Men qaysi mamlakatdaman. Ko‘chamning nomi nima?
Tarix takror sahnalardir. XVIII-XIX asrda Rossiya zodagon va bashanglari asosan frantsuz tilida gaplashishgan.
Pushkinning tili frantsuzcha chiqqan va besh yoshida rus tilini enasidan o‘rgangan.
Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik” romani personajlari asosan frantsuzcha tillashadi.
Chunki frantsuz tilida yagona tartibu nizom va nazokat bor edi.
U paytda har xil sheva va jargonlardan iborat rus tili yagona tizimga ega emas edi. Masalan, kimdir “xitriy” degan so‘zni «aqlli» degan ijobiy ma'noda tushunsa, kim uchundir bu «shum» degan salbiy ma'noda edi.
Kimgadir “cherstviy” degan so‘z qotib qolgan nonni anglatsa, kim uchundir bu kalima endi yopilgan yumshoq non ta'rifi edi.
Frantsuz tili Rossiyadagi ilk aniq ifoda vositasi bo‘ldi. Frantsuz tili oshiqlari gallomanlar, deya ataldi.
Gogol yozgan “Uylanish” spektakli qahramoni tipik galloman o‘z xotini frantsuz tilini bilishini chandon istaydi.
Sevgi bo‘lgan joyda, albatta, nafrat ham paydo bo‘ladi. Bu yasham qonuni.
Rossiyadagi tili frantsuzchaga kelishmaganlar bu tildan nafratlana boshladi. Ularni gallofoblar, deb atashdi.
Gallofoblar orasida xalq maorifi vaziri Aleksandr Shishkov ham bor edi. U rus tilining moshkichiriga aylanganidan eng ko‘p dodlagan amaldor sifatida tarixda qoldi.
Ammo kiborlar frantsuz tilida gapirishda davom etishdi.
Ular faqat o‘z malayining onasini so‘kkanidagina rus tilidan foydalanishdi.
Aleksandr Pushkinning go‘zal xonimlarga yozgan maktublarining 90 foizi frantsuz tilida edi.
1812 yilda Napoleon Rossiyaga urush boshlagani ortidan gallofoblarning kuni tug‘di.
Oddiy rus mujigi frantsuzcha gapirgan rus zobitining bo‘ynini bolta bilan uzgani haqida Piter gazetalari dahshat bilan yozdi.
Bugun Rossiyada gallomaniya o‘rnini rus shovinizmi va putinizm to‘la egalladi.
Lekin qatiq to‘kilsa, yuqi qoladi. «Afisha», «pressa», «sharm», «kavaler», “shifoner” kabi so‘zlar o‘sha frantsuz qatig‘ining yuqidir.
Bu kalimalar o‘zbekchaga ham o‘tgan.
Darvoqe, o‘zbek tilidagi «vergul» so‘zi ham frantsuzcha. Bu so‘zni usmonli adabiyoti o‘qigan jadidlar tilimizga kiritishgan.
Umrimda birinchi marta Frantsiyaga borganimda men o‘zimni ilk marotaba chet ellik sifatida noqulay his qildim. Men bilgan chala- chulpa ingliz tili va sal yaxshi biladiganim olmoncha yo‘lda yurishim uchun tayanadigan hassa bo‘lmay qolgan edi.
Frantsuzcha gapir, deyishdi menga. Borgan paytimda ba'zi xonadonlarda ichki kommutatsiyali telefon tizimi bor edi.
Ya'ni siz telefon qilsangiz, bir xotin ko‘taradi. U xotinga frantsuz tilida to‘rtta raqam aytish kerak bo‘ldi.
Rassom do‘stim yashagan Parijdagi kvartiraning to‘rtta raqamini she'r kabi yodlab olgandim:
«Du du katrin turuva».
O‘sha davrda qulog‘imga singgan qo‘shiqni hushtak chalib xirgoyi qilaman.
Man nima qildim? Nimani gapirdim? Qaysi mamlakatdaman? Boshimga qo‘ngan qor rangi qanday? Odam qarib-churish uchun tug‘iladimi? O, mening yo‘qolgan bolaligim. Ko‘chamning nomi ne atalgandi?
Qu’ai-je fait? Qu’ai-je dit?
Qui suis-je en ce pays?
Quelle neige est déjà tombée dans mes cheveux?
Les hommes ne sont-ils nés que pour devenir vieux?
O mon enfance disparue
Quel était le nom de ma rue?
Rassom TUZ