Asosiy mavzular
13 aprel 2021

Quruq gap zamoni o‘tdi

O‘zbekiston nodavlat tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish qoidalarini soddalashtirishi va fuqarolik jamiyati ovozlarini qonuniylashtirishi kerak. 

Yaqinda Adliya vazirligining nodavlat tashkilotlar boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Madaminov “Amerika ovozi”ga bergan intervyusida nodavlat notijorat tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish faqatgina arizalarning mamlakatdagi huquqiy me'yorlarga rioya qilinmasligi bilan bog‘liqligini ta'kidladi. 

Fuqarolar vazirlik qaroridan yoki ariza ko‘rib chiqilishidan norozi bo‘lsa, sudga murojaat qilishlari mumkinligini aytgan mulozimning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi ikki yil ichida sudlarga hech qanday shikoyat kelib tushmagan. 

Ammo ta'kidlash joizki, O‘zbekiston sudida nizoni hal qilish mustaqilligi o‘ta shubhali bo‘lib qolayotir va bu aksariyat fuqarolarning imkoni bo‘lmagan yana bir qimmat va murakkab jarayondir.

Azizbek Madaminov ta'kidlashicha, bugungi kunda O‘zbekistonda 9200 ta nodavlat, milliy va mintaqaviy tashkilot ro‘yxatdan o‘tgan va faoliyat ko‘rsatmoqda. Amoo ularning aksariyati davlat tomonidan tashkil etilgan yirik yarim hukumat tashkilotlarning filiallari. 

Mustaqil nodavlat notijorat tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish aslida og‘ir va og‘riqli jarayon. Xalqaro huquq himoyachilari tanqidiga qaramay, O‘zbekiston fuqarolik jamiyatining rasmiy ravishda mustaqil tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tishini osonlashtirish uchun joriy qoidalarni o‘zgartirishga shoshilmayapti.

Mehnat vazirligi tomonidan 2020 yilgi paxta yig‘im-terimi paytida mehnat huquqlari buzilishini nazorat qilish uchun rasmiy ekspert maqomi berilgan qoraqalpog‘istonlik inson huquqlari faoli Azimboy Otaniyozov 18 oy davomida “Oqboshqur” inson huquqlari nodavlat tashkilotini ro‘yxatdan o‘tkazishga harakat qildi.

Ilgari “Chiroq” nomi bilan tanilgan “Oqboshqur” 2019 yil 1 dekabrda Otaniyozov va Qoraqalpog‘istonning 11 nafar turg‘uni tomonidan O‘zbekiston Prezidenti va boshqa yuqori martabali amaldorlarning so‘z erkinligi zarurligi va fuqarolik jamiyatining ahamiyati to‘g‘risidagi bayonotlariga javoban tashkil etilgan. 

Faollarning birinchi yig‘ilishidan deyarli bir yarim yil o‘tgach, Otaniyozov “Oqboshqur”ni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun O‘zbekiston qonunchiligida talab qilinadigan hujjatlarni to‘plashda duch kelgan to‘siqlarni so‘zlab berdi:

“Mening tajribam O‘zbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni o‘ta murakkab, ziddiyatli va mantiqsiz ekanini ko‘rsatib berdi. Ro‘yxatga olish tartibi mamlakatdagi mustaqil tashkilotlar sonini sun'iy ravishda qisqartirish va odamlarni jamoat ishlarida qatnashishdan qaytarish uchun ishlab chiqilgan.

To‘siqlar 2019 yil 1 dekabrdagi birinchi ta'sis yig‘ilishi kunidan boshlandi. Bir oy oldin bron qilingan Nukusdagi mehmonxona konferentszali shahar hokimligi yig‘ilishi bo‘lib o‘tishi bahonasida to‘satdan bizga berilmadi. 

Baxtli tasodif tufayli o‘sha ko‘chada yana bir mehmonxona topildi va tashkilot nizomini qabul qilish va “Chiroq”ni tashkil etish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

Keyingi bir oy davomida men Qoraqalpog‘iston Adliya vazirligiga topshirish uchun hujjatlar to‘pladim. Hujjatlarni to‘plashdagi qiyinchilik NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini tartibga soluvchi qonunchilik normalarining nomuvofiqligidadir. 

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 10 martdagi qaroriga binoan, ta'sischilarning to‘liq ismlari, tug‘ilgan sanalari va yashash joylari ko‘rsatilgan imzolar ro‘yxatini taqdim yetish zarur. Hujjatda “imzolar va ma'lumotlar imzolagan shaxsning yashash, ishlash, o‘qish yoki harbiy xizmat joyida tasdiqlanishi kerak”ligi ta'kidlangan.

Otaniyozovning aytishicha, muassislarning shaxsiy ma'lumotlarini ularning ish yoki yashash joyidan tasdiqlatish juda qiyin bo‘lgan. Yashash joyi haqida ma'lumot beradigan mahalla raislari tuman ma'muriyati mansabdorlari bo‘lib, ular mahallada yashovchi odam inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot a'zosi ekaniga taajjub va shubha bilan qaragan:

“Ular mahallamda istiqomat qiluvchi shaxsning ma'lumotlarini tasdiqlash haqidagi iltimosimga bu odam qandaydir noo‘rin ishlarda qatnashmoqchi bo‘lganidek munosabatda bo‘lishdi. 

Mahalla raislari hali ham ularning tasdig‘iga muhtojligimdan ajablandilar, chunki hujjatlarda muassislarning pasport ma'lumotlari to‘liq keltirilgan. Pasportlarda egalarining yashash joylari yozilgan va ularni davlat reestridan topib, bemalol tekshirish mumkin.

Ba'zi mahalla raislari pasportdagi manzillar mahalla reestrlaridagi manzillardan farq qilgani, ya'ni pasport berilgandan beri ko‘chalar o‘zgartirilgani sababli tasdiqlashni rad yetishga urinishdi. Ya'ni odamlar o‘sha manzilda yashashda davom yetishgan, ammo ko‘chalar davlat tomonidan o‘zgartirilgani sababli pasportlardagi manzillar asliga mos kelmay qolgan.

Men bir necha bor borib, mahalla raislarini Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan, ular ta'sis a'zolari ma'lumotlarini muhrlashlari va tasdiqlashlari zarurligiga ishontirishim kerak bo‘ldi. Nihoyat, kerakli barcha tasdiqlarni to‘pladim va hujjatlar to‘plamini Adliya vazirligiga birinchi marta 2020 yil 23 dekabrda topshirdim”.

Adliya vazirligidan birinchi rad javobi 2020 yil 9 yanvarda olingan. Xatda bir necha imlo xatolari sababli ro‘yxatdan o‘tkazilish rad etilgani aytilgan. Biroq katta qiyinchiliklar bilan to‘plangan barcha hujjatlar to‘plami qaytarib berilmadi.

O‘sha paytga kelib, prezidentning byurokratik to‘siqlarni kamaytirishga qaratilgan yana bir farmoni kuchga kirdi. Farmonda ta'kidlanishicha, 2020 yil 1 yanvardan boshlab davlat idoralari fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan (mahalla/mahalla kengashlari) 28 turdagi hujjatlarni, shu jumladan, yashash joyi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni taqdim yetishni talab qilmaydi. 

Biroq ikkita hujjat bir-biriga zid. Bir tomondan, Prezident farmonida mahallalarda yashash joylarini tasdiqlashning hojati yo‘qligi aytilgan, Vazirlar Mahkamasi qarorida esa buning aksi:

“Men hali ham mahalla rahbarlaridan ta'sischilarning manzillarini tasdiqlash hujjatlarini to‘plashim kerak edi, ammo endi ular prezidentning mahallalarda yashash joyini tasdiqlashi shart emasligi to‘g‘risidagi farmoniga binoan ularni tasdiqlashdan bosh tortdilar.

2020 yil 28 fevralda hujjatlar to‘plamini ikkinchi marta topshirdim, bu safar manzillar tasdiqlanishi talab etilmasdi, chunki prezident farmoni ushbu talabni bekor qildi. Adliya vazirligi bir necha grammatik xatoni ko‘rsatgani sababli men tabiiy ravishda bu hujjatlar to‘plamida topilgan yagona kamchiliklar, deb o‘ylardim.

Qoraqalpog‘iston Adliya vazirligining 2020 yil 27 martdagi xatida ro‘yxatdan o‘tish yana rad etilgan. Bu safar vazirlik nizomdagi yangi xatolarga ishora qildi, ammo ularning yarmi, mustaqil huquqshunos so‘zlariga ko‘ra, asossiz edi. Xatda, shuningdek, ta'sischilarning manzillari ularning yashash yoki ish joylarida tasdiqlanmagani aytilgan.

O‘sha paytda ro‘yxatdan o‘tish jarayonini erkinlashtirish maqsadida NNTlar to‘g‘risida kodeks ishlab chiqilayotgani haqida ma'lumotlar bor edi. Shu bois, biz yangi qoidalar hujjatlarni qayta to‘plashdan xalos qiladi, degan umidda yangi tartib joriy etilishini kutdik. Biroq bugungi kunga qadar nodavlat notijorat tashkilotlar haqidagi yangi kodeks qabul qilinmagan.

2021 yil 27 fevralda biz, ta'sischilar yana bir yig‘ilish o‘tkazdik. Unda o‘zgartirilgan nizomni qabul qildik va tashkilotning nomini Qoraqalpog‘istondagi shu nomdagi boshqa tashkilot bilan adashtirmasliklari uchun “Chiroq”dan “Oqboshqur”ga o‘zgartirdik.

Adliya vazirligi dastlab taqdim yetilgan hujjatlar paketini qaytarib berishdan bosh tortgani sababli men yana “Oqboshqur”ning a'zolari yashaydigan Ellikqal'a, To‘rtko‘l va Amudaryo tumanlaridagi har bir mahalla qo‘mitasiga uchinchi bor borishga va mahalla raislarga hujjatlarni tasdiqlash lozimligini tushuntirishga majbur bo‘ldim.

Shunga qaramay, mahalla raislari yashash joyini tasdiqlash haqidagi iltimosimdan hayron bo‘lishdi va yana prezidentning yangi farmoniga ishora qilib, buni rad etaverishdi. 

Bu shuni anglatadiki, har bir tumanga Vazirlar Mahkamasining haligacha amalda bo‘lgan va ta'sis a'zolarining yashash joylaridan manzillarini tasdiqlashimni talab qiladigan qarori bilan qaytishim va mahalla raislariga ko‘rsatishim kerak bo‘ldi.

Meni hujjatlardagi manzillarni tasdiqlash uchun turli bo‘limlarga yuborishdi: Davlat xizmatlari agentligi, hokimlik va pasport beradigan bo‘limga. Qaerga borsam ham meni tushunmaslik va rad javobi kutib olaverdi, chunki haqiqatan ham hujjatlarda davlat reestridan topish mumkin bo‘lgan pasport ma'lumotlari to‘liq ko‘rsatilgan.  

“Oqboshqur” asoschilaridan ikkitasi maktabda ishlaydi va men ularning manzillarini maktab direktorlari tomonidan tasdiqlatishga harakat qildim. Menga rad javobini berishdi. 

Bir holatda direktor huquqshunos bilan maslahatlashganidan so‘ng hujjatni tasdiqlash uning ishiga  salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin, degan xulosaga kelganini aytdi. Hozir zamon o‘zgargani va prezident Mirziyoev hozir BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashida nutq so‘zlayotganini tushuntirishga harakat qildim, ammo bularning barchasi foydasiz edi.

Hujjatlar Adliya vazirligiga ta'sis yig‘ilishi o‘tkazilgan kundan boshlab bir oydan kechiktirmasdan topshirilishi kerak. Bu muddat 2021 yil 27 martda tugagan va men hanuzgacha mahalla raislaridan ikkita manzil bo‘yicha tasdiqlovlarni ololmadim.

So‘nggi bir oy ichida imzo yig‘ish davomida o‘zim haqimda bir qator noxush narsalarni eshitdim. Masalan, To‘rtko‘lda mahalla raislari bilan bo‘lgan uchrashuvlarning birida hokimlik xodimi chet el tashkilotlari bilan hamkorlik qilganim uchun mendan ehtiyot bo‘lish kerakligi va go‘yoki men 10 yil qamoqda o‘tirganim va hokazo yolg‘onlarni aytib ogohlantirgan. Men deyarli 60 yoshdaman va hech qachon jinoiy yoki ma'muriy javobgarlikka tortilmaganman.

Men ham, “Oqboshqur”ning boshqa asoschilari ham “xavfli” emasmiz. Bizning nodavlat notijorat tashkilot tuzish to‘g‘risidagi qarorimizdan maqsad jamoat manfaatlari yo‘lida harakat qilish va Qoraqalpog‘iston xalqining muammolarini hal etishga ko‘maklashishdan iborat. 

Ehtimol bizni boshqa vatandoshlardan ajratib turadigan yagona jihat fuqarolarning jamiyat hayotida ishtirok etishi mamlakatning rivojlanishini ta'minlashiga ishonishimizdir.

Yaqinda uchinchi marta Adliya vazirligiga ro‘yxatdan o‘tish uchun hujjatlarni topshiraman va umid qilamanki, bu oxirgisi bo‘ladi.

Yana bir rad javobi olingan taqdirda buni O‘zbekiston hukumatining fuqarolik jamiyati ovozini o‘chirish uchun qasddan qilingan harakati, deb talqin etishdan boshqasiga o‘rin qolmaydi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 fevral 2023
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Misr prezidenti Abdulfattoh As-Sisining taklifiga binoan 20-21 fevral kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.  ...
22 fevral 2021
Namangan viloyati hokimi prezident kelgan paytda tanqid qilingan mahallada bu yerda sharoit yaxshilanguncha yashashini bildirdi. — Har kuni shu ...
2 yanvar 2018
Yangi yilning 1 yanvaridan O‘zbekistonda spirtli ichimliklar qimmatladi. Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi qo‘shma qaroriga ko‘ra pivodan tashqari ...
13 aprel 2022
Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanida paxtachilik va g‘allachilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan “Bahodir Log‘on Tekstil” qo‘shma korxonasi “Posco International” MChJni reyderlik harakatlarida ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...