Dayjest
8 iyun 2016

Balandlab-balandlab ketayotgan bayrog‘imiz

O‘zbek telekanallaridan ko‘rib bildikki, sportda ham yutuqlarimizning son-sanog‘i yo‘q ekan. Telekanallarning bu sohaga e'tibori ham zo‘r. Axir sportimiz erishayotgan yutuqlar, buning asosiy sababchisi kim ekani, kimning g‘amxo‘rligi va e'tibori natijasi ekanini odamlarga yetkazmasak, xalq bilmay qolishi mumkin-da.

Bir yigitcha karate bilan 7 yildan beri shug‘ullanar ekan. Xalqaro toifadagi sport ustasiman, dedi kamtarlik bilan. O‘tgan yili prezidentimiz Qashqadaryoga tashrif buyurganida yosh sportchi sifatida so‘zga chiqib, keyingi musobaqada albatta oltin medal olaman, deb va'da bergan ekan.

O‘zbek so‘zida turadigan xalq. Bu yigitcha ham shundan keyin yaqinda Istanbuldagi musobaqada «O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarib», so‘zining ustidan chiqibdi.

«Biz O‘zbekiston yoshlari hech kimdan kam emasmiz, biz hech kimdan bo‘lmaymiz ham», dedi g‘urur bilan. Sal bo‘lmasa, ko‘zlariga yosh olishi ham mumkin edi. Lekin irodasi kuchli ekan. O‘zini tutdi. Axir televizorda har narsaga ko‘ziga yosh oladigan yigit bo‘lib ko‘rinishni istamadi-da.

Hatto bittasi prezidentning «Hech narsa mamlakatni sportchalik tez dunyoga  tanita olmaydi», degan so‘zlarini hayotining shioriga aylantirib olibdi. Yengil atletikachi qiz. Osiyo rekordini ikki marta yangilagan. Sportda erishgan muvaffaqiyati uchun Zulfiya mukofotini olgan.

«Bundan e'tibor faqatgina bizning mamlakatda mavjud», dedi u ham g‘urur bilan. Lekin nega jahon maydonlarida faqat qop-qora, qop-qora qizlar birinchi o‘rinni oladi, sen ularning soyasida ham ko‘rinmaysan-ku, deb hech kim aytmadi. Qizcha uyalmasin deyishdi shekilli.

Eng e'tiborli jihati, hamma sportchi yigit-qizlarimiz faqat O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarishga ishqiboz. «Sport» telekanalini bir ko‘ring, qaysi gapirsa, darrov bayroqdan keladi. «Agar bayroqni yuksaltira bersalaring, bunday baland ko‘taraversalaring, ko‘rinmay ketadi-ku», deb istihola ham qilib qo‘yadi odam.

Mana, qo‘shni Tojikistonda ham bayroqni baland ko‘tarishga ishqiboz bir odam bor. «Millat peshvosi». Bayroqni faqat baland ko‘tarib yurishdan boshqa ishlari ham bor uning. Shuning uchun bayroqni dunyoda eng baland qilib ko‘tarib turishga moslab bitta imorat solgan. Flagshtok deydi bilganlar. Shunchalar balandki bayrog‘i, qaragan odam madaniyatliroq bo‘lsa, shapkasi tushib ketadi, bundayroq odam bo‘lsa, qaragandan keyin do‘ppisini yerdan qidirishiga to‘g‘ri keladi.

Biz ham shu jihatiga e'tibor berishimiz kerakka o‘xshaydi. Sportchilarimizning qo‘lini har doim bayroq bilan band qilib qo‘ymay, o‘sha Tojikistondagidan ham balandroq bitta flagshtok qursak, yomon bo‘lmasdi. Sportchilarimizning qo‘li tolmasin deyman-da. Qo‘li tolsa, yutqazib qo‘ysa birorta musobaqada, keyin o‘zimiz uyalib qolamiz-da!

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
22 noyabr 2017
Andijon shahri hokimi Dilmurod Rahmatullaev maktab direktorlari va o‘qituvchilarini «hayvon», «shoqol», «eshshak», «gadoy», «padaringga la'nat» deya haqoratladi. 16 oktyabrdagi ...
21 sentyabr 2018
So‘nggi kunlardagi xabarlarni o‘qib, O‘zbekistonda hokimiyat idoralaridagi poraxo‘rlikka qarshi keskin kurash boshlanganga o‘xshaydi, degan xayolga borish hech gap emas. ...
17 fevral 2020
Joriy yilning 15 fevral kuni o‘zbek ijtimoiy mediasi IIB xodimlari va aholi o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lgani haqidagi videolar muhokamasiga ...
22 aprel 2016
«Pravda vostoka» gazetasi Toshkentda milliy innovatsiya tizimi masalasida bo‘lib o‘tgan ilmiy-amaliy anjumanda xorijlik mehmonlar ham ishtirok etganini bildirdi. Ana ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...