Catira
4 iyun 2018

Ishdan ketgan amaldorlarning qarindoshlari qochish taraddudida

Soliq qo‘mitasi raisi Botir Parpievning ishdan olinishi unga aloqador kimsalarni kemadan qochishga urinayotgan kalamushlarga aylantirgan ko‘rinadi.

Qudratli soliqchining katta-katta amallarni egallab kelgan yaqin qarindoshlari bir vaqtning o‘zida lavozimlaridan mosuvo etilgani ortida ham shu sabab yotgani aytilmoqda.

Toshkentda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, o‘tgan haftada Botir Parpievning yuqori lavozimli ikki qarindoshi mamlakatdan chiqib ketishga uringan vaqtda ushlangani ortidan boshqalari ham ishdan bo‘shatilib, kuchaytirilgan nazoratga olingan.

Mustaqil OAV esa bir vaqtlar Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Abdusalom Yo‘ldoshev va uning o‘g‘li Javlonbek qo‘shni davlatlardan birida ushlanib, O‘zbekistonga qaytarib berilganini yozdi.

Ayni paytda ular Davlat xavfsizlik xizmatining “Gvardeyskiy” nomi bilan tanilgan izolyatoriga joylashtirilgani xabar qilinmoqda.

Bu ma'lumotlar ko‘pchilik tomonidan O‘zbekistonning eng yirik korruptsionerlaridan biri sifatida ko‘riladigan Botir Parpiev ustidagi qora bulutlar yanada quyuqlashayotganini anglatadi.

29 may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoev soliq tizimidagi korruptsiyaga bog‘liq jinoyatlar ko‘lami juda kengligiga ishora qilgan edi.
“Soliqda ham ko‘p o‘yinlar bo‘lgani, rahbariyati qanday ishlar bilan shug‘ullanganidan hayron qoldim. Hali uni ham xalqimizga yetkazamiz “… 70 foizi korruptsiya bilan bog‘liq, mana shuni hamma bilishi kerak”, degandi o‘sha yig‘ilishda davlat rahbari.

Bu yoqda 15 yil davomida “dunyoning ustuni” bo‘lgan sobiq bosh prokuror Rashid Qodirovning ham ahvoli ancha chatoq.

Ayrim manbalar hibsdagi bu shaxs sog‘lig‘i yomonlashgani sababli “sangorodok”ka yotqizilganini xabar bergandi.

Toshkentdagi so‘nggi gap-so‘zlarga qaraganda, sobiq bosh prokurorning “tomi ketib”, aqli kirdi-chiqdi bo‘lib qolgan. Hozir u barcha yiqqan-tiqqanini davlatga qaytarishga tayyor holatga kelgan, demoqda vaziyatdan xabardor ayrimlar.

Lekin ko‘pchilik prezidentning yana bir shov-shuvli qadamiga intiq. Bu ham bo‘lsa, sobiq Milliy xavfsizlik xizmatining sobiq raisi Rustam Inoyatov bilan bog‘liq.

Odamlar “endi navbat Rustam Inoyatovniki, prezident qachon bu haqda bir qarorga kelar ekan”, deb kutmoqda.

Qachon qo‘yilar ekan bu qadam? Qo‘yilarmikin?!

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
11 oktyabr 2016
Majburiy mehnat monitoringi bilan shug‘ullanayotgan «Qo‘rqmaslar» guruhi faoli Maloxat Eshoqulovaning eltuz.com muxbiriga bergan intervyusiga ko‘ra, ularni cho‘l zonasidagi «Qirlishon» ...
13 noyabr 2018
Toshkent propiskasidan mahrum qilingan taniqli huquq faoli va jurnalist Malohat Eshonqulova 10 noyabr kuni Samarqandga propiskaga qo‘yilmadi. Eshonqulovaning «Eltuz» ...
1 dekabr 2015
Akmal Nabiev Yeltuz.com Yaqinda men ishlaydigan qurilishga politsiya xodimlari kelib, hujjatlarimiz joyida bo‘lishiga qaramay barcha ishchilarni politsiya bo‘limiga olib ...
25 oktyabr 2015
Halokat Anvar o‘tirgan Matiz mashinasi paxta ortilgan traktor pritsepi bilan to‘qnashuvi natijasida sodir bo‘lgan. Hozirda mashina haydovchisi og‘ir ahvolda ...
Bloglar
28 may 2024
Men millatchi emasman! Lekin qaytadan ta'mirlatilgan va Toshkent shahrining sobiq hokimi J. Ortiqxo‘jaev tomonidan Pasxaga ...
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...