Ko‘zqarash
18 noyabr 2020

Opa o‘z ukasini qullikka sotgan o‘lka

Ertalab mosh sotdim. Ko‘p emas, besh yuz kilo. Moshimni sotib olgan tadbirkor yigit: «Moshning pulini bugun kechga o‘zim uyingizga olib kelib beraman», dedi. Men:

– Menga pul hozirga zarur. Bozorda ishim bor. Siz bilan uyingizga boraman, pulni berasiz, o‘shanaqasi bozorga o‘tib ketaveraman,- dedim.

– Bo‘pti, ketdik,- dedi u.

Tadbirkorning uyi uzoq emas, besh-olti qishloq narida: tez yetib bordik. Tadbirkor yigit jurnalist ekanimni biladi, uncha-muncha ijodkorligimdan ham xabardor. Tadbirkor moshni «Damas» moshinadan tushirayotgan ishchisiga ishora qilib: «Shu odam haqida kitob yozing. Hayoti juda g‘aroyib. Bir paytlar puli ko‘p edi. Qozoqda ikki yarim yil qullikdayam bo‘lgan. O‘zining tug‘ishgan opasi sotvorgan», dedi.

– Rostdanmi?- deb so‘radim moshinadan qoplarni tushirayotgan ishchiga. U o‘rtabo‘y, ozg‘inroq, qarimsiq, yuzi serajin kishi edi. Og‘zidayam tishi qolmagan hisob. Mendan yoshi kattadir, deb o‘ylab:

– Nechanchi yilsiz?- deb so‘radim.

– Yetmish birinchi yil, – dedi u.

– Mendan o‘n yosh kichik ekansiz. Nega tug‘ishgan opangiz sizni qullikka sotgan? Ishonish qiyin ish,- dedim hayron bo‘lib.

– Uyimni qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgan. Qullikda o‘lib ketadi, deb o‘ylagan. O‘lmay qaytib keldim, – dedi u tirjayib.

– Qullikda nima ish qilgansiz? – deb qiziqib so‘radim.

– Yer kovlaganman. Qazaqti qo‘yini boqqanman, – deb javob berdi u.

– Mana shu aka makaronni yomon ko‘radi. Hech qachon makaron ovqat yemaydi. Qullikda yurganida u kishini ikki yarim yil faqat suvga qaynatilgan makaron bilan boqishgan ekan. O‘shanda ba'diga urgan bo‘lsa kerak makaron,- deya gapga qo‘shildi tadbirkor.

– Rostdan makaronni yomon ko‘rasizmi? – deb so‘radim ishchidan.
U labini qattiq yumgan holda tirjaydi va lablari buklanib: «Ha, shunaqa bo‘lgan. Oxiri ikki kishi qullikdan qochganmiz. O‘zimizning chegarada qo‘lga tushganmiz. Ikki oy qamab qo‘ygan», dedi.

– Yaxshi, biror kun hayotingizni gapirib berasiz, kitob qilamiz,- dedim.

Ishchi moshni moshinadan tushirib bo‘lib, menga bir tirjayib qaradi-da, nari ketdi.

– Bu akaning hayoti yaxshi edi. Uni xotini xor qildi. Yomon xotin edi. Uydagi mol-qo‘yni va pulga kiradigan narsalarni sotib, shaharga jo‘navorgan. Hozir o‘sha xotin «Kobalt» minib yuradi. O‘zimizning qishloqdan.

– Nega xotin to‘satdan erini tashlab ketgan. Yaxshi yashardi deyapsiz? – deb qiziqdim.

– Odamlar orasida tarqalgan gapga ko‘ra, bu odam bir marta xotiniga xiyonat qilgan yoki xiyonat qilmoqchi bo‘lganmi, rostiniyam bilmayman, aytishlaricha, mahallamizdagi bitta tul xotinning uyiga kirib yurarkan, xotini shu narsani kechirmagan, shartta uydagi hamma narsani sotib, shaharga jo‘navorgan, o‘g‘il-qiziyam onasining ortidan ketgan. Shundan keyin bu odam ichishga odatlandi, ishlari orqaga ketdi. Oxirida esa bu yashaydigan uyni qo‘lga kiritaman deb opasi uni qullikka sotdi,- deb tushuntirdi tadbirkor.

– Bolalari katta bo‘lib qolgandir. O‘shalardan mehr ko‘rar,- deb so‘radim.

– Qizini qo‘shni mahallaga uzatgan. O‘g‘li Qozog‘istonda iqtisodda o‘qiydi, – dedi tadbirkor.

– Yaxshi-ku,- dedim. – O‘g‘li o‘qishni bitirib ishlari yurishsa, otasiga e'tibor berar, bu odam o‘shanda rohat ko‘rar.

– Unday bo‘lmasa kerak. Chunki u har xil gaplarni gapirib o‘g‘liniyam o‘zidan bezdirgan.

– Qanaqa gap?

– Ichib olsa o‘g‘liga: «Sen mening bolam emassan. Onang jalab. Seni birovlardan orttirgan», – deb gapiradi.

– Tushunarli. Demak, bu inson dunyodan yorug‘lik kun ko‘rmay o‘tib ketarkan, – dedim.

Tadbirkordan moshning pulini olib, yo‘nalishdagi «Damas»ga o‘tirib Yangibozorga jo‘nadim. Yo‘lda betimning bir tomonini moshina oynasiga bosib, hozir eshitganim inson taqdiri haqida o‘yladim.
Ayrim ayollar xiyonatni umuman kechirmaydi, erini qattiq jazolaydi.

Yaxshigina yashayotgan inson ozgina xiyonat sabab xor bo‘lyapti.
Lekin uning makaronni yomon ko‘rib qolishi menga eng qattiq ta'sir qilgani bo‘ldi. Qurg‘urni qullikda faqat makaron bilan boqishgan ekan.


Bizda kovid yengilladi. QVPlar bo‘shab qoldi. Dorixonaga yugurishlar to‘xtadi. Qurbonlar kam bo‘ldi – Xudoga shukr.

Bizda deganda o‘zim yaxshi bilgan 10-15 ta qishloqni nazarda tutaman. Qirqlar QVP shifokorlari zo‘r ishladi. Rahmat shularga.
Meni Shoira do‘xtir davoladi. Rahmat shu ayolga. Hamid do‘xtirimizning ham ko‘p kasallarga yordami tegdi. Badanimga igna sanchib ukol qilgan hamma hamshiralarga osmoncha rahmat.

Menga yaxshi qaragan do‘xtir va hamshiralarga bir qopdan olma berdim, qolganlariga endi beraman. Farg‘ona viloyati tibbiyot
boshqarmasidagilar, bizning Dang‘ara tumani Qirqlar QVP shifokor va hamshiralarini mukofotlanglar, virus avj olgan kunlar ular qanaqa zo‘r ishlaganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim.

Dang‘ara markaziy shifoxonasi nevropatologi Alisher bilan telefonda bog‘lanib maslahat olib turdim. Alisher – begona emas. Xullas, hammasi yaxshi. Zo‘r. Farg‘onamda tinchlik.

Ishtahalar ochilib, yana osh, yana go‘sht yeyishni boshladik. Ertaga bir necha oshinlarimni chaqirib, uyimda baliq pishirib bermoqchiman.
Ulargayam hosilimdan kapsan beraman. Shunday. Qishloqlarimizga kovid keladimi, ya'juj-ma'jujmi, boshqasimi, qo‘rqmaymiz, ketiga tepib haydaymiz.

Hech kim kasal bo‘lmasin. Hech kim hech narsadan qo‘rqmasin. Oralaringda birlik bo‘lsin. O‘z sha'n va qadr-qimmatlaringni himoya qilishni o‘rganinglar. Erkinlikni seving. Qul bo‘lmang, yelkangizdan mazlumlik to‘nini yeching. Yolg‘onga aldanib qolmaydigan darajada bilimli bo‘ling.

Maddohlarni mazax qiling. Haqgo‘ylarni e'zozlang. Qo‘rqoqlarni davraga qo‘shmang. Sotqinlarni cho‘lga badarg‘a qiling. Boshliqlar oldida bozordan sotib olingan qulday yetti bukilmang. Vatanni seving, vatanparvarni qadrlang. Nihoyat, uyg‘oning. G‘aflat dushmaningizdir.

Ëzuvchi Rahimjon Rahmat hikoyasi edi

Tag‘in o‘qing
19 iyun 2018
O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati o‘zining facebokdagi sahifasida bildirishicha, 2014 yili AQSh vatandoshligini olgan asli qashqadaryolik Zokir Aliev AQShda xalqaro ...
20 iyun 2018
O‘zbek rasmiylari 16 iyun kuni xibsga olingan AQSh vatandoshi Zokir Aliev Afg‘onistonda harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, hukumat va xalqaro koalitsiya ...
3 oktyabr 2015
Umrining 16 yilini u mahkumlikda kechirmoqda. Rasman Toshkentdagi 1999 yilgi teraktlar uchun, amalda esa “Erk” gazetasini chop etgani va ...
10 sentyabr 2018
Keskin qarashlari bilan ijtimoiy tarmoqda tanilgan jizzaxlik tadqiqotchi Rafael Sattorov «Eltuz» muxbiri bilan suhbatda O‘zbekistondagi tuzumni «arxaik neofeodal jamiyat», ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...