Asosiy mavzular
4 fevral 2019

Bosh vazirdan ulgi olgan hokim

Tadbirkorlikni himoya qilish shiorini ko‘tarib olgan amaldorlar aslida ishbilarmonlarning sa'y-harakatlariga eng katta to‘siq bo‘lib qolayotir.

Xorazmda o‘zi xon, ko‘lankasi maydon hokimdan jabr chekkan navbatdagi biznesmen turizmni rivojlantirish borasidagi balandparvoz siyosatga ishongan tadbirkor bo‘ldi.

“Xorazm beklari” MChJ tomonidan Urganch shahrida barcha rasmiyatchiliklari ado etilgan, ya'ni tegishli hujjatlar asosida qurilayotgan mehmonxona shaharning yangi hokimi buyrug‘i bilan buzib tashlandi.

Kun.uz saytining yozishicha, tadbirkor bu loyiha uchun bankdan 6,5 milliard so‘m kredit olgan. Imorat buzilgunga qadar kredit mablag‘laridan 4 milliard so‘mga yaqinini, o‘z mablag‘idan 1 milliard so‘mdan ortig‘ini sarflagan.

Shuncha mehnat, mablag‘, qanchadan qancha asablar sarflangan ish hokimning bir og‘iz topshirig‘i bilan yo‘qqa chiqdi.

Shahar hokimi Shuhrat Abdullaev “loyiha viloyat hokimi tasdig‘idan o‘tmagani, eski hokim yerni berib yuborgani”ni bahona qilib, buzg‘unchilikka bosh bo‘ldi.

Eng afsuslanarlisi, sudsiz, so‘rovsiz, tegishli hujjatlarsiz, bor-yo‘g‘i bir amaldorlarning og‘zaki buyrug‘i bilan qilinayotgan bunday ishlar O‘zbekiston uchun begona emas.

O‘tgan yil noyabrda Toshkentda “Unique arh project” shirkati tomonidan qurilgan turar joy binosi bosh vazirning xuddi shunday og‘zaki topshirig‘i bilan buzib tashlangan edi.

Shu kunlarda Yangibozor turbazasini Milliy gvardiya manfaati yo‘lida tortib olish harakatlari davom etmoqda. Holbuki, bu tuzilma uchun yangi, zamonaviy ob'ektni shu atrofdan qurish uchun barcha sharoitlar bor.

Urganchning hokimi ham buzg‘unchilik borasida kimdan ulgi olganini ko‘ryapsizmi? Hammasi tepadagilardan namuna olib qilinyapti.

Eng yomoni, shov-shuv ko‘tarilib, noqonuniy ish qilgani oydinlashgan hokimlar tadbirkorlarga yetkazilgan zararni davlat hisobidan qoplash (agar qoplansa) va'dasini berishmoqda.

Urganchdagi bitay deb qolgan mehmonxonani buzgan hokim ham “tadbirkorning yeri, bankdan olgan krediti va zararini qoplash masalalari ko‘rib chiqiladi”, deganda tadbirkorning zararini davlat hisobidan, ya'ni sizu bizning cho‘ntagimizdan to‘lashga ishora qilayotgani ko‘rinib turibdi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi? Bitta amaldorning gap-so‘zi bilan noqonuniy buzilayotgan bunday binolar tovonini nega o‘sha mansabdor emas, balki davlat to‘lashi kerak?

Axir qonun buzildimi, unga javob berish ham o‘sha qonunbuzar zimmasida bo‘lishi kerak emasmi?

Nega ularning ahmoqliklari uchun davlat byudjeti zarar ko‘rishi kerak?

Shuning uchun tadbirkorlik himoyasi haqida balandparvoz va'dalar qilayotgan hukumatga bitta taklif.

Qonuniy qurilishni noqonuniy ravishda buzayotganlarning bir-ikkitasi yetkazilgan zararni o‘z hisobidan qoplashiga erishish zarur. Ya'ni noqonuniy xatti-harakat uchun qonunan jazo qo‘llansin.

O‘shanda hukumatning siyosatiga ishonch ortishi bilan birga, o‘zini qonundan ustun ko‘radigan amaldorlarning esi kirarmidi!

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
10 oktyabr 2016
Bosh vazir va vaqtinchalik prezident Shavkat Mirziyoevning kelishi oldidan uning yo‘llariga yangi asfalt solinib, gullar o‘tqazilishidan tashqari bozordagi narxlar ...
20 aprel 2016
Xususan, «XXI asr» gazetasining yozishicha, 2015 yilda O‘zbekiston bank tizimining jami kapitali 2014 yilga nisbatan 23,3 foiz ko‘payib, 7,7 ...
1 iyun 2021
Bugun – 1 iyun sanasida Bolalarni himoya qilish xalqaro kuni munosabati bilan O‘zbekistondagi barcha OAVda materiallar e'lon qilinadi. Ularda ...
28 oktyabr 2020
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Frantsiya mollarini boykot qilishga chaqirdi. Tushundik. Xitoy mollariga boykot qilsak qandoq bo‘lar ekan, rais? ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...