Kundalik
18 oktyabr 2015

Turmadan xat

Assalomu alaykum aziz hamyurtlar! Men bu voqeani sizlarga aytmasam bir umr bo‘ynimda qarz bo‘lib qoladi. Shu sababli uzoq o‘ylab aytishga qaror qildim.

Bundan bir necha yillar avval rizq-nasibam qo‘shilgan ekan men ham panjara ortini ko‘rib kelisha majbur bo‘ldim. «Qamoqxona» degan nomni eshitsam labimga uchuq toshar edi, tasavvurimda dahshatli joylar, yomon odamlar gavdalanardi. Yo‘q, u yerda ham siz bilan bizga o‘xshagan odamlar bor ekan. Faqat yashash sharoitlari biroz.., ha mayli, mavzudan chetlashmaylik, hozir gap u yerdagi ayanchli ahvol haqida emas. U yerdagi sharoitlar haqida boshqa payt bafurja bayon qilarman.

Demak, meni bir qamoqxonadan boshqasiga ko‘chirishdi (nima emish u qamoqxona uyimga yaqin bo‘lgani uchun yaqinlarim ko‘p xabar olayotganmish). Yangi joyga borgach bildim, odam qamoqxonaga ham o‘rganib qolar ekan. Yangi borgan joyimga hech ko‘nika olmadim, boshqalarga ham qo‘shilib keta olmadim. Birov bilan muloqot qilib turmasangiz vaqt o‘tishi ham qiyin bo‘lar ekan. Qarasam bir chetda yoshi mendan kattaroq, og‘ir-vazmin inson ham xayol surib o‘tirgan ekan, salom berib yoniga o‘tirdim.

Hol-ahvol so‘rashdik, keyin tanishdik (qarang, o‘zbekchilikda, avval hol-ahvol so‘rab keyin tanishasiz, boshqa millat bo‘lsa tanimagan odamidan hol so‘rarmidi?).

Ismi Ozodlik ekan. Xato eshitmadingiz, o‘zim ham birinchi eshitganimda Ozodbek deb eshitgan ekanman.
– Umrim qamoqda o‘tayapti – dedi bechora, o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarida bir chiqarishibdi-yu yana qayta yana olib kirib qamab qo‘yishibdi.
– Borgan sari meni yo‘qlovchi yaqinlarim ham kam qolmoqda – dedi. Tashqaridagi vaziyatni so‘radi, bilganimcha aytdim:
– Mustaqilmiz – desam miyig‘ida kulib:
– O‘zi Mustaqillik bilan yaqin qarindoshmiz – dedi.
Ancha suhbatlashdik, men ko‘nglini ko‘tarish uchun:
– Haqiqat bor, nasib qilsa yaqinda chiqib ketasiz – desam, xo‘rsinib
Haqiqat bilan birga qamalganmiz , yaqinda «Sangorod» (qamoqxona shifoxonasi) da ko‘rdim, qaddini egib ancha bukib qo‘yishibdi, ammo sindira olishmabdi – dedi. O‘rtaga noqulay jimlik cho‘kdi, men xijolatchilikdan chiqish uchun:
– Adolat bir kuni qaror topadi – dedim.
Ozodlik menga bir qarab olgach sekingina:
Adolat, Haqiqat bilan bitta joyda, ularning tomiri bitta, qamoqda ham ayrilgani yo‘q – dedi.
Ozodlikning bir joyiga hayron qoldim, sal kam avliyo ekan. Menga qarab:
– Uka, siz yaqinda chiqib ketasiz, bitta iltimosim bor, meni unutmagan do‘st-yor, yaqinlarimga mening nomimdan salom aytib qo‘ysangiz. Men yo‘qolib ketganim yo‘q, bir kuni qaytaman – dedi. Keyin nomma-nom yodida qolgan yaqinlarini sanab berdi.

Mana, meni Ozodlik aytgandek chiqarib yuborishdi, endi Ozodlik aytgan yaqinlarini izlab yuribman:
E'tiqod, Imon, Vijdon, Diyonat, Qo‘rqmas, Mard, Matonat... – bular esimda qolganlari, Yana bir qanchalari bor.
Agar meni eshitgan bo‘lsangizlar yonimga kelinglar, yaqinda Ozodlik, Haqiqat, Adolat keladi, birgalashib kutib olaylik, keyin uyalishib qolmaylik.
Mana, men bo‘ynimdagi qarzni ado qildim, nimani eshitgan bo‘lsam yetkazdim, eshitganlar eshitmaganlarga yetkazib qo‘ysin. Keyin bexabar qolibmiz deb menga da'vo qilib yurmanglar, vaqt juda oz qoldi.

«Salomnoma»ni bayon qiluvchi og‘zidan oqizmay-tomizmay oqqa ko‘chiruvchi
Akmal Nabiev,
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
3 oktyabr 2018
Dubaydagi qimmatbaho mehmonxonaga 2 oktyabrda kelib joylashgan Gulnora Karimova aslida boshqa odam bo‘lib chiqdi. «Eltuz» manbasining xabar berishicha, Dubayga ...
29 aprel 2017
Islom Karimovga yodgorlik tanlovida o‘zbekistonlik haykaltarosh Ilhom Jaborov g‘olib chiqdi. Tanlovda turli mamlakatlardan jami 58 haykaltarosh qatnashib, 68 yodgorlik ...
13 aprel 2016
eltuz.com saytiga, IShIDga aloqadorlikda ayblanib, 7 yil ozodlikdan maxrum qilingan Jizzaxlik fermer, armani millatli Aramais Avakyanning advokati Olim Qobilov ...
23 iyul 2016
O‘tgan hafta Eltuz.com nashri Farg‘ona, Andijon, Namangan viloyatlari paxta dalalarini qurt bosgani va uni qo‘lda terib olishga odatdagidek, Xalq ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...