, telefonam qilmaydi, katta odamning majlisi ko‘p. Endii…Bahorni sog‘indingizmi? Kelyaptimi o‘zi, yomg‘iri yo‘q-ku?-mug‘ombirona tirjayadi. Keyin jiddiy tortib, bugungi tashvishlar, ichki turizm haqida gapiradi.
-Turizmni rivojlantirish kerak, jurnallar olib keldim. Xo‘jand ham Qo‘qonga qarardi, bir yurtning bolalarimiz. Bizga qo‘shiling, hali yana birlashamiz, topishmasak bo‘lmaydi. Ko‘proq kelib turing, ishlaylik. Zap ish qilgansiz lekin Bi-Bi-Siga o‘tib!
-Bi-Bi-Simas, «Amerika ovozi»!
-Farqi nima, hammasi bir go‘r! Xammalaring…- to‘xtab qoladi u.
-Dushmanmizmi?
-Unaqamasda-a, jo‘ra-a. Dushman dedimmi?- sog‘inchga yo‘g‘rilgan va yana bir nima tashvishlarga ko‘milgan ko‘z bilan menga tikiladi:
-Yuring, …ni eslaylik.
O‘sha kunlari «Moviy gumbazlar» ta'mirda edi. Atrofi o‘ralgan joydan har doimgi joyimizni topib, qaysi bir quruvchi qoldirib ketgan kombenzon bilan changlarni tozalagan bo‘lamiz, joyimizni ajratib, xaltani bo‘shatamiz. Menam uyda shosha-pisha tova qizdirib pishirganim, hali sovumagan «To‘xtaniyoz ota» kolbasalarini, pishloq, baliq va to‘g‘ralgan piyozni paketdan chiqaraman.
-Himmm. Piyozni… yaxshi qilibsiz. Sakson beshinchi obshejitning seksiyalarida 15 tiyinlik qatiq bilan a?…- xo‘rsinadi Ergash. Keyin aylana to‘g‘ralgan piyoz parralarini negadir barmoqlari bilan yoyadi, bir nima izlagan bo‘lib, alahsiydi. Menga o‘ylanib qaraydi-da:
-Ravshan, siz mani gaplarimgayam, anuvilargayam xafa bo‘lmang. Amerikani ming yomonlamasin, mag‘zava ag‘darib yanisalar ham, o‘zini panada tutsalaram hammasi ko‘kcha qog‘ozga, o‘sha tepakal bobosiga namoz o‘qiydi, orzusi o‘sha bari muttahamlarning! Qani, oling!-deydi shahd bilan. Keyin qoraygan osmonga, daraxtlarga qararkan, eslaydi:
-Anavi yerdagi daraxt kesilib ketipti, yodingizdami, «…bizlar yongan parcha shu'lamiz, daraxtlarga ism bitamiz»… Sizniki kelmagandi-a? – mug‘ombirlik bilan kulib qaraydi. – Hozir qaerdayikin, nevara qarab yurgandir, katta qilib? Aloqa bormi, Telegram, Imo deganlari? Silani topmaganlaring yo‘q-ku.
-A yooo, bari qop ketti. Hammasi… «Hammasi tugadi, bari o‘tganlar, Umidim qabriga gulxan yoqqanlar»,- Gulchapchap deb nomlaganimiz …dan yod aytdim.
-Haaa… qanday bo‘lib yodingizda qolipti? O‘zingiz yozganni o‘zingiz bilmasdingiz-u,-kuladi u. Keyin eski bugungi ulug‘lardan ulushini eslab, birdan achchig‘i keladi
-Siz to‘g‘ri qilasiz! Bosing, bosing gazni! Qizag‘ar… Amerikadan qaytib kelib, maqtab yotipti-yu! Esingizdami, chirigan imperializmni qanaqa yomonlardi,- mashhur davru davronni tilga olib, yanib qo‘yadi.
– Ha endiii, mayli-da, yurtning yulduzi bo‘lsa u. Ustoz bo‘lsa, aytgani aytganda,-deyman kulib.
– Bitib ketdi qistaloq! …ni o‘ldirib yubordi!- alam bilan el suygan shoirni eslaydi. – Bilarmidingiz? Sizlar bilmagan narsa yo‘q-ku.
-Haaa… qo‘yavering. Ertaga «Kamolon»ga boramizmi?
-Iee?! Sizni ziyoratgohingiz «Chig‘atoy» edi-ku? Nima adashyapsiz? …ni esladingizmi? O‘shaginaning o‘ligiyam Toshkanda qolib ketdi-e! E, sanaqa er topganni! Markazlik bilan markazda nom chiqararmush, tarixda qolarmush. Tsentr kerak ekan, mana, yoyoyoyotipti ko‘karib! Mayli, mayli, xo‘mraymang, oboraman! Boramiz!!!- ko‘kat solib dimlangan baliqni bo‘laklab turib, Buxoroni eslatdi.
-Labi hovuzdagi mo‘ysafidni topdingizmi?
-Yoooo, Sevara… kelsangiz, birga izlaymiz deyapti,- deb kuldim.
– Aaa, umi? Topolmaydi. Siz yaxshisii… Xivaga boring, cholni… Boboni o‘sha yerda o‘ldirishgan.
Qirq yil oldingi angrayishim takrorlandi.
-Nima deyopsiz o‘zi? U chol… bobo qoptimi? Qanaqa o‘ldirish?
-E, Ravshan, «Quyosh hammaga bir nur sochadi» dermidingiz? Ayttim-qo‘ydimda, oling!
-Yooo, Ergash! Yana kimni o‘ldirishdi?
-Heee! «Otasi o‘lmagan kim bor, Onasi o‘lmagan kim bor?» Hammani! Hammamizni o‘ldirishyapti, so‘yishyapti! Yolg‘onmi gapim?! Barimizni yetimcha qilishdi, tirqiratishyapti, borimizni shilishyapti! Siz o‘zi… Nega jimsiz?! Sizlarga mumkin-ku!
Ergash bilan gapimiz qochgandek, u Men bo‘lgandek, Men esa U…
-Muhammadjon akani…
-O‘ldi! Ha, yaxshi odam edi, bo‘shatishib xato qilishdi, Stalinga amal qilib, Stalinni eslashmadi-e! Portlashlardan keyin o‘g‘li qamalib ketgandi. Kasofat!-karton stakanni bo‘shatib, baliqdan gazak qilarkan, Ergash qalin qoshlarini ko‘tarib, «yana kimni eslaysiz», degandek menga tikildi.
-Turkistonni ko‘taraman degan…
-Obbooo! A uyam ketti, qozoqda hozir. Xotinini o‘qlog‘ida yurgandir. Lekin siiz… Xo‘janddan kelib Turkiston deysiz? Ochangizni ko‘rsatishmaydimi?
-«Debate o svobode»chi? Yuriptilarmi?- ustozni esga olaman.
– Beee! Domlani jin urarmidi, qip-qizil kommunist-ku! Bulbullari sayragan!
-Haaa… bir aytishib edi. Mayli-da, sayragani durust, «Bog‘larida gullar chaman» bo‘lsa.
Ergash kuladi.
-Oling! Xotinning dastidan uyda tunamagan shoirlar uchun!-Ergash aroqni negadir sekin icharkan, to‘lqin sochini barmoqlari bilan tarab qo‘ydi. Olamiz.
Eski shaharni, Sog‘bon ko‘chadagi kichkina hovli, Akrom, Ro‘ziboy, Olloyor, O‘lmas aka, Eshqobil akalarni esladik.
-O‘shanda juhudning uyida nima bo‘lgandi? O‘lmas aka nemischa she'r o‘qirmidi anunga?Derezani nega sindirgandilaring o‘zi?-Ergash bir nimalarni eslagandek g‘alati qaradi. Keyin yana saksoninchi yillarda yangi qurilgan to‘qqiz qavatli yotoqxonada Qashqadaryoning bo‘lajak nomdor shoira qizi bilan bo‘lgan xira suhbatni eslaymiz.
– …ustozini er qilganda … aka o‘lmasdi! Bu qiz qishloqda gap bo‘lsa, qirq kun bo‘lardi. Zato … aka bilan yashardi, ana, bugun unaqalar bolalab ketishdi-yu!
-To‘g‘ri!
-… akayam qishloqqa qaytmasdi! O‘lmasdi, o‘lsayam… Toshkentda o‘lardi, keyin ko‘mishardi-da, o‘sha qishloqqa! Nima topdi tappidan boshqa?! O‘zi… Gulchapchapga o‘xshagan erkak qiz qolmadi bu yerda. Manga qarang, qizingiz bormi?
-Bor.
-Bo‘lsaaa… Ochil Tog‘aevning aytganlarini qilasizmi?
– Yo‘q! O‘zining tanlagani bo‘ladi, lekiiin… Xudoning o‘zi domlani yo‘liga solyapti chog‘im.
-Aaaa, ana ko‘rdizmi?! Siz baribir «tog‘aning o‘g‘li»siz. Siz balooo!… «Tepakal»ni bekorga berishmaydi.
O‘zimni maqtalgandek tuyib, o‘ng‘aysizlanaman, Ergashga yov qarayman…
O‘sha davrlarda nomi endi chiqayotgan xipcha, bugun dong‘i ketgan sanamlardan, teleyulduzlardan, yana bir-ikki eski «jindi»lardan, bugungi bevalardan so‘zlanamiz, surpasi yupqaligicha o‘lib ketgan zo‘rlarga karton stakan urishtiramiz.
-Manga qarang, buuu… Amerika yana nimani boshlayapti? Turkistonni odam qiberarmidi?
– Nimani boshlarkan?-o‘zim bilmagan bir nimani anglagim keladi…
Gurungimiz ayni qiziganda bir yigit keldi, bu yerdan surish kerak ekan. Turamiz.
-Ravshan, ketdik, «Navoiy»ga boramiz, shetdagisi yetar. A san bo‘lsang, odobni o‘rgan mishiqi! Kim katta qilgan sani?- Ergash yigitga xezlandi.
-Yuring, hammasi joyida, unga tirkalmang, atrof o‘ralgan, aslida kirishimiz to‘g‘rimasdi,-dedim uni bosib.
-Nimasi to‘g‘rimasdi, nimasi to‘g‘rimasdi? Gulchapchapga nima derdik keyin?
Kulib yubordim, boyagi qorovullik qilgan yigitga qaradim, u ham qiziqsinib turgan ekan.
-Amaki, shoirmisizlar? Qanaqa bomjlar kirdiyikan deb biroz kuzatdim, she'r o‘qiysizlarmiey?
-Biroz shunaqaroq.
-Unaqa bo‘lsaaa… Rauf Parfini tanirmidilaring?…
Yigitga astoydil qiziqib qaradim.
-Bu Rauf akani so‘rayapti-ku, Ergash. O‘zimiznikilardanga o‘xshaydi.
Engashib, paketlarni taxlayotgan do‘stim boshini ko‘tardi.
-Bilsa, o‘qisin-chi. Qani o‘qi, yaramas mishiqi!- u yigitga olayib, juda yanib qaradi.
Vodiyning bolasiga o‘xshaydi. Biroz iymandi, picha o‘ylandi-da, qo‘y ko‘zlarini qisgancha mahzun o‘qiy boshladi, ovozi shirali ekan.
Chiqmasmi quyosh balqib
Boqmasmi qodir xudo!
Alvido, ona xalqim,
Alvido ey, alvido.
O‘zbekmomo avlodi,
O‘zota o‘g‘lonlari,
Rost bo‘ldi yurak dodi,
Qonlarga to‘lg‘onlari.
Dengizi qurib bitdi,
Daryolari oqmasmi,
Nahot bizni yer yutdi,
Qodir xudo boqmasmi?
Turkistonni bo‘ldilar,
Parchalandi bemajol.
Ustimizdan kuldilar
Ul yovuzlar bemalol.
Chiqmasmi quyosh balqib…
Ergash kalovlanib o‘tirdi, turdi, yana o‘tirdi.
-Saaan, manga qara, yaxshi bolaga o‘xshaysan, ich buni!- Ergash aroq quyilgan qog‘oz stakanni yigitga uzatdi.
-Amaki, men ichmayman. Bu – harom!
-Harom?! Gulchapchapning daraxtini kim kesdi?! Nimaga chinorlarimizni yiqitdilaring?! Maydoningni boshimga uramanmi man? Balki, anu chiroyli qizlarning qo‘lidagilar ham haromdir? Halol nima qoldi o‘zi?!-Ergashniki tutdi.
-E, amaki, men kesmadim, yaqinda kelganman Toshkentga,- qorovul yigit hadiksirandi, atrofni nomigagina o‘ragan chodir osha o‘tgan-ketganlarga qaray boshladi.
-Yaqinda kepti, buzilmapti hali bu bola,-Ergash ozg‘in yigitni yelkasidan tutgancha o‘ziga qaratdi.
-Parfini tanigan… ichadi!
Yigit unga tik qarab turdi-da, tuyqus stakanni ko‘tarib, ichib yubordi. Rostdanam o‘rganmagan shekilli, o‘qchidi, ko‘zlari yoshlanib ketdi, o‘zini tutib jilmaydi. O‘ng yuzida qiz bolaga o‘xshab, kulgichi bor ekan.
– San bola-a, manga qara, vodiyga qayt, bu yerda pachog‘ing chiqib ketadi, tandir somsa pishirsang ham kuning o‘tadi. Bu yerda… bu yerda somsangga go‘sht tugul, otquloq ham tegmaydi sanga, tushunyapsanmi?…
Ergash yana bir nimalar demoqchi bo‘ldi, g‘udrandi-yu, yigitchaning yelkasiga qoqib qo‘rkan, chap qo‘li bilan ko‘ksidan itardi.
– Sanga javob, ketaver! Bizam ketamiz, yuring Ravshan, hali Gulini eslashimiz kerak… Yo‘q, to‘xta! Ey, menga qara-chi,-ketayotgan yigitni chaqirarkan, qo‘limdagi paketlarni yulqigandek oldi. Yoniga kelib qolgan yigitchaga tutdi.
-Qani, mana bularni ol! Ol deyapman sanga! Puling bormi?
Javobini kutmasdan, kurtkasidan bir nechta ellik mingtalik pullarni oldi, dovdiragan yigitning shimi cho‘ntaklariga tiqdi.
-Uyingga qayt, mol boq, teplitsa qil, uy sol, xotin ol, bola tug‘dir, o‘g‘il bo‘lsin. Lekin… Otini Ergash qo‘yma! Endi Ergashlardan qo‘rboshi chiqmaydi. Bor endi, ketaver! Ket dedim!!!
Ergash bir zum tin oldi, yo‘laklardan chodir osha cho‘chinqirab qarayotganlarga e'tibor bermagancha, meniyam yoddan chiqarib, katta yo‘lga chiqib ketdi.
Birdaniga oldingi uchrashuvimizda o‘ziga so‘ragan olti tonna tsement yodimga tushdi. Ergash uni so‘ramadi-ku? Qurilish kilayotgandi, nima bo‘ldiyikin?…
Ortidan tikilib qoldim. Nazarimda Ergash yelkasida olti tonna tsementni orqalab ketayotgandek edi…
Ergash o‘lipti…
O‘lmading do‘stim, uzoq xotiralarimizda, jo‘ralik yodimizda bir umr yashaysan Ergash!..
Siz Ergashni tanirmidingiz?… Allaev familiyasi…

Ravshan Shams
Feysbuk sahifasidan

Tag‘in o‘qing
3 yanvar 2020
Animatsiya (multfilm) qilishning qimmatligi bois 3 yanvar kuni Rassom Tuzning “juma va'zi” Eltuz yutub kanalida efirga berilmadi. Bu formatdagi ...
6 sentyabr 2016
Jizzax va Sirdaryo viloyatlari safariga bag‘ishlangan maxsus ko‘rsatuvda Islom Karimov ish topish uchun xorijga chiqib ketganlardan ijirg‘anishini bildirib: “Bunaqalarni ...
20 sentyabr 2017
Sirdaryo viloyatidagi yagona Oliy o‘quv yurti Guliston Davlat Universiteti talaba va o‘qituvchilari 15 sentyabr kuni paxta terimiga jo‘nab ketishdi. ...
22 noyabr 2018
SSSRning qudratli KGB idorasi jinoyatlarini fosh qilgani uchun xalq orasida” Rembo” laqabini olgan va o‘n yilga qamalgan o‘zbek militsiyasi ...
Bloglar
2 iyul 2020
6-sinfda o‘qirdim, Kampuchiyada davlat to‘ntarishi bo‘lib hukumatga Pol Pot rahbarligidagi “Qizil kxmerlar” kelganini, ular butun ...
25 iyun 2020
​​Xalqaro press-klubda matbuot anjumani bo‘lib o‘tibdi, unda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov ...
21 iyun 2020
(bo‘lgan voqea) Tarjimon sifatida Rossiyaning militsiya bo‘limlaridan biriga chaqirishgan edi. Bo‘limda jinoyatchi sifatida gumon qilingan ...