Video
23 noyabr 2023

Rassom Tuz: Qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydigan O‘zbekiston

Yangi O‘zbekistonda jamiyat ikkiga bo‘lingan: Bir biri ustidan yozadiganlar va pul berib, birovning ustidan yozdiradiganlarga.

Istisno o‘laroq, birovning ustidan yozadiganlar qamrov katta bo‘lsin deya «bloger yollab» o‘z yozmishini tarmoqqa chiqarishni ham istaydi. Ammo uning «murodi hosil bo‘lmasa» nayzasi o‘tmas blogerning ustidan ham yozishni boshlaydi. 

Erinmay prokurordan tortib, prezident devonigacha yozadi. Bittasi hatto BMT bosh kotibiga ham ariza yozdi. 

Sovet davridagi teleminatyuralarda bu «yozuvchilar» hajv qilinardi. G‘urbatillo va G‘iybatillo degan personajlarni katta yoshdagilar eslaydi.

O‘sha minatyuralardan biridagi «yozuvchi» o‘ng qo‘lining ustidan ham yozganini aytsa. Ënidagi «yana mening ustimdan ham yozib yurma» deydi. G‘urbatillo bo‘lsa, «qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi» deya maqol aytadi. Bunga javoban G‘iybatillo «Endi bilib bo‘ladimi? Qarg‘a qarg‘ada» deydi. Shunda G‘urbatillo chetga o‘girilib «allaqachon sening ustingdan ham yozib qo‘yganman» deb tomoshabinga shivirlaydi. 

Hozir zamon o‘zgardi. Chap qo‘lda anonimka yozish urfdan qoldi. Mahala guzaridagi to‘ylarni video qiladigan bachaga aytsangiz, prezidentning adolat haqida aytgan gapini orasiga qo‘shib, diydiyoyingizni montaj video qilib beradi. Keyin bu videoni auditoriyasi ko‘p blogerga pul berib aylantiraverasiz.

Asnoda sizning istagingiz bajo bo‘lishi mumkin. Hatto bu istak qonunga zid bo‘lsa ham.

Ayni paytda O‘zbekistondagi barcha nashr va blogerlar «bombila» taksichilar kabi tez ishlab zamonaviy g‘urbatillolarning donoslarini pul evaziga shaqillatib chiqarib yotishibdi. Mashindagi schyotchik pulni sanab ulgura olmayapti.

Egri qoziqqa egri to‘qmoq degani bu.

Misol keltirsam. Qarshidagi «fuqaro» effect.uz kanalida video chiqarmoqchi bo‘ldi. Effekt uzga bir million so‘m o‘tkazib ham berdi. Effect.uz bu videoni o‘zining telegram kanalida yoyinladi. 

Ammo shikoyatchi «fuqaro» bundan qoniqmay, nega Yutub kanalida ham qo‘ymadingiz deb effect.uz ustidan shikoyat yozishni boshlab yubordi. Yaqinda Haaga sudiga ham yozarkan. 

Effect.uz TG kanalida yoyinlagan videoshikoyatni ko‘rib chiqdim.

Shikoyatning yarmidan ko‘pi preizdent Mirziyoega maqtov diferambalari bilan to‘lgan. Saylovda «faqat sizga ovoz» berdim degan pisanda ham bor. Keyingi qismida esa prezident adminstratsiyasi «najot qo‘rg‘oni» deb maqtaladi. 

(Qashqadaryodan chiqqan shoir bir paytlar Rashidov ishlaydigan TsYeKA binosini «Najot qal'asi» deya maqtab kitob chiqaruvdi. Qashqadaryocha laganbardorlik rituali bo‘lsa kerak bu.) 

Shikoyatning maqtovdan ortgan qismida Qarshidagi oliygoh rektori yurfak studentlariga ingliz tilidan imtihon qo‘yganidan zorlanadi. Chunki «xovaryudan nevoryu»ni farqini bilmaydigan ikkichi studentlar imtihondan ontarilib to‘lagan kontrakti havoga uchayotgan «emish». 

Dunyodagi oliy ta'lim standartiga ko‘ra diplom oladigan kishi ingliz tilini bilishi kerak. 

Agar Qarshida shu paytgacha bu qo‘llanilmagan bo‘lsa, minus. Buni shikoyat deb yozib, shuncha videoni uvol qilishning o‘zi keraksiz yumush.

effect.uz million so‘m olgani uchun bu diydiyoni TG kanaliga qo‘ydi. 

Ammo endilikda diydiyochining kesakbo‘roniga nishon bo‘ldi.

Har bir hasharotning kushandasi yana bir hasharot. Pul olib diydiyo nashr qilishning badali bu. 

Effect.uz rahbari Akmal Eshonxonov Eltuz bilan suhbatda, «nashrni yuritib turish uchun shu yo‘lni tanlaganini» aytdi.

Germaniyaning Myunxen shahrida yashaydigan ekspert fikricha, «blogerlarning pul evaziga diydiyo nashr qilishi jinoyat emas.

Ammo bu erda jurnalistik etika buzilishi bor».

Ekspertga ko‘ra, «blogerga pul berib problema yechish» uslubi Xitoyda ham bor ekan. 

Butun dunyoda jurnalist redaktsiyadan oylik yoki gonorar olib ishlaydi. Gazeta, jurnal yoki teleradiokanal esa reklamadan pul topib yoki grant asosida muxbirlarni va o‘z faoliyatini ta'minlaydi. 

Butun dunyoda blogerlar folloverlarining soniga ko‘ra tarmoqdan pul oladi yoki shunchaki xobbi o‘laroq tekin ishlaydi. Titanik cho‘kayotganini ko‘rgan muxbir kema kapitaniga qarab, «seni cho‘kkaningni yoritishim uchun pul ber» demaydi. 

Uzun kirishdan so‘ng O‘zbekistondagi matbuot realligiga o‘tsak. 

O‘zbekistondagi barcha nashrlar muxbirlari va bemaza qovun urug‘iday ko‘paygan blogerlar o‘zlari yozmoqchi bo‘lgan voqea qahramonlaridan pul oladi. 

“Pul bersang, problemangni chig‘orib beraman,” deydi.

Savodsiz bir jinni videoni yoqib pul olgan odami haqida aljirab o‘tiradi.

Odamlaram matbuot shunaqa bo‘lar ekan deb ko‘inikib ketishgan.

Biror tadbirga chaqirilsa baqlajon.uz ham «dogovor yuboradi» pulini to‘lab qo‘ying deb.

Ilgari odamlar restorandagi mashshoqqa pul berib ashulla aytirishardi. Hozir «jurnalistga» pul berib maqola yozdirishadi.

Bo‘ynidan bog‘langan it ovga yaramaydi. U egasi bergan suyak va kulba evaziga vovullaydi.

Butun boshqa sohalar kabi jurnalistikani ham o‘ldirib ko‘mib qo‘yishdi O‘zbekistonda.

Bir suruv tilanchi esa jurnalist niqobini kiyib pul evaziga «binnasalar» yozib yotibdi.

Tuyadan so‘rashibdi nega bo‘yning egri deb. Tuya «qaerim to‘g‘ri?» deb javob beribdi.

Bu rassom Tuz blogi edi. Sizlardan yana bir bor kanallarimizga obuna bo‘lishni so‘ragan bo‘lar edim. Yutub kanalidagi obunachilarimiz soni ayni damlarda 509 ming nafarga yetdi. Eltuzning yaqinda ochilgan Instagramdagi sahifasi obunachilari soni esa 10 mingdan oshdi. Eslatib o‘tamiz bizning kanallarimiz feysbukda, telegramda va tik tokda ham bor. 

Tag‘in o‘qing
21 noyabr 2022
Salom qadrli muxlislari. Bugun 21 noyabr. E'tiboringizga Eltuz «600 sekund»ning navbatdagi sonini taqdim etadi.+++Kattaqo‘rg‘onda itni temir bilan urib o‘ldirgan ...
20 iyun 2017
15 iyun kungi selektor yig‘ilishida Prezident Mirziyoev qo‘sh xotinlik muammosini tilga oldi. «ZAGS hujjati bo‘lmagan shaxslarga nikoh o‘qigan har ...
28 yanvar 2019
24 yanvar kuni Nukusda Jumamuratovlar oilasida tug‘ilgan uch egizak qizga prezident ismlari berildi. Bu haqda «Xalq so‘zi» gazetasi xabar ...
22 fevral 2018
O‘zbekiston prokuraturasi matbuot bo‘limi xodimi 23 fevral kuni telefonda «Eltuz» muxbiriga Qodirovning qamoqqa olinmaganini, boshqa yana bir manba esa ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...