G‘oyaviy qo‘poruvchi yoki menga qarshi ish qanday to‘qildi?
Dmitriy Tixonov,
Eltuz.com
Davlat targ‘ibot apparati 2015 yil martdan beri meni G‘arb agenti sifatida ko‘rsatishga tirishib keladi.
Mening huquqbonlik ishim esa O‘zbekistonni qoralash va mamlakatdagi vaziyatni Ukrainadagi maydon darajasiga yetkazish maqsadini ko‘zlaydigan ko‘p haq to‘lanadigan professional faoliyat sifatida talqin qilinadi.
O‘zbekistonda yana bir huquq himoyachisini yo‘q qilish uchun axborot bilan manipulyatsiya qilish mexanizmi yordamida o‘ziga xos uydirma yaratildi.
Militsiya, prokuratura va MXX meni mustaqil shaxs va huquq himoyachisi sifatida yo‘q qilish uchun repressiv imkoniyatlarining butun qudratini ishga solmoqda. Bundan maqsad hokimiyat manfaatlari uchun o‘zbek xalqining butun iqtisodiy imkoniyatlarini so‘rib olayotgan majburiy mehnat kabi zamonamizning eng sharmandali voqeligi haqida guvohlik beradigan biror kimsani qoldirmaslikdir.
O‘tgan yil davomida menga qarshi SSSRda KGB organlari tomonidan dissidentlarga nisbatan qo‘llanilgan tazyiqlarning qariyb barcha usullaridan foydalanildi. Pok nomimni bulg‘ash uchun uyushtirilgan OAVdagi qoralash kampaniyasi, tuhmat, yolg‘on, kuzatuvlar, jamoatchilik fikri bilan bosim o‘tkazish, pochta qutisini buzish va yozishmalarni o‘g‘irlash, sud jarayonlari, mendan huquqiy yordam olgan va menga bu borada ko‘mak bergan shaxslarga tazyiqlar, xususiy mulkni yo‘q qilish, millatlararo nizo qo‘zg‘ash aybi, G‘arb davlatlari foydasiga josuslik qilish kabilar shular jumlasidandir.
Mening go‘yoki “O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darish maqsadidagi terrorchilik faoliyatiga” aloqadorligim to‘g‘risidagi yangilik bu urinishlarning cho‘qqisi bo‘ldi. So‘nggi vaqtlarda meni himoya qilishni to‘xtatish talabi bilan advokatimga faol ruhiy tazyiqlar ko‘rsatilmoqda.
Huquqbonlik va jurnalistik faoliyatimni yoppasiga soxtalashtirish – bu O‘zbekistonda hukumatga so‘zi va ishi bir-biriga mos kelmayotganini aytayotgan, amaldorlarning og‘zaki buyruqlari bilan emas, qonun asosida yashashni istayotgan butun boshli “ijtimoiy” guruhni rejali va sekin-asta yo‘qotib bitirishga qaratilgan sa'y-harakatlarning davomidir.
O‘zbek mafkurachilari inson huquqlarini himoya qilishni faqat va faqat G‘arbning g‘oyaviy ta'siri o‘laroq ko‘rmoqda. Ular o‘z mamlakatida inson huquqlari ommaviy ravishda buzilayotgani to‘g‘risidagi faktlar yuzasidan bahs-munozaralarni atayin inson huquqlari mavzusi “buyurtmaligi” va “siyosiylashtirilayotgani”ga burib yubormoqda.
O‘zbek ma'muriyati nazarida, huquq va qonunlarga rioya qilishga oid har qanday talab faqat davlat tuzumini ag‘darishga qaratilgan tuhmatdir.
Har qanday norozilik va fuqaroviy bo‘ysunmaslik harakatlari jamoatchilikka tartibsizlik keltirib chiqarishga, jamoat tartibini buzishga va Maydonga chiqishga (bu haqda keyingi vaqtlarda ko‘p gapirilmoqda va qo‘rqitilmoqda) da'vat qilishga urinish sifatida taqdim etilmoqda.
Siyqasi chiqib ketgan bir yoqlama gap-so‘zlar davlatning mamlakat ichida so‘z erkinligi va inson huquqlariga qarshi tajovuzkor siyosatini ko‘zdan pana qilishga qaratilgan. “Mustaqilligimizni ko‘ra olmaydigan” qandaydir uydirma qora kuchlar haqidagi quruq vahimalar ortiga yashirinib, hokimiyat to‘g‘riso‘z insonlarning og‘zini yopish uchun aybnomalar to‘qimoqda.
Mening misolimda hokimiyat inson huquqlari himoyachisiga qandaydir terrorchilik tashkiloti bilan aloqani tiqishtirishga harakat qilib ko‘ryapti. Yaqin vaqtlargacha faqat diniy ayblovlar asosida qamash maqsadida shunday yo‘l tutilardi, lekin huquq himoyachilari bundan mustasno edi.
Hibsga olishlarning birida tezkor xodim menga “qonun boshqa, reallik boshqa narsa”, degan edi. Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimi mamlakatdagi huquqiy voqelikni ana shunday qisqa va aniq qilib tushuntirib bergandi.
Huquqbonlik va jurnalistik faoliyatim davomida militsiya tomonidan necha marta hisbga olinganimni eslay olmayman. Lekin har doim bir o‘xshashlik bor edi. Deryali barcha “uchrashuvlar” ikki qismga bo‘linardi. Rasman – ushlanganlik, bayonnoma tuzish. Norasmiysi esa mening huquqbonlik ishim va bu ishga undagan sabablar.
Yuzma-yuz qolganda odatda militsionerlar meni tushunishlari va gaplarimga qo‘shilishlarini aytardi. O‘tgan yilning 20 sentyabrida rahbar zobitlardan biri hujjatlar to‘plami bilan yuzim va boshimga urganini aytmasa, meni kaltaklashmasdi.
Davlatning g‘oyaviy raqibi
O‘tgan yilning bahoridan boshlab meni nafaqat amaldagi hokimiyatni tanqid qilish va qoralashda, balki go‘yoki davlat tuzumini ag‘darishga qaratilgan harakatlarda ayblash uchun informatsion asos yaratildi. Meni O‘zbekistondan “siqib chiqarish” niyati o‘shandayoq paydo bo‘lgandi.
Keyingi voqealar buni tasdiqlaydi, xolos.
2015 yil 2 iyunda “Mahalla” saytida “Britaniyaliklar O‘zbekistonda “beshinchi kolonna” yaratishni xohlaydi” sarlavhali maqola paydo bo‘ldi. Unda Buyuk Britaniya vakillari o‘z o‘yinini boshlagani va bu o‘yinda Tixonov kabi “huquq himoyachilari”ga tayanayotgani, ulardan qandaydir “beshinchi kolonna” yaratishni rejalashtirilayotgani aniq aytilgandi. Men AQSh, Buyuk Britaniya va Frantsiya foydasiga qo‘poruvchilik ishlarini amalga oshirayotgan ichki dushman ekanim ochiq bayon qilingandi.
O‘tgan yilning avgust oylarida militsiya men va oilam to‘g‘risida tanishlarimdan ma'lumot yig‘ayotgani ma'lum bo‘ldi. Ularni qiziqtirayotgan savollar ham an'anaviy edi: nima bilan shug‘ullanaman, qaerda ishlayman, kim bilan gaplashaman, qaysi mavzularda suhbatlashishni ma'qul ko‘raman, qaysi xorijiy davlatga va kimning oldiga boraman, nima hisobidan yashayman, nimaga qiziqaman, oilam qaerda, ota-onam kim va ular qaerda.
Hatto men qanday spirtli ichimlik ichishimga ham qiziqishgan. Bular haqida ko‘pchilikdan so‘rab-surishtirishgani menga ma'lum.
19 sentyabr kuni Angrenda majburiy mehnatni monitoring qilayotgan vaqtimda paxtakorlar kolonnasi jo‘natilayotgan joyda bir guruh kishilar, jumladan, mahalla qo‘mitalari rahbarlari meni internetda O‘zbekistonni qoralash maqsadida paxta kampaniyasi haqida ma'lumot yig‘ishda aybladi.
O‘nga yaqin kishi, aksariyati keksa ayollar, baqir-chaqir qilib hujjatlarimni so‘ragan holda meni o‘rab oldi. Sal bo‘lmasa, ularning nazarida hozirgina paxta yig‘im-terimiga ketayotganlarini audio, foto va videotasvirga olganim smartfonimni qo‘limdan tortib olishayozdi.
Bu voqealar ularning vatanga yordam berish uchun paxta terimiga ko‘ngilli bo‘lib borayotgani to‘g‘risidagi vatanparvarlik chaqiriqlari fonida bo‘ldi. Baqirganlar paxtaga borayotganlar emas, balki jo‘natayotganlar edi. Har qanday muloqot besamar bo‘lishini anglab, voqea joyidan ketishni ma'qul ko‘rdim.
Keyin ma'lum bo‘lishicha, mahalla qo‘mitalarining uch raisi shu kunning o‘zidayoq yevropa millatiga mansub noma'lum kishi paxta kampaniyasi o‘tkazishga xalaqit berayotgani to‘g‘risida hokimlik va militsiyaga murojaat etgan. Ular noma'lum kishi, ya'ni men ularni behayo so‘zlar bilan haqoratlaganimni aytgan.
Har ikki ayb ham yolg‘on edi. Men paxtaga jo‘nab ketishga to‘sqinlik ham, hech kimni behayo so‘zlar bilan haqorat qilganim ham yo‘q.
Mahalla qo‘mitalari raislari bo‘lgan arizachilarning bunday yo‘l tutishiga sabab, menimcha, quyidagilar edi. Ular men paxtakorlar orasida go‘yoki ko‘ngilli ravishda terimga borayotgan mahalla qo‘mitasi vakillari o‘rniga aslida pul evaziga yollangan mardikorlar ko‘pchilik ekanini aniqlashga muvaffaq bo‘lganimni bilib qolgandi.
Bu faktlar foto, video va audioyozuvlar bilan birgalikda internetda e'lon qilinishi mumkinligini taxmin qilgan raislar o‘zlarini bu vaziyatdan qutqarish uchun hokimlik va militsiyani shunday ma'lumotlar tashqariga chiqib ketishi ehtimolidan ogohlantirgan. Shu bilan birga, o‘zlarining hushyor, vatanparvar, sadoqatli va mavjud holatdan qoniqishlarini namoyish etgan.
Ertasi kuni, 20 sentyabrda angrenlik paxtakorlarning navbatdagi kolonnasi terimga jo‘natilayotgan joyda men o‘sha ariza asosida jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor xodimlari tomonidan ushlandim va shahar IIBga olib kelindim.
Militsiyada nega paxtaga qarshi ekanim to‘g‘risida tushuntirish xati yozib berishimni talab qilishdi. Men qonunlarga rioya etilishi tarafdori va majburiy mehnatga qarshi ekanim, paxta kampaniyasiga esa hechya qanday e'tirozim yo‘qligini yozdim.
Sal vaqt o‘tgandan keyin xonaga rahbar zobitlardan biri kirdi va meni so‘ka ketdi. Jismoniy yo‘q qilish bilan tahdid etar ekan, paxta vatanimiz mulki va boyligimiz ekani haqidagi vatanparvarona shiorlarni baqirib ayta turib, qalin hujjatlar bog‘lami bilan boshim va yuzimga ura ketdi.
Militsiya tomonidan chaqirilgan tez yordam menda kaltaklash izlari yo‘qligini qayd etdi, shu bilan militsiya xodimi meni umuman urmagani to‘g‘risida hujjat rasmiylashtirildi.
Keyinroq menga nisbatan “mayda bezorilik” aybi bilan 183-modda bo‘yicha ma'muriy ish qo‘zg‘atilgani ma'lum bo‘ldi. Qonunga ko‘ra, bandi qilingan kunim men bu haqda ogohlantirilishim va shu kuni sud qilinishim kerak edi. Chunki ishning barcha holatlari aniqlashtirilgandi. Lekin o‘sha kuni hozircha hech qanday ish qo‘zg‘atilmaganiga meni ishontirishdi va qo‘yib yuborishdi. Bir g‘araz bilan qo‘yib yuborishdi.
Keyingi to‘qqiz kun davomida, 30 sentyabrga (2015) qadar men Angrenda edim, mobil telefonlarim ham xizmat doirasida va militsiyaga ma'lum edi. Ammo meni chaqirishmadi.
Sal o‘tib qator faktlar va tanishlarning gaplaridan ma'lum bo‘ldiki, bu kunlarda noma'lum xizmat xodimlari tomonidan mening ortimdan tashqi kuzatuv amalga oshirilgan. Ular MXX xodimlari bo‘lgan, deb hisoblashga asos bor.
Misol tariqasida bir voqeani keltirib o‘taman. O‘sha kunlarning birida taxminan soat 22.00 da Toshkentdan Angrenga yo‘lovchi mashinada qaytayotganim. Barcha yo‘lovchilar tasodifiy kishilar edi va bir-birini tanimasdi.
Olmaliq-Ohangaron chorrahasidagi DAN postida mashinani DAN xodimlari to‘xtatdi. Go‘yoki shunga o‘xshash mashina odam urib ketib yashiringanini tushuntirib, ular hammadan mashinadan tushishni talab qildi. Ekspert kelishi va mashinaning shikastlangan-shikastlanmaganini ko‘zdan kechirishi aytildi.
Hammamizni navbat bilan tayanch punktiga olib kirishdi. Fuqaro kiyimidagi, yonida to‘pponchasi bor kimsa har bir kishidan kim qaerdan va nimaga ketayotgani, yo‘lovchilardan kimni tanishini so‘rab-surishtirdi. Hammadan yozma tushuntirish xati olishdi. Faqat mendan smartfonim, telefonlarim, fleshkalarimni olishib, paketga solishdi va noroziligimga qaramay, noma'lum tomonga olib ketishdi. O‘n besh-yigirma minutdan keyin qaytarishdi.
So‘rab-surishtirishimga qaramay, narsalarim bilan nima qilishgani va qanday maqsadlar bilan olishganini hech kim menga tushuntirib o‘tirmadi. Agar o‘xshash mashina odam urib ketgan bo‘lsa ham uni topish uchun mening telefonlarim, qolaversa, fleshkalarimning qanday yordami tegishi mumkin? Ha aytganday, mashinani ko‘rish uchun ekspert kelmadi ham.
Men bu kuzatuvlar mening aloqalarim, men bilan muloqotda bo‘lib, paxta kampaniyasi qanday o‘tayotgani to‘g‘risida ma'lumot oladigan kishilarim to‘g‘risida ma'lumot yig‘ish, shuningdek, bolalar mehnati va majburiy mehnat borasida axborot yig‘ish usullarimni o‘rganish maqsadini ko‘zlagan, deb hisoblayman.
30 sentyabr kuni Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning monitoring guruhi paxta terimiga majburlangani to‘g‘risida aytishni istagan kishilar bilan muloqot qilish uchun Angrenga kelishi kerak edi. Shu kuni men birinchi marta orqamdan kuzatuvni sezdim. Ortimdan uch kishi oq jigulida kuzatib yurdi.
Voqealar rivojidan ilgarilab ketib aytmoqchimanki, militsiya xodimlari XMTning monitoring guruhi bilan uchrashgan kishilarni aniqlab, keyin ular bilan ish joyida suhbatlar o‘tkazilgan. Bu kelajakda XMT monitoring guruhiga ishonch masalasiga taalluqli.
XMT o‘z ish uslubini o‘zgartirmaguniga qadar men barchaga o‘z xavfsizligini o‘ylab XMT monitorlari bilan muloqotga kirishmasligini tavsiya etaman. Ularning ish uslubi ko‘proq hokimiyat manfaatlariga mos keladi. Ular bilan muloqot qilgan odamlarga esa chiqindi material bo‘lish taqdiri nasib etadi. Men to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytmoqchimanki, monitoring guruhlari kishilarning ishonchini yo‘qotgan, chunki ko‘pchilik bu soxtakorlik ekanini yaxshi anglaydi.
O‘z xavfsizligimni o‘ylab shu kuni Angrendan ketdim va bir qancha vaqt boshqa joyda yashab yurdim.
Men ariza yozib, 20 sentyabr kuni shahar IIBdagi xonada meni kaltaklagan militsonerni aniqlash va jazolashni so‘radim. Militsiyaga o‘zim kelishdan cho‘chib, advokat yolladim.
Oktyabrning birinchi yarmida advokatning so‘roviga Angren shahri IIBdan yozma javob keldi. Unda “20 sentyabr kuni menga nisbatan jismoniy kuch qo‘llanilmagani, men bandi qilinmaganim, faqat militsiyaga olib kelinganim” yozilgandi. Shu kuni menga nisbatan 183-modda bilan “mayda bezorilik” bo‘yicha ma'muriy ish qo‘zg‘atilganini ma'lum qilishdi.
Ish uydirma edi, nafaqat meni majburiy mehnatni monitoring qilishdan chalg‘itish, balki 15 sutkaga qamash maqsad qilingandi. 183-moddada shunday jazo ko‘zda tutilgandi. Qamoqqa olinganimda menga qarshi qiynoqlar qo‘llanilishi tayin edi.
Keyinchalik bu menga bosim o‘tkazish maqsadida rejalashtirilgan va tashkil etilgan axboriy-ma'muriy tadbirlar zanjirining bir halqasi bo‘lib chiqdi.
Ma'muriy kodeksga ko‘ra, ma'muriy javobgarlikka tortish muddati ikki oyni tashkil etadi. Agar shu muddat oxirigacha sud bo‘lib, jazo tayinlanmasa, ish yopiladi. Shundan kelib chiqib, qamoqqa tushmaslik uchun javobgarlikka tortish muddati tugaguncha yashirinib yurishga qaror qildim.
17 oktyabr kuni internetda elektron pochtamdan o‘g‘irlangan, meni atayin obro‘sizlantirish maqsadida go‘yoki tahlil qilingan hisobot va hujjatlar mavjud maqola paydo bo‘ldi. Bu maqolani o‘qib, elektron pochtalarim buzilgani, ulardagi huquqni himoya qilishga oid ma'lumotlar, shuningdek, barcha shaxsiy yozishmalarim o‘g‘irlangani va menga qarshi ishlatilayotganini to‘la angladim.
Elektron pochtalarimdan birini avgust oyi oxirida ochgandim. Oktyabrning boshiga kelib undagi ma'lumotlar o‘g‘irlab bo‘lingandi. Buni kim qilgani – IIVmi yoki MXX, faqat taxmin qilish mumkin.
Meni “fosh etuvchi” maqola asosida paxta mavzusi, majburiy mehnat bo‘yicha kuzatishlarim yotardi. Ammo unda ishimning aniq faktlarga asoslangan tahlili keltirilmagandi. Faqat mening “qallob, tovlamachi” ekanim, demak ishlarim ham qalbakiligi haqidagi bo‘lmag‘ur fikrlardan iborat edi. Maqoladan maqsad meni jamoatchilik oldida yomonotliq qilish ekani aniq ko‘rinib turardi.
Maqolaga uchta videorolik ilova qilingandi. Ulardan ikkitasi suhbatdoshlarning ruxsatisiz “xizmatdagilar” tomonidan yashirin kamera yordamida tasvirga olingandi. Uchinchisi esa mening elektron pochtamdan o‘g‘irlangandi va internetga qo‘yilgandi. Men bu rolikni internetda e'lon qilmagandim.
Ikki ayol ishtirokidagi, davomiyligi bir minutga yaqin videorolikda bir ayol paxtadan ozod etish to‘g‘risida qonun borligi va u ozod etilganini gapiradi. Rolikning qolgan bir necha minuti qirqib tashlangan. Chunki unda o‘sha ayol paxta terimiga qanday majbur etilayotgani va bu qonunni hech qaerdan topib bo‘lmagani haqida gapiradi.
Videorolik pochtamdan o‘g‘irlanib, internetdagi ko‘pchilikka ma'lum bo‘lmagan saytda va Youtube da e'lon qilindi. Shundan so‘ng bu ayollar ishxonaga chaqirildi hamda ularga ma'muriyat, korxona xavfsizlik xizmati xodimlari va noma'lum kishilar ishtirokida rolikni go‘yoki men internetda e'lon qilganim aytildi.
Ayollardan mening ular bilan qanday aloqam borligi va nega ular bunday mavzuni muhokama qilgani haqida yozma tushuntirish xati yozib berishni talab qilishgan. Bu ikki ayolga videorolik ularning ruxsatisiz, demak ularning huquqlarini buzgan holda e'lon qilingani vajidan mening ustimdan militsiyaga ariza yozish taklif qilingan. Militsiya ularning huquqlarini himoya qilishi tushuntirilgan.
Ayollardan biri menga hech qanday da'vosi yo‘qligi, rolikning e'lon qilingani unga hech qanday zarar yetkazmaganini aytib, ariza yozishdan bosh tortgan. Ikkinchisi ham menga da'vosi yo‘qligini va ariza yozishni istamasligini aytgan. Ammo unga ma'naviy-ruhiy bosim o‘tkazilgandan keyin yozib bergan. Keyinroq u “boshqa iloji qolmagani” uchun shunday qilganini aytdi. Uning arizasi asosida oktyabr oyida menga nisbatan ikkinchi ma'muriy ish ochildi.
“Xizmatdagilar” oddiy psixologik usullardan foydalanib ikkita videorolikni tasvirga oldi. Ularda Samalikova Lyutsiya Hamidovna va Usmonov Rinat o‘z xizmatlari uchun mendan pul olmaganini ta'kidlaydi. Roliklar yashirin kamerida va ruxsatsiz, ya'ni noqonuniy olingan.
Maqolalardan birining muallifi “xonadon bekasi videotasvirga olishga qarshi bo‘lmagan”ini yozadi. Bu yerda gap tasvirga olishdan bir yarim oy o‘tgandan keyin o‘zi ishtirokidagi videorolikni internetda ko‘rgan Samalikova Lyutsiya haqida bormoqda.
Ma'lum bo‘lishicha, avval unikiga fuqaro kiyimidagi ikki erkak kelgan. Ulardan biri o‘zini uchastka militsioneri deb tanishtirgan va ayoldan o‘z kvartirasini ijara bermasligi va buning uchun pul olmasligi to‘g‘risida tilxat yozib berishni so‘ragan. Tabiiyki ayol yozib bergan. Aks holda turar joyni ijaraga berganlikdan olingan daromaddan soliq to‘lamaganlik uchun soliq inspektsiyasi oldida javob berish masalasi ko‘ndalang bo‘ladi.
Bir necha kundan keyin Samalikovaning kvartirasiga bir yigit bir qiz bilan kelgan va ular o‘zini ayol nomini eslab qolmagan qandaydir xorijiy fond xodimlari sifatida tanishtirgan. Ular ayolga valyuta bilan noqonuniy operatsiyalar uchun jazoga tortilishini aytgan.
Keksa ayolni qo‘rqitib, ular go‘yoki uning pasporti nusxasi bilan xorijdan kelgan valyutani olishga urinish bo‘lgani, Dmitriy Tixonov shunday qilmoqchi bo‘lganini aytib, uni ishontirgan. Qiz papkasini ochib, ayolga mening elektron pochtamdan o‘g‘irlangan tilxati nusxasini ko‘rsatgan va go‘yo men buni internetda e'lon qilganimni aytgan. Ayol mening “sotqinligim” bilan butkul ruhiy muvozanatdan chiqarilgan.
Nima bo‘layotganini tushunmay, o‘zini himoya qilish hissi ustun kelib, Samalikova hech qanday pul haqida bilmasligini gapira ketgan. Kelganlarga aynan shu kerak edi. Bu o‘rinda bechora ayolni ham tushunish mumkin.
Qiz o‘z “ma'lumotlari” bilan ayolni chalg‘itib turgan vaqtda yigit uni videoga (sifatiga qaraganda mobil telefonda) olgan.
Smalikovaning aytishicha, tasvirga olish uchun undan ruxsat so‘rashmagan, u videorolikni internetda ko‘rmaguncha tasvirga olingani haqida hech narsa bilmagan ham.
Mehmonlar jo‘nab ketgandan keyingina ayol pul o‘tkazmasini hatto o‘zining pasporti nusxasi bilan ham olib bo‘lmasligini, buning uchun pasportning asli kerakligini, birovning hujjati nusxasi to‘g‘risida gap ham bo‘lishi mumkin emasligini anglab yetgan.
20 oktyabr kuni o‘sha yigit bilan qiz xuddi shu stsenariy bo‘yicha Usmonov Rinatni ham chuv tushirgan. Tilxat mening elektron pochtamdan o‘g‘irlanganini aytmay, mehmonlar uni men bu qog‘ozni internetda e'lon qilganimga ishontirgan. Men unga chuv tushdim, deb o‘ylagan, endi soliq organlari meni tinch qo‘ymaydi, deb cho‘chigan. Hech kim o‘ziga muammo istamaydi axir.
Qo‘rqqanidan u men shubhali kishi ekanim, chunki Germaniya, Frantsiya, Polshada bo‘lganimni ayta ketgan. Uning gaplaridan sovet davridagi qatag‘onlarning hidi keladi.
Qiz uni papka ichidagi tilxatlar bilan chalg‘itib turgan paytda yigit bo‘layotgan voqealarni videotasvirga olib turgan. Videorolik qahramoni bo‘lishni xohlaydimi-yo‘qmi, buni Usmonovdan ham so‘rashmagan. Internet yulduziga aylanganini u hali ham bilmaydi. Videotasvirga olinayotganini bilganida edi, aytganlarini balki gapirmasdi ham.
Yong‘in
20 oktyabr kuni Yangiobod posyolkasidagi uyim yonib ketdi. Yong‘in taxminan tungi soat ikkida sodir bo‘lgan. Tonggi to‘rtlarda qo‘shnilar uy yonayotganini ko‘rib qolgan. Bu vaqtdan olov tillari derazalar va tomdan yuqoriga o‘rlayotgan bo‘lgan.
Yong‘in haqida men deyarli bir haftadan keyin bildim va faqat yettinchi kuni yongan uyimga keldim. 30 sentyabrdan shu kungacha men Angrenda emas edim.
Yong‘in o‘chog‘i barcha apparaturalar, kompyuterlar, huquqiy hujjatlar va huquqiy kutubxona joylashgan xonada edi. Xona butunlay yonib kul bo‘lgandi. Yong‘in huquqbonlik va jurnalistik ishim uchun zarur butun moddiy-texnik va ma'lumotlar bazasini yo‘q qilgandi.
Buyumlar, pullar yongan. Turli ma'lumotlar yozilgan ikkita tashqi qattiq disk yo‘qolgan. Yong‘in joyida men ularning yongan qoldiqlarini topa olmadim. Holbuki, ular qaerda saqlanayotgan bo‘lsa, o‘sha yerda qolshi kerak edi. Uy avval tintuv qilinib, keyin yoqib yuborilgan bo‘lib chiqyapti.
Ichida bolalar mehnati va majburiy mehnatga oid ko‘plab huquqiy ma'lumotnomalar saqlanadigan karton quti ham yo‘qolgan. U yonishi mumkin emas edi, chunki boshqa xonada turgandi. Bu xonadagi hech narsa yonmagan, faqat yong‘in tufayli shikastlangan edi. Faqat ma'lumotnomalar solingan quti yo‘qolgandi.
O‘tkazilgan ekspertiza asosida Angren yong‘in xavfsizligi xizmati menga uydagi qulflar buzilmagani, oynalar sindirilmagani, yong‘in esa cherdakdagi simda ro‘y bergan qisqa tutashuv tufayli kelib chiqqani haqidagi xulosani berdi.
Ikkita tashqi qattiq disk yo‘qolgani, eshiklarni esa sindirish emas, boshqa kalit yoki asbob bilan, ayniqsa sen bilan IIV va MXX kabi xizmatlar qiziqayotgan paytda, ochish mumkinligi haqidagi fikrlarni chetga qo‘yib turaylik. Uyning tomida bog‘langan yog‘och narvon turardi va hali ham turibdi, cherdakka kiradigan joy esa ochiq edi. Ammo o‘t o‘chiruvchilar bu haqda g‘ing demadi, buni hisobga ham olmadi.
Uchinchi ma'muriy ish
Menga qarshi to‘qilgan uchinchi ma'muriy ishni aynan yongan uyimga kelishimga mo‘ljallashdi.
Angren shahridagi 3/2 kvartal 6-a uyda joylashgan shirkat raisasi M.X.Chimboevaning arizasiga ko‘ra, 24 oktyabr kuni soat 9.00-10.00 larda men go‘yoki uning oldiga kelib, ularning uyida yoki issiq suv, yoki issiqlik ta'minoti yo‘qligi to‘g‘risida ariza berishni talab qilganman. Shuningdek, men go‘yoki uyning yerto‘lasini ochib, menga yerto‘la va quvurlarning holatini ko‘rsatishni talab qilganman. U rad etgan. Men 26 oktyabr kuni kelishni va'da qilib ketganman.
Arizaga ko‘ra, 26 oktyabr kuni kelmaganman, go‘yoki xuddi shu talablar bilan 27 oktyabr kuni soat uchlarda kelganman. Bu vaqtda shirkatda Chimboevaning singlisi, yana bir erkak va ayol bo‘lgan. Chimboeva mening talabimni ikkinchi marta rad etgan. Bunga javoban men go‘yoki janjal ko‘targanman, bu yerdagilar bilan urishib ketganman, jumladan, haqoratlaganman ham. Oxirida esa Chimboevaning singlisining qo‘liga urganman.
Shunday qilib, Chimboevaning guvohlik ko‘rsatmalari keltirilgan arizasini uch kishi tasdiqlaydi. Men esa odatdagidek yolg‘izman, mening himoyamga so‘z aytadigan hech kim yo‘q.
Na Chimboevani, na boshqalarni umrimda ko‘rmaganman va bu kishilar menga butunlay notanish. Hatto go‘yoki o‘zim kelgan shirkat qaerda joylashganini ham bilmayman. Hech qanday ariza so‘ramaganman, yerto‘lani ko‘rsatishni ham talab qilmaganman. Ish yuz foiz uydirma.
Chimboevaning arizasi asosida menga nisbatan 183-modda bilan “mayda bezorilik” bo‘yicha ma'muriy ish qo‘zg‘atildi.
Bir jihat ko‘zga tashlanadi. Mendan “ranjigan” shirkat menga nisbatan 20 sentyabrda ma'muriy ish qo‘zg‘atilgan va 17 dekabr kuni men jazoga hukm qilingan arizani yozgan raislarning biri rahbarlik qiladigan mahalla hududida joylashgan.
Ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, uning o‘g‘li Angren shahri kengashi deputatidir. Bu esa tinib-tinchimas raisa opaning vatanparvarlik shiddati qaerdan ulgi olayotganini anglatayotgandek. Mening takroran “ma'muriy huquqbuzarlik qilishim” kuni va joyi organlar tomonidan tasodifan tanlangandek ko‘rinishi mumkin. Lekin unday emas. Elektron pochtamdan o‘g‘irlangan ma'lumotlar bu ish uchun asos bo‘lgan.
30 sentyabrdan 26 oktyabrgacha men na Angrenda, na Yangiobodda yo‘q edim. Ishning stsenariynavislari bu vaqt orqalig‘ida qaerdaligim va kim bilan muloqotga bo‘lganimni to‘liq bilmasdi. “Xol qo‘yib” qo‘ymaslik uchun 27 oktyabrni tanlashgandi.
Shirkatga “kelgan” paytim, 27 oktyabr kuni soat 15.00 shu kuni meni o‘nlab odam Yangioboddagi uyimda ko‘rganidan kelib chiqilib tanlangandi. Demak, Angrenda ham bo‘lishim mumkinligini da'vo qilsa bo‘ladi.
Bu stsenariyni tayyorlaganlarga ertalabdan taxminan soat birlargacha qo‘shnilarim men bilan gaplashgani yaxshi ma'lum ko‘rinadi. Bu vaqtda yong‘in bilan bog‘liq rasmiyatchiliklarni hujjatlashtirish uchun oldimga militsiyadan, o‘t o‘chirish bo‘limidan va mahalladan kelishgandi. Taxminan soat to‘rtlarda hovliga uchastka inspektori va posbon kelib, menga militsiyaga chaqiruv qog‘ozini tashlab ketdi.
Soat birdan to‘rtgacha bo‘lgan oraliqda men uyda yolg‘iz bo‘lganman va buning guvohlari yo‘q, deb hisoblash mumkin. Demak, bu vaqtda men uyimda bo‘lmaganman va shirkatda janjal ko‘targanman, bunga to‘rtta “guvoh” ham bor, deb aytsa bo‘ladi.
Huquqiy jihatdan hammasi mos kelayotgandek. Insoniylik jihatdan-chi? Uyim yonib ketdi, deyarli butun mulkim, hujjatlarim, pullarim kuyib kul bo‘ldi. Bu har qanday odam hayotida oddiy voqea bo‘lmagani sababli fojea, tashvish, turli qayg‘uli kechinmalar fonida boshqa barcha istak-xohish va ishlar ikkinchi, hatto uchinchi planga tushib qoladi.
27 oktyabr kuni men birinchi marta yong‘in joyiga kelyapman. Na uyim, na mulkim qolmaganini ko‘ryapman va anglayapman, sog‘ qolgan biror narsa topish umidida vayronalarni titkilayapman. Kutilmaganda shirkatdan ariza olish va begona oyning yerto‘lasidagi quvurlarni ko‘zdan kechirish kerakligini eslab qolyapman. Uyimni tashlab, 13 kilometr yo‘l bosib Yangioboddan Angrenga kelyapman, shirkatda janjal ko‘tarib, kechqurunga yaqin uyga qaytyapman va omon qolgan narsalarni izlayapmanmi?
Bunaqasini faqat ahmoqlar o‘ylab topishi mumkin.
Sud
17 dekabr kuni Angrenda meni militsiya ushladi. Shu kuniyoq meni 183-ma'muriy modda asosida “mayda bezorilik” bo‘yicha sudlashdi. Prokuror jazo sifatida besh kunlik qamoq so‘radi, sudya eng kam ish haqining besh barobari miqdorida jarima belgiladi.
Sudda tergov manfaatlarini prokuratura xodimi himoya qildi. Advokatimning fikricha, ma'muriy ishlar bo‘yicha sudlovni amalga oshirishda bu mutlaqo kuzatilmagan holatdir. Bu mening ishimga qiziqish yuqoriligi aldomatidir. Odatda prokuratura ma'muriy ishlarga befarq bo‘ladi.
Paxta kompaniyasiga qiziqishimni asoslash uchun suddan ish materiallariga bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi men tarqatayotgan huquqiy ma'lumotnomani ham tirkab qo‘yishni so‘radim. Bu ma'lumotnomada Milliy rejalar, XMTning O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan konventsiyalari, bolalar mehnati va majburiy mehnatga oid milliy qonunchilik hujjatlaridan olingan ilovalar jamlangandi.
Na sud, na prokuratura bu ma'lumotnomaga e'tiroz bildirmadi.
Diqqatga sazovor jihat. Prokuratura xodimi majburiy mehnat muammosiga qiziqishimni asoslovchi shaxsimni tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishni so‘radi. Sudga huquq himoyachilarini himoya qiluvchi FrontLine xalqaro tashkiloti tomonidan berilgan huquqbonlik guvohnomasini ko‘rsatdim.
Unda tashkilotning BMT Iqtisodiy va Ijtimoiy kengashida konsultativ maqomga ega ekani ko‘rsatilgandi. Sud ham, prokuratura ham guvohnomaga e'tiroz bildirmadi. Ustiga ustak, prokuratura xodimi guvohnomamning muddati 2016 yil oxirida tugashi, shuning uchun uni uzaytirishim kerakligini eslatib o‘tdi. U keyinchalik odamlar bilan muloqot paytida tushunmovchilik kelib chiqmasligi, kimligim va nima bilan shug‘ullanishimni bilishi uchun ularga guvohnomamni ko‘rsatishimni ham tavsiya qildi.
2015 yilda meni qoralovchi ayrim maqolalarda men “agenti” bo‘lgan Front Lain ni qandaydir tushunarsiz tashkilot sifatida talqin qiluvchi xabarlar paydo bo‘ldi. Hatto bunday tashkilot umuman yo‘qligi, men qallob soxtakor ekanim to‘g‘risida fikrlar ham bildirildi.
So‘nggi oylarda men bilan yuz berayotgan voqealar va sizdirma axborotlarning umumiy yo‘nalishidan kelib, barcha imkoniyatlarni ishga solgan holda meni huquq himoyachisi sifatida yo‘q qilishga kirishilgani anglashilib turardi. Meni qamoqqa olishni emas, balki mamlakatdan chiqib ketishimni istashayotgani aniqroq edi.
Mamlakatdan hech qanday to‘siqsiz chiqib ketish uchun ertasi kuni jarima to‘lashga majbur bo‘ldim. Chunki sud qarorini bajarmaslik chegaradan chiqarmaslikka asos bo‘la oladi.
G‘oyaviy qo‘poruvchi va qonuniy hokimiyatning dushmani
Men O‘zbekistondagi yagona huquq himoyachisi emasman. Ammo, ma'lum bo‘lishicha, aynan mening OAVdagi xatti-harakatlarim (barcha huquq himoyachilariniki singari) nafaqat “mamlakatimizning amaldagi qonuniy hokimiyatini” qoralash, balki terrorchilik tashkilotiga a'zo bo‘lgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat hokimiyatini ag‘darishga qaratilgan, deb topildi. Men davlatning g‘oyaviy dushmani deb ataldim.
Rejali ravishda yomonotliq qilish uchun soxta ma'lumotlardan foydalanilgan holda 2015 yil 20 dekabrda “Huquq-tartibot organlarimiz Dmitriy Tixonovdan kelayotgan xavfga nega panja orasidan qarayotganiga umuman tushunmayman” sarlavhali maqola e'lon qilindi. E'lon qilinishidan oldin u elektron pochta orqali huquq himoyachilari va turli tashkilotlarga tarqatildi.
“Mana, bir necha yillardan beri O‘zbekiston Respublikasida Dmitriy Tixonov ismli g‘oyaviy qo‘poruvchi muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatyapti, – deb yozadi Zamondosh sayti. – Uzoq vaqtlardan biri butun kuchi bilan mamlakatimizning amaldagi qonuniy hokimiyatini yomonotliq qilishga urinib keladi. Uning harakatlari faqat davlat tuzumini yemirishga qaratilgan”.
“U haqiqatni bilib turib soxtalashtiradi, hozirgi davlat tuzumining g‘oyaviy dushmani hisoblanadi… Jahon tajribasi ko‘rsatayotganidek, g‘oyaviy qo‘poruvchilikdan terrorchilik harakatlarigacha bir qadam… Tixonov biror terrorchilik tashkilotiga aloqador bo‘lishi ham hech gap emas”.
Va chaqiriq yangraydi: “Huquq-tartibot organlarimiz Dmitriy Tixonovdan kelayotgan xavfga nega panja orasidan qarayapti? Tixonovga o‘xshaganlar juda xavfli – ular birinchi navbatda (HOZIRChA!) butun jamiyatga ma'naviy zarar keltiradi!”
Harakat dasturi shu chaqiriqdan anglashilib turibdi.
Hatto yonib ketgan uyimdan qo‘shnilar go‘yoki qo‘lbola portlovchi modda tayyorlashga oid qo‘llanmalar ham topdi. Ular bor bo‘lgani uchun topilmadi, balki ularni topish shartligi uchun topildi.
Axborot tarqatish yo‘li bilan ogohlantirish berildi – agar ketmasam, meni qamoq kutmoqda. Uchta ma'muriy ish to‘qishdi. To‘rtinchi, ya'ni uzoq muddatli qamoq ko‘zda tutilgan jinoyat ishini to‘qish uchun ijrochi topish esa muammo emas. Terrorizm virusi atrofimda uchib yurardi va men bilan muloqotga bo‘lgan har bir kishini zararlardi. Maqolalar barchani ogohlantirgandi.
Ammo egilgan tayoq shu o‘rinda sindi. Huquq himoyachilari orasidan tez-tez siyosiy muxolifatchilar chiqib turadi, ammo terrorchilar emas. Inson huquqlarini himoya qilish – bu kuch ishlatmagan, hokimiyatga erishishga intilmagan holda o‘zgarishlar qilish talabidir. Terror esa huquq himoyachilarining usuli emasligi aniq.
Jamoatchilikka bosimlar
BMTning majburiy mehnat qurbonlariga ko‘mak ko‘rsatish loyihasi doirasida 2015 yil bahori va yozida bir necha kishi men orqali moddiy yordam oldi. Bu mablag‘ davolanish, huquqiy ko‘mak va psixolog yordami olishga mo‘ljallangan.
Men paxta terimidan aziyat chekkan ta'lim sohasi va ko‘mir koni ishchilariga turli summadagi mablag‘larni yetkazib berdim. Shuningdek, Angren hokimi buyrug‘i bilan Toshkent-Qo‘qon avtotrassasi yoqasi va ariqlarni tozalash uchun hasharga chiqqan paytda mashina urib ketib halok bo‘lgan maktab xodimasining oilasiga ham mablag‘ berildi. Marhumning oilasiga tovon puli to‘lanmadi, holbuki uning o‘limini ishlab chiqarishda sodir bo‘lgan, deb hisoblash mumkin edi.
Men kim, nima uchun va qancha pul olgani to‘g‘risida videohisobotlar tayyorladim. Bu hisobotlar ham boshqa ma'lumotlar singari elektron pochtamdan o‘g‘irlandi. Ular orqali oktyabrdan yanvar oyigacha militsiya Angrenda yordam olganlarning hammani topdi. Shuningdek, bu kishilar haqiqatdan ham paxtada jabrlangani haqida guvohlik berganlarni ham aniqladi.
Ularning hammasi ishxonasing rahbari xonasiga chaqirtirildi. Bu yerda militsiya har biridan nima uchun pul olgani hamda mening ular bilan qanday aloqam borligi haqida tushuntirish xati yozib berishni talab qildi. Ularga paxta kampaniyasi davlat siyosati ekani, buni to‘g‘ri tushunish kerakligi uqtirildi.
Har bir kishidan endi bunday ishlarni boshqa takrorlamaslik, davlat ishlarini to‘g‘ri tushunish haqida alohida tilxat yozib berish talab qilindi. Boshqacha aytganda, bu kishilarga ma'naviy-ruhiy tazyiq o‘tkazildi. To‘g‘ri, pullarni tortib olishmadi.
Ana shunday “yig‘ilishlar”dan birida militsiya yoki MXX xodimi ma'muriyatdan “ishonchsiz” xodimni ishdan bo‘shatishni talab qilgani haqida aniq ma'lumot bor. Ammo xodimni ishdan bo‘shatish uchun hech qanday asos yo‘qligini aytib, bu talabni rad etgan rahbarga ham qoyil qolish kerak. U agar kimnidir ishdan bo‘shatish kerak bo‘lsa, rahbar sifatida o‘zini ishdan olishlarini taklif etgan. Pirovardida hech kim ishdan bo‘shatilmagan.
Bu holatlar bilan XMTning Toshkentdagi vakolatxonasi qiziqib ko‘rishi lozim, deb hisoblayman.
2016 yil yanvarda advokatimga ruhiy bosim ko‘rsatish boshlandi. Bir oy davomida unga yashirin raqamdan noma'lum kishilar ko‘p bor qo‘ng‘iroq qilib, tergov va sudda mening manfaatlarimni, meni himoya qilishni to‘xtatishni talab qildi.
Yanvarning boshlarida Angren militsiyasi meni topish va qilmagan gunohlarim uchun ikkita ma'muriy ish bo‘yicha “adolatli” sudga tortish uchun yangidan safarbar etildi. Uchastka militsionerlari ko‘p marta qo‘shnilarim, tanishlarim, onamnikiga kelgan.
Meni, asosan, elektron pochtamni buzish orqali militsiya qo‘liga tushib qolgan manzillar va aloqalar orqali izlashgan. Shu tanishlarimning so‘zlariga ko‘ra, militsiya ularning uyiga kelib, ular men bilan aloqalarni davom ettirayotgani o‘zlariga ma'lum ekanini aytgan.
O‘zlarining har narsadan xabardorligini ko‘rsatish, organlar barchasini bilib turgani, jazo muqarrarligiga ishora qilish uchun militsionerlar bir qator tanishlarimning otini aytgan. Tanishlarimdan bundan keyin men bilan barcha aloqalarni uzishni talab qilgan.
Men bilan aloqa qilayotganini bilishlarini aytib, ulardan o‘z xohishim bilan militsiyaga kelib, belgilangan muddatni (ular aynan shunday degan) o‘tashim kerakligini menga yetkazib qo‘yishni qat'iy taklif etishgan. Mening yashirinishimga yordam berayotganlar jinoyatchini yashirganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirishgan. Shuningdek, agar militsiya ushlasa, meni kaltaklashlarini ham yetkazib qo‘yishni so‘rashgan.
Militsiya meni taniydigan angrenliklar orasida menga nisbatan ikkita jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani to‘g‘risida atayin mish-mish tarqatgan. Bular qanaqa ishlar va men nimada ayblanayotganimni tushuntirishmagan.
Yongan uyimda portlovchi qurilmalar tayyorlash to‘g‘risidagi qo‘llanmalar va portlovchi moddalar topilgani, shuning uchun menga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini aytishgan. Kim men bilan muloqotda bo‘lsa, hamtovog‘im hisoblanishi, shunga yarasha javobgar bo‘lishini bildirishgan.
Militsionerlar meni izlab uyma-uy yurgan va shu axborotlarni tarqatgan.
Maqsad aniq va ravshan – meni butkul qo‘rqitish, vahimaga tushirish va O‘zbekistonda yashash xohish-istagimni butunlay so‘ndirishdir. Jamoatchilikni cho‘chitish, odamlarni mendan yuz o‘girishga majbur qilishdir. Mening misolimda jamiyatdagi norozilik kayfiyatini bostirish, o‘z huquqlarini himoya qilishga bo‘lgan urinishlarni yo‘qqa chiqarishdir.