Audio-kitob
27 may 2022

Imperativ-52. Din haqidagi savollarga javoblar

(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 52-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan)

Musulmonlarning joriy fojiasi islomga qattiq berilganlikda emas, balki islomga berildim, deb bid'atga berilganlikdadir. Chunki haqiqiy ilm — islomdadir. Bu Ibn Sinoning ilmi, Al Xorazmiyning ilmi, Beruniyning, Ulug‘bekning, Ali Qushchi va boshqalarning ilmidir.
Ular – Islom shariatini o‘z hayotlarining dasturi qilgan insonlar – bugungi dunyoviy ilmlarning tamal toshlarini qo‘ygan buyuk ajdodlarimizdir. Bugungi «Islom olimlari» Islomni o‘z hayotlarida haddan tashqari ko‘p tadbiq etganlaridan emas, to‘g‘ri tadbiq etmaganlaridan chalamullalarning tanqidiga uchramoqda. Va ularning tilidan, bilib-bilmay, chalamullalar emas, balki dinimiz Islom qoralanmoqda.
Kaminaga savol berayotganlar fikricha, agar xalqimiz namozni besh vaqt emas, ozroq o‘qib, o‘rniga pozitiv «ilmlarni» o‘rganganda edi, intellektual sohada oldinga ketib, fanda taraqqiy etar, farovonlikka erishib… Moskvada yengilroq ishlarda ishlagan bo‘lar, turmush saviyasi yuksakroq bo‘lgan bo‘lardi, deya mushohada qiladilar va nihoyatida «dinni isloh qilmasdan turib, taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi», qabilidagi keng tarqalgan demagogiya (safsata)ni yoyishga harakat qiladilar.
Aslida, haqiqat bu istiqomatning ters yo‘nalishidadir:islom dunyosidagi bugungi zalolat va sharmandalikning asos sababi — islomiy ilmsizlikdir, din bilgisining sayozligidadir.
Ya'ni, musulmonlar dinni o‘zlariga ko‘ra emas, o‘zlarini dinga ko‘ra isloh qilishlari kerak. Chunki, haqiqiy ilm — islomdadir. Demak, dinni o‘zimizning PAST saviyamizga tushirishga intilish o‘rniga, qalblarimiz va aqllarimizni dinning YuKSAKliklariga ko‘tarish uchun g‘ayrat qilishimiz kerak. Ilmlarimizni ham shu tabiiy iqlimda oshirishimiz lozim. Milliy mafkuramiz xam shu tamalga qurilishi kerak.
Buyuk astronom Ulug‘bekni siz aytganday din emas, chalamullalar o‘ldirdi. Sizning vatanparvarligingizni «samimiy» degandim, ammo sizni ranjitmaslik uchun uning muhim jihatini yashirgandim, aytishga majbur qildingiz: sizning vatanparvarligingiz sayozdir. Sayozlik esa, doim agressiv bo‘ladi. Xuddi Ulug‘bekni qatl etgan chalamullalar kabi agressiv. Shu ma'noda, siz o‘sha nafratlanganingiz chalamullalarga juda yaqinsiz: ular din tarafidan chalamulla, siz qarshi tarafdan chalamullasiz. Ya'ni, ayni tanganing ters yuzisiz.
Kitobimiz Qur'oni Karim siz aytganday arablarning hadyasi emas, Ollohning yuborgan Kitobidir. Unda o‘tmish ham, kelajak ham yozilgandir. Bu ilmiy isbot qilingan bir haqiqat. Aqlli insonlarga isbotni takrorlashning hojati yo‘q, johillarga esa, foydasi yo‘q.
Siz yana boshqa bir izohda xalqqa «ko‘zingni och, bo‘yningdagi din zanjirini uz!», deya xitob qilibsiz. Ammo ko‘zni ochish bilan muammo hal qilinmaydi. Ko‘z ochiq bo‘lishi mumkin, ammo ko‘rish hammaga ham nasib etavermaydi. Millionlab, hatto milliardlab ko‘zi ochiq ko‘rlar yashayapti dunyomizda. Faqat o‘zlarini yaratgan Zotni taniganlarninggina ko‘zlari (haqiqatni) ko‘rishi mumkin. Qolganlari bebaxtlardir — ko‘zi ochiq ko‘r, qulog‘i bor sag‘irlardir.
Robbini tanigan insonlar uchun esa, din — maxluqqa qullikning zanjiri emas, Xoliqqa qullikning hurriyatidir.
Xo‘sh, nega bizning musulmon o‘lkalarimiz taraqqiy etmayapti, nega qoloq?
Ateistlarning iddao qilganiday, shariatning qonun-qoidalarini bajargani uchun shu tanazzulga tushdimi ummat?
Nega musulmon bo‘lmagan Ovro‘po va Amerika fan va texnikada oldinga ketdi? Nega ularning jamiyatida moddiy farovonlik va ijtimoiy istiqror hokim?
Bu savollarga har kim tushunadigan shaklda, sodda javob berish mumkin: Tanazzul ummat islom shartlarni bajarishni tark etgan asrdan boshlandi.
Musulmonlar besh vaqt nomoz o‘qisam, zakot bersam, hajga borsam, ro‘za tutsam, shuning o‘zi jannatga kirishim uchun yetarlidir, deya fikrlay boshlaganda tanazzul indi ustimizga.
Tanazzulning sabablari zohirda iqtisodiy, siyosiy va yoki ijtimoiy bo‘lib ko‘rinishi mumkin, ammo bu yuzadagi sabablar zamirida asos sabab ma'naviydir. Buning ham tarixi bor.
Muaviya va uning o‘g‘li Yaziddan boshlab boshlab, islom faqat ibodatdan iborat bir din holiga keltirila boshlandi.Musulmonlikni kalimai shahodat, nomoz, haj, ro‘za, zakot bilan chegaraladilar. Holbuki, Qur’on Karim va Xadisi sharifga ko‘ra musulmonlikning xuddi yuqoridagi besh shart kabi muhim bo‘lgan adolat,omonat, ahliyat, maslahat, to‘g‘ri so‘zlilik, va'daga vafo kabi shartlari ham bor edi. Hukmdorlar bu shartlarni ummatga unuttirdi, chunki ular bu shartlarni ado etishga qodir emasdilar.
Va musulmonlar adolatni unutdilar, so‘zlarkan, yolg‘on so‘ylamoqdalar, va'da bersa, va'dasini tutishmayapti, omonatga xiyonat etishmoqda ishni ahliga bermay, qarindosh urug‘iga bermoqda, xalq bilan maslahat qilmayapti.
Ya'ni tanazzul dinimiz taqozo etgan bu amrlarga itoat qilmay qo‘ygan zahot indi.
Bundan tashqari, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bizga ilmni Chindan bo‘lsa ham izla, bir ishni bajararkan, uni xuddi abadiy yashaydiganday ijro et, astoydil mehnat qil, ertaga qiyomat boshlansa-da qo‘lingdagi ko‘chatni ek, deb nasihat qildi, ammo musulmonlar bu nasihatni tutmadi, yalqovlik qilib, ilm izlashdan to‘xtadi, ilmlilardan qo‘rqdi, ularni Ulug‘bekni o‘ldirgan kabi o‘ldirdi, qiyomatni eshitib qo‘lidagi ko‘chatni tashladi, ya'ni, umidsizlikka tushdi.
Buning mukofoti Buyuk Tanazzul bo‘ldi. Ovro‘paliklar teskarisini ushladi: yolg‘on so‘y-
lamadi, va'da bersa, va'dasini tutdi, omonatga xiyonat qilmadi. Ishini puxta va xolis bajardi. O‘zlari islom bo‘lmasalar-da — Tavhid istisno
— islom dini chizgan chorcho‘p ichida harakat etdilar: astoydil mehnat qildilar, ilmli insonlarning boshini siladilar, yordam berdilar, yuksaltdilar, bir daraxt o‘tkazish imkoni bo‘lsa, darhol o‘tqazdilar va hakozo va natijada o‘lkalari taraqqiy eta boshladi.
O‘tgan asrda tasavuff ahlidan bir olim bu xususda: «Ovro‘poliklarning qilgan ishi bizning dinimiz kabi mustahkam, bizning qilgan ishimiz ularning dini kabi buzuq», degandi.
Ha, ovrupolik o‘z ishini sifatli kilgani uchun Olloh uni bu dunyoning ne'matlari bilan siyladi va siylayapti.
Ya'ni, Islom Dini butun dunyoga kelgan bir dindir, faqat musulmon bo‘lgan nufuzga kelgani yo‘q. Kitobimiz deydiki, shu-shu ishlarni shu-shu shaklda ijro etsang, buning shunday mukofoti bor, ijro etmasang, shunday jazosi bor — ixtiyor senda, deydi. Mujda shunchalar ochiq!
Albatta, bu yerda islom dini omilining taraqqiyot va moddiy farovonlikdagi roli haqda gapirilar ekan, bunga Ovro‘po jamiyatining zohirda ko‘ringan muraffah turmushi o‘rnak ko‘rsatildi. Ammo Ovrupo madaniyatining ma'naviy jihatidan buyuk bir cho‘kish jarayonini yashayotgani haqda gapirilmadi. Holbuki, faqat moddiy faravonlik va texnik taraqqiyotning o‘zigina inson zotini baxtiyor qilish uchun yetarli emasligini yana o‘sha G‘arb jamiyatidagi ruhiy tushkunlik shafqatsiz bir shaklda namoyon etdi.
Bu fojia yuqorida ishora qilganimiz Tavhiddan judo bo‘lgan bir jamiyatning fojiasidir.

(Davomi bor)

Muhammad Solih

Tag‘in o‘qing
4 fevral 2024
2019 yil Yusuf Xos Hojibning 1000 yilligi, «Qutadg‘u bilig»ning 950 yilligi Qozog‘iston va Turkiya tashabbusi bilan YuNYeSKO tomonidan dunyoda ...
16 noyabr 2017
Boshqa dinga kirganlikda ayblab, xotinini pichoqlagan sayramlik 34 yoshli Xayrullo Normetov 14 noyabr kuni hibsga olindi. Sud hukmi chiqquniga ...
20 noyabr 2018
«O‘zbekkontsert» birlashmasi «uyatsiz» klip bois Shahlo Ahmedovaning litsenziyasini olib qo‘ydi.  Rassom Tuz Eltuz.com
10 mart 2020
«UzAvto Motors» AJ 9 martdan avtomobillar narxini 3 foizdan 21 foizgacha oshirganini ma'lum qildi.  Bildirilishicha, oddiy aholi sotib olishi ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...