Oilalar saodati mustaqillik mahsulimi?
«Milliy tiklanish» gazetasi shu nomdagi partiya tashabbusi bilan joylarda «Oilalar saodati – mustaqillik samarasi» nomli tanlov o‘tkazilayotganini ma'lum qildi.
Ayni paytda mazkur tanlovning tuman bosqichlari yakunlanib, viloyat bosqichi boshlanish arafasida turibdi.
Gazeta bu tanlovni o‘tkazishdan maqsad «…yurtimizda istiqomat qilayotgan, mustaqillik bergan saodat tufayli baxtu iqbol topayotgan, har tomonlama ibratga loyiq oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirish, ularni yosh oilalarga namuna sifatida ko‘rsatishdan iborat» ekanini yozadi.
Albatta, tanlovning maqsadi olqishga sazovor. Faqat shu ezgu niyatni ham mantiqsizlik, to‘g‘rirog‘i, ahmoqlik darajasi bilan chegaralash shart edimi?
Endi tasavvur qiling! Mustaqillikkacha o‘zbek oilalarida baxt-saodat bo‘lmaganmi? Mustaqillikdan oldin o‘zbek oilalarining ma'naviy qiyofasi hozirgidan past edimi?
O‘zbekiston prezidenti har doim yoshlarga qarata: «Sizlar mening farzandlarimsiz», degan gaplarni ko‘p takrorlaydi.
Davlat rahbarining mana shu gaplaridan kelib chiqib, bugun paxta qo‘yish ishtiyoqini eng ustivor maqsadiga aylantirgan partiyalar ertaga «Xotinlarimizning tug‘ishi – prezidentimiz sharofati» degan biror tadbir tashkil etishni o‘ylab qolmasaydi, degan istiholaga boradi kishi.
Eltuz.com