Asosiy mavzular
6 dekabr 2022

Popdagi urga yoki tumanda adolat bormi?

“Qonunlar tugagan joyda zulm va tiraniya boshlanadi”, degan edi 17-asrda Britaniya bosh vaziri bo‘lgan davlat arbobi va huquqshunos Uilyam Pit. Namangan viloyati Pop tumanidagi fermerlar Uilyam Pit kimligini bilmasa ham u aytgan gap mazmunini ich-ichidan tushunadi.

Mana, ikki yildirki, Pop tumanidagi o‘nlab fermerlar tuman hokimi bilan urush holatida. Yerlari majburan olingan fermerlar sudma-sud yurib, Pop tumani qonunlar amal qilmaydigan hudud ekaniga ishonch hosil qilmoqda.

“Eltuz” muxbiri 2022 yil iyunda Pop tumani dalalarida bo‘lib, fermerlar dardlarini tinglagan, muammo qonuniy o‘zanda yechilar, degan umidda ulardan eshitganlarini oshkor qilmay turgandi.

Ammo joriy yil noyabr oxirida turli shubhali va anonim blogerlar Pop tumanilik fermer Umida Ibrohimovaga qarshi yolg‘on va bo‘htondan iborat buyurtma bitiklar e'lon qildi. Ularning iddaosicha, go‘yoki Ibrohimova yerlarini qaytarib olib berish evaziga fermerlardan pul olgan.

Bu yozuvlarda Germaniyada faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston inson huquqlari forumi (O‘zbek forumi) sha'niga ham tuhmatlar aytilgan. Holbuki, mazkur tashkilot O‘zbekistonga nisbatan paxta boykoti olib tashlanishiga kattagina hissa qo‘shgan edi.

Poplik 47 yoshli fermer Umida Ibrohimovaning “Eltuz”ga aytishicha, u bu hujumlar ortida tuman hokimi A'zamjon Sultonov boshchiligidagi hokimlik apparati turganiga ishonadi. Chunki uning o‘z haq-huquqini himoya qilib, tortib olingan yerini auktsion orqali bo‘lsa ham qaytarib olgani hokimlik mulozimlariga og‘ir botgan.

“Men bilan suhbatlashish uchun oldimga Germaniyadan odam kelayotganini eshitgan Pop tumani hokimligi hujumga o‘tdi”, deb izohlaydi internetdagi chiqishlarni Ibrohimova.

Bundan ikki yil oldin Pop tumani mutasaddilari o‘nlab fermerlarni o‘z yeridan voz kechishga majburlagan edi.

“Eltuz”da mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, o‘shanda fermerlar hokim A'zamjon Sultonov buyrug‘i bilan madaniyat saroyiga qamab qo‘yilib, yeridan voz kechish to‘g‘risida ariza yozishga majburlangan. Bunga ko‘nmaganlarning arizasi soxtalashtirilgan holatlar bo‘lgan.

Shundan so‘ng o‘z huquqlari uchun kurashga kirishgan ayrim fermerlar “Eltuz” bilan suhbatda o‘nlab idoralarga qilgan murojaatlari samarasiz ketganini aytgandi.

Pop tumanidagi fermerlar huquqlarini sud va boshqa idoralarda himoya qilayotgan huquqshunos Asqarali Fayzullaevning so‘zlariga ko‘ra, tumanda qonun hujjutlariga umuman rioya etilmaydi.

“Eltuz” muxbiri 2022 yil iyun oyi boshida Pop tumanida bo‘lganida fermerlarda mahalliy rahbarlar, qonun va sud tizimiga ishonch butkul so‘nganini ko‘rdi. Fermerlar o‘zlarining tuman sudida yechimini topishi mumkin bo‘lgan muammosini mamlakat prezidentidan boshqa hech kim hal qila olmaydi, degan qat'iy ishonchga kelishgan.

Kelin va qiz o‘g‘irlash odatiy hayot tarziga aylangan mo‘g‘ullarda urga degan odat bor. Erkak o‘zi o‘g‘irlagan yoki o‘zaro kelishib olib qochilgan qiz bilan cho‘lda qo‘shilish oldidan urga degan uzun xodani yerga tiqib qo‘ygan.

Xoda uzoqdan ko‘rinib turgan. Bu joyda axloq va jamiyat qonunlari vaqtincha ishlamagan. Xoda atrofidagi joy o‘z xususiyatiga ko‘ra qonunsizlik hududi bo‘lgan. Bu xodani ko‘rganlar qizning dod-faryodini eshitishsa ham yaqinlashmagan.

Muqoyasa shuki, Pop tumani ayrimlarda urga odati amal qiladigan hududga aylanib qolgandek taassurot uyg‘otmoqda. Bunday bo‘lmasa, nega fermerlar mahalliy miqyosda yechilishi mumkin bo‘lgan muammo yuzasidan hatto prezidentgacha murojaat qilishmoqda?

Yaqinda muhalliy matbuotga bergan bayonotida shubhali xorijiy sarmoyador Murari Lal Jalan Toshkent shahri hokimi unga “mamlakatda shartnomalar hech qanday rol o‘ynamaydi”, deb aytganini iddao qilgandi.

“Eltuz”ning fermerlar muammolari bo‘yicha surishtiruvlari Pop tumani misolida bu gaplar haqiqatga yaqin, degan xulosaga yetaklamoqda.

Zero, tumanda fermerlar bilan tuzilgan shartnomalar hech qanday rol o‘ynamayotgani, hokim A'zamjon Sultonov o‘zi xon, ko‘lankasi maydon o‘laroq ish tutayotgani yaqqol ko‘rinib turibdi.

Agar tuman hokimi A'zamjon Sultonov bu qamrovli qonunsizliklar haqida izoh bermoqchi bo‘lsa, “Eltuz” uning uchun har doim ochiq.

“Eltuz”

Tag‘in o‘qing
17 sentyabr 2021
Bir paytlar o‘zbek teatrlari qaynona-kelin haqida mahalliy kallavaram yozgan go‘to‘yinlarni emas, balki insoniyat tafakkuri gultoji bo‘lgan Shekspir asarlarini sahnalashtirardi. ...
28 dekabr 2018
Yangi yil arafasi uyma-uy yurib rizqini terayotgan Qorbobolar shu kunlarda boy xonadonlarni ilinj bilan izlashadi. Biroq erka bolakaylarning boy ...
17 oktyabr 2016
«XXI asr» gazetasida paxta yetishtiruvchi xonqalik fermerning nomidan ham bir maqola e'lon qilingan. Unda fermer muvaqqat prezident va amaldagi ...
3 mart 2021
Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi “Katta Karchin” MFY “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan. Hudud aholisiga 2019 yilda barcha xonadonlar ichimlik suv ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...