Kundalik
15 dekabr 2015

MXX maktubi – qatag‘on hukmi kabi

Ulug‘bek Ashur
Eltuz.com

14 dekabr kuni Jizzax shahrining Bobur maxallasida bo‘lib o‘tgan faollar yig‘ilishida o‘qib berilgan MXX maktubi mazmunidan Aramaisning rafiqasi Shirin Tursinova shok xolatiga tushdi.

Maktubda, “jixodchi”, “ekstremist”, deb atalgan, shu yilning sentyabr oyidan buyon xibsda saqlanayotgan Aramais Avakyan va uning 4 nafar o‘rtog‘i, O‘zbekistondagi Konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darib tashlamoqchi bo‘lgani, bundan tashqari bir militsiya xodimini o‘ldirib, murdani baliq xovuziga tashlab yuborgani bayon etilgan edi. Bundan ilgarigi maqolalarimizda Jizzaxdagi ushbu mash'um voqealar va uydirilgan jinoyatning boshlanishi xaqida xabar bergan edik.

r.ahsomj6d1k3
Aramaisning rafiqasi Shirin Tursinova

Aramaisning rafiqasi Shirin Tursinova, maktubda yozilgan jinoyatlarni eri qilmagani, maktub quruq tuxmat va bo‘xtondan iborat ekanini baland ovozda bildirmoqchi bo‘ldi, biroq maxalla oqsoqollari uni gapirishga ham qo‘yishmadi.

MXX idorasidan kelgan maktub so‘ngida, bundan buyon maxalladagi yoshlarning Aramais va uning sheriklari kabi jinoyat yo‘lini tutmasliklari uchun, keng miqyosda tushuntirish ishlari olib borish kerakligi aytiladi.

Bu haqda ma'lumot bera olmaymiz!

Ushbu satrlarni yozayotgan jurnalist yig‘ilish bo‘lib o‘tgan Bobur maxalla kengashi idorasiga bir necha marotaba telefon qildi. Lekin, go‘shakni ko‘targan xodima, o‘tgan yig‘ilish xaqida ma'lumot bera olmasligi bildirdi.

Maxalladagi biz tanigan fuqarolar bilan bog‘langanimizda esa ular, bo‘lib o‘tgan yig‘ilish 35 yillardagi Stalin qatag‘oni yillaridagi an'analar bo‘yicha o‘tganini taa'suf bilan gapirishdi.

“Xamma jim o‘tirdi. MXXdan kelgan maktub esa xuddi sud hukmi kabi o‘qib berildi. Odamni etini junjuktiradigan jinoyatlar birma bir sanab o‘tildi va Furqat, Akmal, Aramais, Temur va Dilshod degan bolalar ana shu jinoyatlarni ijrochisi deb aytishdi” deydi mahalla faollaridan biri.

r.ahsomj6d1k2
Aramais farzandi bilan

Ular mahallaning oddiy kambag‘al bolalari edilar

“Akmal va Temurni tanimayman, lekin Dilshod, Furqat va Aramaisni yaxshi bilaman. Ular bir amallab ro‘zg‘or tebratib yurgan kambag‘al bolalar. Birovga ulardan ziyon yetgan emas. Ular Aramaisning baliq hovuzida birga ishlashardi. Hovuzlariyam qolib ketdi. Xali sudi bo‘lmagan yigitlarni bu yoqda allaqachon jinoyatchiga chikarib, mahallalarda ovoza qilishyapti” deydi afsus bilan Bobur mahallasi fuqarolaridan biri.

35 yoshli Aramais Avakyan va uning 4 nafar sheriklarining 4 sentyabr kuni kuppa kunduzi katta ko‘chadan niqobli kimsalar tomonidan o‘g‘irlab ketilishi Jizzax viloyatida katta shov shuvga uyg‘otgandi.

Keyinchalik esa, bu yigitlarning respublika MXX xodimlari tomonidan Toshkentga keltirilgani va u yerda noinsoniy qiynoqlarga tutilgani ma'lum bo‘lgandi. Ma'lum muddat o‘tgach, xibsdagilar Jizzax viloyatiga keltirilgan va MXX xamda Ichki ishlar boshqarmasining ancha qarshiliklardan so‘ng advokat Laylo Abdullaeva ular bilan uchrashgan edi.

Yigitlarning yaqinlari bilan suxbatda, advokat ularning qamoqdagi axvolini “o‘ta achinarli va daxshatli” deb atagan edi. Qamoqqa olingan yigitlar mamlakat jinoyat kodeksining 159 (Konstitutsion tuzumga tajovuz) va 244 (Ommaviy tartibsizliklar) kabi og‘ir moddalari bilan ayblanishayapti.

Biroq, bu ayblovlar xali sudda tasdig‘ini topmasdan turib 5 nafar yigitga viloyat MXX va Ichki ishlar boshqarmasi, allaqachon jinoyatchi tamg‘asini yopishtirdi va bu xaqda viloyatdagi maxallalariga maktublar jo‘natdi.
Xozirda ushbu maktub asosida Jizzaxdagi maxallalarda shoshilinch yig‘inlar o‘tkazilyapti, va aybi isbotlanmagan yigitlar jamoatchilikka ashaddiy jinoyatchilar sifatida taqdim etilyapti.

Sudsiz hukm

O‘zbekistonda bugun qonunlarni oddiy fuqarolar emas, amaldorlar oyoq osti qilishayapti. Bunday bo‘lmaganida edi, Jizzax viloyat MXX Respublika Konstitutsiyasining 26-moddasini o‘ta qo‘pol ravishda buzmagan, va xali ishi sudda ko‘rilmagan fuqarolarni jinoyatchi deb atamagan bo‘lar edi.

O‘zbekiston Bosh qomusining 26 moddasida esa shunday deyilgan: “Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi”.

Aramaisning rafiqasi Shirin maxallada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishdan, 10 oylik go‘dagini bag‘riga bosib zor qaqshab yig‘lab qaytar ekan, maxalladoshlarining birontasi xam unga tasalli bera olmaganini afsuslanib gapiradi.

“Odamlarga nima bo‘lyapti? Qonunlar qayoqqa ketdi? Naxotki kitoblarda o‘qiganimiz – Stalin davri qatag‘onlari qaytib kelgan bo‘lsa?” deydi Shirin.

Tag‘in o‘qing
21 aprel 2020
Buyuk hofiz Komiljon Otaniyozning «Segoh»iyu «Suvoro»larini tinglab, shuurim doim boshqa taraflarga yo‘naladi… Alloh ruhiga rahmat aylasin, buyuk Hofiz dindor ...
19 yanvar 2024
RT: Azizlar mana xafta aylanib siz bilan yuzma yuzman. MS: Ina amdolli yana go‘riship duripmiz sizla bilan. Nichikizla xo‘jik brri mo‘chchi ...
21 fevral 2024
Rossiyaning Voronej shahrida siyosiy arbob Vladimir Anishchev 2018 yilning 21 fevral kuni 82 yoshida o‘ldi. Anishchev 1991 yilgacha O‘zbekistonning ...
1 iyun 2022
ACCA.media yozishicha, “Ochiq chiziq” tashabbus guruhi huquq himoyachilari mahbuslar uchun posilkalarda mahsulotlar noqonuniy olib qo‘yilishi va ma'naviy kamsitilishi bilan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...