Asosiy mavzular
10 dekabr 2020

18 yil taqiqda bo‘lgan film jamoatchilikka taqdim etildi

Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyning kichik zalida 18 yil davomida taqiqda bo‘lgan “Mahmudxo‘ja Behbudiy” filmining taqdimoti kamtarona va odmi o‘tkazildi. 

Boshqa premeralardan farqli o‘laroq, hashamatli banerlar, reklamalar, film ijodkorlari uchun maxsus qizil yo‘laklar tashkil etilmadi. Aktyorlarning ko‘pi hayot emas. Aksariyati kelishmadi. Bosh rol ijrochisi Fahriddin Shamsimatov betob. Tomoshabin ham shunga yarasha kam bo‘ldi.

“Mahmudxo‘ja Behbudiy” filmi to‘g‘risida fikr bildirgan, ismini sir tutishni so‘ragan kinomunaqqidning aytishicha, kartina nomini bunday atash shart emas edi. Chunki u avtobiografik film emas. Qolaversa, Behbudiy yashagan davr haqidagi kartina bo‘lib qolgan. 

“Unda Behbudiy oddiygina bosh qahramonlardan biri. Kartinada keraksiz kadrlar ko‘p. Maqsadsiz ishlatilgan detallar ham yo‘q emas. Ayrim joylarda kartinaning yaxshi tasvirga muhtoj bo‘lib qolganini sezasiz”, dedi kinomunaqqid.

Filmni imkon qadar mukammal ishlashga harakat qilingan. Behbudiy yashagan davrda sodir bo‘lgan har bir katta voqeani tiqishtirishga urinish seziladi. Ovqatni shirin qilish uchun unga haddan tashqari ko‘p masalliq solingani kabi taassurot uyg‘onadi filmni ko‘rganda.

– Bu filmni tarixdan xabari bor odamlargina tushunadi, – deydi tarix fani o‘qituvchisi Jahongir Mustafoev. – U tor qatlam uchun mo‘ljallangandek. Uni yoshlar tushunmaydi, ko‘rmaydi ham. Tarixiy filmda bunchalar ko‘p yolg‘on ishlatmaslik kerak. Abdulla Avloniyni juda sodda kishi qilib qo‘ygan, Fitrat betgachopar qilib ko‘rsatilgan. Bu singari har qanday film tarixiy haqiqatlarga asoslangan bo‘lishi shart. Kimsan Ismoil Gaspiralibiyning tashrifi o‘ta oddiy tasvirlangan. Bu katta voqelik bo‘lishi kerak edi. 

Jahongir Mustafoevning so‘zlariga ko‘ra, Behbudiyning Gaspiralibiy bilan uchrashgani yolg‘on. Qolaversa, Behbudiy Dukchi eshon qo‘zg‘oloniga ko‘r-ko‘rona tashkil etilgan, deya baho beryapti. Yosh Behbudiy Dukchi eshon bilan uchrashib, unga aql o‘rgatyapti. Bu fakt ham yolg‘on. Dukchi Eshon voqeasi sodir bo‘lganda Behbudiy bor-yo‘g‘i 20 yoshli yigit edi.

Filmda Buxoro hukmdori Amir Olimxonning xulqi buzuqligini ko‘rsatish uchungina maqsadsiz kadrlar qo‘shilgan. Behbudiy haqidagi filmda Amir Olimxonning xotinbozligini oshkor qiluvchi kadrlar nima uchun kerak?

Filmda qisqa muddat yashagan Turkiston muxtoriyati faoliyati, Samarqanddagi Ulug‘bek rasadxonasidagi olamshumul tadqiqotlar ham esdan chiqarilmagan.

Yosh Behbudiy va uning zindonda yotish davridagi yoshga oid tafovut sezilmaydi. Qahramonni o‘ynagan aktyorning soxta oq soqoli tomoshabinning g‘ashini keltiradi. 

Behbudiyni yaqindan tanigan kitobxonni ham, albatta. Chunki Behbudiy atigi 44 yil umr ko‘rgan. Manbalarda soqollari qora, aylana ko‘zoynakli, barvasta kishi sifatida tasvirlangan.

– Film juda zerikarli ishlangan, – deydi tomoshabinlar qatorida bo‘lgan talaba Sardor Botirov. – Kadrlar rang-barang emas. So‘zlardan o‘ta ehtiyotkorlik bilan foydalanilgan. Shunday bo‘lsa ham film namoyishi taqiqlanganiga hayron qoldim. Men unda taqiqqa asos bo‘ladigan birorta gap yoki voqeani ko‘rmadim. Bu O‘zbekistonda asr boshlarida hukmron tizimning qay darajada bo‘lganini ko‘rsatadi.

Filmda taniqli aktyorlar Saidkomil Umarov, Furqat Fayziev, Ubaydulla Omon va Hoshim Arslonovning rollari ancha ishonchli chiqqan. Dilshodbek Kattabekovning roli kartinaga samimiylik baxsh etgan. 

Film aqlli dialoglar ustiga qurilgan. Unda har bir suhbatda o‘sha davr tuzumi va mafkurasi haqida olam-olam ma'no bor. Uni bir vaqtning o‘zida ham tomosha, ham hazm qilish qiyin.

Film Mahmudxo‘ja Behbudiyning otuvga hukm qilinishi sahnasi bilan tugaydi…

Film ikki soatdan oshiqroq davom etadi. Namoyish yarmiga yetmasidan zaldan ko‘p odam chiqib ketdi. Avval juft-juft bo‘lib kelgan yoshlar, so‘ng ustozi Baqo Sodiqovning hurmati uchun kelgan yosh aktyorlar, kinoijodkorlar… 

Xullas, film so‘nggigacha chin tomoshabin va filmning ayrim ijodkorlarigina qoldi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
29 dekabr 2020
Antik tarixiy manbalarda buyuk sarkarda Aleksandr Makedonskiy eramizdan oldingi 329-326 yillarda barpo ettirgani aytiladigan Kampirtepa yodgorligi janubi-g‘arbiy devorining o‘rta ...
2 iyun 2022
Rassom Tuzdan yangi karikatura eltuz.com
9 yanvar 2018
6 yanvardan instagram va feysbuk sahifalarida stixiyali tarzda o‘zbeklar do‘ppi fleshmobini boshlashdi. Unga tarmoqda boshqa millatlar ham qo‘shilishdi. Zardo‘ziyu ...
8 mart 2020
Rassom Dumham Eltuz.com
Bloglar
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...
22 sentyabr 2024
Vokal va vizual undan oldingi jiguli qo‘shig‘ining siyqa takrori xolos. Qo‘shiq melodiyasi kavkaz diskotekalridagi «Shiki ...
9 sentyabr 2024
Yaqinda miyani o‘rganish bo‘yicha yirik mutaxassis Tatyana Chernigovskaya ma'ruzasida ayollar bir paytning o‘zida hamma narsaga ...