Ko‘zqarash
9 mart 2021

Taxt talvasasi

Insoniyatning uzoq kechmishidan ma'lumki, Aleksandr Makedonskiy aqlan, jismonan va ruhan tengsiz kuch-qudrat sohibi bo‘lgan. Shuning uchundir o‘z vaqtida ayovsiz janglar qilib, deyarli dunyoni bosib olgan.

G‘olibona harbiy yurishlari oqibatida behisob oltin-kumushlarni, bepoyon hududlarni qo‘lga kiritgan, odamlarni shafqatsizlik bilan o‘z izmiga bo‘ysundirgan. O‘sha davrda dunyoning eng boy tojdori bo‘lgan.

Lekin uning o‘shanday ulkan g‘alabalari kelgusi avlodlar uchun ibrat bo‘lolmagan. Sarkardaning insoniyat oldidagi eng buyuk xizmati – yorug‘ olamni tark etganidan so‘ng qabridan bir qo‘lini chiqarib qo‘yishlarini vasiyat qilgan, toki odamlar behisob boylik yiqqanim bilan boqiy dunyoga quruq qo‘l bilan ketayotganimni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rsinlar, degan ekan. Marhumning vasiyatini so‘zsiz ijro qilganlar.

Aleksandr Makedonskiyni payg‘ambar bo‘lgan deb ham bejiz aytishmaydi. Chunki uning o‘sha bebaho vasiyati bugun ham, kelgusida ham qat'iy amal qilaveradi. Ayniqsa, dunyoning davlatboshilari buyuk sarkardaning o‘sha vasiyatini ulkan oltin harflar bilan saroylari peshtoqlariga yozib qo‘yishsa, davrimiz olampanohlarining olam va odamlarga munosabatlari butunlay boshqacha bo‘larmidi?!

Uzoqqa bormaylik, bundan bor-yo‘g‘i 10 yillar avval arab davlatlarida aholining ketma-ket isyonlari boshlanib ketgandi. Qonga belangan bu g‘alayonlar dunyo tarixida «Arab bahori» deb nomlandi.

Ho‘l o‘tin gugurt chaqqaningiz bilan yonib ketavermaydi. Agar qurib- qaqshab turgan xashak ustiga olov uchquni tushib qolsa bormi, tamom, hash-pash deguncha zarradek uchqun dahshatli yong‘inga aylanadi.

2011 yilda Tunisda politsiya va kuchishlatar tizimlarining zug‘umlariga bardosh berolmagan bir oddiy fuqaro norozilik sifatida o‘zini namoyishkorona yoqib yuborgandi. Bu voqeadan keyin butun mamlakat bo‘ylab ommaviy norozilik namoyishlari va g‘alayonlar boshlangandi.

Hash-pash deguncha arab dunyosini qonga botirgan norozilik isyonlari olovi qo‘shni Misr, Yaman, Jazoir, Iordaniya, Mavritaniya, Ummon, Sudan, Liviya, Suriya, Marokash, Saudiya Arabistoni mamlakatlariga ham o‘tib, ularni olovli inqiloblar qamrab olgandi.

Afsuski, bu inqiloblar davomida sodir bo‘lgan mudhish voqea va hodisalar el-yurt va mamlakat manfaatlari uchun xizmat qilmadi. Aksincha, arab bahori inqiloblari oqibatida millionlab odamlar halok bo‘lishdi, nogiron bo‘lib qolishdi, yurt vayronaga aylandi, yangi avlod ruhan cho‘kdi.

Mamlakatlar iqtisodiyoti yanada ortga ketdi, odamlar yanada qashshoqlashdi, imkon topgan fuqarolar butun dunyo bo‘ylab tumtaraqay qochib ketishdi. Hukmdorlar ham, odamlar ham, iqtisodiyot va nihoyat mamlakat ham parokanda bo‘ldi, hech kim yutmadi, aniqrog‘i, hamma yutqazdi.

Aslida bunday baxtsizlikning bosh aybdori, birinchi galda, mamlakat boshqaruvidagi rahbarlar edi. Avvalo, yuqoridagi mamlakatlar rahbarlari 20–30 yillab taxtiga mahkam yopishib o‘tirib olishgan.

Ular ilk boshqaruvi yillarida o‘z davlatining iqtisodiyotini ko‘tarishda ijobiy burilishlar yasashga ham erishganlar. Ammo ko‘p yillar o‘tganidan so‘ng, aniqrog‘i, mamlakat boshqaruvini to‘la qo‘lga kiritib, yakkahokim bo‘lganlaridan keyin ularning shuurida siyosat va iqtisodiyotga nisbatan ko‘nikma va kibr paydo bo‘lgan.

Ahvol shu darajaga yetganki, gah desa istagan odamini qo‘liga qo‘ndira olishgan, vaqtlar o‘tib, yoshlari bir joyga borib qarib qolishgan. Arab davlatlari hukmdorlarining jinoiy umumiylikni tashkil etadigan yana bir jihati – ular boshqaruvni o‘z xalqiga nisbatan o‘ta shafqatsizlik va bag‘ritoshlik hamda mamlakat qonunlarini istagancha oyoq osti qilish bilan yuritishgan.

Shuningdek, mazkur mamlakatlarda quyidagicha umumiy holat sodir bo‘lgan: odam soni tug‘ilish hisobiga o‘sib boravergan, aholi yosharavergan, avtoritar-yakkahokim boshqaruvi ham kuchaygan, o‘ta qashshoqlik, korruptsiya, inson huquqlarining poymol etilishi, pulning qadrsizlanishi, ishsizlik,  kleptokratiya – korruptsiyaga uchragan rahbarlar siyosiy hokimiyatdan foydalanib o‘z millatining boyligini o‘zlashtirish uchun davlat mablag‘ini talon-taroj qilish yoki o‘zlashtirish ham kundan kunga kuchaygan.

O‘z xalqidan behisob boyliklarni o‘g‘irlagan o‘sha hukmdorlar milliardlagan pullarni mamlakat taraqqiyotiga, o‘z xalqi turmush tarzini yaxshilash va iqtisodiyotni taraqqiy ettirish o‘rniga dunyodagi eng yirik banklarga yashirib qo‘yishni afzal bilishgan.

Nihoyat, o‘sha arab hukmdorlarining o‘z xalqidan tortib olib dunyo xazinalari orasiga berkitgan 50-70 milliardlagan dollari va yana xalqdan yashirgan behisob boyliklari nafaqat ularning o‘zlari, oila a'zolari, bola-chaqalari, avlodlari, balki xalqiga ham nasib etmadi. Aksincha, butun mamlakat aholisini ham katta halokatga olib keldi, chek-chegarasiz kulfatlar, fojealar keltirdi, xolos.

Inqiloblar oqibatida hukmdorlar qamoqlarga tiqildi, osildi, olomon tomonidan urib o‘ldirildi yoki quvg‘inda xorlikda o‘lim topishdi. Hukmdorlarning farzandlari g‘alayonlar davrida qamaldi, o‘ldirildi yoki quvg‘inda umrbod tavqi-la'natlar ostida yashashga mahkum bo‘lishdi. Ruhi kibr to‘la, ochko‘z, taxt vasvasasiga tushgan arab hukmdorlari o‘z avlodlari va xalqiga ana shunday ayanchli meros qoldirdi.

Afsuski, butun dunyoga ovoza qilingan «arab bahori» fojeasidan sobiq sovet respublikalari bo‘lgan bugungi mustaqil davlatlarning aksariyat hukmdorlari to‘g‘ri xulosa chiqarib, atrofga ko‘zlarini katta ochib qarash o‘rniga taxt vasvasasiga tushib to‘lg‘onayotgandek ko‘rinishadi.

Bugungi kunda mazkur hududlar aholisining aksariyati hukmdorlar boshqaruvidan butunlay norozi kayfiyatda. Sababi – yana o‘sha taxtga turli-tuman hiyla-nayranglar bilan mahkam yopishib, uzoq yillar taxtga qonunga zid ravishda o‘tirib olish, aholi sonining o‘sib borayotgani, avtoritar-yakkahokim boshqaruvi, qashshoqlik, korruptsiya, inson huquqlarining poymol etilishi, pulning qadrsizlanishi, ishsizlik,  kleptokratiya – korruptsiyaga uchragan rahbarlar siyosiy hokimiyatdan foydalanib o‘z millatining boyligini o‘zlashtirish uchun davlat mablag‘ini talon-taroj qilish yoki o‘zlashtirish, farzandlarining shohona yashashini ta'minlashga harakat va o‘g‘irlagan boyliklarini xorij banklariga yashirish, o‘zgacha fikrlaydigan kishilarni kuchishlatar tizimlari xizmatidan noqonuniy foylanib shartta bo‘g‘ib tashlash, ming afsuslarki, arablarni halokatga olib kelgan o‘sha boshqaruv tizimi bilan xuddi egizak bo‘lgan muhit mazkur hududlarda ham davom etmoqda.

Uzoqqa bormaylik, taxtda uzoq yillar o‘tirib olgan Rossiya, Qozog‘iston va hatto O‘zbekiston prezidentlarining bir-biridan o‘zarga faqat o‘zlari, oilasi va yaqinlarining dam olib hordiq chiqarishlari uchun ertaknamo saroylarni milliardlab dollar mablag‘larga  eldan yashirincha qurib olganlari haqida xabarlar olami jahonga yoyilib fosh etildi.

Bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab moxovdek yakkalatib qo‘yilgan Rossiya prezidenti qonunlarni aylanib o‘tish bo‘yicha yangilik yaratdi – o‘zi tashkil etgan yangicha elektron ovoz berish yo‘li bilan mamlakat konstitutsiyasini o‘zgartirib, o‘tgan prezidentlik muddatini nolga tushirdi.

Ya'ni uning o‘tgan prezidentlik davri bekor qilindi va o‘zi uchun yana ikki marta saylanish niyatida 2036 yilga qadar davlat rahbari lavozimida qolish  imkoniyatini yaratdi. Albatta, bu nayrang mamlakat  va dunyo ahliga yoqmadi.

Nihoyat bugungi kunda imperiya taxti vasvasasida to‘lg‘anayotgan Rossiya hukumati dunyoning adolatsiz boshqaruvi oqibatida o‘z xalqi tomonidan taxtdan quvilayotgan hukmdorlarni o‘z pinjiga olayotgan dunyo jandarmiga aylandi, tarix qaytarilmoqda.

Tojikiston va Qozog‘iston prezidentlari o‘zlarini millat otasi deb e'lon qilishdi. Buning asl ma'nosi – o‘sha shaxslar mamlakat prezidentligidan ketganidan keyin o‘zi, farzandlari hamda qarindosh-urug‘lari ustidan jinoyat ishi ochishni qonun bilan ta'qiqlab qo‘yishdi.

«Qo‘rqqan oldin musht ko‘tarar», deb bejiz aytmagan dono xalqimiz. Aslida bu jinoyatni yashirishdan boshqa narsa emas. Endilikda esa ba'zi davlat prezidentlari taxtni o‘z farzandlariga meros qilib qoldirish vasvasasiga tushib qolishgan, aniqrog‘i, taxt avloddan avlodga o‘tuvchi xonlik barpo etish niyatidalar.

Tojikiston va Turkmaniston hukmdorlari o‘z farzandlarini yuqori davlat mansablariga ko‘tarib, bu niyat yo‘lida allaqachon tayyorgarlikni boshlab yuborishgan, xalqni bunga ham ko‘niktirishga intilishyapti.

Turkmaniston esa hozir zimistonga aylangan. Bu mamlakatda amalda allaqachon xonlik boshqaruvi hukm surmoqda. Olampanoh qarshisida katta amaldorlardan tortib to oddiy odamgacha chuqur ta'zim bajo keltiradi. Arqadag‘ning aytgani aytgan, degani degan, so‘zsiz ijro etiladi. Podshoi oliylari mamlakatni xohlaganicha boshqaradi.

Oqibatda har tomonlama erki bo‘g‘ilgan Turkmaniston xalqiga juda qiyin bo‘ldi. Xalq ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan xo‘rlanmoqda, zo‘rlanmoqda, tahqirlanmoqda.

O‘tgan yili Turkmanistonning O‘zbekiston bilan chegara hududida tabiiy ofat – kuchli to‘fon bo‘ldi. Uylar tomlarini, hatto odamlar va hayvonlarni shamol uchirib ketdi. Ro‘zg‘orlar vayron bo‘ldi, odamlar halok bo‘ldi, ba'zi hududlarda suv toshqini bo‘ldi, oilalar butunlay boshpanasiz qoldi.

Turkmaniston hukumati bu tabiiy ofat haqida hech qaerda xabar bermadi, yashirdi, o‘ta og‘ir ahvolga tushib qolgan xalqiga ham yordam bermadi. Aksincha, tabiiy ofat oqibatini telefonlarga tasvirlarga tushirib olgan xotin-qizlarni o‘ta shafqatsizlik bilan olib borib qamab qo‘ydi.

O‘zbekiston tomoni esa tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan aholiga zudlik bilan yordam ko‘rsatdi.  Turkmanistonning mazkur chegara hududida aksariyat o‘zbeklar istiqomat qilishadi.

Millatchi hukmdorlar o‘zbek maktablariyu o‘zbekcha matbuotni allaqachon taqiqlab qo‘yishgan. Xullas, hozir Turkmanistonning jafokash xalqi butun dunyo ustidan kulib masxaraboz deb atayotgan hukmdorning zulmi ostida sukut saqlamoqda.

Qirg‘izistonni O‘rta Osiyodagi ozodlik oroli, deyishadi. Qo‘shni hukmdorlar esa adolatsiz prezidentlarini hamisha quvib yuborayotgan xalqning boshqalarga namuna bo‘lishidan qo‘rqib, ularni yoqtirishmaydi.

Aslida Qirg‘izistonga ozodlik tamal toshini qo‘ygan, hech qachon kommunistik partokratiya amaldorligida zararli tajriba orttirmagan, mamlakatning birinchi prezidenti, kuchli olim va ziyoli inson Asqar Aqaev bo‘ladi.

Mamlakatdagi ozod turmushni ko‘rolmagan tashqi yovuz kuchlar xalq orasiga birodarkushlik, millatchilik urug‘ini sochishga ham urinib ko‘rishdi. Xayriyatki, keyingi yillarda qirg‘izistonliklar bu xastalikdan forig‘ bo‘lmoqdalar.

Ta'kidlaganimizdek, arab davlatlari hukmdorlarining dunyoning yirik banklariga yashirgan milliardlagan dollari o‘ziga ham, xalqiga nasib etmadi, turli jarimalar tarzida yo‘q bo‘lib ketdi.

Bugungi kunda Rossiya va O‘rta Osiyo davlatlari hukmdorlari va boyonlarining Yevropa va Amerika davlatlaridagi yirik banklarga o‘z xalqidan yashirib qo‘yilgan milliardlagan pul mablag‘lari noqonuniy deb topilgan, aniqrog‘i, o‘z xalqidan o‘g‘irlangan daromad sifatida muzlatib qo‘yildi.

Eng kulgili jihati – sobiq sovet davlatining bugungi mustaqil respublikalari prezidentlari va ularning farzandlari eng katta biznesmenlardir. Chunki ularning bunday katta pul mablag‘lari va boyliklarni qanday yo‘l bilan topgani ahmoqqa ham ayondir.

O‘zbekistonning marhum prezidentining aristondagi qizi Gulnora Karimovaning davlat pullarini o‘g‘irlagani haqidagi hangomalar butun dunyoga ovoza qilindi.

O‘zbekistonda salkam 30 yil davomida birorta milliarder ochiq ravishda  paydo bo‘lmadi. Chunki bu yurtda hukmdor va uning vazirlarigina e'lon qilinmagan milliarderlardir.

Bu esa xalqi hurkitilib, ovozi o‘chirilgan mafiya davlati, deganidir. Qarang, kuni kecha dunyo matbuotida Qozog‘istonning millat otasi Nazarboev nevarasining Angliya bankida saqlanayotgan 44 milliard dollar pul mablag‘lari ustidan noqonuniy daromad deb topilgani yuzasidan sud bo‘lishi haqida xabar e'lon qilindi.

Nazarboevning hamma farzandlari, hatto nevaralari ham dollar milliarderlari bo‘lishgan. Bunday faktlarni ko‘plab keltirish mumkin.

Sobiq sovetlarning bugungi mustaqil davlatlarining hukmdorlari navbatdagi prezident saylovi mavsumi oldidan yuragiga g‘ulg‘ula tushib, besaranjon bo‘lib qolishadi.

Amaldagi prezident tomonidan o‘z xalqi turmush darajasining taraqqiyoti haqida kechayu kunduz tashvish chekayotgan yagona inson sifatida artistlik va erkinlik yuzasidan qattiq taqiqlar va siyosiy o‘yinlar boshlanadi.

Maqsad ayyorlik, makkorlik, aldov, zo‘ravonlik, qonunlarni oyoq osti qilish kabi har qanday harakatlar bilan bo‘lsa-da, taxtni o‘z qo‘lida saqlab qolish bo‘ladi. Hozirgi hukmdorlar o‘zlashtirilgan behisob boyliklarni taxt tayanchi, deb o‘ylashadi. Afsuski, bu hukmdor ham, xalq ham yutqazadigan shafqatsiz olovli inqilob to‘foni arafasidagi taxt vasvasasidir. 

Hayrat,
o‘zbekistonlik muallifning “Eltuz”ga yo‘llagan hikoyasi

Tag‘in o‘qing
25 yanvar 2024
Suratdagi bu shaxsni taniysizmi? Tanimagan bo‘lsangiz, hozir ipuchi beraman: 5600 so‘m? – Esladingizmi? …. Ha, topdingiz! Bu o‘sha «2020 ...
22 mart 2019
Ushbu maqola «Eltuz» muxbirining bir-birini tanimaydigan qator toshkentlik tadbirkorlar bilan suhbatlari asosida tayyorlandi. Maqolada gap tadbirkorlarga ochiqcha tahdidlar qilib, ...
4 dekabr 2017
Ko‘p pul ishlab, mashina va uy olish uchun xotinini fohishalikka undagan o‘zbekistonlik erkak jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu haqda 30 ...
21 sentyabr 2022
O‘zbekistondagi ko‘plab fermer xo‘jaliklari klasterlar paxta va boshoqli don xarid qilish bo‘yicha fyuchers shartnomalar nusxasini haligacha o‘zlariga bermayotganidan norozilik ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...