Asosiy mavzular
26 sentyabr 2020

Munisa Rizaeva: Sazoyi qilindim, lekin “O‘zbekkontsert” yordamidan umid qilmayman!

O‘zbek estradasi xonandasi va kinolardagi turli rollari bilan aktrisa sifatida tanilgan 34 yashar Munisa Rizaeva ochiq kiyinganligi sababli ijtimoiy tarmoqlarning radikal dindor va muhofazakor segmenti tomonidan joriy haftada sazoyi qilindi.  

Bunga sentyabr oyi o‘rtalarida Rizaevaning feysbuk sahifasida layf chiqishi sabab bo‘ldi. Xonanda o‘z murojaatida ochiq-sochiq libos kiygani uchun unga malomatu dashnom qilganlarga qarata “Gap ro‘molda emas, qalbda”, degan mazmunda “javob” qaytargan edi.

«Eltuz» bilan qisqa suhbat davomida Rizaeva “bu sazoyi ma'rakasidan dili og‘rigani, ammo “O‘zbekkontsert” himoyasiga muhtoj emasligini” ta'kidladi. 

Toshkentlik san'atshunos Ozoda G‘iyosovaning «Eltuz»ga bildirishicha, xonanadaning ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmenti tomonidan sazoyi qilinishi jamiyatda betoqatlik va jaholat ildiz otganidan dalolat beradi. Qolaversa, bu holat millatning mayda-chuyda narsalar orasida o‘ralashib qolganini anglatadi. 

Munisa videoda aynan nima degan edi?

Bu voqea Toshkentning markaziy ko‘chalaridan birida sentyabr oyi o‘rtalarida sodir bo‘lgani aytilmoqda. Kimdir unga jonli efirda ochiq kiyingan holda qo‘shiq ijro qilish noto‘g‘ri ekanini uqtirgan.

Munisaning bu fikrga nisbatan munosabati keng jamoatchilikning e'tiborini tortdi. Blogerlar, jurnalistlar va ijtimoiy tarmoqlardagi faollar uning javobiga e'tiroz bildirdi.

Qo‘shiqchi sentyabr oyining o‘rtalarida instagramdagi jonli muloqotda quyidagi fikrlarni aytgandi:

“Ko‘pchilik hozir yozyapti. Bunaqa ashula eshitib ochiq-sochiq kiyingansiz, to‘g‘ri kelmaydi. Ey, hammamiz bandamiz. Ko‘rdim men nechta o‘ranganlarning nima qilayotganini. Qanaqa yurganini! Iltimos, gapirmanglar! Mening tilimni qichitmanglar! Bilasizlar-ku, men qarab jim o‘tirmayman. Umuman o‘tirmayman. Shuning uchun ochiq-sochiq, pochiq-mochiq deganlaring «vapshe» kulguli holat. Mana yurak, mana qalb, til, miya bitta bo‘lishi kerak. Soxta bo‘lmasligi kerak. Kristalnыy, chistыy bo‘lish kerak…».

Bunga javoban tarmoqdagilar qanday reaktsiya bildirdi?

Kimdir uning o‘zi aytgandek «kristalnыy» (shaffof) toza ko‘nglini bulg‘ashga harakat qilgan bo‘lsa, yana kimdir unga otilayotgan toshlarni Munisani tahqirlash, deya baholadi.

Hatto ayrim uddaburonlar tomonidan Munisaning bundan o‘n yil oldingi o‘ta shaxsiy, uyatli, shahvoniy holati aks etgan suratlarini ommaga e'lon qildi.

Mazax qilib kulishdi…

Yana kimdir Munisaning kamarsiz mashina haydayotgani, mashina boshqaruvi paytida telefonda jonli muloqotni tashkil etish mumkinmi, deya yangi ayblar qo‘ya boshladi. Boshqasi esa o‘zbek ayolining ibosiyu hayosidan gapirdi…

Feysbuk foydalanuvchisi Shahnoza Soatova o‘z profilida Munisaning instagramdagi jonli videosi to‘g‘risida fikr bildirar ekan, rulda telefondan foydalanib, xavfsizlik kamarini taqmay, bular yetmaganday, ushbu qonunbuzarlikni tarmoqqa yuklab, targ‘ib qilayotgan shaxslarga nega YPX xodimlari jarima solmayotganligini iddao qilgan. 

«Vaqtida birov tezlikni oshirgan videosini instagramga yuklaganida rosa shov-shuv bo‘lgandi, u odam jarima to‘lagandi (deya Prezident kuyoviga ishora qildi). Shu bilan bizning qonuniylikni talab qilishimiz bitdimi? Hatto Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirov ham xavfsizlik kamarini taqmagan videosini instagramga yuklaganida, jarima to‘lagan edi», degan fikrlarni bildirib o‘tdi u.

Munisa Rizaeva mavzusini post qilib qoldirayotgan erkaklarning maydalashib ketayotgani haqida ham ko‘plab fikrlar yozildi. Tanqid ham qilindi. Hatto feysbukda ikki mingdan oshiq layk bosilgan, 500 tacha fikr bildirilgan Abu Solih Salimning videomurojaati qadimchilar fikrining umum ifodasi bo‘ldi:

«Men sizni musulmon deb bilaman, lekin bu ko‘rinishdagi videolaringiz musulmonlarga zarar beryapti. Bir kommentlarni o‘qib chiqing, odamlar «zo‘rsiz aka, bopladiz», degan ma'noda sizni maqtashyapti. Ahamiyat bering, siz kimningdur ketidan chiqargan videoingiz uchun sizni atrofdagilar olqishlayapti. Bu g‘iybat video bilan odamlar ilmlik bo‘lib qolmayapti, ularga qiziq jang ko‘rinyapti, xolos», degan bo‘lsa, yana biri “Hov mayda gap «mujik», sanga o‘xshagan lattachaynarlar «z» qilganidan Munis shuni gapirgan. Yig‘ishtirlaring birovga qanaqa yashashni o‘rgatishni. Sanlarga birov tegmasa, sanam tegmalaring…”, degan fikr qoldirgan.

Abu Solih Salimning diniy takfir uslubida tamg‘alashdan iborat video chiqishida Munisaga qarata: «O‘zing uchun javob ber, ro‘mol o‘ragan kelajakda o‘zi uchun javob beradi. Sen qilib yurgan gunohlaring uchun kechirim so‘ra. Narigi dunyoda qilgan gunohlaring uchun va o‘ranmaganing uchun alohida javob berasan, o‘ranib yurgan ayollar esa o‘rangani uchun emas boshqa qilmishlari uchun javob beradi», qabilida murojaat qilib, videoda Munisaning yuqorida aytib o‘tilgan rasmini havola qiladi. «Videoing ham bor edi, izlab o‘tirmadim», deydi qo‘shimcha qilib…

Ëllanma troll ekani taxmin qilingan Shuhrat Musaev ham video chiqish qilib, Munisani ro‘molli qizlarga til tekkizmasligi haqida ogohlantiradi. Munisaning kiyinish uslubini tanqid ostiga oladi.

Vazirlik ojiz?

Madaniyat vazirligidan internetda Munisa Rizaevaning ayovsiz tanqid ostiga olinayotgani, unga tegishli shaxsiy rasmlarni tarqatib, internet olamida tahqirlanayotgani borasida izoh so‘raganimizda, biz ijtimoiy tarmoq vakillarini rasm tarqatmasligini, xonandani tanqid qilmasliklarini cheklay olish qudratiga ega emasmiz, degan ma'noda javob berishdi.

«O‘zbekkonsert» rahbariyati o‘zgarganidan buyon xonandalarni na tartibga chaqirish va na qilgan ishlari hisoboti uchun chaqirib, maslahat va yo‘l-yo‘riq ko‘rsatilmay qo‘ygani bloger va jurnalist (Daryo.uz muxbiri Mirolim va Sayyod.som sayti asoschisi Sardor) lar tomonidan tanqid ostiga olindi. 

Xonanda bilan bog‘landik. U aynan bu masalada «O‘zbekkonsert» himoyasiga muhtoj emasligini aytdi. U ushbu masalada ulardan yordam kutmasligini, qolaversa, bu tuzilma uni himoya qilmasligini, o‘zlaridan soqit qilish uchun  qo‘shiqchiga ogohlantirish berib qutulishini aytdi

Xullas, internet olamida faol o‘zbeklar uch kun davomida Munisani sazoyi qildi. Faqat Musulmonlar idorasi hozircha bayonot bermadi, Madaniyat vazirligi va «O‘zbekkonsert» ham og‘iz ochgani yo‘q.

Xonanda ijodi haqida qisqacha.

«Jonimga jonim»¸ «Sakramento» kabi qo‘shiqlari bilan tanilgan xonanda va aktrisa Munisa Rizaeva 1986 yil 21 oktyabrda Toshkent shahrida tavallud topgan.

O‘zining matbuotga aytishicha¸ u 6 yoshidan beri  musiqadan saboq oladi. Britaniya poytaxti Londonda joylashgan Hames valley universitetida vokaldan saboq olgan.

O‘zbekistonda ijodni 2011 yilda boshladi. Bir qancha sovrin va mukofotlarni qo‘lga kiritgan. 2014 yil “Yilning eng yaxshi ayol qo‘shiqchisi” nominatsiyasiga sazovor bo‘lgan. “E'tirof” milliy mukofoti, “Oltin kabutar-2019” sovrinlarini qo‘lga kiritgan. 

U o‘zbek estrada yulduzlari Rayhon, Shohruhxon, Botir Qodirov, Ulug‘bek Rahmatullaev, Shahzod Murodov hamda «Ummon» guruhi bilan duet ijro etgan. «Armon», «Dil», «Yonma dil», «Chakanamas», «Bir nima de», «Ketgin yiroqlarga», «Kuch ber» kabi qo‘shiqlar muallifi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
9 mart 2016
Oq «Matiz» mingan 50 yoshli toshkentlik kirakashning Milana ismli o‘z mijozini zo‘rlash maqsadida tishlagani haqida Feysbuk guruxida tarqalgan xabar ...
18 may 2017
O‘zbek matbuoti prezident Mirziyoevning tovuq va tuxum siyosatini ulug‘lashda davom etmoqda. Hususan «Milliy tiklanish» gazetasi (17.05) Toshloqdagi dehqon xo‘jaligi ...
12 iyul 2016
U 16 yil fermerlik qildi. Otasining ham suyagi dalada qotgan, qirq yil davomida paxta yetishtirish bilan shug‘ullangan. Avval otasiga, ...
12 sentyabr 2017
2017 yilgi paxta mavsumi keng miqyosdagi davlat muassasalari xodimlaridan «ko‘ngilli ravishda paxta terimida qatnashish» tilxatini yozdirib olish talabi bilan ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...