Ko‘zqarash
23 may 2022

Imperativ-50. Yig‘lab kelmoq, kulib ketmoq

(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 50-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan)

«Sof san'at» haqidagi «Fikrlarning shiddatli umri» esse-turkumini yozib, yoyinlaganimda unga munosabat bildirilgan bir qancha xat oldim. Javobga arzigulik xatlarning mazmun yelpozasi (spektri) shu: «Siz o‘zbek edingizku, turklashdingizmi, o‘zbeklikdan g‘ururlanmaysizmi? Siz, musulmon odam, nega G‘arb adabiyoti «dohiy»larini bizning yoshlarga o‘rnak ko‘rsatyapsiz? Boshqa muallim topilmadimi O‘zbek adabiyotida, tarixida? Taqlid qiladigan boshqa ma'naviy yo‘lboshchingiz yo‘qmi? Nega yana yozaboshladingiz, siyosatni tashladingizmi? Adabiyotni emas, oxiratni o‘ylash payti kelmadimi, o‘limni o‘ylash payti kelmadimi?»
Bu savollar O‘zbekistondagi bugungi ijtimoiy konyunktura uchun jiddiy savollar edi. Ularga javob berishni lozim ko‘rdim:
O‘ZBYeKLIK HAQIDA. Hali ham o‘zbekman. O‘zbek turkiman. O‘zbekni bugun yetti suveren davlat va boshqa davlatlar ichida avtonomiyalarda yashayotgan kamida 250 millionlik nufuzga ega Buyuk Turk Millatining bir qavmi o‘laroq ko‘raman.
Turklashmadim, hamisha turk edim. «Turkiston» turklar yashaydigan yurt demakdir. Men o‘sha yurtda dunyoga keldim, yetishdim, ijod etdim, o‘sha yurt ozodligi uchun, ideallarim uchun baholi qudrat kurashdim. Esimni taniganimdan beri ikki orzum bor edi: Biri O‘zbekistonni rus mustamlakasidan ozod ko‘rish, ikkichisi butun Turklarning birligi orzusi. Alhamdulilloh, birinchi orzuim ushaldi. InshaAlloh, ikkinchisi ham ushalajak. Balki, buni men ko‘rmasman, ammo avlodlarimiz Birlashgan Turk Davlatlar(Federatsiyasi)ining vatandoshi
bo‘lajagindan aminman.
G‘URUR HAQIDA. Milliy g‘urur haqda bir necha marta turli sabablar bilan gapirgandim. Bu hususdagi qanoatlarimni yana bir takrorlayman: Inson juda g‘ururlanishni istasa, faqat o‘zi qilgan ishdan g‘ururlanishi mumkin. O‘zbek bo‘lib (turk bo‘lib) yaratilishimda mening xizmatim yo‘q. Demak, Turklikdan(O‘zbeklikdan) g‘ururlanishga ham haqqim yo‘q. Ammo O‘zbek(Turk)ni sevaman, chunki, O‘zbek(Turk) o‘zimman.
YO‘LBOShChI HAQIDA. Adabiyotda muallimim yo‘q. Tavoze ko‘rsatib, «mendan oldin o‘tgan butun buyuk adabiyotchilar muallimimdir», deyishni ham istamasdim. Chunki, bunga avval o‘zim ishonishim kerak. Bunday ishonch yo‘q. Lekin yashash tarziga taqlid etishga intiladiganim bir rahbar bor. Oradan 1.5 ming yil o‘tganiga qaramay, aytgan har so‘zi asrlar pardasini yirtib, bugunning mutmain qalblariga uzangan va ularni yoritib turgan bir yo‘lboshchi. Bu Ollohning so‘nggi elchisi Muhammad Alayhissalom sallalohu alayhi vassallamdir. Unga isnod qilingan ammo unga oid bo‘lmagan ayrim kalimalar orasidan aynan uning aytgan so‘zlarini darhol taniyman va qalbim larzaga keladi. Chunki, uning so‘zlarining aurasi boshqa, uning so‘zlaridagi energiya boshqa. Kim bo‘lsang bo‘l, Hadis kitoblarida bir so‘z, bir jumla qalbingni titratib, tuylaringni hurpaytirsa, ichingda bir saodat uyg‘otsa, bilki, bu o‘sha yo‘lboshchining so‘zlaridir.
O‘sha Yo‘lboshchi so‘zlariga amal qilishga harakat qilayapman. Naqadar bu ishni epladim, Buyuk Mahkamada ko‘ramiz. Muammo chiqmasin, deya duodaman.
ADABIYoT HAQIDA. Kamina umrining yarmini adabiyotga bag‘ishlagan bir kishiman. Adabiyot haqda yozishimdan ham tabiiyroq narsa yo‘q. Adabiyot, G‘arbdami, Sharqdami, men uchun yagona jabhadir. Tillarning, etnik ildizlarning biz zon etganimiz qadar ahamiyati yo‘q. Yagona Adabiyot Tili bor, bu til Zehniyat tilidir, dunyoqarash tilidir. Bu til butun lingvistik farqliliklarning ustundadir. Bu tilni ona (lingvistik) tillari xar xil bo‘lgan adabiyotchilar o‘zlarining iste'dodi nisbatida tushunaveradi, bu tilda mushohada qilaveradi. G‘arb adabiyoti haqida yozgan bo‘lsam, yozganlarim shaklan O‘zbek tilida, mazmunan o‘sha Zehniyat tilidadir.
Bu radikal xulosaga shu tajribadan so‘ng keldim: 18 yoshimda kommmunistik mafkuraning bir yosh qurboni o‘laroq men uchun bitta Sovet xalqi bor edi. Sovet armiyasidagi ko‘rganim zulm sharofati (zulm ham ba'zan sharofatdir!) bilan millatimni tanidim. Va milliyatchi bo‘ldim. O‘zbekni eng buyuk qavm o‘laroq idrok etdim, yuksaltdim, ideallashtirdim.
Keyin dinimni tanidim. Yer kurrasidagi butun insonlarning otasi Odam, onasi Havvo ekanligini kashf etdim. Va hech bir millatni idellashtirmaydigan bo‘ldim. Allohning «Odam» suratida xalq etgan kulliy mavjudotini Alloh uchun sevishga, unga hamdard bo‘lishga harakat qiladigan bo‘ldim.
Adabiyot ham til va millatidan qat'iy nazar
yagona ildizga borib taqaladigan Odam va Havvo o‘g‘li, go‘zallik axtargan Inson ruhining emanatsiyasidan boshqa narsa emas.
NYeGA HALI HAM YoZAYoTGANIM HAQDA. Doim
yozganman, kasbim shu.

KASBIMIZ

Yaxshimi, yomonmi, kasbimiz so‘zdir. Biz aytgan so‘zdan tosh erimasa ham, Chiqib ketmasa ham ilon inidan,
Bu kasbdan tonmaymiz bari bir.

Devor paydo bo‘lsa ro‘paramizda Unga ham boshlarni urmaymiz –
Ish shu bo‘lgandan so‘ng, gapiramiz-da, So‘zlaymiz devorga, qarab turmaymiz. (1981)

O‘qiganingiz bu matn 39 yil avval yozilibdi. Ko‘rib turganingizdek, hali ham devorlarga gapirayapman. 39 yil avval aytganim gaplarni bugun ham aynan takrorlashga majbur bo‘layapman. Bu gapirganlarim uchun ta'qib qilindim, hibs etildim, surgun qilindim, ammo hech narsani o‘zgartiraolmadim.
Shuncha kitob chiqardim, ammo sarf etgan so‘zlarimdan bitta ham tosh erimadi, bitta ilon ham inidan chiqmadi. Toshlar hali ham tosh, ilonlar hali ham o‘z inlarida.
Ammo yozishda davom etaman toki, kuchim bor ekan.
Chunki, kasbim shu. Boshqa narsani bilmayman.
Qolaversa, yosh yetmish bo‘ldi. Bu yoshga kirgan odam beixtiyor o‘tgan yo‘liga qayrilib bir nazar tashlaydi, «kim edim-nima bo‘ldim» hisobini qiladi. Men ham o‘tgan yo‘limga bir nazar tashladim. O‘z o‘tmishim haqda, yoshligimni qaerda sarflaganim haqda yozdim. Uni, balki, yaxshiroq, xayirliroq narsalar uchun sarflash mumkin edi, ammo bizga nasib etgani shu bo‘ldi. Yagona tasalli, adabiyot bilan shug‘ullanar ekan, adolat tarafida bo‘lishga, mazlumning yonini olishga, uning dardlarini yozishga harakat etdim. Xalqim deb bilganim xilqatning dardlarini yozishga urindim. Agar Alloh umr bersa, o‘z kishiligimga yana bir necha marta «qayrilib qarash» niyatim bor.
Blez Paskal (u ham g‘arblik) «inson qaysi yuksaklikdan yiqilib tushganini anglash uchun dunyoga keladi», deydi. Bu mutaffakir zikr etgan yuksaklik haqda yoshligimdan beri ko‘p o‘yladim va Yaratganga hamd bo‘lsin, U menga bu yuksaklikni ko‘rsatdi. Odam Ota va Momo Havvo yiqilgan yuksaklikni.
Masala, endi bu yuksaklikka qanday qilib qayta yuksalamiz qaysi narvon bilan, qaysi kuch bilan?
Yuksalaolamizmi?
Bu yuksalishni ta'riflash uchun tashbihlar bisyor, ammo balandparvozlik qo‘rqusi, chiroyli kalom qurish yengiltakligiga tushish andishasi tilimni tiydiradi.
Naqadar oz so‘z bilan, naqadar sokin va taslimiyat ichida yuksalaolsak, u qadar o‘zimiz uchun xayirli bo‘lishiga shubham yo‘q.
Hozircha, avval bizga berilgan fursatdan (hali ham tirikligimizdan) foydalanib, o‘zimizni oqlash uchun bir-nechta bahona topishimiz kerak. Mening topgan bahonam shu: bugun agar avvalgidan birmuncha oz kibrli bo‘lsam, avvalgidan bi oz marhamatliroq esam, avvalgidan sabrliroq bo‘lib, xushko‘ruvchiligim (tolerans) biroz oshgan bo‘lsa, bunda mening hech bir xizmatim yo‘q degan qanoatdaman. Nafsimni yaratgan Zot unga shunday sharoit yaratdiki, xulqda bu o‘zgarishlar yuz berdi, bu shartlarni inkor etsam, (etolmasdim zotan!) men halok bo‘lardim.
Bularning hammasini ko‘rib turgan Alloh meni avf etadi deb uylayman.

(Davomi bor)

Muhammad Solih

Tag‘in o‘qing
21 dekabr 2021
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov 10 kilogrammgacha ozgan amaldorlarga 5 mln. so‘m mukofot puli berishini e'lon qilibdi. Xalq rizqidan ...
9 dekabr 2017
Konstitutsiyaning 25 yilligiga bag‘ishlab 7 dekabr kuni qilgan chiqishida prezident Mirziyoev 2700 odamni avf qilganini bildirdi. «Hozir 57 ming ...
1 yanvar 2017
Rassom Adolat Eltuzga jo‘natgan navbatdagi karikaturasini Yangi yil mavzuiga bag‘ishlaydi. Uning bu safargi qahramoni, qahraton qishda Qorboboni kutib olayotgan ...
24 avgust 2020
Belarusdagi namoyishlar ortidan prezident Aleksandr Lukashenkoning 23 avgust kuni avtomat va bronejiletda aks etgan videosi ijtimoiy tarmoqlarda memga aylandi. ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...