Qurilmayotgan maktab, buzilayotgan budka va fermerlarga bosim – EP104
Eltuz portaliga kelgan so‘nggi beshta shikoyat xatini o‘qib eshittiramiz. Ular O‘zbekistonning Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo, Andijon Xorazm viloyatlaridan kelgan. Dastlab maktub Samarqandning Poyariq tumanidan. Qurilishi bitmagan maktab o‘quvchilarning ota-onalari shikoyat qilmoqda
“Samarqand viloyati Payariq tumani MMTBga qarashli 2-umumta'lim maktabini 150 kunda qurib bitiramiz deya va'da qilishgan edi. Ammo 6 oy o‘tsa-da, bitmadi. Bunda maktab direktorining ham aybi katta. Bino bitmayotgani sababli bolalar turli masofadagi 3 maktabga qatnab sarson bo‘lyapti. Bu yoqda qishki mavsumga ham hozirlik ko‘rish kerak.
Ayrim bolalar maktab sport zalida dars o‘tmoqda. Direktor buni qanday izohlaydi? Uning pedagogik staji va malakasi talabga javob beradimi?” deya shikoyat qilmoqda Payariq turg‘unlari.
Keyingi maktubni budkasi buzilayotganidan norozi paynet tujjori yozmoqda.
“Toshkent viloyati Chinoz tumanidan murojaat yo‘llayapman. Yosh tadbirkorman. Tuman hokimi 2021 yilda menga “Xalq banki” filiali yonidan Paynet shoxobchasi uchun joy bergan edi. Endi esa budkani buzamiz, joyni bo‘shat deyishyapti. Holbuki, yonimizdagi boshqa budkalar buzilmas ekan. Buzish uchun sud qarori ham yo‘q. Men 2 yil davomida coliqlarni to‘lab, o‘zimni ish bilan ta'minlab kelmoqdaman. Hokim esa “menga gap qaytarding” deb budkamni buzdirmoqda. U nega oddiy tadbirkorning huquqini buzadi? O‘z jonimga qasd qilishim kerakmi? Tadbirkorlik joyim saqlanib qolishida ko‘mak so‘rayman” deya yozadi Chinozlik paynetchi. U murojaatiga video ham ilova qilgan.
Navbatdagi shikoyatni Eltuz portaliga Qarshi tumani turg‘uni yo‘llamoqda.
“Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani maktab va maktabgacha ta'lim bo‘limi boshlig‘i qabuliga qo‘l telefon bilan kirish taqiqlanar ekan. Eshik oldida telefon olib qoluvchi maxsus xodim turar ekan. Telefon bilan kirib ketsangiz, majburiy ijro jarima yozar emish. To‘g‘ri, yurtimizda huquq idoralari kabi ayrim tashkilotlarga kamera, qo‘l telefon bilan kirish mumkin emas. Lekin nega endi ta'lim dargohi shunday qoida joriy qildi ekan? Bo‘lim boshlig‘i o‘zini o‘zi himoya qilish bilan ovora bo‘lmay, ta'lim sifatiga e'tibor bersa yaxshi bo‘lar edi. Qolaversa, bu holat ochiqlik, erkinlik siyosatiga ham to‘g‘ri kelmaydi…” deya pisanda qiladi qarshilik Eltuz obunachisi.
Keyingi maktub Andijondan. Bo‘stonlik fermer ayol Mahbubaxon Kenjaeva Kadastr va soliq idoralari qo‘llagan jarimadan norozi bo‘lib Eltuz portaliga takror shikoyat yo‘llamoqda.
“Men – Mahbubaxon Kenjaeva, Andijon viloyati Bo‘ston tumanidan takror murojaat yo‘llayapman. 25 yildan beri fermer xo‘jaligini boshqarib kelaman. 2017 yilda tuman hokimi qarori bilan tadbirkorlik bilan shug‘ullanishim uchun menga 25 cotix yer ajratilgan edi. Hududdagi suvni ketkazish uchun 2 yil harakat qildim. Keyin 6 ta do‘kon va tikuv sexi qura boshladim. Maqsadim Prezidentimiz farmon va qarorlariga suyanib aholimizni ishli qilish edi. Ammo kadastr idorasi 49,5 mln so‘m, soliq esa 38 mln so‘m jarima yozdi. Ish sudga oshirilmoqda. Hududni obod qilib, odamlarni ish bilan ta'minlasam yomonmi? Nega hokimlik mas'ullari ayol boshi bilan shuncha ish qilibdi deb yordam bermaydi? Hurmatli Prezidentim! Siz chiqargan qaror va farmonlarni hurmat qilaman. Chunki siz xalqimizni yaxshi ko‘rasiz va uning hayotini yaxshi bilasiz. Siz nochorlarga ko‘mak borasida ibrat bo‘lyapsiz.» deya murojaat qiladi andijonlik tadbirkor ayol.
Va nihoyat so‘nggi shikoyat sholisini yig‘ib olishiga to‘sqinlik qilinayotganini bildirgan Xorazmlik dehqonlar nomidan yo‘llanmoqda.
“Xorazm viloyati Tuproqqal'a tumanidan murojaat yo‘llayapmiz. Fuqarolar davlat tomonidan ajratilgan qo‘shimcha dala tomorqasida yetishtirgan sholi ekinini yog‘in-sochindan oldin yig‘ishtirib olmoqchi. Ammo ayrim ichki ishlar va YPX xodimlari bunga to‘sqinlik qilmoqda. Ularning talabi va xatti-harakati qonuniymi? Yuqori idoralar holatni nazoratga olishini so‘raymiz” deya yozadi Tuproqqala turg‘uni. Murojaatga ilova qilgan videoda Ichki ishlar xodimining fermerlar ishiga aralashayotganini ko‘rish mumkin.
Bu sizga bugun o‘qib eshittirganimiz so‘nggi beshta shikoyat edi. Eslatib o‘tamiz. eltuz portali interaktiv tarzda telegram kanalida alohida sahifa shaklida ochilgan. Murojaatlar uchun u yerga maxsus bot ham o‘rnatilgan. Eltuz kelayotgan shikoyatlar, takliflar va ularga yozilgan javoblarni ham e'tiboringizga taqdim etishga intiladi. Kun davomida biz bilan qoling. Kanallarimizga obuna bo‘ling.