Multimedia
29 aprel 2016

Yolg‘onlar ehromi ichida tayyorlangan film

O‘zbek matbuotining bu jazavasiga 12 aprel kuni, “Toshkent” telekanalida START berildi.

O‘sha kuni bu telekanal, kechki praym taym vaqtida, “GTA yoxud o‘yinga aylangan hayot” filmini namoyish qildi.

O‘zbekiston matbuoti xar doim yolg‘on va bo‘htonlar asosiga qurilgan ma'lumotlar asosida ishlaydi. Bu matbuot mamlakatdagi bugungi noinsoniy tuzumning ishonchli ximoyachisi va xamkoriga aylangan. Men xozir buni isbot qilib o‘tirmayman, zero bu xammaga ma'lum haqiqat.

Filmni yaratganlar meni “Xoin”, “O‘z xalqiga tosh otayotgan nonko‘r” deya ataydilar. Mening O‘zbekiston vatandoshligidan allaqachon chiqarilganimni ham e'lon qildilar. Men xozir o‘zimning Vatanimga dushman emasligimni ham isbotlamoqchi emasman. Bu xaqda keyin yozaman.

Men, o‘qiyotganingiz bu maqolada, ““GTA yoxud o‘yinga aylangan hayot”” filmida nomlari qoralangan, mashxur “Aramais Avakyan ishi” bo‘yicha hayotlari barbod etilgan vatandoshlarim ximoyasiga so‘z aytmoqchiman.

Eshshak nima uchun “Men filman!” deydi?

Film mualliflari Rossiyadagi “GTA bandasi” jinoiy guruxiga va eng kulgilisi IShID jangarilariga bog‘liq shaxslar deb atayotgan Aramais, Furqat, Akmal, Dilshod, Bektemirlar, ortidan yuguruvchi odami yo‘q, ro‘zg‘orini arang tebratib yurgan oddiy vatandoshlarimiz.

Zero, o‘zbek Milliy Xavfsizlik xizmati xodimlari va militsiyasi uchun bunday vatandoshlarimiz har doim “o‘lja” va “em” bo‘lib kelgan. Chunki, ularni xoxlagan paytda “ichkariga olib”, ularning bo‘yinlariga istalgan ayblarni ilib qo‘yish mumkin. Men o‘zim o‘zbek qamoqxonasida o‘tirganman va xech qanday aybi bo‘lmagan xolda, tuxmat bilan uzoq muddatli qamoq jazosiga xukm etilganlarni ko‘rganman. Shu satrlarni o‘qiyotgan xar bir o‘zbek biladi bu gaplarimning haqiqat ekanligini.

“Aramais Avakyan ishi” bo‘yicha 6 yillik qamoq jazosi olgan Bektemir Umrzoqov, appelyatsiya sudida “Meni aybim yo‘q!” dedi sud raisiga qarab.

Sud raisi “Nega unda iqror bo‘lib qo‘l qo‘yding mana bu qog‘ozlarga?” dedi.

Shunda Bektemir “Sudya bova, bizni militsiyamizni qo‘liga tushgan eshshak, kerak bo‘lsa“Men filman” deb imzolab beradi lyuboy qog‘ozni” dedi.

Hamma kuldi. “Sudya bova” xam kulib qo‘ydi. Kulib turib, Bektemirning 6 yillik, Aramaisning 7 yillik, Furqatning 12 yillik, Dilshod Alimov va Akmal Mamadmurodovlarning 5 yilu 6 oylik qamoq jazosini o‘zgartirishsiz qoldirdi.

Bu gaplarni men to‘qib chiqarmadim. O‘sha appelyatsiya sudida ishtirok etgan AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari Anton Kuper va Mamed Askerovlar buni tasdiqlay oladi.
Sud raisi A. Mamaraximoav “Aramais Avakyan ishi”ni adolatli xal qila olmasdi. Chunki, “ish”ning bir tizgini O‘zbekiston Ichki ishlari Vazirligi yana biri esa Milliy xavfsizlik xizmati idorasining vahimali koridorlariga kirib singib ketgan edi.

Keling, avvalo Jizzaxning Paxtakor tumanidagi fermer Aramais Avakyan aslida fermermidi yoki yo‘q degan oddiy savolga javob izlaymiz.

Aramais fermermi yoki bosqinchi?

“GTA yohud o‘yinga aylangan hayot” filmini tayyorlaganlar Aramais Avakyanni xech qanday fermer emas bosqinchi va talonchi sifatida ko‘rsatadilar. Kadr ortidagi ovoz shunday deydi: “Aslida baliqchilik xo‘jaligini yuritishga xech bir xuquqiy asosi bo‘lmagan Aramais Avakyan fermer emas, balki bu joyni zo‘rlik bilan o‘ziniki qilib olgan”.

Bu iddaoning g‘irt yolgonligini siz ko‘rib turgan suratdagi xujjat aytib turibdi. Xujjatda, Paxtakor tumani hokimi G‘ofur Karshiboev, 2013 yil 26 iyun kuni 342 sonli qarorga imzo chekkani aytiladi.

Bu qarorda, “Dala hovuz baliqlari” fermer xo‘jaligining raxbari D. Ro‘ziqulov betobligi sababli, bu fermer xo‘jaligi Aramais Avakyan nomiga rasmiylashtirilganligi yozib qo‘yilgan.

rasm1266rasm1267

Siz suratda ko‘rib turgan xujjat Jizzax viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari tomonidan imzolangan va u yerda Aramais Avakyan nomida baliqchilik xo‘jaligi borligini tasdiqlovchi hokim buyrug‘ining sanalari va nomeri xam keltirilgan.

Qiziq, olis Kanadada yashayotgan “Vatan xoini” bo‘lgan jurnalistgacha yetib kelgan ushbu xujjat nega endi ““GTA yohud o‘yinga aylangan hayot”” filmi mualliflari nazaridan chetda qoldi ekan?
Demak, Aramaisning haqiqiy fermer ekanligi ma'lum bo‘ldi.

Baliqchidan IShIDchi yaratish kimga kerak bo‘ldi?

Xalqimiz baliqni yaxshi ko‘radi. Dengizi bo‘lmasada, turli tuman hovuzlar yaratib, unda baliq yetishtirishadi. Baliq – o‘zbek bozorlarida xar doim xaridorgir maxsulot bo‘lib kelgan.

Yuqorida siz ko‘rgan rasmdagi xujjatda, Paxtakor tumanidagi baliqchilikka asoslangan fermer xo‘jaligi 2010 yil 17 dekabrda, 755 sonli hokim qarori asosida ish boshlagani haqida satrlar bor.

“Dala hovuzi baliqlari” deb nomlangan fermer xo‘jaligi Ro‘ziqulov Doniyor degan fuqaro nomiga rasmiylashtirilgan. Xo‘jalikni 2 yilu 6 oy boshqargan Doniyor, xujjatda aytilishicha “bemorligi tufayli” xo‘jalikni topshiradi.

2013 yilning 26 iyun kuni hokim G‘ofur Qarshiboev, baliq hovuzini Aramais Avakyanga 342 sonli qaror bilan xatlab beradi.

“GTA” filmi Aramaisni mana shunday tasvirlaydi: «Avakyan Aramais Paxtakor tumanida ko‘plab xuquqbuzarlik qilib nom chiqargan, o‘g‘irlik, bosqinchilik va tovlamachilik qilib muqaddam sudlangan».

Agar bu rost gap bo‘lsa, nega endi Paxtakor tumani hokimi G‘ofur Qarshiboev bir gektar yerga joylashgan ikkita baliq hovuzini “o‘g‘ri, bosqinchi va tovlamachiga” qo‘sh qo‘llab topshiryapti? Qani bu yerda mantiq?

Hokimning hisobi aniq. U baliqchilikdek serdaromad xo‘jalikni, o‘z xaqqini va qonunlarni taniydigan, o‘qimishli odamga bera olmasdi. Chunki, u xolda G‘ofur Qarshiboev hovuzlarga parda ortidan egalik qila olmasdan qolardi.

Men o‘zimdagi kanallar orqali surishtirib ko‘rdim. Baliq hovuziga ega bo‘lish Aramais Avakyanning tushiga ham kirmagan. Unga, tuman hokimligiga yaqin bo‘lgan boshqa odamlar chiqishib, maslahat berishgan. O‘sha odamlarning “Borib hokimga uchra, baliq hovuzi egasiz yotibdi, so‘rasang berishadi” degan so‘zlari bilan, Aramais ishonib ishonmay G‘ofur Qarshiboevning xuzuriga kiradi. Va o‘sha kunning o‘zida u yerdan 342 sonli buyruq bilan, “Dala hovuz baliqlari” fermer xo‘jaligi raxbari bo‘lib chiqadi.

U o‘ziga rasmiylashtirilgan baliqchilik xo‘jaligi hovuzlarini tozaladi va bor yo‘g‘ini sotib, qarz ko‘tarib, Guliston shahridan 10 million so‘mlik mayda baliqlar olib kelib, hovuzga tashladi. 2 yil davomida baliqlarni yemishdan kam qilmadi va shu vaqt ichida baliqlar katta bo‘ldi, ko‘zga ko‘rindi. Aramais, 2015 yil, oktyabr oyidan baliqlarni sotishni boshlashi haqida o‘ziga yaqin, birga ishlagan yigitlarga aytib xam qo‘ydi.

Qaroqchi Abu Xasanga aylangan hokimlar

Endi biroz mavzudan chekinamiz. Bugun O‘zbekistondagi hokimlar o‘z tasarufidagi viloyat yoki tumanda bemalol o‘zgalarning biznesiga hujum qila olishadi. Ko‘ngillari tusagan biznesni bir tadbirkordan tortib olib, boshqasiga topshirishadi. Ular bu ishlarni bekorga qilishmaydi albatta. Buni zamonaviy tilda “Reyderlik” deyishadi. O‘zbekistonda bugun Reyderlik bilan shug‘ullanmaydigan hokimning o‘zi bo‘lmasa kerak.

Sxema mana shunday: Siz fermer xo‘jaligi ochmoqchisiz va buning uchun sizga yer kerak. Hokimiyatga borasiz va ular sizning arzingizni tinglashib, sizga darxol yer ajratish haqida qaror chiqarib berishadi. Siz ishingiz tez bitganidan xursand bo‘lib, ajratilgan yerning, chekka tashlandiq joydagi xas va tikonzor bo‘lgan qaqrab yotgan, toshloq yer ekani ko‘zingizga xam qo‘rinmaydi. O‘zingizdagi bor kuch quvvatni ishga solasiz: oila a'zolangiz bilan toshlarni terasiz, yerni chiqindilar va tikonlardan tozalaysiz, ming mashaqqat bilan qaerlandandir suv keltirasiz. U yerga ko‘chatlar ekasiz, yoki aytaylik issiqxona qurasiz. Yerga xar yili o‘g‘itlar solasiz, meliorativ xolatini yaxshilab borasiz. Sabringiz va mexnatingiz o‘z samarasini beradi: 2 yoki 3 yildan so‘ng o‘sha tashlandiq yer, bog‘u bo‘stonga aylanadi, yer xosilga kiradi.

Endigina peshonangiz terini artib, yeringizdan chiqqan xosilga og‘zingiz tegay deganda, hokimiyatdan shum niyatli chopar keladi.

Darxol yetib borasiz va shu kundan boshlab sargardonchiligingiz boshlanadi: gox soliq idorasidan, gox kadastrdan bir biridan g‘alati talabnomalar kelishni boshlaydi. Prokuratura xam sizga qiziqishini sezdira boradi. Turli tekshiruvlar boshlanadi. Biriga javob topasiz. Boshqasi sizni yerga qaratadigan savol beradi. Oxiri, sizga yer ajratgan hokim yoki hokimcha qulog‘ingizga shipshiydi “Yerni topshir va shunda tinch yashaysan”. Topshirasiz. Va yo‘lingizda davom etasiz. Tozalangan, suv keltirilgan va serxosil tuproqqa aylangan yeringiz, hokimning bironta yaqin tanishi yoki qarindoshiga xatlab beriladi.

Bunday voqealar bugun O‘zbekistonning deyarli xar bir viloyatida sodir bo‘layapti. Yerini yaxshilikcha topshirib indamay ketganlar, qutilganimga shukur deb yashab yurishibdi. Lekin, peshona teri to‘kilgan yerini o‘z ixtiyorni bilan topshrmaganlarning boshiga qora kunlar tushadi.

Jizzaxning Paxtakor tumanida yashovchi 37 yoshli arman millatli Aramais Avakyan xam ana shunday sxemaning qurboni bo‘ldi.

Baliqchi va hokim ziddiyati

Ishni o‘rganar ekanman, g‘alati raqamlarni kashf qildim: Baliqchilik xo‘jaligining avvalgi raxbari Doniyor Ro‘ziqulov roppa rosa 2 yil 5 oy baliqchi bo‘lgan ekan. U baliqlarini parvarishlab, ularni sotish payti kelganida, negadir birdaniga “bemor” bo‘lib, xo‘jalikni hokimiyatga topshirib ketayapti. Aramais Avakyanning xam baliqchilik xo‘jaligidagi raxbarligi roppa rosa 2 yil 3 oy davom etibdi xolos.

Maxalliy hokim, G‘ofur Karshiboev va baliqchi fermer Aramais Avakyan o‘rtasidagi ziddiyat 2015 yilning baxoridan boshlandi.

Hovuzdagi baliqlar ko‘zga ko‘rina boshlashi bilan, hokim va uning o‘rinbosarlari Aramaisni tez tez yo‘qlaydigan bo‘lishdi.

Aramais Avakyanni avvaldan bilaman. Cho‘rtkesar, odamni yuziga qarab gapiradigan, og‘ir mexnatdan qochmaydigan yigit. Muximi, u o‘zi tanigan va ishongan do‘stlariga xiyonat qilmaydigan “chapani armani” yigit edi. Bu, boshqa bir mavzu va tez orada Aramais Avakyanning aslida qanday insonligi, shaxsan men va mening do‘stlarim bilan munosabatlari haqida aloxida maqola e'lon qilaman.

Shunday qilib, baliqlari sotishga tayyor bo‘lgan baliqchi oldiga hokim G‘ofur Qarshiboev tez tez kelib, u bilan yakkama yakka suxbatlashadigan bo‘ldi.

Bir kuni baliqchi va hokimning shivir shiriri baqir chaqirga aylanib ketdi. Hokim Qarshiboevning “Sen meni aytganimni qilasan! Chiritaman agar aytganimni qilmasang!” deganini eshitganlar Aramaisning unga qarab “Pashel ……..!” deganini xam eshitishgan albatta.

Shu voqeaning ertasiga Armais telefonimga “Bir tel qiling, brat” degan yozuv yubordi.

Ancha gaplashdik. Hokim Qarshiboevning talablarini aytib berdi u menga. U yerda ikkita baliq hovuzi bo‘lib, tuman hokimi Qarshiboev bir hovuzdagi baliqlarni xammasini, ko‘rsatgan odamiga, suv
tekinga berib yuborishni talab qilgan. Tabiiyki, O‘zbekistonda o‘sib ungani bilan armaniligicha qolgan Aramais hokimning bu “g‘alati” talabini qabul qilmagan.

“Pakana (Aramais va uning do‘stlari hokimni xalq orasidagi laqabi bilan atardi) bir oyda 4 marta oldimga kelib ketdi. 3 marta xonasiga chaqirdi. Militsiyasiyu, prokurori bilan qo‘rqityapti. Meni xech qanaqa narusheniyam yo‘q. Baliqlarni berasan deyapti ” degandi o‘shanda Aramais telefonda.

Tasalli bergandim. Agar vaziyat jiddiylashsa, xabar bergin, dedim xolos.

Shundan keyin jim bo‘lib ketdi. Uning xotini Shirin, o‘tgan yilning iyul oyi oxirlarida mening rafiqam bilan telefonda suxbatlashayotib, “Baliqlarni sotsak, bu yil o‘zimiz uy olamizmi degandim, ijarama ijara yurib, bolalar bilan qiynalib ketdim. Hokim qo‘ymayapti ekan Maisni, baliq hovuzni topshirasan deyapti ekan. Kuzda xamma baliqlarni sotib yuboramiz, keyin topishiradi hovuzni” degan ekan.

Lekin, Aramais Avakyan baliqlarni parvarishlab katta qildiyu, ularni sotishga ulgurmadi.

Yetilib turgan baliqlarga to‘la bo‘lgan hovuzlarni, “xaqqini tanigan armani” o‘z ixtiyori bilan topshirmasligini sezgan hokim G‘ofur Qarshiboev, bu ishni tezroq xal etish uchun viloyat Milliy Xavfsizlik Xizmati idorasining Marat ismli xodimiga va Respublika Ichki Ishlar Vazirligi devonxonasida xizmat qiluvchi akasi S. Qarshiboevlarga maslaxat soladi.

Shunday qilib, “Aramais Avakyan ishi” jinoiy ishining ilk sxemalari poytaxt Toshkent va Jizzaxning xuquq tartibot idoralarida chizib chiqildi.

O‘tgan yilning 4 sentyabr kuni Aramais, sheriklari Bektemir, Akmal va Dilshodlar bilan, avtomobilda ketishayotganida, bir gurux qurollangan va niqobli shaxslar tomonidan xammaning ko‘z o‘ngida boshlariga qop qiygazilgan xolda, o‘g‘irlab ketiladi.

Aramais Avakyanning yana bir sherigi, Furqat Jo‘raev esa 3 sentyabr kuni yo‘qolib qolgandi.

Zindondan chiqqan SMSlar yoki elektr toki nimalarga qodir?

4 sentyabr kuni o‘g‘irlab ketilgan yigitlar, 8 sentyabr kuni yaqinlarining telefonlarga xabarlar jo‘natishdi. Ular o‘z SMSlarida “Biz Qozoqdamiz. Shu yerdan Suriyaga jixodga ketamiz. Bizdan rozi bo‘linglar” deb yozishgan edi.

Bu g‘alati SMSlarga nafaqat ota onalar balki, Aramais va uning sheriklarini bilgan Paxtakorliklar xam ishonishmadi. 40 kun davom etgan rasmiy qidiruvdan so‘ng, o‘g‘irlab ketilgan yigitlar viloyat Milliy Xavfsizlik xizmati idorasining yerto‘lasidan ekani ma'lum qilindi.

Nima uchun ular 4 sentyabr kuni xibsga olingan bo‘lsalarda, oilalariga bu xaqda 15 oktyabrda xabar berilganligi, 40 kun mobaynida MXX xodimlari bu yigitlarni ne kuylarga solganligi haqida O‘zbekiston televideniyasi tayyorlagan film muallifi sukut saqlaydi. Shuningdek, xibsdagi yigitlar qanday qilib va nima uchun guyoki Qozog‘istondan turib Suriyaga ketayotganliklari haqida SMS jo‘natganlari haqidagi o‘ta g‘alati faktlarni xam filmning sirli muallifi chetlab o‘tadi.

Qizig‘i shundaki, 40 kunlik qidiruv va Qozog‘istondan kelgan SMSlar haqida, tergovning eng asosiy xujjati – Ayblov xulosasida xam biron jumla yozilmagan. Sudlanuvchilarning ota onalari o‘sha SMSlar haqida surishtirishni sud raisiga qayta qayta aytishsada, rais Adxam Mamaraximov ularning so‘zlarini tinglamadi.

Voqea haqida men ko‘p maqolalar yozdim. Tergov va sud jarayoni bo‘yicha advokatlardan olingan ma'lumotlar xamda xibsga olinganlarning yaqinlarining intervyulariga tayangan xolda, “Aramais Avakyan ishi” eltuz.com va asiaterra.info saytlarida keng yoritildi. Jizzaxlik armani baliqchining boshiga tushgan ko‘rguliklar shu tariqa jaxon OAV nazariga tushdi.

Xibsxonada o‘lasi qilib qiynoqlarga solingan yigitlarning barchasi, Aramaisdan tashqari, Milliy xavfsizlik xizmati tergovchilari istagan versiyalarni tasdiqlab berishdi. Aramais Avakyan qiynoqlardan yura olmaydigan darajaga yetgan xolda xam Ayblov xulosasini imzolashdan bosh tortadi. Tergovdagi ko‘rsatmalarning birontasiga va ayblov xulosasiga Aramais Avakyan imzo qo‘ymaydi. Uning barcha imzolari tergovchilar Dilmurod Bolbekov va Sherzod Xolov tomonidan soxtalashtiriladi. Keyinchalik Aramais maxkamada “Bizni elektr toki bilan qiynashdi” degan edi sudyaga qarab.

”Quloqsiz” advokatlar lintsenziyadan maxrum bo‘lishadi

“Jinoiy ish”ning dastlabki advokati Leyla Abdullaeva, ancha urinishlardan keyin, himoyasidagi Aramais Avakyanni tergov xibsxonasida ko‘rganidan keyin, uning onasi Flora Sakuntsga “Nima qilib bo‘lsada o‘g‘lingizni qutqaring. Aks xolda undan ajrab qolasiz. U o‘rnidan tura olmaydigan axvolda” degan edi. Oradan biroz vaqt o‘tar o‘tmay, bu advokat sababsiz ishdan chetlatildi.

Aramais Avakyanning keyingi advokati Odil Qobilov ham xibsga olingan baliqchi va uning sheriklari ustidan olib borilgan tergov barcha protsessual me'yorlarga zid ravishda o‘tgani, va ximoyasidagi insonlarning qattiq qiynoqlarga solinganini biz jurnalistlardan sir tutmadi. “Aramais Avakyan ishi”ning soxtalashtirilgani, diniy ekstremizm va IShIDga alaqadorlik haqidagi bironta fakt xam o‘z isbotini topmaganini advokat Odil Qobilov sud jarayonida xam aytib keldi.

Xukm o‘qilishiga bir necha kun qolganida esa, bu jasur advokatning lintsenziyasini olib qo‘yishdi. Keyinchalik u Pora berish moddasi bilan xibsga olingani haqida ma'lumot

keldi.

19 fevral kuni “Aramais Avakyan ishi” bo‘yicha xukm advokatsiz o‘qilgan bo‘lsada, bizga yetib kelgan Xukm matnida “”…ximoyachilardan Olim Qobilov…ishtirokida…” deb yozib qo‘yilgan.

Adolatsiz sud Aramais Avakyanga 7 yillik qamoq jazosi tayinladi va ayni paytda u Qarshi shaxridagi “zona”lardan birida jazo o‘tayapti.

Rossiyaning qamoqlari jangarilar tayyorlaydigan lagermi?

Mazkur soxta jinoiy ish bo‘yicha xalqaro matbuotda ko‘tarilgan shov shuvdan so‘ng, taktikani o‘zgartirishga majbur bo‘lgan prokuror va MXX tergovchilari, bu ishning bosh aybdori qilib Furqat Jo‘raevni tanlashdi.

Tergovchilarga Furqat Jo‘raevning Rossiya qomoqxonasida 2014 yilgacha jazo o‘tagani qo‘l keldi. Ular, Furqatning Volgograddagi qamoqxonada guyoki nomi chiqqan o‘zbek yo‘lto‘sarlari va diniy ekstremistlari bilan birga bo‘lib, ulardan saboq olgan degan vaj o‘ylab topishadi va Furqat Jo‘raevni qattiq qiynoqlar ostida bu yolg‘on ayblovlarni bo‘yniga oladi.

Filmda Furqat Jo‘raevning Rossiya qamoqxonasida tushgan suratlari xam namoish qilinadi.  Furqat bu suratlarda uzun soqolda ko‘rinadi. Kadr ortidagi no'ma'lum muallif esa Furqat Jo‘raev Rossiyadagi qamoqxonada turib Suriyadagi jangarilar bilan aloqaga kirishgani, qamokxonadagi internet orqali diniy ekstremistik ruxdagi saytlarga kirib, jangari shaxidlar xaqida videolarni doimiy ko‘rib borgani xaqida vaximali oxangda gapirib beradi.

Savol tug‘iladi: Suriyadagi va butun dunyodagi terrorchilarga qarshi kurash olib borayotganini da'vo qiladigan Rossiya davlatining qamoqxonalari qachondan buyon Islomiy jangarilar tayyorlaydigan dargoxga aylanib qoldi?

Naxotki Rossiya qamoqxonalaridagi maxbuslar bemalol uzun soqol qo‘yib yura oladilar va kamerada o‘tirib internet orqali, islomiy ekstremistik tashkilotlar bilan aloqa bog‘lay oladilar?

Bir narsa aniq: filmda ko‘rsatilgan Furqat Jo‘raevning uzun soqolli rasmlari bu – Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan soxtalashtirilgan. Ya'ni, rasmlarga fotoshop programmasi orqali soqol qo‘yilgan.

Furqatning yaqinlari, aynan mana shu rasmlarning asl nusxasi, ularning uyi tintuv qilinganida olib ketishganini aytib kelishadi. “Rasmlarda soqol yo‘q edi” deydi ular.

Furqat Jo‘raevning o‘zi xam, appelyatsiya sudi paytida, o‘zining aybsiz ekanini, so‘roq protokollariga qiynoqlar ostida imzo ko‘yganini aytib, kaltaklardan ko‘karib ketgan joylarini sud raisi va yig‘ilganlarga ochib ko‘rsatdi. (Sud zalida xozir bo‘lgan AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari Anton Kuper va Mamed Askerovlar bunga guvox )Lekin bu safar xam sud raisi Furqatga ishonmadi. Oqibatda, Furqat 12 yil qamoq jazosiga xukm qilindi va “Jasliq” qamoqxonasiga “etap” qilindi.

Terrorchi aslida kim?

“GTA yohud o‘yinga aylangan xayot” filmida nima uchun xibsga olingan yigitlar qiynoqqa solingani xaqida aytilmaydi. O‘zbekistondagi mavjud qonunlarga zid ravishda, maxalliy xokimiyat xibsga olinganlarning ota onalari va qarindoshlarini yashash joylaridan ko‘chirib yuborish bilan taxdid qilayotgani xaqida xam filmda bir og‘iz so‘z yo‘q.

Bo‘lmaydi xam. Chunki bu film, O‘zbekistondagi bugungi mavjud noinsoniy tuzumning egalarini ximoya qilish uchun, oddiy xalqning ko‘zlariga chang purkash uchun ishlangan. Yuz foiz komil ishonch bilan aytamanki, “Aramais Avakyan ishi” bo‘yicha xibsga olinib, jazoga tortilgan yigitlar terrorst yoki jixodchi emaslar. Aksincha, ularni ayblaganlar va kamoqqa tiqanlar – asl terrorchilardir.

“Aramais Avakyan ishi” Islom Karimov asos solgan davlat terror va zulmga asoslanganini yana bir bor isbotladi. Shuning uchun xam, MXX, Ichki Ishlar vazirligi va Jizzax viloyati xokimligidagi O‘zbek xalqining xoinlari tomonidan ushbu film zudlik bilan tayyorlandi. Bu bilan, O‘zbekiston xukumati butun dunyo nazariga tushgan voqeaga katta va qop-qora nuqta qo‘ymoqchi bo‘ldi.

Faqat, bu qora nuqta, “Aramais Avakyan ishi” voqeasiga nixoya yasash o‘rniga, O‘zbekiston xukumatning yuziga qora dog‘ bo‘lib tushdi xolos.

Men “GTA yohud o‘yinga aylangan xayot” filmini yolg‘onlardan qurilgan exromga o‘xshataman. Bu yolg‘onlar exromining xilxonasida, “Aramais Avakyan ishi” nomini olgan soxta jinoiy ishning mo‘miyolangan jasadi yotibdi. Ordan yillar, asrlar o‘tar, lekin bu jasad chirimaydi va bir kuni keng omma uchun namoishga qo‘yiladi…

Bu yolg‘onlarning boshida turgan Paxtakor tumani xokimi G‘ofur Qarshiboev buni unutmasin…

Ulug‘bek Ashur
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
8 may 2022
1865 yil 8 mayida zambarak bilan qurollangan rus bosqinchi otryadlari Toshkent yaqinidagi janglarda qo‘qonlik Alimqul qo‘shinlarining qaqshatqich hujumiga uchrab, ...
23 fevral 2017
20 fevral kuni O‘zbekiston tomoni Tojikistonning “Somon Eyr” kompaniyasi uchog‘ini qabul qila olmasligini bildirgani haqida xabarlar chiqdi. 25 yillik ...
26 fevral 2018
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi sobiq bosh prokuror Rashidjon Qodirov hibsga olinganini rasman tasdiqladi. 24 fevral kuni prokuratura saytida chop ...
21 aprel 2016
May oyida Mersin mahkamasi 36 yoshli o‘zbek ayol Gulchehra Isoqulovaning 3 yashar qizi Tuannani tepkilagani bilan bog‘liq jinoyat ishini ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...