Prezidentga “Anjancha spektakl” qo‘yib bergan hokim yana bir lavozimni egalladi
O‘zbekiston Aralash jang san'atlari assotsiatsiyasi (MMA) Andijon viloyati bo‘limining navbatdagi konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferentsiyada assotsiatsiyaning Andijon viloyati bo‘limi rahbari va ijrochi direktorini saylash, viloyatda mazkur sport turi ommaviyligini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.
Konferentsiyada assotsiatsiyaning viloyat bo‘limi rahbari lavozimiga ochiq ovoz berish yo‘li bilan ayni chog‘da viloyat hokimi bo‘lib ishlab kelayotgan Shuhratbek Abdurahmonov saylandi.
Shunday qilib, o‘tgan yilning 9 iyun kuni Andijon shahrida bo‘lib o‘tgan selektor yig‘ilishida energetika va sog‘liqni saqlash vazirlari hamda viloyat sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i, turli tashkilotlar rahbarlarini o‘ta jirkanch, uyatli, haqoratli so‘zlar ishlatib so‘kkani ortidan “shuhrat qozongan”, shuningdek, 2019 yil 16 may kuni Andijonga tashrif buyurgan O‘zbekiston prezidentiga “Andijoncha spektakl” qo‘yib bergan Shuhratbek Abdurahmonov yana bir lavozimli bo‘ldi.
O‘zbekiston Aralash jang san'atlari assotsiatsiyasi 2019 yilning noyabrida tashkil etilgan bo‘lib, unga mamlakat rahbarining bir vaqtning o‘zida bir necha mansabni, jumladan, Triatlon federatsiyasi raisi lavozimini egallagan ikkinchi kuyovi Otabek Umarov prezident etib saylangan.
Eltuz.com