Kundalik
16 dekabr 2015

Yulduz nega prezidentga paxta qo‘yganini eldan yashirdi?

Ulug‘bek Ashur
Eltuz.com

Taniqli xonanda Yulduz Usmonova 12 dekabr kuni o‘z tavallud kunida prezident Islom Karimovga bag‘ishlab qo‘shiq yaratgani xaqida xabar bergan sayyod.com sayti yaqin kunlarda ko‘shiqni o‘z saxifasida e'lon qilishi haqida bildirdi.

Biroq, Dedeman mehmonxonasi restoranida, bu qo‘shiqni kuylashdan oldin, Yulduz barcha qo‘l telefonlari va videokameralarni o‘chirishni talab qilgan.

Bundan tashqari, Islom Karimovga bag‘ishlangan qo‘shiqning ushbu davrada ijro etilishiga Yulduzning cholg‘uchilari ham e'tiroz bildirishgan, “Ular kuylama degan bo‘lsa ham, u baribir kuylashini aytdi” deb yozdi sayyod.com sayti.

“Yulduzning Karimovga yaltoqilikni ilk bor ko‘rayotganimiz yo‘q”, deydi urganchlik san'at shinavandalaridan biri. Unga ko‘ra, 1998 yili “Ey El Si” telekanaliga bergan jonli suhbatida Yulduz Usmonova «Islom Karimovning bir joyini o‘pishga tayyorman» degan edi.

Yulduz Usmonova, bir necha yillardan buyon katta sahnaga, hamda tele va radio efirga qaytish uchun xarakat qilayapti. O‘z ijodiga qo‘yilgan ta'qiqlardan bezgan xonanda O‘zbekistondan chiqib ketib, bir necha yil Turkiyada yashab ijod qilib ham ko‘rdi.

Biroq, turk shou biznesining shiddatli rivoji va ayovsiz intrigalariga Yulduz Usmonovaning ijodiy va moliyaviy salohiyati dosh bera olmadi va u yana O‘zbekistonga qaytib keldi.

2011 yili O‘zbekistonga qaytgan xonanda bor kuchini sahnaga rasman qaytishga, ijodiga qo‘yilgan norasmiy taqiqni bekor qilishga sarfladi. Unga lintsenziya berishgan bo‘lsada, katta sahnada kontsertlar berishiga va teleradio efirlarda qo‘shiqlari yoyinlanishiga ruxsat berishmadi.

Yulduz Usmonovaga qo‘yilgan norasmiy ta'qiqni, Prezident Islom Karimovning, o‘sha paytlarda kuchli nufuz xamda ta'sirli media saltanat sohibasi bo‘lgan qizi Gulnora Karimova ham bekor qildira olmadi.

2012 yilning 31 dekabr kuni prezidentning qiziga atab kuylagan “Gulisan” qo‘shig‘ini internet olamida e'lon qildirgan Yulduz, 2013 yilning bahorida Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan “Fond Forum” tashkilotining dabdabali “Asrlar sadosi” tadbiridagi gala kontsertga rasman taklifni qo‘lga kiritadi.

Gulnora Karimovaning rejasi oddiy edi. Respublika televideniesi va yo‘ldosh kanallari orqali jaxon mamlakatlariga translyatsiya qilinadigan “Asrlar sadosi” davlat tadbirining yakuniy gala kontsertda Yulduz Usmonovaning chiqishi, uning ijodidagi “zapret”ga nuqta qo‘yishi kerak edi.

Biroq, kontsertning eng so‘nggi daqiqasida, Toshkentdan Gulnora Karimovaga kimdir qo‘ng‘iroq qiladi va Yulduzning ushbu tadbirdagi chiqishi bekor qilinadi.

Vodiylik taniqli bir xonandaning prodyusseri Yulduz Usmonova haqida gapirarkan: “Unga qo‘yilgan ta'qiqni olib tashlashga xatto mamlakat prezidenti qizining nufuzi ham quchsizlik qilgani shuni bildiradiki, Yulduz opani “zapret” qilish haqidagi buyruq mamlakatning eng yuqori mansabdagi odamidan chiqqan. Gulnora bilan yaqin dugona bo‘lgan xonandani sahnaga yo‘latmaslik haqida Gulnoraga faqat bitta odam buyruq bera oladi xolos”.

Amerika safari chog‘ida, “Amerika ovozi” radiosi jurnalisti Navbaxor Imomovaning “O‘zbekistonda adolatsizlik bormi?” degan savoliga, javob berarkan, Yulduz o‘ziga qo‘yilgan ta'qiqning sababini tushuntirgan bo‘ldi:

“O‘zbekistonda hammadan ko‘p zapretni men olganman… Uni menga kimdir siyosat qilayotgani yo‘q… Bitta odamga yoqmay qolganman, ..mundayroqda, o‘rtaroqda o‘sha ham (uncha katta amaldor emas, degan ma'noda – izoh U. Ashur) hozir yo‘qdir ham u odam, lekin problema qilib qo‘ygan… Endi shu katta adolatsizlikmi? Taqdir nasib bu…”

Toshkentlik blogger Sardor Komilov, O‘zbeknavo estrada birlashmasining lintsenziya bo‘limi boshlig‘i Odiljon Abduqahhorov bilan videosuxbat qilarkan, kutilmaganda unga “Nega Mustaqillik bayrami rasmiy tadbiridagi kontsertda Yulduz Usmonova yo‘q?” deb savol berib qoladi. “O‘zbeknavo” mulozimi bir muddat jim qoladi va kameraga qaramasdan, “Keyingi savol!” deya oladi xolos.

O‘zbekistonda va dunyoda mashhur Yulduz Usmonovaga bugun o‘z mamlakati saxnalari taqa-taq yopilgan. Prezident Islom Karimov va uning a'yonlari ishtirok etadigan davlat tadbirlaridagi gala kontsertlar, mana necha yillarki Yulduz Usmonovasiz o‘tayapti. Unga qo‘yilgan ta'qiqning muallifi kimligini va bu e'lon qilinmagan ta'qiqning sababini bugun ko‘pchilik bilsada, sukut saqlashni afzal ko‘rishadi.

Katta sahnaga qaytish uchun o‘zini o‘tga cho‘qqa urayotgan xonanda, mening fikrimcha, eng so‘nggi choraga qo‘l urdi – u o‘z mamlakatining diktator prezidenti, ko‘pchilik hamyurtlari oshkora yana ko‘plari pinxona nafratlanadigan Islom Karimovni ulug‘lab qo‘shiq kuyladi…

Ehtimol, ertaga Islom Karimov Do‘rmondagi qarorgohida choy ichib o‘tirib Yulduz Usmonovaning “Prezidentim, mangu yashang, siz adolat posbonisiz!” qabilidagi xonishini eshitib qolib, “Bo‘ldi, Yulduzxonga “Istiqlol” saroyini bo‘shatib beringlar!” deb buyruq berib yuborar?!

Bo‘lishi mumkin. Ammo, saxnalarning darvozasini ochishga qodir bo‘lgan birgina qo‘shiq, Islom Karimov tuzumidan jirkanuvchi o‘zbeklarning qalb darvozasini Yulduz Usmonova uchun yopib tashlashi xam mumkin.

Ehtimol, shuning uchun Yulduz prezidentga bag‘ishlagan qo‘shig‘ini hozircha eldan yashirgandir?

Ushbuni yozib tugatayotganimda, bir san'atkor do‘stlarimdan biri yarim xazil yarmi chin ma'nosida, vodiycha gap qildi:

“O‘zi Yulduz opa kimga qo‘shiq bag‘ishlasa, o‘sha indamay yo‘q bo‘lib qolyapti. Mana, “Gulisan” degan edi, Gulnora opamiz g‘oyib bo‘ldi. Endi “Dodamizsiz” desalar, dodamizdan ham ayrilib qolsak ajab emas…”

Tag‘in o‘qing
3 mart 2017
Surxondaryoda kunduzi bolalar jismoniy jazolanadigan, tunda esa fohishaxonaga aylanadigan to‘rtta bog‘chadagi vaziyat aks etgan tasvirlar ijtimoiy tarmoqni larzaga soldi. ...
12 yanvar 2017
Kun.uz sayti garchi mayda-chuyda bo‘lsa-da, muammolarni ko‘tarib chiqishda davom etmoqda. Bu muammolarning yechimlari va sabablari chuqur ochib berilmayotganiga qaramay, ...
31 mart 2016
Qozog‘istondagi parlament saylovi dastlabki natijalariga ko‘ra, Prezident Nursulton Nazarboev yetakchiligidagi «Nur Otan» partiyasi 82,15 foiz ovoz to‘plab g‘alabaga erishgan. ...
22 may 2017
“XXI asr” gazetasining (18.05) «Taraqqiyotning yangi modeli yoki «yo‘lbars shiddati»ga shaylanayotgan mamlakat» maqolasidagi iddaoga ko‘ra shunday. Maqolada Janubiy Koreya, ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...