Imperativ 48. Musiqaviylik haqida
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 48-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.)
«Sof san'at» fidoiylarining She'riyat uchun muhim sanaganlari yana bir xusus bu she'rdagi musiqa: ritm, ohang, qofiya.
Sharq adabiyoti uchun bu xusus hech qachon tortishuv mavzusi bo‘lmagan. Sharq uchun she'rdagi ritm, ohang, kofiya doim Shaklning tabiiy unsurlari bo‘lgan. Lekin Sharqda hech qachon bu unsurlar she'rdagi ta'sir manbaining muhim qismi sifatida qiymatlantirilmagan.
Bunday qiymatlantirishni G‘arb adabiyoti bajardi.
Ular bu masalaga ham mukammaliyatchilik (maksimalizm) bilan yondoshdilar.
Sharl Bodler Edgar Po haqida yozgan maqolasidan bir iqtibos: «Musiqa o‘zining ritm, hijo va qofiya ko‘rinishlarida shu qadar muhimki, buni inkor etish aqlsizlikdir, men uning mutloq ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tirmayman… Hatto sonetga ham aniq plan zarur karkas, zamin bu ruh ijodining sirli hayoti uchun muhim shartlardir».
Edgar Po ham o‘zining «Qarg‘a» she'rida matematik hisob bilan qurilgan ritm, takror va qofiya sistemasi vositasida yuksak musiqaviy, mistik effektga erishganini e'tirof etadi.
«Matematik hisob» va «mistik ta'sir» bir-birga zid (ratsional-irratsional) qutblar mo‘jizaviy shaklda bir-birlarini to‘ldiradilar va shoirning aqli va hissiyoti o‘rtasida mukammal bir uyg‘unlik garmoniya yaratadi. Bu mukammal garmoniya she'riyatda aks etganida bu mukammallikning yaratilishida qatnashgan aql va hissiyot ikkinchi planga o‘tib, maydonga avval ko‘rinmagan Ruh suldori(silueti) chiqadi.
Ruh sof san'at yo‘lchilarining mayog‘i.
Aslida, san'atda Shaklning kamida Mazmun kabi muhim ekanligini idrok yetgan har qanday mutaffakir musiqaviylikning she'rda naqadar muhim rol o‘ynashini biladi. Faqat biz mansub bo‘lgan adabiyotning keyingi (Sovet) bosqichi san'atning bu hayotiy, professional jihatlarini mensimagan bir mafkuraga tayanardi. Shu sababdir-ki, adabiy haqoratlar umumiyat-la «shaklboz», «qofiyaboz» qabilida bo‘lgan. Bu atamalar xuddi «xotinboz», «masxaraboz» singari bir so‘kinch edi.
Sharl Bodler musiqaviylik faqat she'r emas, nasr uchun ham muhim ekanini urg‘ulaydi. Uning fikricha, she'rning nihoiy hadafi go‘zallik bo‘lsa, novella uchun ko‘pincha haqiqatdir. Bu yo‘lda novellaga ham ritm kerak. Ritm bo‘lsa, mantiqiy syujetga qurilgan bu janrda yozuvchi sof she'riyat cho‘qqilari saviyasida bo‘lmasa ham nisbatan avom o‘quvchiga tushunarli mukammal asarlar berishi mumkin.
Kamina 70 yillarda verlibr (sarbast she'r) yozib ko‘rdim.
Bu harakat shoir Erkin Vohidov ta'na qilganidek, «yoshlarning sun'iy yangilik yaratish» oliftaligi yoki shunchaki mexanik intilish emasdi.
Bu ruhning qoliplardan chiqish instinkti, intellektual erk istagi edi. Ammo his etganimdek, u jabhada ham matnlar mendan musiqaviy oziq talab kildi:
Men senga eng achchiq so‘zlarimni titrab Bugun aytaman.
Men seni bugun ayamayin sira, Sen-chi g‘azablan.
Men aytib titrayin, sen so‘zdan titra, Titra nigohdan.
Bugun mening so‘zim, sening g‘azabing O‘tsin nikohdan! 1975
«Beshinchi fasl», 1977. G‘afur G‘ulom nashriyoti
Hatto g‘irt nasriy jumlalarni eslatgan quyidagi qofiyasiz satrlarda ham ichki ohang eshitganim uchun uni barmoq vazniga solmadim:
Avgust.
Hech kimning ko‘ngliga tegmaydigan iliq bir fasl. Yaproqlar sarosimada bu mayinlikdan.
Tunda shivirlab ko‘r,
Oyga eshitiladi shiviring. Jim qadam bosasan
Yulduzlar to‘kilib ketmasin deya… Avgust.
Yaproqlar sarosimada.
«Beshinchi fasl», 1977
Ammo sarbast she'rga bo‘lgan tavajjuh uzoq davom etmadi. Bir muddat so‘ngra yana o‘sha qafas, hijolardan qurilgan oltin panjara orqasidagi SIR meni o‘ziga jazb etaboshladi. Sarbast matnga sayohatdan siqilgan ruhim, xuddi tug‘ma askar kabi, yana intizomni sog‘ina boshladi. Va nihoyat, o‘sha qat'iy, despotik shaklga qaytdim.
Nega qaytdim? Chunki «despotik shakl» men uchun sarbast shakllarga nisbatan she'r g‘oyasini (go‘zallikni) ko‘proq bo‘rttirib ko‘rsatadigan bir chorcho‘p(rom)edi.
Qofiyaning kategoriyalari bor, albatta. Askiya ustalarining qofiyasidan tortib, yallachilarning yallalaridagi qofiya ham qofiyadir. Biz bu yerda tortishayotgan kategoriya ishning professional ahliga oid kategoriyadir.
Sharl Bodler o‘zining «Edgar Po haqda yangi bitiklar» maqolasida shunday deydi. «U (Edgar Po) qofiyadan olingan lazzatni ikki misli orttirish uchun unga daf'atanlik ato etdi. Uning ikkilamchi, uchlamchi qofiyalari, refrenlari zamonaviy she'riyatga leonin (O‘rta asr latin shoiri Leoning satr ichi qofiyalari.M.S.) uslubining yana-da aniq, ajoyib namunalarini tuhfa etdi».
Qofiyaning hech kim urg‘u bermagan bir jihati bor. Bu uning yuzaki qaraganda paradoksal, teranlashganimizda mantiqli ko‘rinadigan tabiati: Qofiya metaforistik she'r matnida qiyin, syujetli matnlarda juda oson qo‘llaniladi. Qofiya suveren bir unsur o‘laroq, erkin harakat kilish uchun she'rdan o‘ziga kengroq maydon talab qiladi. Bu maydon unga berilsa, bu holat tashbih tizimini siqishtirib qo‘yadi, metaforaning kuchini zaiflashtirib, uni mayib qiladi.
Ammo usta shoirlar metafora va qofiya o‘rtasida kuch muvozanatini o‘rnatishi mumkin.
Bu muvozanat o‘rnatilganida san'atda yuqorida zikr etilgan yuksak garmoniyaga erishiladi.
(Davomi bor)
Muhammad Solih