Asosiy mavzular
22 sentyabr 2021

Oddiy yo‘lovchining qadri bormi?

Ertalab bolani maktabga qoldirib, piyoda ishga kelaman. Quloqda Sher akaning “Avvalg‘ilarg‘a o‘xshamas” qo‘shig‘ini qo‘yib olib…

Charx avzoyi bu dam avvalgilarg‘a o‘xshamas,

Kotibu davri raqam avvalg‘ilarg‘a o‘xshamas…

“Omon aka – donishmand, Navoiyni tushuntirish barobarida o‘zini ham chiroyli anglatgan”, degan adabiy-falsafiy xayollar og‘ushida serqatnov yo‘lga chiqib kelaman.

Bu o‘sha – Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatrining marhuma xodimasini mashina urib ketgan piyodalar o‘tish yo‘lagi. Bilaman, bu yo‘lakda piyodalarni yomon ko‘rishadi, chunki keng yo‘l, tekis-ravon, sal narida svetoforning qizilidan endigina qutulib chiqqan mashinalar allaqanday “peshexod” uchun yana to‘xtagisi kelmaydi.

Quloqdan musiqani yechaman, mashinalar oqimi kamayishini kutaman, keyin “Bismillo” deb yo‘lakka birinchi qadamni qo‘yaman. Har doim shunaqa: piyodalar yo‘lagiga qadam qo‘yishda kalima keltiradigan bo‘lganman, chunki bu yo‘lakdan o‘tish deyarli xudkushlik bilan teng. Qay haydovchininng miyasida qanday xayol – bilmaysan. Qonunga itoatkormi, tormozni bosadimi yo “o‘tib ketaman, maqpti” deb gazni bosadigan “o‘pka”ga duch kelasanmi, bilmaysan.

Ne uchar yulduzlar o‘tdi chalg‘itib elni juda,

Necha avlod yo‘liyu umidin aylab behuda,

Davr mezoni bilan tortay bu kun o‘zimni-da…

O‘zimni tortib, keyingi qadamni qo‘yishni yo qo‘maslikni bilmay turibman.

Hartugul, bir mashina to‘xtadi, rulda ayol kishi, birinchi yo‘lakdan o‘tdim, lekin hali yana beshtasi turibdi, ikkinchi yo uchinchi yo‘ldan kelayotganlar birinchiga qarab to‘xtamasligi, gazni battarroq bosishi mumkinligini bilaman. Kecha Qarshida bittasini uchinchi yo‘lda «Lasetti» urib ketganini ko‘rdim-ku videosini.

Ey falak, hech kimni etma besamar yo‘llarda xor…

Bir yo‘nalish tugadi, o‘tib oldim. Endi o‘rtadagi uzluksiz chiziqda turib qoldim, narigi tomon to‘xtamaydi, ular uchun bu uchinchi “polosa”, tez yuriladigan, ya'ni kim ham bir piyodani deb shiddatni tushirgisi kelardi, deyman. Orqamdan va oldindan vizillab mashinalar o‘tyapti, xavfsizlik orolchasi esa yo‘q.

Va nihoyat, qarama-qarshi yo‘nalishda ham to‘xtashni bir ayol boshlab berdi. O‘tavering degan ishorani ham qildi. O‘ta boshlayman. Ikkinchi yo‘lakdagi haydovchi – erkak ham to‘xtadi. Ammo men tomondan uchinchi, asli birinchi yo‘lakda uchirib kelayotgan bir mashina (haydovchining jinsini aytmayman, o‘zinglar bilib olinglar) “baaaaap” etib signal berib, yetmaganiga ichidan boshini chiqarib so‘kib, vizillab o‘tib ketdi.

Nafs ipiga bog‘lidur ruh iplarin uzgan tana…

Men nimani noto‘g‘ri qildim, deyman. Qoidaga itoat qilib, boshqalar ham itoat qilayotganiga ishonib, yo‘lda o‘z haqimdan ming bir qo‘rquv bilan foydalanib turib haqoratni eshitdim. Lekin u damda haqoratdan emas, qo‘rquvdan ko‘proq titradim. Joninga xatar tug‘ilganda, ichingdagi shaxsning ovozi ham pasayib qolarkan.

Ne sitamkim, bu alam avvalg‘ilarg‘a o‘xshamas…

Shu yo‘lni kesib o‘tguncha men adabiyot, falsafa va boshqa baland fikrlar og‘ushidagi intellektual inson edim. Endi bo‘lsa, qo‘rquvdan oyoq-qo‘li titragan, bir temir oldida naqadar ojizligini anglagan arzimas odamman.

Men yolg‘iz emasman. Bu har bir piyodaning boshida bor savdo. Biz piyodalar ayrimlar uchun odam emasmiz, allaqanday ikkinchi navli biomassamiz. Nega inson shu temirga minganda va undan tushganda boshqa-boshqa odamga aylanib qoladi?

Chunki bu shahar avtomobilni odamdan ko‘proq sevadi.

Endi inson qadri ham avvalg‘ilarga o‘xshamas…

Shahnoza Soatova,
muallifning feysbukdagi sahifasidan

Tag‘in o‘qing
16 mart 2016
9 mart kuni „Paxta kampaniyasi“ (The Sotton Sampaign) faollari O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida odamlarni majburiy mehnatga jalb qilish hamon saqlanib ...
29 avgust 2018
Urganch tuman sudining o‘zbek jurnalistlari Bobojonovlarga tegishli uylarni «davlat egaligiga o‘tkazish» to‘g‘risidagi ijro ijro varaqasi, sud qaroriga shikoyat qilishning ...
22 may 2018
Prezident Mirziyoevning Andijonga safari shaharni begona ko‘zlardan to‘sish, oshiqcha ehtiyot choralari va mulozimlarning odatiy laganbardorliklari bilan o‘tdi. Prezident o‘tadigan ...
26 noyabr 2018
«Eltuz» nashri o‘z surishtiruv guruhi tomonidan yig‘ilgan ma'lumotlar asosida tayyorlangan filmning ikkinchi qismini e'tiboringizga taqdim qiladi. Filmning dastlabki qismida ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...