Video
13 dekabr 2023

G‘ujumsoydan oltin o‘marayotgan «ko‘chinskiy»lar

“Biz tomonlarda “ko‘cha bolalari”ni “bosslar” deb atashadi. Ular ehtiyojmand o‘smirlar va yigitlarni yollab yoki qo‘rqitib, tarkibida oltin bo‘lgan ma'dan toshlarni o‘g‘irlab  chiqish uchun “G‘o‘jimsoy”, ”Zarmitan”  konlariga qarashli yerosti shaxtalariga yashirincha kiritish, ma'dan toshlarni o‘zlariga tegishli qo‘lbola minizavodlarda maydalab, qimmatbaho metallarni ajratib olish bilan shug‘ullanadilar» 

O‘qiyotganimiz bu xat Eltuz pochtasiga kelgan. Unda keltirilgan faktlarning qanchalik to‘g‘ri ekanini tekshirish uchun Eltuzda hozircha resurs va imkoniyat yo‘q. Biroq bu ma'lumotlar millat uchun ham, hukumat uchun ham juda muhim. Shundan kelib chiqib biz uni aslicha va muallif anonimligini saqlagan holda o‘qishda davom etamiz.

Bu noqonuniy faoliyat ortidan “boss”lar  milsiz boylikka ega bo‘lishyapti, ularga xizmat qilganlar esa yo  qo‘lga tushib qamalayapti yoki tosh ostida qolib bevaqt narigi dunyoga ravona bo‘lishayapti. O‘lganlarning jasadi kamdan – kam hollarda tashqariga chiqariladi. Gap-so‘zdan yiroqroq bo‘lish uchun murdalar  o‘sha joyning o‘zida sheriklari yoki kon ishchilari tomonidan zaboylarga uloqtiriladi. Xatirchi, Paxtachi, Kattaqo‘rg‘on va boshqa  tumanlaridan bedarak yo‘qolganlarning aksariyati   ana shu zaboylardan topilishi aniq.

“Boss”lar barcha ishlarni panada turib boshqarishadi. Shu boisdan ular hamisha yollagan odamlari qo‘lga tushadimi, o‘lib ketadimi, javob berishmaydi – suvdan quruq chiqishadi. Chunki ularning dolya olib turadigan homiylari bor. 

Janubiy kon boshqarmasi direktorining tartibot masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Rustam Po‘latov, uning o‘rinbosari Ahror Dilmonov, idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘limi boshlig‘i Sobir Xolmo‘minov, uning Zarmitan maydonchasidagi muovini Bozor Muhamedov ularning suyangan tog‘iyu ishongan bog‘iga aylangan. Itining yalog‘igacha tilla bo‘lib ketgan bu shaxslar “boss”larga har qanday vaziyatda zarur sharoitni yaratib berishmoqda. 

Masalan, bundan bir yarim – ikki yil ilgari ma'dan o‘g‘rilari shaxtalarga ventilyatsiya tizimlari, o‘pirilgan joylar, qarovsiz shaxtalar orqali yashirincha kirib-chiqishar edi. Hozir esa  hech kimdan tap tortmay bemalol, bamisoli metroga tushganday kirib-chiqishmoqda. Faqat chipta narxlarida  farq bor: bu yerda bir odamga kirish – 100 AQSh dollari, chiqish esa – 500 AQSh dollari!

Chiqish narxi namuncha qimmat, deb hayratga tushmang. Chunki ular olib chiqayotgan  yuklar – baklajkalarga joylangan oltin zarralari bir necha yuz million so‘mlarga baholanishi mumkin. Shu bois Sayfullaev Bobir, Omonov Olim, Qambarov Zoir, Pardaev Abdulla va boshqa “nachkar” (qorovul boshliqlari)larning tun bo‘yi qo‘li-qo‘liga tegmaydi. Axir bir kechada 30-40 kishini ichkariga kiritish, taxminan shuncha mijozni tashqariga chiqarish osonmi?! Endi ulardan tushadigan daromadni-ku qo‘yavering. Uni chamalash yoki hisoblab ko‘rish bizdan ko‘ra tegishli idoralarning xodimlariga ma'qulroq.

Xullas,”boss”lar bilan “nachkar”lar o‘rtasidagi bunday jinoiy til biriktiruv har ikki tomonning oshig‘ini olchi qilyapti. Ushbu tandemning samarasi o‘laroq, kuzatuvchilarning fikricha, ayni paytda yer ostida taxminan 350-500 kishi noqonuniy oltin qazib olish ishlari bilan shug‘ullanmoqda. 25 dan ziyod minizavod esa tarkibi boy rudani qayta ishlab, oltin zarralarini ajratib, baklajkalarga joylayapti. Bu ishlarning samarasi  “boss”lar va “nachkar”larning Sitilardan olgan qo‘sha-qo‘sha  qimmatbaho kvartiralari, inomarkalari, dang‘illama qasrlarida o‘z in'ikosini topayapti.

Hozir O‘zbekistonda “Dolzarb qirq kunlik” davom etayapti. Hurmatli Eltuz, yuqoridagi gaplarni sizdirsangiz, ehtimol aktsiya doirasida bizdagi “ko‘cha bollari” ham qo‘lga olinardi. Ana shunda oltin konlari tevaragida vujulga kelgan krimogen muhit va  bisyor xufya ishlar  oshkor bo‘lardi…”

Eslatib Eltuz pochtasiga kelgan ushbu maktubda keltirilgan faktlar mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmagan. Eltuz ayni muammolarni o‘rganishda davom etadi va rasmiylar munosabatini kutadi. Kanalimizga obuna bo‘ling, videolarimizga layk bosing.

Tag‘in o‘qing
7 avgust 2020
Uzoq ko‘rmagan va siz uchun aziz bo‘lgan yaqiningiz eshikni qoqmasdan ochib kirib, qarshingizdagi stulga kelib o‘tirdi. Siz unga qaraysiz, ...
17 fevral 2018
O‘zbekiston telekanallaridan birida namoyish qilinayotgan “Sevgi iztiroblari” ko‘p qismli filmi dushanba kunidan boshlab efir setkasidan tashlanadi. Bu haqda «Eltuz»ga ...
12 dekabr 2016
Chilonzor tumani “Tinchlik” masjidining imom xatibi Shermurod Tog‘ay (Alisher domla) o‘zining Facebook dagi sahifasida o‘zbek pop musiqachisi 30 yashar ...
15 mart 2016
“Huquq olamida” gazetasining yozishicha, Namangan viloyatilik bir necha yigit Norin daryosidan rezina qayiq yordamida Qirg‘izistonga rangli metall – latun ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...