Asosiy mavzular
6 may 2019

G‘ayrimilliy tashabbusga rasmiy munosabat qachon e'lon qilinadi?

Rossiyaning siyosiy malaylari ishtirokida tashkil etilgan tashabbusga O‘zbekistondagi siyosiy hukumat biror siyosiy baho berayotgani yo‘q.

“Ozodlik”ning yozishicha, rus tiliga rasmiy til maqomini berish tashabbusi “Rossotrudnichestvo” federal agentligi moliyaviy ko‘magi asosida faoliyat yuritadigan Toshkentdagi rus madaniyat markazining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanada muhokama qilingan.

Demak, taxmin qilish mumkinki, Rossiya hukumati o‘zbekistonlik “rus tili jonkuyarlari” orqali prezident Shavkat Mirziyoevning qo‘liga lakmus qog‘ozi tutqazishgan. Aslida bu uning uchun bir sinov vazifasini o‘tashi kerak nazarimizda.

Chunki prezident ochiqchasiga bu tashabbusni rad etsa, Rossiyaga qarshi borishdek taassurot uyg‘otishi mumkin. Uni qo‘llab-quvvatlash esa o‘z xalqiga ma'qul kelmaydi va uning obro‘siga jiddiy ziyon yetkazadi.

Balki shuning uchundir prezident mazkur tashabbus borasida o‘z fikrini bildirishi uchun bir qancha imkoniyat bo‘lsa-da, hech qanday bayonot bermayotir. Jumladan, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan Toshkentdagi uchrashuv va Surxondaryoga safar ana shunday imkoniyatlar edi.

Buning ustiga, O‘zbekiston prezidentining matbuot kotibi ham yo‘q uning fikrlarini ommaga yetkazadigan. Endi prezidentning matbuot kotibi yo‘qligi alohida masala.

Lekin siyosiy masalalarda hushyorlik ko‘rsatayotgan Shavkat Mirziyoev lakmus qog‘ozini ignor qilishni ma'qul ko‘rayotganga o‘xshayapti.

O‘rislarning “Yupiterga ruxsat etilgan narsaga buqa uchun ijozat yo‘q”, deb qo‘polroq tarjima qilsa bo‘ladigan maqoli bor.

Shavkat Mirziyoev o‘risparastlarning jamiyatimizda bo‘ron ko‘targan tashabbusiga sukut bilan javob qaytarayotgan bir paytda Vladimir Putin o‘zining ukrainaliklarga soddalashtirilgan fuqarolik berish qarori yuzasidan tinimsiz bayonotlar berishdan charchamadi. Imkon topilgan yerda shu haqda gapirdi.

Xullas, anglashildiki, rus tiliga rasmiy maqom berish tashabbusi siyosiy masaladir. Shunday ekan, Tashqi ishlar vazirligimiz bayonot bilan chiqishi kerak edi.

Garchi “O‘zbekiston24” telekanaliga intervyu berayotganda o‘zbekcha gapirib, qolgan barcha uchrashuvlarda o‘rischa nutq irod qiladigan tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovdan o‘zbek tilini himoya qilib bayonot berishini kutish mantiqsiz.

Bu yoqda o‘tgan haftada mamlakat Senati qop-qop qonunlar qabul qilish uchun yig‘ildi. Lekin ziyonkor “ziyoli”larimizning tomdan tarasha bo‘lib tushgan tashabbusiga Senat birorta maxsus bayonot bag‘ishlashni lozim topmadi.

Ko‘z tegmasin, garchi hukumat og‘ziga mum tishlab o‘tirgan bo‘lsa-da, ayrim vazirlar o‘zlarining bu boradagi shaxsiy fikrlarini bayon etishmoqda. Yo‘qdan ko‘ra bu ham ijobiy holatdir.

Eng asosiysi, o‘zbek jamiyatining mutlaq katta qismi o‘risparast vatandoshlarimizning sharmandali tashabbusiga qarshi oyoqqa turdi.

Lekin agar hukumatning rasmiy munosabati bo‘lmas ekan, hali bu qarshilik yetarlicha siyosiy qudratga erisha olmaydi.

Qolaversa, jamiyatimiz anchayin og‘machi. Agar, xudo ko‘rsatmasin, yuqoridan ishora bo‘lsa, bu qudrat o‘risparastlarning foydasiga o‘zgarishi ham hech gap emas.

Shuning uchun bugun o‘zbek jamiyati g‘ayrimilliy tashabbus yuzasidan eng yuqori doiralarning munosabati qandayligini bilishga haqli.

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
22 iyun 2021
Yaqinda BMT ishchi guruhi 2018 yil oxirida qamalgan sobiq o‘zbek diplomati Qodir Yusupovning hibsga olinishi o‘zboshimchalikdir, degan xulosaga keldi. ...
23 fevral 2017
23 fevral kuni bir biriga tutash ko‘p qavatli binolarda yirik yong‘in yuz berdi. Yong‘in Chilonzor tumanidagi, «Mirzo Ulug‘bek» metro ...
22 dekabr 2016
Rasman tasdiqlanmagan ma'lumotga ko‘ra, 2005 yilda Andijon qirg‘inini uyushtirgan Zokir Almatov prezident maslahatchisi sifatida ishga qaytarilgan. Ba'zi manbadarda 67-yoshli ...
30 sentyabr 2016
Rassom Elsevar eltuz.com nashriga jo‘natgan navbatdagi suratida masjidda ikkita e'son qutisi paydo bo‘lganini aks ettirgan Ayrim masjid imomlar, paxta ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...