Asosiy mavzular
9 iyun 2020

Asakadagi avtozavod mexanigi karantinda ko‘richakdan o‘ldi

“Uzauto Motors”ning Asakadagi zavodida avtobuslar garajida navbatchi mexanik bo‘lib ishlagan, ikki o‘g‘ilning otasi, 53 yoshli Ahrorbek Sayfiddinov ko‘richakning zo‘rayishi oqibatida 3 iyun kuni operatsiya stolida o‘ldi.

Voqeadan o‘n kun burun navbatchilikda bo‘lgan mexanik Ahrorbek Sayfiddinov mazasi yo‘qligi, qorni va belida og‘riq paydo bo‘lganini aytib ruxsat so‘raganida uyga ketishga izn berishmagan.

Buning o‘rniga zavod sanitariya qismi shifokori unga uch kun mobaynida og‘riq qoldiruvchi ukol qilib, baralgin berish bilan kifoyalangan. Bemorning ko‘richagi yiringlab, oshqozoniga o‘tganidan so‘ng uyiga jo‘natishgan.

Bu haqda Sayfuddinovning o‘z ismini ochiqlashni istamagan hamkasbi, “Uzauto Motors” zavodi ishchisi “Eltuz”ga 8 iyun kuni gapirib berdi.

Uning bildirishicha, karantin davrida joriy qilingan qoidaga ko‘ra, ishchilar 15 kun zavodda yotoqda, 15 kun uyda qolib, almashib ishlashmoqda.

Zavod sanitariya qismida ham ikki vrach – bir ayol va bir erkak xodim almashib ishlagan. Tez yordam chaqirish o‘rniga ular og‘ir bemorni ishda saqlab o‘tirishgan.

“Eltuz” Sayfuddinovning yaqinlari bilan bog‘landi. Ular ham o‘lim tafsilotlarini tasdiqlashdi. Marhumning bevasi, 42 yoshli Nasiba Bozorboevaning “Eltuz”ga aytishicha, 15 kunlik navbatchilikda qolgan eri ahvoli og‘irligidan, ishtahasi yo‘qligidan shikoyat qilgan.

“Karantin bo‘lgani uchun uyga javob berishmayapti, dedi. Arafa kuni boshlangan. Og‘riq qoldiradigan dorilarni ichib yurgan. Javob berishmabdi unga. Karantinda vahima bo‘lib ketadi, deb qo‘rqishibdi. Keyin og‘riq zo‘raygan. 30 may kuni ukasini chaqirib, berib yuborishgan. Asakaga, “shoshilinch”ga olib borishdi keyin. Avvaliga og‘riq qoldiradigan ukol qilib qo‘yvorishdi. Keyin yana olib bordik o‘sha yerga. O‘tkazib yuboribsizlar, bu kamida 10 kunlik kasal, ko‘richak yorilib, yiringlab, ichki a'zolariga ham o‘tib ketgan, deyishdi. 3 iyun kuni narkoz ostida operatsiya stolida o‘ldi keyin”, dedi marhum mexanikning bevasi.

Maqola chop etilishidan oldin «Eltuz» 8-9 iyun kunlari “Uzauto Motors” matbuot markazi va koltsentr telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qildi.Telefonni ko‘targan shirkat matbuoti xizmati xodimasi iltimosiga ko‘ra, Ahrorbek Sayfiddinov o‘limiga oid savollar “Uzauto Motors” matbuot xizmati telegram mesenjeriga jo‘natildi. Lekin hozircha javob olingani yo‘q. Bundan oldin “Ozodlik” radiosi “Uzauto Motors” avtomobil zavodi ishchilari koronavirus xavfi sabab yotib qolib ishlashayotgani haqida xabar qilgan edi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
19 oktyabr 2020
Prezident Shavkat Mirziyoev 8 oktyabr kungi chiqishida rahbarlar uyma-uy yurib, ishsizlik muammosini hal qilishlari kerakligi haqida gapirdi. Qishloq xo‘jaligi ...
15 yanvar 2017
O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmatini 1995 yilning 26 iyunidan beri boshqargan Rustam Rasulovich Inoyatov, mamlakatdagi yuzaga kelgan vaziyatdan kelib chiqqan ...
15 mart 2022
O‘zbek suhandoni orqa planidagi suratda rossiyalik mard ayol Marina Ovsyannikova. Rassom Tuz
7 may 2020
Qadimgi Rim arenalaridagi hayot-mamot janglarini eslaysiz-a? O‘qigandirsiz, kinosini ko‘rgandirsiz… Tepada hayqirayotgan, to‘lqinlanayotgan tomoshabinlarni-chi? Hozir hayot sahnasida ro‘y berayotgan voqea-hodisalar ...
Bloglar
20 yanvar 2025
O‘zbekiston prezidenti uyida yirtqich hayvon¸ ilon va xasharotlarni boqadiganlar jazolanishi haqidagi qarorni 16 yanvar kuni ...
12 yanvar 2025
Turli mavzularga o‘z qarashi bilan farqlanadigan bloger Kirpi Prezidentning 380-sonli qarori asosida 1000ta kitobning o‘zbek ...
7 yanvar 2025
Ijtimoiy tarmoqlarda “1000kitob” loyihasi bo‘yicha turli gap-so‘zlar aylanib yuribdi. Mansab talashuvi, ziyolilarning guruh-guruh bo‘lib, bir-biri ...