Islom Karimov Turkiya raxbariga Muhammad Solih kitobini hadya qilgandi – 3 qism
30 yildirki sargardonlikda, avval Norvegiyada keyin Turkiyada yashayotgan Muhammad Solih yangi kulliyoti – asarlar to‘plami ustida ishlamoqda. Unga bir vaqtlar Karimov maqtanish uchun Turkiyaga ko‘tarib borgan Yunus Imro asarlari tarjimasi ham kirgan.
«KULLIYoT» HAQIDA
3-Qism
MUXBIR: Solih aka. Mana 30 yildirki umringiz sargardonlikda kechyapti. Siyosatga kirib, baloga qoldingiz. Norvegiyada borganingizdagi u yerdagi lagerda uch oy hech bir sharoiti bo‘lmagan ,imtiyozi bo‘lmagan kichik bir xonada yashadingiz. Og‘ir kunlarni kechirdingiz. O‘zingiz aytganingizdek, bir ishni boplayman, u ham bo‘lsa – she'r yozishni degandek, bu yillarda she'riyat bilan mashg‘ullik qanday bo‘ldi? She'riyatdan uzoqlashib ketmadingizmi? Obrazli qilib aytganda,qalamni chetga uloqtirmadingizmi?
MUHAMMAD SOLIH: Umuman aytganda anchagina uzoqlashdim adabiyotdan.Siyosat vaqtimni oldi. Yozganda ham she'r emas,publisistik maqolalar,esselar yozishga to‘g‘ri keldi.Siyosiy voqealar shuni taqoza qilardi chunki. Butun umrim davomida yozganlarim va surgunda yozganlarim to‘planib, 9 ta kitob, «Kulliyot» tayyorlanyapti hozir. Uning katta qismi publitsistik maqolalar,esse va boshqa janrlar.
MUXBIR: Demak ,buni o‘zbekcha bayon bilan aytsak, ” Tanlangan asarlar” ingiz chiqarkan-da?!
MUHAMMAD SOLIH: Yo‘q, ”Tanlangan asarlar” emas, «Kulliyot». Ya'ni bugunga qadar yozganlarimning barchasi. Masalan,hozir sizning yoningizga kelguncha ,bomdodni o‘qigandan so‘ng ham biroz ishladim. Bular ham kiritiladi. Menga buni tayyorlab berishyapti. O‘zbekistonda bir shoira singlimiz bor. Bu ishni shu singlimiz olib boryapti, Alloh rozi bo‘lsin!
MUXBIR: Agar sir bo‘lmasa,ismlari kim ekan bu shoira qizning?
MUHAMMAD SOLIH: Sir emas, aytishim mumkin. Go‘zal Begim bu ishga yordam beryapti. Kitobning tuzuvchisi ham,unga so‘zboshi,izoh yozuvchi ham u. Go‘zal Begim yaxshi shoira. Iste'dodli,to‘g‘riso‘z, iymonli inson. Men bu ishni uning o‘ziga bemalol ishonib topshirganman. Go‘zal Begim do‘stimiz Matnazar Abdulhakim bilan ham ishlagan. Kitoblar 9 jild bo‘ldi,tarjimalar ham kirgan.
MUXBIR: Sof she'riyatingiz necha jild bo‘ladi shunda?
MUHAMMAD SOLIH: Ko‘p emas. Ikki jild bo‘lyapti.She'rlar qisqa. Har birini alohida sahifada beraylik deyishyapti.
MUXBIR: Ha, she'rlaringiz qisqa. To‘rt qator ba'zisi.Shuning evaziga ikki jild bo‘lyapti,demak.
MUHAMMAD SOLIH: Ha,shu sabab ikki jild bo‘lyapti. Izma -iz berganda bir jild bo‘lishi mumkin edi. Biroq u holda 550 bet bo‘lib ketadi. Bu juda katta hajm. Shuning uchun bo‘linyapti.
MUXBIR: Ya'ni ikki jildga?
MUHAMMAD SOLI: HAslida,men ko‘p jildli bo‘lishini xushlamayman. Jild ko‘paytirish tarafdori emasman. Ammo shunga majbur bo‘lyapmiz. Masalan, maqolalar bir jildga jamlaganida hajmi 900 bet bo‘lib ketyapti. Shuning uchun ular ikkiga bo‘linib,400 betdan taxlanyapti. Ovrupo adabiyotidan,Sharq adabiyotidan qilingan tarjimalar to‘qqiz yuz bet bo‘lyapti. Masalan,»Dada Qo‘rqut” dostoni, Yunus Emro devoni, Ziyo Go‘kalpning ”Turkchilik asoslari” asari. Shu uchalasi bir jildda jamlanayapti.
MUXBIR: Yunus Emro bizning elda ham juda qadrli. Turklar uchun esa ,albatta, ulug‘ siymo.
MUHAMMAD SOLIH: Mutlaqo shunday.
MUXBIR: Uning ham she'rlarini tarjima qildingizmi?
MUHAMMAD SOLIH: U aslida 1990-yilda bosilgan.
MUXBIR: Sizning tarjimangizdami?
MUHAMMAD SOLIH: Mening tarjimamda. Islom Karimov ilk bor Turkiyaga borganda,o‘sha kitobni mendan iltimos qilib so‘rab olgan va o‘zi bilan olib ketgandi. Va turklarga bu kitobni ko‘rsatib, «bizda ham sizlardan tarjima qilganlar bor» deb maqtanish uchun.
MUXBIR: Ehhee! Siz orqali ochko olibdi-da?
M. S .Shunday. Bundan tashqari 4 jildlik “Payg‘ambarlar tarixi” ni tarjima qildim.Ammo buni kiritmayapmiz.
MUXBIR: Sabab? Katta hajmli bo‘lgani uchunmi?
MUHAMMAD SOLIH: Yo‘q, buning uchun emas. U mening asarim emas. Men ma'lumotlarni to‘plab,tarjima qilib,tuzdim. Badiiy ijod emas u. Ijodimga aloqasi yo‘q. Frantsuz adabiyotidan qilgan tarjimalarim badiiy ijod bo‘lgani uchun kiritilyapti. Buni ham istaganim yo‘q edi kiritishni. Do‘stlar shunday taklif berishyapti. An'ana shunday ekan.
MUXBIR: Juda yaxshi ish bo‘libdi. Muborak bo‘lsin!
MUHAMMAD SOLIH: She'r ham shu ikki yildan buyon yozila boshladi yana. Aktiv siyosatdan chekinganim bois.
MUXBIR: Bir savolim bor edi. Aslida, barcha she'rlaringizni jamlasa 3-4 jild bo‘lardi. Lekin siz ularning anchasidan voz kechganingizni aytgandingiz bir suhbatda.
MUHAMMAD SOLIH: To‘g‘ri. Voz kechgan she'rlarim bor. Dahriy she'rlar edi ular. Sarxush she'rlar deb atayman men ularni.
(Davomi bor)