Ko‘zqarash
20 oktyabr 2020

O‘zbek amaldori o‘g‘irlashni biladi – Xalq esa chidashni

Bundan o‘n yil ilgari poytaxdagi o‘rtacha ikkita amaldor tushlikka bir millionga yaqin pul sarflashini eshitib hayron qolgandim.
Ular shuncha pulni qaerdan olarkan, deb o‘ylagandim.

Qaerdan olardi?

Davlat tomonidan tashkilotiga ajratilgan byudjet pulini shunaqib isrof qiladi.

Lev Tolstoy davlat xizmatchilari haqida gapirib, ularning butun talanti, faoliyati davlat xazinasidan ko‘proq pul o‘marishdan iborat, kallasida boshqa o‘y yo‘q, degandi.

Tashmachi, o‘g‘ri boshliq katta-katta pullarni o‘zlashtirib, oxirida muxbirlarga vatanparvarlik haqida intervyu beradi. Tamom. Shu taxlit o‘g‘irlagan pullarini «yuvib» oladi.

Tovuq tuxum tug‘sa qaqag‘laydi, boshliq tuxum o‘g‘irlaganda – byudjet pullarini o‘zlashtirganda qaqag‘laydi, ya'ni o‘zgacha pafos bilan vatanparvarlik haqida sayrashni boshlaydi.

Mashhur o‘ris yozuvchisi aytganmidi, amaldor pul o‘zlashtirgan kuni vatanparvarlik haqida ko‘p gapiradi, deb.

Bu yoqda xalq qiynalmoqda. Xalq ana endi moddiy ko‘makka muhtoj.
Chunki virus ko‘pchilik orasiga tarqalib bo‘ldi: tibbiy tekshiruvlar va dori-darmon qimmat, kamiga oziq-ovqat narxlariyam oshdi; oilalarga xorijdan keladigan pul oqimi ham kamaydi, shuningdek, xorijga ishga boradiganlar ham hozirgi kunda hech qayoqqa borolmaydi; ko‘rpaning qatidagi oz-moz jamg‘arma ham kamaydi yoki tugadi, kamiga qish yaqin, o‘tin-cho‘p tashvishini qilish kerak.

Avvalo, qish ichi qiynalib qoladiganlarga oldindan sabr tilayman, umidsiz bo‘lmang, Alloh o‘z bandasini zulmatga tashlab qo‘ymaydi.
Karantinning dastlabki davrlarida yangi tashkil etilgan jamg‘armalar, saxovatli insonlar qo‘ldan kelgancha aholining muhtoj qatlamiga yordam berdi.

Alloh insonlar bir-biriga yordam bersin, qiyin vaziyatda, musibat onlarida o‘zaro tirgak bo‘lsin uchun odam sonini ko‘p yaratgan.
Bizlar esa yaratganning hikmatini tushunmay, odam ko‘paysa janjal ko‘payadi, deymiz.

Gap shuki, karantinning dastlabki oylaridan ko‘ra hozirgi davrda aholining muayyan qatlamining muhtojligi ko‘proq.

Savob olaman degan inson muhtoj, kamxarj holatda qish sinovi bilan yuzlashayotgan, betob bo‘lib nochor ahvolda qolgan kishilarga yordam qo‘lini cho‘zsa, ayni muddaodir.

Gaz yetib bormagan ko‘plab qishloqlarda ko‘mir va o‘tin olishga yetarli puli yo‘q necha-necha oilarni bilaman.

Ayniqsa, uyida erkagi yo‘q ayollarning mashaqqati ziyodir.
Qishda pechkasiga molning nushxutini yoqadigan oilalarni bilaman.

Oshinlarimdan so‘ragandim:- Qishloqlaringda gaz yo‘q, ko‘mir qimmat, sovuq kunlari pechkaga nima yoqasizlar?

– Sovuq kunlari yarim kechasi uch-to‘rttamiz eshak aravada to‘qayga o‘tin o‘g‘irlagani boramiz,- degandi ular.

Men o‘zimcha yarim kechasi, qahraton sovuqda, eski-tuskilarni kiyib, qo‘liga bolta olib eshak aravada to‘qayga o‘tin izlab ketayotgan ayollarni tasuvvur qilib qoyil qolgandim.

Bechora ayollar oilam deb munchalar o‘zini o‘tga-cho‘qqa urmasa. Asli to‘qaydayam o‘g‘rlaydigan o‘tin qolmagan. Qish kasalliklar bilan kelyapti. Muhtoj oilalar har qachongidan qiynalishi aniq.

Aytmoqchimanki, muhtoj insonlarga yordam qo‘lini cho‘zadigan payt endi keldi.

Moshpoyamdagi vaziyat

Moshni yanchib, moshinada uyga olib kelib, qoplarga joylabam bo‘ldik-ki, yomg‘ir yog‘vordi.
Yomg‘irni kutayotgandik.
U yog‘di.
Bizlar hosilni yig‘ishtirib ulgurik.
Ko‘ngil tinch.
Kombaynimiz eski ekan. Chamasi u o‘tgan asrning saksoninchi yillari nashr qilingan, ya'ni zavo‘ddan chiqqan.
Uchta yosh yigitcha qaerdandir shu ko‘hna kombaynni topib, tuzatib mosh yanchib pul ishlab yuribdi.
Bechora kombayin odimiga buziladi, bir o‘chsa o‘t olishi qiyin.

Sobirjon qishlog‘idanmiz,- dedi ular.
Sobirjon – qo‘shni Uchko‘prik tumanidagi qishloq.
-Yosh payti harakat qilib o‘z hayotlaringni yo‘lga qo‘yib olinglar. Umr bir zumda o‘tadi. Ayniqsa, yoshlikning qadriga yetinglar. Ko‘proq pul ishlanglar. Dangasalik, alkashlik degan illatlardan yiroq bo‘linglar. Ertaga qarisalaring hech narsaga yaramay qolasizlar,- deb ularga nasihat qildim.
Shunday qilib, dala ishlarimiz kamayyapti.
Dalada ish tugarmidi?!
Ish ko‘p.
Bug‘doy ekyapmiz, sug‘orish kerak.
Bog‘ ishlari ham ko‘p.
Qishga o‘tin-cho‘p tayyorlashim kerak.
Kombayn moshni yanchigach, yerga to‘kilgan mayda barg-xazonlarini qopga solib sotamiz. Kattaroq qopga qoplaymiz. Bir qopi dalaning o‘zida 25 ming so‘m.
Ayni damda o‘zim uydaman, moshpoyada ishchilarim ishlayapti. Boya choy, non, qand va asal olib bordim.
Ishchilarim yaxshi, tepasida qorovul bo‘lib turmasam ham ishlayveradi, dangasalik qilmaydi. Qopdagi narsaniyam shular sotyapti. Tayinladim: xaridor kelsa sotaveringlar.
Ishchilarim o‘n yildan buyon dalamizga keladi. Qarindoshdek bo‘lib ketganmiz.
Haq berishda aldamaymiz. Hosildan kapsan ham beramiz.
Bu o‘tar dunyoda ziqna bo‘lish yaxshimas.
Erta bir kun bor boyligingni tashlab ketasan, hatto qorningda ovqat olib ketolmaysan.
Haqiqiy insonlik shuki, ertalab ko‘chaga chiqib birinchi duch kelgan odamni Alloh nazarida o‘zingdan ming marta afzal deb bilgaysan.
Agar erta tong ko‘chada odam ko‘rmay qo‘shningning itini ko‘rsang, shu jonzotniyam o‘zingdan yaxshiroq, ulug‘roq deb bilgin.
Xullas, yomonmas, yaxshi.
Qish yaqin.
Qishda qiyinchilik ko‘p.
Amallaymiz.
Eplaymiz.
Chidaymiz.

Yozuvchi Rahimjon Rahmat hikoyasi

Tag‘in o‘qing
11 aprel 2017
Mart oyining oxirlarida rus tilida chiqadigan Uzmetronom sayti «ishonchlik manbalari»dan iqtibos qilib, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiatsiyasi ...
6 aprel 2020
Qirg‘izistonning Chuy viloyatida bir kunda ikki o‘spirin o‘z joniga qasd qilgani haqida “Ozodlik”ning qirg‘iz xizmati xabar berdi. Mahalliy ichki ...
10 oktyabr 2018
O‘zbekiston madaniyat jamg‘armasi va Frantsiyadagi Luvr muzeyi o‘rtasida 9 oktyabr kuni o‘zaro memorandum imzolandi. Madaniyat vazirligi saytida bildirilishicha,  ushbu ...
9 noyabr 2023
Qadrli muhlislar Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta shikoyat maktubi va bitta rasmiylar munosabatini o‘qib eshittiramiz. Ular O‘zbekistonning Qashqadaryo, ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...