Dayjest
7 iyun 2016

O‘zbeklar jahon bozorlarini qanday qilib egallayotgani haqida

O‘zbekiston telekanallarida mamlakat iqtisodiyotining «qudrati», «imkoniyatlari», dunyoda salkam eng rivojlangan ekani to‘g‘risida eshitsangiz ajablanmang. Chunki 20 yildan oshdiki, faqat shu gap. Televizorda rivojlanish zo‘r, lekin real hayotda odamlar negadir buni his qilmaydi.

Shuncha «imtiyozlaru imkoniyatlar»ga qaramay, kun ilidi deguncha bu «dangasalar» to‘rt so‘m ishlayman deb darhol Rossiya yoki Qozog‘istonga surib yuboradi. Bitta-ikkitasi ketsa ham mayli, millionlab odam jo‘nab qoladi.

So‘nggi vaqtlarda TVlar faqat jahon bozorini egallayotgan o‘zbeklarni ko‘rsatish bilan ovora. Oddiy ko‘za yasasa ham jahon bozorini egallab oladi, tarvuz-qovun eksa ham jahon bozorini egallab oladi.

O‘zi oddiy tadbirkor, nari borsa oilaviy korxonasi bor. «Jahon bozorlarini egallab kelyapmiz, shu darajaga yetdik», deydi yosh tadbirkor.

Shunday zo‘r bo‘libsan, qaysiningda oddiy davlat ishida ishlaydigan Lolanikidek dunyoning eng mashhur shaharlarida qo‘shsha-qo‘shsha qasrlar bor, qaysiningda eng yuqori amaldorlarniki singari Boltiqbo‘yida qo‘sha-qo‘sha uylar bor? Hech kim bu haqda gapirmaydi.

«Jahon bozorlarini egallash» degan gap balki biz javobini topa olmagan yuqoridagi savollarni anglash ma'nosida shunday rasshifrovka qilinar. Yana qaydam. Lekin jahon bozorida o‘zbekning xomashyosidan boshqasini topish qiyin. Masalan, bozorga chiqarilayotgan paxtaniyam o‘sha «jahon bozorini egallayotgan» fermer sotmaydi. Kim sotayotgani, kim necha pul foyda qilayotgani sir. Sirki, yetti qavat parda, yo‘g‘-ey, yetti qavat zirhli saroy ichiga yashirilgan.

Qolganlar esa TVga chiqib olib «ayrim» kamchiliklarni muhokama qiladi yoki o‘sha son-sanoqsiz «imtiyozlaru imkoniyatlar»ga hamdu sano o‘qiydi.

Hatto buning uchun «Tadbirkorlar teleklubi» ham tashkil etilgan. Har zamonda tadbirkorlar bilan tegishli idoralar vakillari o‘rtasida «muloqot» tashkil etib qo‘yadi. Albatta, Adliya vazirligi vakili bo‘ladi. Studiyadagi tadbirkorlar «ayrim qiyinchiliklar»ni tilga olsa, bu vakillar «o‘rganib chiqib, keyin bu kamchilikni bartaraf etish choralari ko‘rilishi»ni aytib, bechoralarni nihoyatda xursand qiladi.

Yaqinda shu teleklubda «Yagona darcha» mexanizmi rosa maqtaldi. Bu darcha tadbirkor uchun «katta imkoniyatlar eshigi» bo‘lgani aytildi. Hatto Guliston shahri «Yagona darcha» markazi amalga oshirayotgan ishlar misolida uning tadbirkorlarga qo‘sh qanot bo‘layotgani «hujjatli dalil»dek ko‘rsatib berildi.

Lekin oldin tadbirkorlik sohasida qancha korruptsiya bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham undan battar ekani, faqat pul oqimining bir qismi «yagona darcha» orqali o‘tayotganini hech kim tilga olmadi. Qanday aytsin? O‘zi bu kichkina kamchilik bo‘lsa. Uni ham elga oshkor qilib, shuncha muvaffaqiyatu yutuqlarimizga soya tashlasinmi?

Yaxshi bilsangiz kerak, jahonda davom etayotgan moliyaviy-iqtisodiy inqiroz O‘zbekistonga zarracha ta'sir qilgani yo‘q. Aksincha, bizning yillik iqtisodiy o‘sishimiz 8 foizdan kam bo‘lgani yo‘q. Buni kimlar tan olmadi deysiz, «o‘zbek modeli»ga kimlar havas qilmadi deysiz.

Endi anglab yetsam, butun dunyo inqirozdan chiqish yo‘lini izlayotgan bir paytda biz vaziyatdan foydalanib jahon bozorini egallab qo‘ygan ekanmiz. Mana shuni aytadilarda «chuqur o‘ylangan iqtisodiy taraqqiyot modeli» deb!

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
4 fevral 2020
Prezident Mirziyoev 31 yanvar kuni Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasida o‘tgan uchrashuvda «bir kichkina bojxona posti rahbari»ning uyidan ...
7 noyabr 2023
Salom qadrli muxlislar, ko‘rsatuvlarimizni Eltuz portaliga kelgan so‘nggi beshta maktubni o‘qish bilan davom ettiramiz. Ular O‘zbekistonning Qashqadaryo, Toshkent, Jizzax, ...
8 yanvar 2016
Biz sobiq bankir, mohir tadbirkor, endilikda esa siyosiy mahbus Rustam Usmonovning kitobidan parchalar e'lon qilishni davom ettiramiz. 1998 yilda, ...
23 yanvar 2019
O‘zbek matbuoti Buxoro viloyatining Olot tumani hokimi Sherali Salomov yig‘ilishda fermer Orif Durmatovni kaltaklagani va shu yilning 9 yanvarida ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...