Asosiy mavzular
13 dekabr 2021

Ozodbek o‘tirgan turma nozirining hikoyasi

Qashqadaryo viloyatida joylashgan Shayxali qamoqxonasida nozir bo‘lib ishlagan 38 yoshli G‘affor Akmalov jazoni ijro qilish tizimlaridan nohaq bo‘shatilganidan shikoyat qilib «Eltuz»ga maktub yuboribdi.

UYa64/33, UYa64/49, UYa64/61- jazoni ijro etish koloniyalarida mahkumlar ustidan nazoratchi bo‘lganini yozgan maktub muallifi o‘zi ishlagan davrga oid tafsilotlarni ham bayon qiladi.

Akmalovga ko‘ra, u qo‘riqlagan qamoqxonada amaldagi madaniyat vaziri  Ozodbek Nazarbekov va jurnalist Hamza Jumaev diniy ayblovlar bilan jazo o‘tagan. Shuningdek, G‘affor Akmalov qamoqda jazo o‘tagan «Al vakil» musiqiy guruhi qo‘shiqchilari hamda xonanda  Alisher Rahmatullaevni ham nazorat qilganini yozadi.

G‘affor Akmalov iltimosiga ko‘ra, «Eltuz» uning maktubini to‘laligicha e'lon qiladi. Muallif imlosi saqlandi

Maktub

Assalomu alaykum. Men kambag‘al oilada o‘sib ulg‘aydim. Men yoshligimdan harbiy sohaga qiziqib, harbiy bo‘laman deb, sport bilan shug‘ullanib yurardim. Harbiy xizmatni o‘tab qaytgach, Qashqadaryo viloyatining Shayxali pasyolkasida joylashgan, IIV qorovul qo‘shinlariga qarashli 7533-harbiy qismga shartnoma asosida, ishga kirish uchun Shahrisabz tumani mudofaa ishlari bo‘limi orqali kerakli barcha hujjatlarni tayyorladim. Shaxsiy jildim Qashqadaryo viloyati mudofaa ishlari boshqarmasida tekshirilib, qaror chiqarish uchun ketdi. Men haqiqat bor deb yurardim. Ko‘pchilik insonlar pora bermasang, ishga olmaydi, deganida ishonmagandim…. Ishga kirish uchun ikki yil sarson bo‘ldim. Oxiri tegishli davlat organlariga yozma ravishda shikoyat qilaverdim… Yozuvchi degan nomim chiqib ketdi… Oxiri ishga kirdim. Ammo harbiy sohada ham adolat yo‘q ekan. Men jangavor xizmatni, asosan, UYa64/33, UYa64/49, UYa64/61-jazoni ijro etish koloniyalarida o‘tab, mahkumlarning ustidan nazorat qilganman. Qo‘shin nazoratchilar naryadi boshlig‘i lavozimida ishlaganman. Qamoqxonalarda ham haqiqat yo‘q. U yerda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov qamalib chiqqan ekan, diniy oqim bilan. O‘zim qamoqxonalarda «Al vakil» guruhini, jurnalist Hamza Jumaevni, qo‘shiqchi Alisher Rahmatullaevni va ko‘plab taniqli kishilarni -rahmatli Ahmadjon Odilovni Jasliq qamoqxonasiga olib ketishayotganini ko‘rdim. Haqiqatparastligim sababli faqat meni Toshkent shahri Mirobod tumani Amirobod ko‘chasida joylashgan, IIV qorovul qo‘shinlariga qarashli 7531-harbiy qismga rotatsiya qilib, ish joyimni o‘zgartirishdi.

G‘affor Akmalovning qamoqxona noziri bo‘lib ishlagan vaqtidagi surati

Harbiy qismda ishlab yurganimda, bir necha marta men va boshqa harbiy xizmatchilarning haq-huquqi komandirlar tomonidan poymol bo‘ldi. Haq-huquqimni talab qilib, tegishli davlat organlariga yozma ravishda murojaat qildim va komandirlarning ko‘ziga yomon ko‘rinib qoldim.

7531-harbiy qism qo‘mondonligi menga har xil ayblar qo‘yib, ustimdan salbiy yozuvlarni qayd qilib, shaxsiy jildimga tikib, uni Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani mudofaa ishlari bo‘limi arxiviga maxfiy pochta bilan jo‘natdi va 2013 yil 4 dekabrda meni ishdan bo‘shatishdi. Qorovul qo‘shinlari qo‘mondoni, general-mayor Dimitriy Panning oldiga borib, iltimos, menga yordam bering, ishlay, degandim, ruschasiga meni haqorat qilib tashladi…

Tegishli davlat idoralariga murojaat qildim, lekin foydasi bo‘lmadi. Ikki yosh farzandim bor. Qizim nogiron…. Iltimos, IIV qorovul qo‘shinlaridagi ishimni tiklashimga, amaliy ravishda yordam beringlar.

Maktubning ikkinchi qismida G‘affor Akmalov Toshkent shahri hokimiga qarashli shirkatda ishlab, nohaqliklarga nishon bo‘lganidan shikoyat qiladi.

Toshkent shahri hokimiga qarashli «Akfa-Artel» kompaniyasi korxonalarida 7 yil ishladim. Shu davrlar mobaynida menga ta'til berilmadi, bayram kunlari ham ishlatishdi. Korxonada ish vaqti ko‘p, maoshi oz.

G‘affor Akmalovning hozirgi vaqtdagi surati

Haq-huquqingizni talab qilsangiz, Mehnat kodeksining 100-moddasi bilan bo‘shatadi, yakuniy hisob-kitob qilinmaydi. Kasal bo‘lishga haqqimiz yo‘q. Kasal bo‘lib, kasallik varaqasi olib kelib, kadrga topshirsangiz, pulini to‘lashmadi Rustam ismli buxgalter. Ish vaqti tugagach, ishchilarni yig‘ib, rahbar o‘rinbosari Bunyod Hasanov Bunyod 20 daqiqa majlis qiladi. Axir charchagan ishchilarga majlis yoqadimi… Men hammaning oldida unga iloji bo‘lsa, majlisni ish vaqti tugashiga 20 daqiqa qolganda qilsangiz bo‘lmaydimi, deb savol berdim…

Keyin menga asossiz tuhmatlar qilib, ayblar qo‘yib, pulimni ham, ajratiladigan oziq-ovqatni ham bermasdan, ishdan bo‘shatib yubordi… «Artel»da ham adolat yo‘q ekan. Kimga shikoyat qilsang, qilaver, qo‘lingdan kelganini qil, deb baqirdi… Mehnat inspektsiyasiga borib, dardimni aytsam, yordam bera olmaymiz, Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaevga qarashli-ku u korxona, dedi…

Demak, Jahongir Ortiqxo‘jaevdan barcha vazirliklarning mansabdor shaxslari qo‘rqarkan… Haqiqat faqat ertaklaru kinolarda ekan…

Xatimning hammasini e'lon qiling… Hamma bilib qo‘ysin…

G‘afforov Akmal Xolmirzaevich

Toshkent shahri, Mirobod tumani.

«Eltuz» nashri maktubda keltirilgan shikoyatlar borasida Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi va boshqa mutasaddilardan javob kutadi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
26 fevral 2020
Xalq banki Surxondaryo viloyati filiali Termizdagi yangi binoga ko‘chirilgach, uning amaliyot bo‘limidagi jami 45 nafar xodim yoppasiga ishsiz qoldi. ...
2 mart 2021
Bugun men uchun va men mansub bo‘lgan millat uchun aziz inson – Sovet Ittifoqining ilk va so‘nggi prezidenti Mixail ...
29 aprel 2023
Rassom Tuz: Tarix ulug‘ murabbiy. Ustozlar yodi muqaddas.  Matchon Suqulish: Tuz og‘a bugungi gunam ertang uchun tarix. Siz bugunnan ...
20 oktyabr 2016
Oldin ham yozgandik, Bosh vazirning virtual qabulxonasiga murojaat qilayotganlar o‘z muammolariga tez yechim topayotganidan minnatdor bo‘layotgani haqida so‘nggi vaqtlarda ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...